Xayirli tong, Mehmon!
Soat: 10:20
Bosh sahifaga
Kirish
Tavsiya qilamiz
Butsa.net - Futbol yangiliklari
Maydon.net - Sport yangiliklari
Kutubxona | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (32-qism)

Qo'shdi:Aman (07.03.2021 / 14:37)
Reyting:rating 1703 article (0)
O'qilgan:62
Fikrlar:0
Yotdim. Qilgan ishim miyamda jonlandi. Raqibni poylaganim, hujum qilganim. Birinchisi, keyin ikkinchisini o'ldirganim, jasadlarni toshlar orasiga bostirganim… Yirtqichlarga osongina yem bo'ladi ular. Tana chiriy boshlagach, sasiydi. O'laksaxo'rlarning ishtahasini qitiqlaydi. So'ng ular darrov yetib keladi-da, toshlarni har tomonga surib, o'ljani chiqarib oladi. Kalxat bu ishni qilolmasligi mumkin. Lekin bo'rilar bemalol eplaydi. Aytgancha, bo'rilar o'laksaxo'rlik qiladimi? Bilmadim, bilmadim…
Nihoyat, ratsiya «uyg'ondi». Uni qulog'imga tutdim. Murodning xirillagan ovozi keldi: «Bu yoqqa kel»
Men yengil tortdim hamda ust-boshimni bir sidra ko'rikdan o'tkazdim-da, qurolimni yelkamga ilib, uning yoniga ketdim.
Murod inining tashqarisida o'tirardi. Boshi egik edi. Qo'llari bilan sochlarini g'ijimlagandi.
— Nima gap, tinchlikmi? — dedim yoniga yaqinlashib.
U boshini ko'tardi. Ko'zlari qizarib ketgandi. Xuddi go'shtning o'zginasi. Yaltillaydi.
— Tinchlikmas-da, o'lib qolay, deyapman. Zo'rg'a shu yergacha chiqib oldim. Kecha haddimdan oshibman. Mening boshimdan muzday suv quy, oshna.
Uning basharasi shunaqangi sovuq ediki, xuddi o'liklarnikiday. Anavilarning joni uzilganda ham turqlari xuddi shunday ko'rinishga kelgandi.
— Hozir.
Murodning boshidan ikki chelakdan ham ko'proq suv quydim. Shundan keyingina sal o'ziga keldi u. Qahva damlab berdim. Yanayam tetiklashdi. Yeguliklarining joyini aytdi. Olib chiqdim, choy damladim. So'ng birgalashib ovqatlandik. Murod to ikki-uch luqma nasibasini yutmaguncha tilga kirmadi.
— Shoshma, bugun anavilar kelishi kerak edi-ku! — dedi u menga qarab ko'zlarini chaqchaytirarkan.
— Kim? — dedim o'zimni go'llik solib.
— Anavi padaringga la'natilar-da!
Murod o'rnidan sapchib turdi. Durbinni oldi va yuqoriga yugurib ketdi.
Ko'rmaysan, ko'rolmaysan. Ular allaqachon yo'q qilingan. Bir tomondan bu sening ham baxting, chunki yoningdan o'tib ketishardi. Ehtimolki, iningga kirishib sasib, bijib yotganingni ko'rishardi. So'ng kerakli joyga xabar qilishardi. «Falonchilaring o'zidan ketib yotibdi. Daf bo'ladigan vaqti kelganga o'xshaydi», deyishardi. Ana undan keyin ko'rarding ko'rgulikni.
Men hech nimani bilmaydiganday xotirjam ovqatlangancha uni kutib oldim.
— Yo'q. Yoki o'tib ketishdimikin? — dedi u iziga qaytib, rangi oqargancha.
— Kim?..
— Nega o'zingni ovsarlikka solasan? «Yashillar» o'tishadi, degandim-ku senga! — baqirib yubordi Murod.
— Men joyimdan qimirlamadim. Biror zog' o'tganini ko'rmadim. Ko'rganimda senga qo'ng'iroq qilardim. Ogohlantirardim. «Qizilmi», «yashilmi» deb so'rardim…
— Rostdan ko'rmadingmi? — dedi Murod birdan o'zgarib.
— Hech kim o'tgani yo'q.
— Unda zo'r. Bizning hech qanday aybimiz yo'q. Hozir, — deb u ratsiyasini qo'liga olgan edi hamki, «ini» ichkarisidan telefon jiringlagani eshitildi. Murod sapchib tushdi-da, keyin yugurdi. Bir muddatdan so'ng ovozi keldi:
— Yo'q. Yo'q. Xavotirdaman. Uzluksiz kuzatyapman. Ko'rinishmayapti. Balki… Xo'p bo'ladi:
U so'roqlarga shunday javob berganidan so'ng uyidan chiqib keldi.
— Gaping to'g'ri ekan. Ularning o'zlarida bir gap bo'lganga o'xshaydi. Balki, «qizil»lar bilan duch kelib qolishganu, murosalari kelishmagandir. Shunday bo'lgani ham yaxshi. Bog'lanamiz, deyishdi. Aniqlashtirisharkan.
Xotirjam tortgan Murod dasturxon girdiga o'tirib, ovqatlana boshladi. Mening yuragimga esa g'ulg'ula oraladi.
— Shu padaringga la'natini bugundan boshlab tashlayman. Og'zimga… Ey-y, umuman qo'limga olmayman. Irodamga ishonaman. To'rtinchi sinfligimda nos chekishni o'rgangandim. Keyin bittada tashlab yuborganman. Dadam obdan siylaganidan so'ng. Buniyam bittada basharasiga qaramayman, — dedi Murod.
— Yaxshi bo'lardi. Chunki kundan kunga o'zgarib ketyapsan.
— Yo'g'-e, bilinyaptimi?
— Hmm, — dedim boshimni qimirlatib.
— Xo'jayinlar bir qarashda sezishadi. Ana undan so'ng hamma yoq shilta bo'p ketadi. Agar omon chiqqan taqdirimda ham, rosa o'rganib uyga borsam, oilam barbod bo'ladi. Bo'ldi, bugundan nuqta. Haliroq aytaman, o'zim uchun qaerda saqlayotganimni, olasan-da, yoqib yuborasan.
— Nega hozirmas?!
— Gapni ko'paytirma. Mening o'z uslubim bor.
Men kuldim hamda yelkamni qisib qo'ydim-da:
— Nima desang shu, — dedim.
Qornimiz to'yib, bir muddat dam olganimizdan so'ng yana qo'ng'iroq bo'ldi.
Murodning gapiga qaraganda ular tomonda hech qanaqa muammo bo'lmagan. Ular odatdagiday yo'lga tushishgan.
Murod menga tikildi. Uning ko'zining qizili ketgan edi.
— Biz tomonga o'tishgan bo'lishsa, kelishi kerak edi, — deb u ratsiyani yoqdi. «Pastdagi»larning hammasini chaqirdi. «O'n besh daqiqada yetib kelinglar!» deb buyruq berdi. Mening yuragim shu zahoti gupillashga tushdi. O'zimni bir necha marta chimdib oldim. «Hech nima bo'lmaydi. Baribir, murdalarni topisholmaydi. Bekordan bekorga hayajonga berilma, yo'qsa, o'zing hammasini oshkor qilib qo'yasan», deya ko'nglimdan o'tkazdim.
— Sen ham tayyor tur, qo'shnilarning «eshik»lari yonigacha har qarich yerni ko'zdan kechirib chiqamiz, — dedi Murod va oddiy tutatqichning qutisini cho'ntagidan oldi-da, qo'li qaltiragancha qopqog'ini ko'tarib, bir donasini sug'irdi va lablari orasiga qistirib, gugurt yoqdi.
— Ishqilib, — dedi so'ngra pichirlab, — biz tomonda hech narsa bo'lmagan bo'lsin. Agar ikkovi kelisholmay bir-biriga bir nimalar qilgan bo'lishsa ham biz baloga qolib ketamiz. Aybimiz bo'lmasa ham bo'ynimizga qo'yishadi.
U durbinini olib, yana yuqoriga ketdi.
— Hech narsa ko'rinmaydi! — dedi qaytgach va jahl bilan o'tirdi. Keyin bir necha marta yerni mushtladi. Endi bu mushtlashi butunlay boshqa narsaning ta'siri edi. Xumor qo'zg'adi. Istaysizmi-yo'qmi, shunday bo'ladi.
Yigitlar kelishdi. Hammasi jiqqa terga botishgan. Aftidan buyruqni eshitishi bilan oyoqlarini qo'llariga olib yugurishgan.
Murod asabiy tarzda vaziyatni ularga tushuntirgach:
— Hammamiz birga boramiz. Qolganini yo'l-yo'lakay aytaman, — dedi.
Yugurdik. O'sha men sakrab o'tgan daryo irmog'igacha bir lahzaga bo'lsin to'xtamadik. U yerga yetganimizdan keyin esa Murod qo'lini yuqoriga ko'tarib, to'xtash amrini berdi. O'zi irmoqcha labini sinchkovlik bilan kuzata boshladi. Shubhasiz, biz ham unga ergashdik. Meni battar hayajon bosgan edi. «Ishqilib, biror joyda oyog'imning iziga qolgan bo'lmasin», degan o'y bot-bot xayolimdan o'tardi. Ana ko'rdim, ko'm-ko'k maysaning bosilgan joyini. Men shu yerga oyoq qo'yib, keyin sakraganman. Baxtimga, mendan bo'lak hech kim ilg'amadi. Agar mening o'rnimga boshqa birov o'tganida edi, balki men ham hech nimani sezmagan bo'lardim. Yana bitta yaxshi tomoni, irmoqchaning chakkalari ko'm-ko'k maysa bilan qoplangani edi. Agar ular bir qarich yoki undan balandroq o'sganida, bosilgani, ezilgani bilinardi.
Murod kuzatuvdan so'ng hammamizga bir-bir qarab chiqdi. So'ng irmoqdan sakrab o'tdik. Bu yog'iga yugurmadik. Xuddi qurolli dushman hududiga o'tgan askarlar kabi avtomatlarimizni har tomonga to'g'irlab olazarak keta boshladik. Qushlarning uchishi, suvning shovullashi, daraxt shoxlarining shitirlashi — hech narsa e'tiborimizdan chetda qolmadi.
Yuklash txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™