Xayirli tun, Guest!
Soat: 03:44
Home
Login
Tavsiya qilamiz
Butsa.net - Futbol yangiliklari
Maydon.net - Sport yangiliklari
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (30-qism)

Added:Aman (07.03.2021 / 14:29)
Rating:rating 1701 article (0)
Reads:321
Comments:0
U ketdi. Men esa kapaga kirib yotdim. Hamma narsadan ko'nglim qoldi. Shu yoshimdayoq hayotning mazmunini tushunib qo'ygandayman. Hech bir qiziq amal ko'zimga ko'rinmayapti. Hamma faqat pul topishni o'ylaydi. Halolmi, harommi, farqi yo'q. Alam qiladigan tomoni, men ularning orasidaman… Shayton necha martalab yonimga keldi. «Ko'rdingmi, sheriklaring nimalar qilyapti? Sen ham qarab o'tirma, bostir. Nima, to'rt-besh so'm teshib chiqarmidi? Ozgina jamg'armaga ega bo'lvolsang, biror qora kuningga yarab qolar. Aytib qo'yay, vaqti keladi, seni puldan boshqa hech nima qutqarolmaydi», deydi. «Balki, balki», deyman men unga. Keyin birdan vijdonim uyg'onib qoladi. Yuzimga qars-qurs shapaloq tushiraman: «O'pkangni bos, haromdan topganing qora kunga yaramaydi, qora yerga tiqadi».
Mana shunday o'ylar girdobida talay muddat yotdim. Murod ratsiya orqali bog'lanib, yana bir marta kapasiga taklif qildi.
U qanday pishiradi, qaerda pishiradi, ochig'i, bilmayman. Fakt shuki, yushoqqina, mazali kabob bor uyida. Chidolmay so'radim. Qanday qilasan deb. U aytmadi. Ko'p bilsang, tez qariysan, deya qutuldi. Keyin boshlandi.
— Meni qizlar juda yaxshi ko'rishardi. Maqtanyapti demaginu, aslida ham, shunday. To'g'ri, boshqalarga qaraganda zo'r kiyinardim. Eng tozalarini topib, egnimga ilardim. Pulim unchalik ham ko'p emasdi. Lekin u yoqdan-bu yoqdan qisishtirishni eplardim-da. Men Amerika prezidenti Jorj Bushning bitta gapini o'zimga shior qilib olgandim. U yoshligida, talabalik paytlarida birov bilan ko'rishsa, «Men Amerikaning prezident Jorj Bushman», derkan…
Men Murodning gapiga kuldim.
— U aytmagan, Bill Klinton aytgan, — deya e'tiroz bildirdim.
— Jorj Bushmasmi?
— Yo'q.
— Nima farqi bor?! Gapniyam bo'lding. Xullas, o'zimni mana shunaqa katta olardim. Qizlar darrov qarmog'imga ilinardi. Anavi aqlli, o'qiydiganlarimas, oliftalari, boylikni yaxshi ko'radiganlari… U yog'ini so'rasang, o'hu, qanaqa ishlar bo'lib ketardi. Bittasini juda qattiq sevib qolganman. Haqiqatan ham, go'zal edi u. Chunki yuziga, qosh-ko'ziga har xil bo'yoqlarni surmagan holida ham ko'rganmanda uni. Juvon ekan. Eridan ajrashgan. Shunga qaramasdan uni sevib qoldim. Astoydil. Chunki u boshqalarga o'xshamagan, nihoyatda aqlli edi. Har bitta gapni o'ylab gapirardi. Hatto mendan pul-mul ham so'ramagan. Ammo yuzida mung borday edi. Lekin shu mungni ustalik bilan yashira olardi. Keyin qarasam, xuddi menga o'xshab o'zini g'ururli tuta olarkan. Unga “Senga uylanaman”, dedim. Kuldi. «Bo'lmag'ur gapni gapirmasangiz-chi», dedi. “Meni hali uylanmagan, hozir shunday deyapti, ko'chaga chiqqanidan keyin aytgan gapidan tonadi, desangiz adashasiz”, dedim. U nima dedi bilasanmi?
Men Murodning yuziga tikilib boshimni qimirlatdim-da, «Yo'q» ishorasini qildim. «Avval oila qurasiz, keyin xotiningizni haydab yuborasiz, ana undan so'ng menga uylanasiz», desa bo'ladimi? «Nega? Birdan uylanaveraman sizga. Masofani uzoqlashtirib, keyin yaqinlashtirib yuramanmi», desam, «Shunda ikkalamiz ham bir xil bo'lamiz. Birov-birovimizga ta'na-dashnom qilmaymiz», deb javob berdi… Ey-y, keyin o'xshamay ketdi. Lekin haligacha esimdan chiqarolmayman.
Murodning og'zi ham, qo'li ham tinmasdi. O'sha joyiga o'sha narsani ishqagani-ishqagan edi. Hech narsa yemasdi. Natijada ko'p o'tmay, yana avvalgi holiga tushdi. Ko'zi suzildi. Bir tomonga qiyshaydi. Keyin gaplarini bir yuz sakson gradusga o'zgartirib, qiynalib ketganligi to'g'risidagi «qo'shig'i»ni boshladi. Tirik qolish-qolmasligini bot-bot takrorladi. Shuning bilan birga ora-chorada, «qo'shniniki»ga o'tish yo'llaridan meni xabardor etib qo'ydi. «Kerak bo'lsa, o'sha joylardan o'tib, ekayotganlardan tortib, ishlov berayotganlargacha, biz tomonga olib kelayotganlargacha onasini uch qo'rg'ondan ko'rsatib kelishim mumkin», dedi. Uning mana shu gapi yangi edi. Illo, menga yaxshi ko'rinish uchun gapirgan edi. Bundan ko'rinib turibdiki, aql-hushi joyida. O'zini bechoraga solishlarining hammasi meni chalg'itish uchun, xolos.
Avvalgi safargiday yarim tunda kapamga qaytdim va hech nima to'g'risida bosh qotirmay yotdimu, uxladim. To'g'ri-da, o'ylayversam hammasi alg'ov-dalg'ov bo'lib ketyapti. Yutug'im — faqat bosh og'rig'i! Shu kerakmi menga?! Lekin koshki edi, xayol surishdan o'z istaging bilan qutulolsang. Sira imkoni yo'q narsa… Men shu paytgacha Qobilga berib qo'ygan pullarimdan ko'nglim xotirjam edi. Hozir ham shunday. Biroq Qobilni qiynab qo'ymadimmi, degan o'y bezovta qila boshladi. U o'zini menga xotirjam ko'rsatadi. Ammo bunday emasligini yaxshi bilaman. Birinchidan, birov o'g'irlab ketmasaydi, deb o'ylaydi. Sababi, pul miqdori ko'p bo'lgani uchun qaerga qo'ysang ham do'ppayib o'zining borligini ko'z-ko'z qilib turadi. Yana kalit faqat Qobildagina emas, uy egasida ham bor. U istagan payti uyga kelishi mumkin. Mabodo oshnam yo'qligida kelsayu, uyga kirsa, pulni ko'rsa, indamay chiqib ketarmikin? Bo'lishi mumkin. Lekin xayoli buziladi. Keyin, keyin nima bo'ladi? Bir-ikkitaga aytar. Hattoki Qobilning o'zini ham so'roqqa tutar. Ana undan so'ng Qobil qanday ahvolga tushadi. Umrida yolg'on gapirmagan. Gapirolmagan. «Bitta oshnamniki, mana shunaqa, shunaqa katta o'g'ri, kazzob, hammaga o'zini o'ta haqiqatparast posbon ko'rsatib, aslida, odamlarning qonini ichayotganlardan birining uyiga tushib boyligidan ozginasini o'marib kelibdi», deydimi?.. Xo'p, uy egasi ko'rmadi ham deylik, Qobil bechora qanday qilib shuncha pulni hojatmandlarga tarqatadi. Osonmas. Demak, bu yoqdan shaharga qaytishim bilan birinchi ishim o'sha pullarni yo'qotish bo'ladi…»
Bu o'yni oxirlatishim bilan shefning tug'ilgan kuni ko'z o'ngimda namoyon bo'ldi. «Nimaga e'tibor bermadim?”, deya so'roqqa tutdim o'zimni… Quda. Bo'ldi qudani kuzatish esimdan chiqqan ekan. Umuman olganda, bunga vaqt ham bo'lmagandi. Chunki hammasi shunchalik alg'ov-dalg'ov bo'lib ketdiki, rejalashtirgan ishlarimning bari chalkashdi… Uning qizi chiroyli ekan. Gap bo'lishi mumkin emas. Lekin Sharif shunday odamning ko'z o'ngida boshqa bir ayol bilan hiringlashib, gohida uni quchib, ba'zan o'pib o'tirdi-ya. G'iring etmadi. Shuning o'ziyoq qudaning shefdan qo'rqishini ko'rsatib qo'ydi. Achinarli hol. Uning o'zi shuni istagan. Battar bo'lsin…» Tavba. Nima qilib shular to'g'risida bosh qotirib o'tiribman. Yo'q bo'lib ketmaydimi bari. Agar bu yerdagi ishlarimni xamirdan qil sug'urganday bitirsam, shefning qudasi bilan ham «salom-alik» qilib ko'raman. Hozir esa uxlayman. Uxlashim shart. Jasur, ko'zingni yum. Hammasini esingdan chiqar…
Ertasi kuni Murod meni bezovta qilmadi. Shunisi yaxshi bo'ldi. Ora-chora chiqaman, chor-atrofni aylanib kelaman. Keyin kapamda o'tiraman. Esiz, bir-ikkita kitob olvolmagan ekanman. Maza qilib o'qib yotardim.
Qorong'i tushdi. Murod aloqaga chiqib, «Hammayoq tinchmi, yaxshi o'tiribsanmi?» deya so'radi. Javobni eshitgach, ratsiyani o'chirdi. Bundan chiqdi, u yana kechagi ahvolga tushadi. Bu safar bir o'zi. Kutishim kerak. U uxlasin. Ana undan so'ng rejamni amalga oshirishga kirishaman, dedim o'zimga-o'zim. Ammo yaramas Murod men bilan bog'lanib, yoniga chaqirdi.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™