Xayirli tong, Mehmon!
Soat: 10:45
Bosh sahifaga
Kirish
Tavsiya qilamiz
Butsa.net - Futbol yangiliklari
Maydon.net - Sport yangiliklari
Kutubxona | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (29-qism)

Qo'shdi:Aman (07.03.2021 / 14:28)
Reyting:rating 1700 article (0)
O'qilgan:39
Fikrlar:0
— Bizga nima, biz vazifani bajarsak bo'ldi. U yog'ini o'zlari hal qilishadi. Men senga aytsam, hamisha kamroq narsa bil. Ko'p narsadan xabari bor odamning umri hamisha qisqa bo'ladi. Ana, misol keltiradigan bo'lsam, Rossiyadan qochib ketgan milliarder. Pulidan tashqari, miyasi ham to'la edi. Kimning qanoti bor, kimning ko'zi to'rtta, kim kimga oshig'u beqaror, kimning hamma yoqni ostin-ustun qilishga kuchi yetadigan «temir-tersagi» qaerda joylashgan, ojiz joyini qanday topsa bo'ladi, hamma-hammasidan xabardor edi. Natijada bir oqshomda «tinchitib» ketishdi. Puliyu tanish-bilishlari, hech nima hayotini saqlab qololmadi. Endi bu katta-kattalar, maydalarni, senu menga o'xshaganlarni gapirmasa ham bo'ladi. Ko'zing ko'r bo'lsin, qulog'ing kar. Ammo ishni do'ndirib qo'y.
U shunday deb boshini egdi. Chuqur xo'rsindi. Aftidan, uning ham biladigan narsalari juda ko'p edi. Bechoraga rostakamiga achindim.
— Qizim, — deya boshini qashladi Murod xo'rsinishdan so'ng, — rosa shirin bo'lgan. Bu yil to'rtga kiradi. Erkaning erkasi. Ishonasanmi, uyga borganimdan keyin rosa ikki soat ot bo'laman. Charchamayman. U bo'lsa, qiqirlab kulgani-kulgan. Ana shu kulishi nasha qilib battar avjim keladi.
Agar menga biror nima bo'lsa, qizimni kim erkalaydi, kim unga ot bo'ladi? Yetimni turtkilovchilar ko'p. Men uning jajji ko'zidan yosh tomchilashini istamayman…
Ana shunisi jigar-bag'rimni ezadi, demoqchiday edi. Axir bekordan-bekorga, to'satdan qizini esga olmaydi-ku.
— Hechqisi yo'q, aka, to'rt-besh kundan keyin borasiz, erkalaysiz. Sog'inganingiz shundoq ko'rinib turibdi, — dedim Murodning ko'nglini ko'tarmoqchi bo'lib.
— Qayoqda to'rt-besh kun? To'rt-besh oy deb bemalol aytaver.
Murodning ko'zida, yuzida, aytayotgan gaplarining ohangida afsus yashiringan edi. Ich-etini nimadir uzluksiz kemirardi. Qo'liga zahri qotilni uzluksiz ishqalayotganligining boisi ham shu edi. Ayni paytda menga ko'zingni och, har yaltiragan narsa oltin emas, demoqchiday edi.
Men yarim kechasi ortimga qaytdim. Murod bilan suhbatimiz yana ancha davom etardi. Biroq qaytmasam bo'lmaydi. Istalgan paytda tekshiruvchilar kelib qolishi mumkin ekan. Texnika rivojlanib ketgan. O'tirgan joyida ham mening qaerda ekanimni aniqlab olish cho't emas. Izimga qaytarkanman, yashirin yo'l haqida ham bilib olganim bois «yashil»chilarni hali biz tomonga o'tmaslaridan daf qilish haqida bosh qotirardim.
Tong ota boshladi. Shungacha men kalla qotirdim. Sira o'yimning oxiri ko'rinmaydi. Hamma tuzgan rejalarim oxiri boshi berk ko'chaga taqalardi.
Quyosh ancha yuqoriga ko'tarilib, muzday havo o'rnini asta-sekinlik bilan issiqlik egallay boshladi. Tuni bilan mijja qoqmaganligim sababli bo'lsa kerakki, qandaydir karaxt edim. Bo'lmasa, mana, qancha vaqtdan beri tashqarida aylanib yuribman, lekin sira karaxtlik tarqay demaydi.
Kapaga kirdim-da, uzala tushib yotdim va shu zahoti uyquga ketdim. Nazarimda juda kam uxladim. Ratsiya ishlab ketdi. Avvaliga tovush uzoq-uzoqlardan eshitilayotganday tuyuldi. Yotaverdim. Ovoz esa tinay demaydi. Majbur o'rnimdan turdim.
— Qaysi go'rlarda yuribsan, ahmoq?! — dedi Murod dag'dag'a bilan.
Men go'yo u bilan kecha suhbat qurmaganday edim.
— Sal ko'zim ketib qolibdi, — deya o'zimni oqlamoqchi bo'ldim.
— Boshqa joying ketib qolmadimi, ishqilib. «Qizil» ketdi! Tut!
O'rnimdan sakrab turdim va shosha-pisha qurolimni olib, zatvorni tortdim-da, so'qmoq tomonga yugurdim.
O'sha avvalgi yashiringan joyimga borib, yerga qapishgancha yotdim-da, «qizil»ning qorasi ko'rinishini kutdim. Hech qancha vaqt o'tmadi. Ko'rindi. To'g'rirog'i, ko'rinishdi. Ikki kishi. Ikkovining ham yelkasida qopi bor. Shoshib kelishyapti. Ora-chora yon-atroflariga tez-tez qarab olishadi.
Ha-a, ularning «shapka»si yo'q. Ular qo'rqishadi. Kerak bo'lsa, sichqon o'tsin yonlaridan yuraklari tovoniga tushib ketadi. Xudoga yolvorishadi. Ishqilib, omon-eson manzilga yetib olaylik, deyishadi. Voy, yaramas, pandavaqi. O'zing nima niyatda ketyapsanu, yana Xudodan yordam so'raysan. Senlarga yordam qayoqda? Senlarni yerga tiqish kerak. Lekin yer ham hazar qilsa kerak.
To'g'rimdan o'tayotganida ko'rdim. Qurollari bor ekan. Orqalariga ilib olishgan. Bularning anavi «yashil»dan farqi faqat eshagining yo'qligida emas. Kiyinishi ham boshqacha. Sallalari qora. Egnida kamzul. Oq yaktakda. Soqollari tim qora.
Sekin qaddimni rostladim. Birinchisini o'tkazib yubordim. Ikkinchisiga hujum qilmoqchi bo'ldim. Ammo u men tomonga salgina o'girilib qaradi. O'zimni yashirdim. Nazarimda ko'rmadi. Yo'lida davom etdi.
Ortlaridan tushdim. Oraliq masofa uch-to'rt qadam. Faqat men butalar oralab boryapman. Shu bois meni sezishmayapti. Har qalay, fikrimcha shunday. Odatda, bunaqalar o'ta pixini yorgan bo'lishadi. Chivin uchsa, bilishadi. Lekin hech nimani anglamaganday yo'lida davom etaverishadi. Qulay payt kelishi bilan esa naq peshonangdan darcha ochishadi. Ammo men ulardan abjirroq bo'lishim shart…
Soy pastida nimadir shitirlab ketdi. Ikkalasi ham birdan tosh qotdi. Birining nigohi pastlikka, ikkinchisiniki yuqoriga qaradi. Oddiy odamlar baravariga shitirlagan joyga qarashadi.
Mening o'zi miyamda bor edi. Shu pastlikka qarata tosh-posh otsam, ikkoviyam shu yoqqa anqaysa, men paytdan foydalanib, birovini urib ag'darsamu, keyin ikkinchisi bilan olishsam, degandim. Qarasam, bu ish ham o'xshamaydigan. O'xshaydi, o'xshamay qayoqqa borardi.
Bitta tosh otdim. Ular to'xtashdi. Ikkinchisini otdim. Biri ortga, ikkinchisi yuqoriga qaradi. So'ng sekin o'tirishdi. Qurollarini chiqarishdi. Har tomonga tikilishdi. Men esa keksa archa ortidaman. Haykalday qotib turibman. Faqat kipriklarim qimirlaydi.
Xavfni ko'rishmadi ular va yana o'rnilaridan turishib yo'llarida davom etishdi. Mening esa ortlaridan poylab yuraverish jonimga tegdi. Hamda ortda ketayotgan «qizil»ning yelkasini nishonga olib, tepkini bosdim. U «Ux!» dediyu, pastlikka dumalab ketdi. Birinchi soqoltoy avtomatini tarillatishga tushdi. Buni qarangki, qurolining uchiga ovoz pasaytirgich o'rnatilgan ekan. Aks holda, dunyoni buzib yuborardi.
Ikki-uchta o'q men yashiringan archaga ham tegdi. Tabiiyki, u meni ko'rmayotgan edi. Shuning uchun ham duch kelgan tomonga o'q uzayotgandi.
Oyog'ini nishonga oldim. Biroq otishga ulgurmadim. Kimdir mendan oldin uning peshonasidan darcha ochib qo'ydi. «Qizil» birdan quladi. Men o'rnimdan sakrab turdim. Uning yoniga yugurdim. Hali yetib bormagandim. Yonginamdagi shox chirt uzilib tushdi va yana o'zimni yerga tashlashga majbur bo'ldim.
Yodimga pastga dumalagan tushdi. Axir u tirik. Uning ham quroli bor.
Emakladim hamda sekin pastlikka mo'raladim. Ikkinchi «qizil» orqasini archaga bergancha men turgan joyga termilgan ekan. Uning bir qo'li ishlamaydi. O'q uzdi. Lekin o'qi butunlay boshqa tomonga ketdi. Uning ikkinchi qo'lini ham yaraladim. Endi qo'rqmasam ham bo'ladi. O'rnimdan turdim. Pastlikka ena boshladim. Shunda orqa tomonimdan «tars» etgan tovush chiqdi va birdan ortimga o'girildim. Murod ekan. U otgan ekan. Hoynahoy… Ha, adashmabman. Pastdagi «qizil» ham qiyshayib qolibdi.
— Tiriklayin
Yuklash txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™