Xayirli tun, Guest!
Soat: 03:14
Home
Login
Tavsiya qilamiz
Butsa.net - Futbol yangiliklari
Maydon.net - Sport yangiliklari
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (28-qism)

Added:Aman (07.03.2021 / 14:27)
Rating:rating 1699 article (0)
Reads:304
Comments:0
Aniq oyoq tovushi. Qo'limga avtomatni oldim. Zatvorini tortib qo'ydim-da, emaklab kapadan tashqariga chiqdim. Oyoq tovushi yaqqolroq eshitilyapti. Enishdan. Biror sakkiz-o'n qadam naridan… Yana emakladim. Boshqa, tanasi yo'g'on, pastki shoxlari taravaqaylab yerga «yalpayib yotib» olgan archaning ortiga o'tdim va o'rnimdan sekin turdim. Bo'ynimni cho'zib, enish tomonga qaradim. Daraxtlar haddan ziyod qalin. Biror nimani ko'rib bo'lmaydi. Aksiga olib, chap tomonda besh-olti metr uzoqlikdagi boshqa bir archaning tepa shoxiga qush qo'ndi. Shoxlar shitirladi. Men qurolimni shu yoqqa qaratdim. Hech qachon ko'rmagan, kattaligi kaptarday qush qanday tez uchib kelib qo'ngan bo'lsa, xuddi shunday tezlikda uchib ketdi. «Padar qusur», deya ichimda uni yandim va yana diqqatimni pastlik tomonga qaratdim.
Qadam tovushi qattiqroq eshitildi. Bundan chiqdi, u yanada yaqinlashgan. Mening shu yerda ekanimni biladi. Bilgani uchun ham kelyapti. Baxtiyorning «O'tguvchilarning ko'ngli toza bo'lmaydi», degan gapi yashin tezligida xayolimni yalab o'tdi.
Nafas olishimni sekinlashtirib, butun vujudimni quloqqa aylantirdim. Bu qanaqa odam bo'ldi? Bir lahza to'xtay demaydi va yana na uzoqlashadi, na yaqinlashadi. Bir maromda «g'ichi-i-ir, g'ichi-i-ir» yoki shunga o'xshash. Mening esa asabim o'ynay boshladi. Sekin pastlik tomon yurdim. Bu, albatta, juda xavfli. Agar qaerdadir, shu yaqin atrofda u yoqdan-bu yoqqa borib kelayotgan odam qurollangan bo'lsa, shubhasiz, u meni ko'rib turibdi. Kutyapti. «Sal ochiqroqqa chiqishim bilan peshonamni nishonga olib, tepkini bosadi. Ozgina, ikki tomchi qon chiqadi qoshlarim orasidan va men orqaga qulayman. Jon berish qiyinmikin?.. Hozir bularni o'ylaydigan vaqt emas. Anavini topishim va zararsizlantirishim kerak.
Navbatdagi butaning yoniga yetganimda oyoq tovushini yaqqol eshita boshladim. Adashmabman. Kimningdir yurgani aniq… Shoshma, tovush negadir manavi butaning ichidan kelayotganga o'xshaydi-ku?!
Har tomonga tarvaqaylagan daraxt shoxlarini ehtiyotkorlik bilan bir tomonga qiyshaytirdim.
— V-o-oy, valakisalang, yaramas! — deya shu zahoti qichqirib yubordim.
Chunki butalar orasiga shapaloqday keladigan ovoz kuchaytirgich o'rnatilgan. Tovush aynan ana shundan kelayotgan edi. Uni sug'urib oldim-da, uloqtirib yubordim. Kuch berib turgan batareykani esa o'zim bilan olvolib, kapaga qaytib keldim.
— Bundan boshqa hazillaring yo'qmidi?! — deya baqirdim.
— O'pkangni bos! — degan ovoz keldi shu zahoti bir joydan. — Uxlamaslik kerak edi! Bu yerga kayfu safo uchun kelmagansan!
Men boshimni har tomonga burib, ovoz kelayotgan joyni qidirdim. Tepamda ekan. Agar milt-milt yonib turmaganida ko'rmasdim. Sababi, kapa tomining matosi bilan bir xil edi, eshitguvchi, ko'rguvchi qurilmalarning tusi… Yo'q, yo'q, yo'q. Qurilmalarning hammasi tashqari tomondan o'rnatilgan ekan…
Sekin «ko'z»ning ustini kaftim bilan yopdim.
— Hoy bola, o'yin qilma, — degan ovoz keldi.
— Birinchidan, hech qanaqangi o'yin qilayotganim yo'q. Ikkinchidan, boya uxlamagandim. Shunchaki ko'zimni yumgandim. Uchinchidan, ichki kiyimlarimni almashtirayotganimni ham tomosha qilish niyating bormi?
— Men sening boshlig'ingman. Maynabozchilikni bas qil. Bundan bu yog'iga senga uyqu harom.
Kaftimni oldim. Chiroqcha o'chibdi. Demak, aloqa to'xtatilgan.
Kerishib oldim-da, tashqariga chiqdim. Birdan hamma narsa o'zgarib qolganday tuyildi. Aniqrog'i, manavi dov-daraxtlar, o'tlar, tog', qiyalik va hokazo-hokazolar menga ilgaridan tanishday. Go'yoki men yoshligimdan shu yerlarda o'ynab katta bo'lganday his qila boshladim o'zimni hamda avtomatimni yelkamga ilib, bir nechta qo'shiqni aralash-quralash xirgoyi qilgancha qiyalikka endim. Qo'limdagi ratsiyam esa «pish-pop, pish -pop» etib turardi. Murod boshqa «nuqta»dagilar bilan gaplashayotgan bo'lsa kerak…
Ishqilib, birorta ham «qizil», «yashil»lar paydo bo'lmasin, degan o'y xayolimdan o'tdi. Agar shunday bo'lganida hech ishga qo'l urmagan bo'lardik-da. Manavini nega ushladigu, bunisi nimaga o'tib ketdi, deb vijdon bilan ur-kaltak, sur-kaltak qilmasdik…
Yolg'iz oyoq so'qmoqqa tushdim. O'ng tomonimga, so'l tomonimga qaradim. Qaerlardadir chigirtkalar chirillayapti. Boshqa hech gap yo'q. Ortimga qaytdim. Kapaga kirmadim. Yonidan o'tib yuqorilayverdim. Tog'ning eng tepasiga chiqdim. Bu yerda birorta ham daraxt yo'q. O't-o'lan ham. Quruq tosh. Shu bois atrof kaftdek ko'zga tashlanadi. Agar daraxtlar bo'lmaganida Murodni ham, Baxtiyorni ham bemalol ko'rardim. Hattoki boshqa «nuqtadagi»lar bilan imo-ishora qilib gaplashish ham mumkin.
Havo toza. Manzarasi dahshat. Lekin yarim soat o'tar-o'tmas bu yerda ham zerikdim va pastlikka endim.
Ikki kun qariyb shunday o'tdi. Uchinchi kun peshindan keyin ratsiya orqali xabar keldi: «Yashil. Yaqinlashma». «Xo'p», dedim. Lekin ichim yondi. «Bu «yashil»ni bir ko'ray-chi», degan o'yda yolg'iz oyoq yo'lning chekkasidagi archaning ortiga borib yashirindim. Har ehtimolga qarshi avtomatimning zatvorini tortib, otishga shaylab qo'ydim.
Oradan bir soatcha vaqt o'tdi, rosa imillab o'tdi. So'ng eshak yetaklagan, sersaqol, sallali, eski chopon kiygan, past bo'yli bir odam ko'rindi. U xotirjam kelar, yon-atrofi bilan mutlaqo ishi yo'q edi. Eshagining ustiga esa ikkita qop ortmoqlangan. Salmog'i yaxshigina, shekilli, eshak qiynalib qadam tashlayapti.
«Yashil»ning mening to'g'rimdan o'tishiga uch-to'rt qadam qoldi. Uning basharasi biram sovuqki, tepkilab o'ldirging keladi. Menimcha, ich-ichidan xursand bo'lsa kerak. Chunki xuddi otasining paykalida yurganday g'o'ddayib o'tib ketyapti. Birovning u bilan ishi yo'q. Hademay bir qop pulni olib, ortiga qaytadi. Albatta, xursand bo'ladi-da.
Men uning boshini nishonga oldim. Ko'rsatkich barmog'imni tepki ustiga qo'ydim. Salgina bossam, tamom. «Yashil» xursand bo'lgan joyida onasini uch qo'rg'onda ko'radi. Lekin tepkini bosolmayman-da. Mumkin emas.
U to'xtadi. G'alati tomoni meni to'g'rimga kelganida to'xtadi. So'ng cho'ntagidan qog'ozga o'rog'lik nimadir oldi-da, yerga tashladi va yana yo'lida davom etdi. Men tarashaday qotdim. «Tashlagani nima balo bo'ldi», degan o'y keldi xayolimga va «yashil»ning tezroq uzoqlashishini intizorlik bilan kuta boshladim. U imillab-imillab uzoqladi. Ortidan biroz kuzatdim. So'ng izimga qaytayotganimda Murod ratsiya orqali «vishilladi».
— Tashladimi?
— Nimadir, — deya javob berdim.
— Ol. Iningga olib borib, yashir. Men saldan keyin boraman.
Oldim. Ezib ko'rdim. Qumga o'xshagan bir nima. Ichini ochib ko'rishga qiziqdim. Lekin ochmadim. Murod kelarkan-ku. Demak, tashlangan narsa unga tegishli. «Yana ochib baloga qolmay», degan xayolda kapam tomonga ketdim.
Yotdim. Miyam rosa alg'ov-dalg'ov bo'lib ketdi. Yana o'zim bilan o'zim kurashni boshladim. Bir tomonda vijdon. Ikkinchi tomonda «odamgarchilik». Sira bir-biriga shafqat qilay demaydi. Avaylab savalaydi. Ikki o'rtada men ezilaman.
Nihoyat, archa oralab Murod keldi.
— Qalaysan, shovvoz? — dedi u.
— O'tiribmiz. Qiladigan ishning tayini yo'q. Bor kuchimizni pashshaga qarshi ishlatyapmiz, — deya javob berdim norozi
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™