Xayirli tun, Guest!
Soat: 04:10
Home
Login
Tavsiya qilamiz
Butsa.net - Futbol yangiliklari
Maydon.net - Sport yangiliklari
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (27-qism)

Added:Aman (07.03.2021 / 14:26)
Rating:rating 1698 article (0)
Reads:329
Comments:0
Etib bordim ko'z ochib-yumguncha. Ammo Nazokatxon shoshilmasdan… Menimcha, avval katta ko'zgu qarshisidagi yumshoq stulga o'tirgan, bir necha daqiqa o'ziga-o'zi mahliyo bo'lgan. Ana undan keyin bo'yangan, kiyingan va hozir, adashmasam, endi yo'lakka chiqqan bo'lsa kerak.
O'rindiqqa o'tirib, peshonamda paydo bo'lgan terni artdim va kutilmaganda… Buni qarangki, yana adashibman. Nazokatxon o'ylaganimdek bemalolxo'jalik qilmabdi. Ana, kelyapti. Pushti rang sumkacha, pushti rang poyabzal…
Darrov kutib olish uchun o'rnimdan turdim… Yuzida tabassum, ko'zida tabassum… Jodu. Sehrlaydi-qo'yadi. Telefonda tilim burro edi. Endi aylanmay qoldi. Ko'rishdim, so'ng taksi to'xtatdim. U orqa o'rindiqqa, men haydovchining yoniga o'tirdim. Bir nimalar deb Nazokatning ko'nglini olmoqchi bo'ldim. Qani endi kallam ishlasa deng. Topgan gapim «Qarindoshingiz soat nechaga keladi?» bo'ldi.
— Men avtobusda borsak kerak, deb bir soatlar oldin chiqdim, — dedi u.
— Unda avval boqqa haydaysiz, — deya haydovchiga yuzlandim.
U «xo'p», degandek boshini qimirlatdi.
Bog'da muzqaymoq qahvaxonasiga kirib, stulga o'tirganimizdan so'nggina tilimning «qulfi» ochilganday bo'ldi.
— Men do'xtirga kelayotgan xolangizni yaxshi ko'rib qoldim, — dedim.
— Nega? — hayron bo'ldi Nazokat.
— Chunki sizni ko'rishimga sharoit yaratib berdi.
Nazokat ko'rsatkich va bosh barmoqlarini bir-biriga yaqinlashtirib:
— Ozgina, — dedi.
— Shuning o'zi ham katta gap. Boshqa kuni kelganida nima qilardim?
— Xuddi shunday.
— Balki?! Lekin ertaroqqa nima yetsin?.. Men-chi, ertaga oppoq xalat kiyib, kasalxonaning yoniga borib olmoqchiman. Do'xtirman deyman, faqat boshqa kasallarga qarayman, deyman. Lekin bugun navbatchi bo'lganim uchun sizni xonama-xona olib yuraman, deyman.
— Zo'r. Opamga ancha yengil bo'lardi.
— Siz-chi? Siz birga yurmaysizmi?
— Yo'q. Men boshqa ishlar bilan shug'ullanaman.
— Ko'cha…
Shu payt telefonim jiringlab qoldiyu, gapirishdan to'xtadim. Yoqtirmasdan telefonni qo'limga olib, ekranga qarasam, xo'jayinning raqami yonib-o'chyapti. Rangim o'zgardi.
— Nima bo'ldi? — so'radi Nazokat.
— Ishxonadan. Bir haftaga dam berishgandi, tugashiga hali ikki kun bor, — deya telefonni yoqib, qulog'imga tutdim.
— Bir soatda yetib kel, — dedi Sharif salom-alik ham qilmasdan va telefonini o'chirdi.
— Obbo! — deya tizzamga shapatiladim.
— Chaqirishyaptimi? — deya xavotir bilan yuzimga qaradi Nazokat.
— Hmm, — dedim boshimni qimirlatib.
— Unda tezroq boring!
— Yo'q. Taksiga o'tirsam, yigirma daqiqada olib boradi. Demak, qirq daqiqa vaqtim bor.
Qirq daqiqa qirq soniyadek o'tib ketdi. Xuddi birov yoqamdan ushlab sudrayotganday zo'rg'a o'rnimdan turdim. Sudrab oyog'imni bosdim. Nazokat bilan xayrlashish esa hammasidan ham og'ir bo'ldi. Ammo nachora…
«Orginal Bank» hovlisida to'rtta harbiycha kiyingan yigitni ko'rdim. Ikkitasi chekardi, bittasi latifa aytar va keyin hammasi baravariga hoholashib kulishardi.
O'zimni ko'rmaganga olib, ularning yonidan o'tdim-da, ichkariga kirdim. Sharif birov bilan ingliz tilida telefonda gaplashayotgan ekan. Bo'shashini kutdim. Sabrsizlandim. Xayolimda Nazokatning jamolini tikladim. Uning xavotir bilan qarashi, qaysidir ma'noda meni o'ziniki kabi qabul qilishi yuragimni orziqtirib yubordi. Ketvorgim keldi…
— Xo'sh, — dedi, nihoyat, telefondan bo'shagan Sharif, — bugunoq safarga chiqasan. O'sha aytgan joyimga. Bitta narsani qulog'ingga quyib ol. Hech qachon o'zboshimchalik qilma. Nima aytishsa, shuni bajarasan, tamom-vassalom. Uqdingmi?
— Ha.
— Tamom! Tashqarida to'rtta yigit turibdi. Ko'rgan bo'lsang kerak. O'shalar bilan ketasan. Senga hudud ajratib berishadi. O'sha yerni bir o'zing qo'riqlaysan. Topshiriqlarning barini o'sha yerda olasan. Endi bor, omadingni bersin, — deb Sharif menga eshikni ko'rsatgan bo'ldi-da, yana telefonida raqam tera boshladi.
Ichimdan zil ketdi. Qani endi zamon qo'lingda bo'lsayu, basharasiga ikkitagina musht tushirsang. Sira armoning qolmasdi.
Tashqariga chiqdim. Yigitlarning yoniga bordim. Ular bilan birga ketishimni aytdim. Baxtiyor, O'sar, Jamoliddin, Murod, deya ular o'zlarini tanitdi. Tabiiyki, men ham ismimni aytdim.
Murod xo'jayinga qo'ng'iroq qildi. Nima qilishni so'radi. Keyin «Xo'p, xo'p», deya telefonni o'chirdi-da, bizga:
— Hozir mashina keladi, — dedi so'ng menga yuzlanib. — Jasur, sening kiyimlaring, boshqa ashqol-dashqollaring shu mashinada, — deya boshini qashlab qo'ydi.
Uzog'i bilan besh daqiqada Murod aytgan mashina keldi. Inomarka. Ko'rinishi vahima. O'n o'rindiqli. Super salon. O'rindiqlar charmdan. Antiqa, ko'ngilni ko'taruvchi hid bor.
Men hammadan orqaga o'tirdim. Shu yerda yuk qopi bor ekan. Ochdim. Kiyim, konservalangan yeguliklar, non, ichimlik suv va hokazolar bilan to'ldirilgan.
— Kiyinib ol, — dedi Murod.
Biz tog' tomonga ketdik. Dam olish maskanlari ortda qoldi. Yo'l oxirladi. Chegarachilarga duch keldik. Murod qo'ynidan hujjat chiqarib, ularga ko'rsatdi-da, besh-oltita raqam aytdi.
— Tushunarli, — dedi serjant, — to'g'riga yana biroz yurganlaringdan keyin o'ngga qayrilasizlar. Pastlikka yo'l bor, — deb o'zini biroz chetga oldi.
O'x, bu tomonlarning havosi judayam boshqacha ekan. Daraxt ham ko'p. Ora-chora tabiiy archalar ham uchrab turibdi. Soyda sharqirab suv oqyapti. To'rt-beshta o'rtog'ing bilan maza qilib dam olib ketsang bo'larkan… Lekin bu yerlarga o'tkazishmaydi-da. Ana shunisi chatoq…
Pastlikka o'n odam bo'yi yurilganidan so'ng o'ngga qayrildik. Qiyalik. Mashina bir tomonga engashdi. Hammaning dami ichiga tushgan. Birov miq etmaydi. Go'yo gapirsa inomarka dumalab ketadiganday. Haydovchi ham qotib qolgan. Nazarimda, u nafas ham olmayotganday edi.
Hartugul, shu ahvolda uzoq yurmadik. Buldozer bilan mashina uchun yo'l qilingan ekan. Shu yerga yetib oldik. Ulov to'xtadi. Haydovchining yonida o'tirgan Murod ortiga o'girildi-da:
— Hammang eshitib ol. Ratsiya orqali gaplashamiz. Eshakda, otda yoki piyoda kelishadi. Yashil desam, o'zlaringni ko'rsatmaysizlar, o'tkazib yuborasizlar. Qizilini darrov qo'lga olinglar. Odatda, ular bir yoki ikki kishi bo'lishadi. Yana rangsizlari ham uchraydi. Ular so'zsiz tinchitiladi. Iloji boricha shovqinsiz. Bitta narsani eslaringdan chiqazmanglar, oralarida yaxshigina tayyorgarlik ko'rganlari ham bo'lishi mumkin. Joningni ehtiyot qil… Eng oldinda men bo'laman. Sizlar keyin. Soyning o'ng tarafiga Jasur bilan Baxtiyor joylashadi. Ismi birinchi aytilgan birinchi. Chap tarafni Jamoliddin va O'sar egallaydi… Har bittangga alohida kapa tikilgan. Ikkitasi archa ostida, bittasi butaning tagida, yana bittasi ikki daraxt oralig'ida. Endi mashinadan tushinglarda, yukxonadan ismlaring yozilgan qoplarni olib, joylaringga jo'nanglar, — deb eshikni ochdi-da, mashinadan sakrab tushdi.
Inomarka shu yerdan ortiga qayrilib oldi-da, jo'nab ketdi. Men Baxtiyor bilan yonma-yon borardim. U keng yelkali, uzun bo'yli, bilaklari baquvvat, jingalak soch, ko'zlari katta-katta edi. Ovozi ham gavdasiga mos yo'g'on. Qaerlardadir eshitganman, odatda, bunday yigitlar o'ta yumshoq ko'ngil bo'lisharkan.
— Jasur,
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™