Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:21
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar | Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (26-qism)
« Avvalgi 1 2
qoldi-da, aya, — deb javob berdim.
— O'qish-chi? O'qishing ko'payib qolmadimi? — dedi dadam ham kesatiq, ham ajablanish aralash.
— Aytgandim-ku, ham o'qiyapman, ham ishlayapman deb. O'qish siyraklashib qolgan. Lekin ish ko'paygandan-ko'payyapti.
— Nima bo'lsayam, bolam, tez-tez xabar olib tur.
— Xo'p.
Shundan keyin dadam bozorlar, narx-navo to'g'risida surishtirdi. Bilganimcha aytdim. Padarim boshini sarak-sarak qildi.
— Kundan-kunga hamma narsa qimmatlashib ketyapti. Yon-atrofga qarasang, birov tinim bilay demaydi. Lekin hammasi qimmat. Faqat dehqon bechoraning sho'ri qurigan. Qachon nima ekmasin, yer bilan bitta bo'lib ketadi. Ana, Salim aka, o'tgan yili bo'g'doyning o'rniga sabzi ekkandi. Naq bir gektarga. O'ziyam sabzimisan sabzi bo'ldi. Ko'rsang, havasing keladi… Ikki qopini bozorga olib borgan ekan… Yo'l puli ham chiqmabdi, — dedi otam.
Men Salim akani xayolimda tikladim. Bir ko'zi ko'r. Yoshligida oshnasi bilan kamon yasab, osmonga otari o'ynagan. O'qlardan bittasi ortiga qaytib, to'g'ri sho'rlikning ko'ziga kirib ketgan…
Yomon bo'libdi. Sabzi yetishtirish oson ish emas. Yana bir gektarni eplash naq odamning belini chiqarib yuboradi.
Otam ishlarim to'g'risida aytarli hech nima surishtirmadi.
— Ehtiyot bo'lib, ko'zingga qarab, halol ishla, bolam. Odamzod har qanday qiyinchilikka chidashi mumkin, faqat sharmandalikka emas, — dedi faqat.
Men peshinga yaqin qishloqni bir aylanib, o'zim tengilar bilan gurunglashmoqchi bo'ldim. Biroq birortasini ham topolmadim. To'rt-beshtasi ishga ketibdi. Birovi shaharga, birovi poytaxtga, yana bittasi Qozog'istonga, qolgan ikkitasi esa Rossiyaga. Yana bitta o'rtog'im bor. U savdogarlik qilayotgan ekan. Bozorda deyishdi. Hafsalam pir bo'ldi. To'g'ri, bir-ikki yosh katta, kichiklar bilan ozroq gaplashdim. Lekin ko'nglim to'lmadi. Buning ustiga hammasining ishi bor ekan, hammasi shoshayotgan ekan. Uyga qaytdim.
Ertasi kuni ta'ziya bo'ldi. Xolmurod bobo o'libdi. O'ziyam to'qsonga kirib qolgan edi. Bordim. Odamlar aytishdiki, kayvoni odam edi. Gaplashsang, zeriktirmasdi. G'irromlikni bilmasdi.
«Esiz, g'irromsizlarning bari qarib qolgan. Birin-ketin dorilbaqoga ketishyapti…»
Navbatdagi kun shaharga qaytdim. Chunki zerikkan edim. Yarim yo'lga yetganimda afsuslandim. Bir hafta vaqtim bor edi-ku, yurmaymanmi ota-onamning yonida. Toqqa ketaman. Nima ish bilan shug'ullanishim yolg'iz Xudoga ayon. Ehtimol, u yoqdan qaytmasman. Shunday ekan, yaqinlarimning diydoriga to'yish o'rniga, bir narsani pishirib qo'yganday shaharga ketyapman. Borib faqat yotsam kerak…
Lekin yotmadim. Qobilning yoniga bordim. Do'kondan ish topibdi. Uyining yaqinida ekan. Xaridori ko'p emas. «Menga bo'laveradi. Xo'jayinga tushgan pulni topshirib turibman. Kitob o'qiyapman. Bir-ikki so'm cho'ntagimga ham tushib turibdi. Halolidan. Har kuni xo'jayin tashlab ketadi», deydi.
— Men senga yordam beraman, — dedim.
— Nimaga yordam berasan? Bu yerda qiladigan ishning o'zi yo'q, — dedi Qobil jilmayib.
— Shunday, yoningda o'tiraman gap berib, shuning o'ziyam yordam.
— Ishing yo'qmi?
— Uch kunlardan so'ng boshlanadi. Toqqa ketyapman, oshna. Maza qilib toza havodan simirib, o'ynab-kulib kelaman.
— Dam olgani boryapsanmi?
— Qayoqda, ishga jo'natishyapti. Lekin nima ishligini aytishmadi. Qo'riqchilik qilsam kerak.
— Ishqilib, oson bo'lsin. Ammo menga yoqmayapti.
— Menga yoqyapti deb o'ylaysanmi? Shunchaki ketsam qaniydi. Eng katta jinoyatchiga aylantirib yuborishadi. Temir panjara ortida qarib-chirib ketaman.
— Tushunarli. Ishqilib, ehtiyot bo'lgin-da, oshna. Undan keyin anavi pullaringni ham bir yoqli qilish kerak.
— Ketayotganimda taksi haydovchisi ham pulga zoriqib qolganini aytgandi.
— Bekor gap. Men uning yuzini ko'rdim. G'irt tullak. O'zi shu ishni ham bekor qildingmi, deb o'yladim keyinroq. Chunki bir noming chiqib qolsa, qutulmas baloga qolishing mumkin.
— Asta-sekin o'sha pullar meni ezayotganga o'xshaydi. Agar o'zimda turganida bilmadim, nima qilardim? Endi, oshna, men boray. Bu yerda o'tiradigan bo'lsam, sening ham vaqtingni olaman.
— Qaerga borasan?..
— Bitta joyda ish bor.
Ish? Hech qanaqangi ish yo'q. Shunchaki aylanib yuraman. Keyin Nazokatga qo'ng'iroq qilaman. Agar vaqti bo'lsa… Yo'q, avval unga qo'ng'iroq qilaman. Vaqti bo'lsa, u bilan aylanaman. Ammo «Vaqtim bor», deydimi? Demaydi. «Undoq edi, bundoq edi, mehmon kelishi kerak edi, opam bilan bir joyga borishim kerak edi» va hokazo. Lekin tavakkal qilish ziyon qilmaydi.
Qobilning do'konidan chiqqanimdan so'ng Nazokatning telefon raqamini terdim. Bir chaqirdi, ikki chaqirdi, uchinchisida ko'tardi.
— Allo, — dedi nozik ovozda, keyin birdan salom berdi.
— Ovozimni tanimaysiz, deb qo'rqqan edim, — dedim o'zimcha gap bergan kishi bo'lib.
— Siznimi? Birinchi marta eshitganimdayoq xotiramda qolgan, — deya javob berdi Nazokat kulib.
— Bilaman, hozir idishlarni yuvib bo'ldingiz. Ularning hammasi to'ntarilgan holda turibdi. Qurigach, mehmonxonaga olib kirasiz. Bugun mehmon keladi. Sal kechroq, shuning uchun ham shoshilmayapsiz…
— A-da-shdingiz. Men hozir xonamdaman. Kitob o'qib o'tiribman. Bundan avval telefonimda internetga kirgandim. Rosa titkiladim.
— Demak, bo'shsiz. Bir siqim zerikish alomatlari ham borday.
— Maqsadingizni tushunganday bo'ldim, yaxshi yigit, ammo…
— To'g'ri, opangiz bilan…
— Yo'q! Yo'q! Opam bilan emas, o'zim. Qarindoshimiz kelayotgan ekan. Do'xtirga… Salima xolam. Metroga borib, kutib olishim kerak.
— Men g'irt bekorchi, tayyorman!..
— Yaxshi bo'lardi. Ungacha men uyni…
— To'xtang, to'xtang, to'xtang. Mening bir o'zim borolmayman, birinchidan, tanimayman. Ikkinchidan, o'zingiz o'ylab ko'ring… Lekin-chi, sizni qo'riqlab bora olaman.
— Bir o'zingiz borishga qo'rqyapsizu, meni qanday qo'riqlab yurasiz?
— Ikki kishi bo'lamiz-da. Men chalg'itib turaman. Siz yuziga urib, ag'darib tashlaysiz!
Nazokat qiqirlab kuldi. Biz ancha ruhlandik.
— Mayli, qaerda ko'rishamiz? — dedi u kulib bo'lganidan so'ng.
— Siz bekatga shoshilmasdan… To'xtang, to'xtang, shoshilib chiqing bekatga. Men ko'z ochib-yumguncha yetib boraman.
(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)
Download txt | fb2
« Avvalgi 1 2
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™