Xayirli tong, Mehmon!
Soat: 10:42
Bosh sahifaga
Kirish
Tavsiya qilamiz
Butsa.net - Futbol yangiliklari
Maydon.net - Sport yangiliklari
Kutubxona | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (24-qism)

Qo'shdi:Aman (07.03.2021 / 14:21)
Reyting:rating 1695 article (0)
O'qilgan:33
Fikrlar:0
Oshnam dasturxon tuzab, choy damlab o'tirgan ekan.
— Bu nimasi, tug'ilgan kunimda ham hech qursa birrovga xabar olmaysan, — dedi meni ko'rib.
Men ishlar ko'payib ketganini bahona qildim. Shu zahoti og'zimdan bemaza hid keldi, shekilli, u aftini bujmaytirdi.
— Nima balo yutib kelyapsanmi? — dedi qovog'ini osiltirib.
Xayolimga birdan anavi bir krujka «muzday» keldi.
— Bilasan-ku, rosa asabiy ishlarda yuraman. Shunga… Undayam bittasi…
— Yotqizvolib og'zingdan quymagandir, — deya yeb qo'ygudek tikildi u yuzimga.
Men qo'llarimni ikki yonimga yozdim.
— Qariyb shunday…
— Ichsang, mening yonimga kelma.
— Bo'ldi, bo'ldi, oshna, gap yo'q!
U osh suzib keldi. Dumba yog'iga qilingan ekan. Hidining o'ziyoq ishtahamni ochib yubordi. Qobil oshni qizdirilgan laganga suzgan ekan. «Qo'lda yeymiz», dedi. Ana oshu, mana osh. Buning ustiga, ishtaha battar ochildi va hash-pash deguncha lagan bo'shadi.
— Bo'ldimi? — dedim labimni yalab.
— Ha, endi bu yog'i…
— Qobil, osh qildingmi, tuzukroq qil-da. Men bilan birga yana bir-ikkita o'rtog'im kelib qolganida nima qilarding?
U o'shshaydi. Laganni olib chiqib ketdi va ko'p o'tmay darrov qaytdi. Boshqa qizdirilgan laganni to'ldirib keldi…
Anchadan beri bunchalik maza qilmagandim. Ayniqsa, qorin to'yganidan so'ng qaynoq ko'k choyni bostirib-bostirib ichsang, butunlay boshqacha bo'ladi-da.
Ko'zimni yumib, devorga suyandim.
— Endi gapir, nima ishlar qilib yuribsan? — dedi Qobil.
Mening ko'z o'ngimda birdan Sodiqning langillab yonayotgan uyi namoyon bo'ldi. Ichim ezildi. Aytaymi, aytmaymi, dedim. Aytaman, shu bilan yengil tortaman, dedim oxiri.
Avval tomog'imni qirib, yo'talgan kishi bo'ldim. So'ng sekin gap boshladim. Qobilning rangi o'zgardi. Oxiri dokaday oqardi.
— Sening esing joyidami? — dedi gapimni oxirigacha eshitmay labi titrarkan. — Nima haqing bor?!
— Uning nima haqi bor?
— Menga qara, qilgan ishi uchun uning o'zi javob beradi!
— Javob bermayapti! Hech kim uni so'roqqa tutmayapti! Tushundingmi?! U bo'lsa, kundan-kunga quturyapti!
— Bola-chaqasi bilan uy-joysiz qolish nima ekanini bilasanmi o'zi?
— Yo'q, bilmaymanda shuni! Xo'sh, sen manavilarni bilasanmi? — deb telefonimni oldimda akashak bo'lib qolgan bolalar, bo'g'ilib o'layotgan yigitlar, fohisha qizlar portlab ketgan uyning rasmini ko'rsatdim. — Mana shularning hammasiga sababchilardan bittasi u!
— Baribir, sening haqing yo'q. Agar u qilmishi uchun bu dunyoda javob bermasa, narigi dunyoda hisobini berishadi.
— Balki, — dedim boshimni egib, — lekin nima qilay, vijdonim qiynalib ketdi. Hozir ham qiynalyapti, o'zimni qaerga qo'yishni bilmay yuribman. Buning ustiga, sen ham ezyapsan.
— To'g'risi, nima deyishga ham hayronman. O'tgan safargisi… Mayli, unga chidagandim. Pullaringni…
— Mening pullarimmas! — deya Qobilning gapini bo'ldim.
— Ishqilib. O'shanda, balki, yordam bermaganimda sen bugungi ishni qilmagan bo'larmiding.
— Qilardim, QobilQilardim! Sen bilmaysanda u yoqlarda nimalar bo'layotganini… Lekin, rosti, afsusdaman. Uning o'rniga undan battari bo'ldi. Ajdahoning o'zi. Yamlamay yutaman, deydi.
— Hechqisi yo'q, tinchitasan vaqti-soati kelib.
Men aftimni bujmaytirdim. Ammo bir og'iz ham gapirmadim. Bir muddat kalovlanib turdim-da, kaftimni ochdim.
— Omin bo'lmasa. Men boray, oshing uchun rahmat!
— Darrov tegib qoldimi? — deya qovog'ini biroz ochdi Qobil.
— Yo'-o'q, sendan hech qachon xafa bo'lmayman. Chunki ko'nglingda kiring yo'q. Bunaqangi narsalarni eshitganingda butun tanang zirqiraydi. Lekin shunday bo'lishi kerak ekan, bo'ldi. Endi men boray. Ishim bor, to'g'risi.
Hech qanaqangi ishim yo'q. Shunchaki, ko'nglimdagi g'ubor yozilmadi. Toza havoda aylansam, balki, yozilib qolar, degan xayolda edim.
U mening ahvolimni darrov tushundi. Omin berdi.
Taksiga o'tirib, shaharning qoq markaziga bordim. Baland-baland imoratlar, odamlar, mashinalar… Yuragim battar siqildi. Yana taksiga o'tirmoqchi bo'lib yo'l bo'yiga bordim. Bekatga. Besh-olti qadam narida chorraha. Qizil chiroq yoniq. Mashinalar to'xtab turibdi. Odamlar yo'lni kesib o'tishyapti. Birovlar shosha-pisha, boshqalar bemalolxo'ja. Oxirida bitta qiz… U ham shoshgan. «Ishqilib, o'tib olsin», dedim ichimda. Ammo qiz yo'lning o'rtasidan biz tomonga o'tdi hamki, mashinalarga yashil chiroq yondi. Qiz yugurdi. Toqatsiz haydovchilar «Bab-bab» qila ketishdi. Bir-ikkitasi harakatlandi ham.
«Yugur! Yugur!» deya xayolimdan o'tkazdim. Qiz yo'lning oxiriga yetar-etmas so'nggi yo'lakdagi mashina yurdi. Mening ko'zim olaydi. Qiz birdan to'xtadi va g'ildiraklar oyoqlarining yonginasidan o'tdi.
Qiz baqirib yubordi. «Tegdimi?!» Birdan miyamga shu o'y keldi. Yo'q, har tugul, tegmabdi. Chunki yurishda davom etdi. Keyingi mashina esa to'xtab turdi. Qiz omon-eson o'tib oldi. Voqea shunchalik qisqa vaqtda sodir bo'ldiki, yo'lni qizdan oldin kesib o'tganlarning bir-ikkitasi ko'rib, baqirishga ulgurishdi, xolos.
Men hovliqma haydovchining mashinasi orqasidan qaradim. Uni YPX xodimi to'xtatayotgandi. «Ana endi hovliqmalik necha pulga tushishini ko'rasan», dedim.
Keyin tezda rangi bo'zday oqargan qizning yoniga borib, ne ko'z bilan ko'rayki, Hamid akaning qaynsinglisi Nazokat turibdi.
— Nazokat! — dedim.
U meni ko'rishi bilan yig'lab yubordi.
— Hech narsa qilmadimi?
Qiz «yo'q», degandek boshini qimirlatdi. Shu payt ayollardan biri suv berib, «Iching», dedi. Nazokat ichdi.
Men bir xayol bilan hovliqmaning yoniga borib, uning jag'ini ezib qo'ymoqchi bo'ldimu, yana shaytonga hay berdim. Chunki YPX xodimi ham ko'rdi voqeani. Uning o'zi nima qilish kerak bo'lsa qiladi.
— Xafa bo'lmang. Shunaqa bir-ikkita hovliqmalar bo'p turadi. Xudoning O'zi saqladi, — dedim.
Nazokat yana gapirmadi. Sumkachasidan dastro'molini olib, ko'z yoshlarini artdi.
Ko'nglini ko'tarolmadim. Haydovchiga bir-ikki og'iz «tuzli» gaplardan gapirmasam bo'lmaydi.
— Siz shu yerda qimirlamay turing, hozir kelaman, — dedim.
Qadamimni tezlatdim. Haydovchi o'ttizlar atrofidagi odam, YPX xodimiga yalinyapti. U esa quloq solmayapti. To'g'ri qiladi.
— Nima qildingiz, hov aka?! — dedim ularning yoniga yaqinlashib. — Urib ketganingizda nima bo'lardi?!
— Urmadim-ku…
— Mashina, — dedi YPX xodimi, — jarima maydonchasiga!
— Xotinim…
Haydovchi shunday deb mashinasi ichkarisiga qaradi va baqirdi:
— Ana, boshlandi!
Uning oq «Neksiya»sining orqasida homilador ayol o'tirardi. U biqinini ushlab, baqirishga tushgandi.
— Kalitni ber! — baqirdi YPX xodimi.
Haydovchi shu zahoti uning qo'liga tutqazdi so'raganini.
Militsioner uning mashinasini haydab ketdi.
Nazokatning yoniga qaytib keldim. U ancha o'ziga kelib olibdi. Ko'rganlarimni unga aytib berdim.
— O'lsin, — dedi bizning suhbatimizga quloq tutib turgan bir ayol, — bolali bo'laman, deb bitta qizni bosib ketay dedi…
Bu yerda uzoq turib bo'lmaydi. Chunki avtobusi kelgunicha ayollar toqatsiz haydovchini ko'p-ko'p ayblashadi. Nazokat hech nima demaydi. Battar o'ksinadi. Battar qo'rqadi.
— Yuring, ozgina aylanaylik, — dedim unga.
Nazokat gapirish o'rniga yana boshini qimirlatib «xo'p», dedi.
Yonma-yon ketarkanmiz,
Yuklash txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™