Xayirli tong, Mehmon!
Soat: 09:16
Bosh sahifaga
Kirish
Tavsiya qilamiz
Butsa.net - Futbol yangiliklari
Maydon.net - Sport yangiliklari
Kutubxona | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (23-qism)

Qo'shdi:Aman (07.03.2021 / 14:20)
Reyting:rating 1694 article (0)
O'qilgan:54
Fikrlar:0
Bu safar Sodiq «o'chib» qolmadi. Ammo Odil «pishdi» va men uni uyiga opichlab olib ketishga majbur bo'ldim. Valak-salak uyga borgandan keyin ham yotay demadi. «Otamiz. Otmasak, xarob bo'lamiz», deb turib oldi. Nima qilsang qilaver, deb uni tashlab ketmoqchi edim, ammo Odil osilib turib oldi.
Naq bir soat vaqtim ketdi unga. Toki karavotiga ag'anab, xurrak otgunicha.
Birinchi kunni sabrsizlik bilan o'tkazdim. Ikkinchi kun esa tayyorgarlik ko'rdim. Chunki Avdeynikiga borganim kabi niqoblanmasligim kerak edi. Boshqacha niqob kerak edi menga. Shu bois bozorda ancha sang'ishimga to'g'ri keldi.
Vaqt allamahaldan o'tdi.
Men bu paytda «O'rikzor» bozori yaqinida edim. Uyim esa shaharning butunlay boshqa tomonida.
Taksiga o'tirdim. Sodiqning uyi tomonga ravona bo'ldim.
Manzilga to'rt bekatcha qolganida taksidan tushdim. Qorong'i joyda kiyimlarimni almashtirdim. Niqoblandim va qolganiga piyoda ketdim. Bilaman, Sodiqning uyida qo'riqchisi yo'q. Hali u uyida qo'riqchi saqlaydigan martabaga erishmagan. Ammo boshqa bir muammo bor: hamma yoqqa kameralar o'rnatilgan. Odam tugul ko'rshapalak uchgani ham uning xotirasiga muhrlanadi. Shu boisdan o'ta aniqlik va tezkorlik bilan ishga kirishishim shart.
Ana, Sodiqning uyi ko'rindi. Hovlisida bitta, darvozasining tashqi tomonida yana bitta chiroq yoniq. Qo'limdagi hassaga suyanib, ko'proq oqsoqlana boshladim. Piyonistalarnikiga o'xshaydigan qopimni o'ng yelkamdan chapiga oldim.
Uy yonib ketdi. Bundan oldin derazalar chil-chil sindirildi. Toki, hamma uyg'onib, tashqariga yugurib chiqsin, alangada qolib ketmasin, degan maqsadda.
Tabiiyki, monitor ham yonib ketadi. Bu degani mening devor oshib o'tganim, hovlida yurganim, benzinni Sodiqning mashinasevar xotinchasining «ketvorgan» ulovidan olganim — hamma-hammasi yonib, kulga aylanadi. Shuningdek, birovlarni zor qaqshatib, tortib olingan pullar ham yo'q bo'ladi.
Men shunday ish qilmagan bo'lardim. Agar uni boshqacha jazolashning imkoni bo'lganida. Uning «un» iga mazaxo'rak bo'lganlarning qanchadan-qanchasi allaqachon o'lib ketgan bo'lsa kerak va yana qanchadan-qanchasi qaerlardadir akashak bo'lib yotibdi. Hoynahoy, u sherik bo'lib sotgan temir-tersaklar qanchadan-qancha uylarning kulini ko'kka sovurgan. Endi Sodiqboy ham uysiz qolish qanaqa bo'lishini bir his qilib ko'rsin.
«O'z ixtiyori bilan qilmagan, majbur bo'lgan…» Shunday xayol keladi ko'ngilga. Lekin qochishi, hech bo'lmaganda o'sha harom pullardan foydalanmasligining imkoni bor edi-ku. Qolaversa, u qanchadan-qancha firmalarga borib, zo'ravonlik bilan pul undirgan. Shuning jazosini tortishi kerak… «Sening haqing yo'q jazolashga», deyishingiz mumkin. Balki, siz haqdirsiz. «O'zing ham o'sha haromdan yeb-ichib yuribsan», desangiz, yana haq bo'lishingiz ehtimol… «Endi o'zingni ham jazola, shunda adolatdan bo'ladi», deya menga hukm o'qisangiz, yana bir karra haq bo'lib chiqsangiz, men sira ajablanmayman.
Vijdon bilan «mushtlashib», ancha yo'l bosib qo'yibman. Mahalla ortda qolish arafasida. Endi bu yog'iga bunday kiyimda, oqsoqlanib yurishning imkoni yo'q. Niqobni yechish, biror joyga uloqtirish darkor.
Niqobim katta axlat qutisida yonib ketdi. Katta yo'l bo'yida o'tib-qaytayotgan siyrak mashinalarga qo'l ko'tara boshladim…
Tong g'ira-shira otmoqda edi. Karavotimda shiftga termilgancha xayol ummonida suzib yotgandim. Birdan telefonim asabiy jiringlab qoldi. Darrov ko'tarmadim. Bir lahza kutdim. So'ng qo'limga oldim-da, yashil tugmachani bosib, qulog'imga tutdim.
— Allo, — dedim uyquli ovozda.
Sodiq bor ovozida baqirdi.
— Sasib yotaverasanlarmi?! Mening uyim yonib ketdi! Hoziroq uchib kel!
— Iya! Nega yonadi?! Qanday yonadi?! — dedim talmovsirab.
— Bilmayman?!
U yig'i aralash shunday deganidan so'ng telefonni o'chirdi.
Shosha-pisha yuvindim, kiyindim va eshikdan chiqishim bilan Odil hovliqib yonimga keldi.
— Eshitdingmi?!
— Ha! Sodiq aka qo'ng'iroq qildi, uyi yonganmish!
— Nimadan chiqibdi yong'in?!
— Bilmayman, aytmadi. Tez yetib kel, deb telefonini o'chirdi. Aytgancha, boshqa telefondan qo'ng'iroq qildi.
Odil xo'rsinib qo'ydi.
Shunda uning og'zidan shunaqangi badbo'y hid keldiki, sal bo'lmasa qayt qilib yuborayozdim.
Taksida Sodiq akaning uyiga yetib bordik. Uy qop-qora, faqat devorlari qaqqayib turibdi. U yer-bu yeridan bug' aralash tutun chiqyapti. To'rtta o't o'chirish mashinasi turibdi. Odam ko'p. Asosan, qo'shnilar bo'lsa kerak. Biznikilar ham bor oralarida. Hovliga kirib-chiqib yurishibdi.
Nigohim bilan Sodiq akani qidirdim. Uning yuzi qora kuya, kiyimlariga esa qarab bo'lmaydi. Jinnilar kabi yuribdi. Yonimdagi Odilni turtdim. Boshim bilan imlab «Yur», dedim. Bir o'zim borishim noqulay. Chunki hali-hamon vijdonim ezyapti. «Bundan kattaroq o'g'rilar, muttahamlar quriganmidi?! Avval shularni bir yoqli qilib, xulosa chiqar, undan keyin Sodiqqa hamla qilmaysanmi?»
— Rasvo bo'ldim! — dedi Sodiq aka uning yoniga borishimiz bilan. — Lekin senlar meni yolg'izlatib qo'ydinglar. Men senlarni ukalarim degandim. Birortangning joning achimadi… To'xta, men uni ko'rdim. Orqasidan quvolmadim. Uyni o'chirish bilan ovora bo'lib qoldim. Yo'qsa, ushlagan bo'lardim. Onasini ko'rsatardim. U cho'loq. Piyonista… Yo'q, piyonista emas, shunday kiyim kiyib olgan. Cho'loqligiyam soxta. Topinglar. Balki, hali uzoqqa ketmagandir. Mening gumonim shu atrofda yashaydiganlardan. Ularning besh-oltitasi meni ko'rolmasdi. Mana, — deb Sodiq aka cho'ntagidan qog'ozcha chiqazdi, — ismlari, qaerda yashashini yozib qo'yibman. Borib hammasini uyidan sudrab chiqinglar. Agar so'roqqa tutsanglar, bulbulday sayrashadi…
U yana bir nimalar deb valdiramoqchi edi. Ammo «Tez yordam» mashinasi tomidagi chiroqlarini o'ynatib, «vay-vay»lagancha keldiyu, uning gapiga nuqta qo'yildi.
Zubaydaning mazasi qochib qolibdi. Zubayda Sodiq akaning xotini. Men uning ismini bilmasdim. Sodiq aka shunday degancha, «Tez yordam» mashinasi to'xtagan joyga yugurib ketganidan bildim.
Ichki ishlar xodimlarining yoniga bordik. Ular fuqaro («fuqaro» so'zi lug'atda kambag'al, bechora, gado ma'nolarini bildirar ekan. Buni yaqinda bilib qoldim. E'tiborsizligim uchun o'zimni-o'zim koyidim) kiyimidagi ikkita tergovchi bilan gaplashib turishgan ekan. Biz ularga o'zimizni tanishtirdik. Nima bo'lganini so'radik. «Haqiqatan ham, yoqib ketishgan. Qo'shnining kamerasiga ham tushgan. Ammo yuzi ko'rinmaydi. Xatti-harakatidan kimligini bilish qiyin. Lekin, baribir, topiladi», — deyishdi ular.
«Hm, — dedim ichimda, — topasan, ho'kiz tuqqanida».
— Akaning dushmani bor, deb sira o'ylamagandim, — dedim Odilga ichki ishlar xodimlari yonidan uzoqlashganimizda.
— Tiqilib yotibdi. Qanchasining og'iz-burnini qonga to'ldirgan. Qurbaqani bossang ham «vaq» deydi.
Odil shunday deganidan keyin birdan menga qaradi. Boshqacha qaradi. «Sotqin emasmisan», degan ma'noda qaradi.
— Sal u yoq-bu yog'iga qarashi kerak edi-da. Bu dunyoda kim xato qilmaydi? Joyi bo'ladi, birovga kuchingni ko'rsatishingga to'g'ri keladi. Lekin nima bo'lganida ham tilga mahkam bo'lgan yaxshi.
— Men o'zimni qum deb bilaman, keyin xotiram
Yuklash txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™