Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:11
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (20-qism)

Added:Aman (03.03.2021 / 23:34)
Rating:rating 1690 article (0)
Reads:59
Comments:0
— Xe, xe, xe, — deb kuldi Faxriddin va yana shishaga qo'lini uzatdi.
«Avliyo»larga qo'l tekkizish cho'g'ni kaftda tutishday gap. Shuning uchun garchi g'o'ldirashib qarshilik ko'rsatishsa-da, ikki ulfatni orqa zinadan pastki qavatga olib tushdik. U yerda ham bir emas, to'rtta xona bor ekan. Bittasiga kirgazdik. Ikki kishilik karavot. Yotgan joyingda pult orqali boshqariladigan qandil va hokazo. Xona allambalolar bilan bezatilgan. Yana boshqa bitta eshik ham bor edi. G'alati. Bitta xonaga ikkita eshik.
Tabiiyki, Faxriddin yumshoqqina karavotga yotqizildi. Sherigi esa polga cho'zilishga majbur edi. Axir ikkalasini bitta karavotga yotqizmaymiz-ku garchi ikki kishilik bo'lsa ham.
Ketdik. U yoqda bazmu jamshid avjiga chiqibdi. San'atkorlarning biri qo'yib, ikkinchisi «vahay-vahay»ga o'tadi. Stollar oralig'i esa sahnaga aylangan. Raqqosalar bilan birga mehmonlar ham bir-biridan o'tib raqs tushishardi…
Hamma shodu xurram ko'rinadi. Ammo sinchkovlik bilan tikilsangiz, o'tirganlarning, «shved stoli»ning yonida turganlarning ko'zida qandaydir hadik borga o'xshaydi. Ular don atrofidagi chumchuqlar kabi edi. Bir cho'qiydi. Sakson marta atrofiga qarab oladi. Bularning yuragi shunday. Taka-puka. Zimdan shefni kuzatishyapti. Shef hozircha qudasi va yana ikki kishi bilan irjayishib-tirjayishib gaplashib o'tiribdi. Demak, hammasi joyida. Bemalol ko'ngilxushlik qilaverish mumkin.
Qornim ochdi. Anavi yeb to'ymaslarning yeyishlarini qarang. Bu yoqda mening ichagim ichagimga yopishib ketgan. «Hov anavi qo'riqchi bechoralarga ham biror nima berib qo'yinglar, kavshanib turishsin. Sho'rliklar bizning mana shunday ayshu ishratimizni, xotirjamligimizni ta'minlab turishibdi», deydigan odam yo'q. Agar biz bo'lmasak, ko'rarding ayshu ishrat qanaqa bo'lishini? Mendan sakkiz-o'n qadam narida xuddi o'zimga o'xshab qaqqayib turgan qo'riqchiga qaradim. Uning ham sillasi qurigan edi. O'lganining kunidan turibdi. Agar qo'yib bersa, stollarning ustidagi hamma ovqatni yeb qo'yadigan shashti bor. Bechora, nima qilasan endi? Peshonangga yeyayotganlarni tomosha qilish yozilgan ekan-da!
Kuy-qo'shiq avjiga chiqdi. Shunga yarasha raqsga tushayotganlar soni ham ko'paydi. Aytarli hamma turib ketgan, faqat shef, uning qudasi, ularning yondagi ikki kishi va yana o'rtaroqdagi stol yonida anavi ko'chaning kattasi o'tirar edi. Qo'llarini boshi uzra ko'tarib, «Haya-hu! Dam-dum-dum, lakang, lakang, lakang!» deya baqirishib, jazavaga tushish ularning obro'siga to'g'ri kelmaydi-da. Boshqalar esa vaqtdan unumli foydalanib qolishi kerak.
Shu tobda mening xayolim boshqa tomonga ketdi. «Pullarning qolganini nima qilaman? Hali ham juda ko'p. Ularni bir yoqli qilmasdan turib, boshqasini qilib bo'lmaydi… Yana ehtiyotkorlikni ham nihoyatda oshirishim zarur. Albatta, yetimxonalar, qariyalar uylariga bergan kiyim-kechaklarimiz, masjidlarda qoldirgan pullarimiz beiz ketmaydi. Darrov surishtirishadi. «Kim ekan o'sha hotamtoy? Qayoqdan paydo bo'libdi? Tekshiringlar, bizning pullarmi yoki haqiqatan ham, ishlab topganmi o'sha hotamtoy», deyishlari kunday ravshan… Nimadir qilishim kerak? Nimadir?»
Shunday xayolda beixtiyor xo'jayinni qidirdim. Negadir u raqsga tushayotganlarning ham, o'tirganlarning ham orasida yo'q edi. Undan keyin Sharif aylanib-o'rgilayotgan sohibjamol ham qorasini o'chiribdi. «Nahotki ikkisi biror yoqqa ketvorgan bo'lsa?» degan o'y kechdi xayolimdan va naushnigim orqali Sharifning ko'rinmay qolganligini aytmoqchi bo'ldimu oxirgi daqiqada tilimni tishladim. Chunki baloga qolib ketishim mumkin.
— Nima qilib qaqqayib turibsan?! Xo'jayining uyga kirib ketdi!
Naushnigimdan shunday dag'dag'a eshitilishi bilan uy tomonga qaradim va shu yoqqa yurdim. Ichkariga kirishim bilan yigitlardan so'radim. Ular yuqori qavatni ko'rsatishdi. Chiqdim. Yo'q. Xizmatchi qizlar orqa eshikdan pastga tushganligini aytishdi. Men ham orqa eshikdan pastga tushdimu janjalning ustidan chiqdim.
Sharif akasi Faxriddinni yoqasidan tutib turar va:
— Sen iflosga qorangni ko'rsatma, demaganmidim?! Balo bormi mening xonamga kirib olib yotishga! Bo'g'ib o'ldiraman hozir! — deya baqirardi.
Oraga tushmasdan ilojim yo'q. Yo'qsa, kattaroq bir nima boshlanib ketadi.
— Xo'jayin, xo'jayin, o'ldirib qo'yasiz! — dedim.
Sharif akasining yoqasini qo'yib yubordi. Shu zahoti Faxriddin yerga quladi.
— Senga nima degandim?! — deya o'shqirdi menga Sharif. — Orqa eshikdan chiqarib yubor! Qorasini ko'rsatmasin, demaganmidim?!
— G'irt mast ekan, shunga…
— Mana shunga!
Sharif yuzimga qulochkashlab musht tushirdi. Chap bersam bo'lardi. O'zining basharasini bejab qo'yishga ham imkonim bor edi. Lekin qilmadim. Qilsam, sirtmoqqa tortib yuborishadi.
Labim, burnim aralash zirilladi. Ko'zimdan o't chaqnadi.
— Manavi nusxani ko'zimdan yo'qot! — bo'kirdi u menga akasini ko'rsatarkan.
«Ichim yonyapti! Hozir kulga aylanaman! Nima bedodlik bu?! Kimsanki, mening yuzimga musht tushirib, orqasidan ish buyurasan! Tamom. Tamom. Sen hozirdan boshlab mening birinchi raqamli dushmanimsan. Boshqacha yo'l tutaman. Nima qilib bo'lsa ham burningni yerga ishqalayman!»
Burnimdan qon keldi. Cho'ntagimdan dastro'molimni olib artdim-da, yerda yotgancha bir narsalar deb g'o'ldirayotgan Faxriddinning qo'lidan ushlab:
— Turing, aka! — dedim.
— Sharif aka, mening kayfiyatim buzildi. Boshqa paytga qoldiraylik.
Men shu zahoti ovoz kelgan tomonga qaradim. Sohibjamol. Buni qarangki, shu paytgacha uni payqamagan ekanman… Hammasi tushunarli. Ikki kishilik karavot va hokazo va hokazolar shuning uchun ekan.
Faxriddinni yuqori qavatga olib chiqarkanman, xabar berdim:
— Xo'jayin akasini haydab yubordi, joy kerak.
— Ikkinchi qavatga oshxona orqali o'tsang bosh oshpazning yotog'i bor, o'sha joyga yotqiz!
«Ilgariroq aytmaysanlarmi? Eshaklar!» deya xayolimdan o'tkazib, Faxriddinni sudradim.
Endi yuqoriga chiqib bo'lgandim. Pastdan ovoz keldi.
— Manavi go'rso'xta qaysi go'rdan keldi!
Fozil. Faxriddinning o'rtog'i. Sharif boyvachchaning ko'zi endi ko'ribdi-da uni.
Oshxona eshigi tomon ketayotganimda ikki yigit yugurib keldi.
— Faxriddin akaning sherigini olib chiqinglar! — dedim ularga.
Pastdagi xona bilan bu xonaning orasida osmon bilan yercha farq bor ekan. Ham qandaydir badbo'y hid kelardi bu yerdan.
Oshxonaning yuvinish joyiga o'tib, oynaga qaradim. Qon yuzimga bejalib ketibdi. Oppoq ko'ylagimga ham tekkan. Alamim keldi. «Hozirning o'zidayoq padaringga la'natini majaqlab tashlasammi!» degan xayolga bordimu, lekin shaytonga hay berdim.
Yuzimni yuvib qarasam, biror joyim ko'karmabdi. Labimning tagi yorilganga o'xshaydi. «Maraz, yomon urdi. O'x, qaytarolardim, chap berolardim».
Ko'ylakdan qonning ketishi qiyin bo'ldi. Yechishga, shu yerdagi sovun bilan yuvishga majbur bo'ldim.
Baxtimga idish-tovoq yuvadigan ayol «Dazmollab beraman, darrov quriydi», dedi.
Yigitlar Fozilni sudrab kelishdi. Rasvosini chiqarishibdi. Basharasiga qarab bo'lmaydi. Bechora. Unda nima ayb? Bo'lsa-bo'lmasa, Fozil Faxriddinning kasbdoshi. Do'sti «Yur, borib kelaylik», degan bo'lsa, oldi-orqasiga qaramay ergashgan.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™