Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:08
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (17-qism)

Added:Aman (02.03.2021 / 20:53)
Rating:rating 1687 article (0)
Reads:59
Comments:0
Sodiq aka o'zi aytganiday uyimning yonida qoldirdi. Men uyga kirmadim. Oldiniga qahvaxonaga bordim. Qornimni to'yg'azdim. So'ng Qobilnikiga ravona bo'ldim.
Bechora o'rtog'im. Sho'rginang qursin, menga o'troq bo'lguningcha. Hovlisi har xil kiyim-kechaklarga to'lib ketibdi. Qobil esa o'sha kiyim-kechaklar atrofida yuribdi. Qo'lida qalam-daftar. Men uyiga kirganimni sezmadi ham. To'xtab, ozroq kuzatdim. U avval sariq futbolkalarni sanadi. Daftariga qaradi, belgi qo'ydi. Keyin keyingisini sanadi. Belgi qo'ydi…
— Hormang! — dedim kulib.
Qobil men tomonga o'girildi.
— Sen nima baloni mening boshimga yog'dirib ketding! Qon bo'ldim! Qon! Bitta narsani uch marta sanab chiqdim! — deya baqirdi u.
— Kallani bir joyga qo'yib…
— E-e, kalla qoldimi? Bularingni bozordan sanab sotib ol. Sifatsizini qaytarib ber. Ort, tushir, yana qayta sana… Bir-ikki xil narsa bo'lganida ham mayli edi. Naq sakkiz xil. Xullas, mana, o'zing qil. Men hech nimaga aralashmayman! Puling xuddi teginilmaganday turibdi. Ol, uningni ham!
— Qobil, jo'ra, shumi, savob ish qilmoqchi bo'lganing? Hali shunga dod-voy qilyapsan, qolganiga nima deysan? Men seni iymonli, insofli do'stim degandim.
— Hov, bittasini ikkinchisi bilan aralashtirma. Bundan ko'ra shunday borib, pullaringni o'sha yetimxonalarga, qariyalar uylariga tashlab kel.
— To'ppa-to'g'ri, qorni qappaygan direktorlarni yana boqarkanmiz-da. Mayli, oshna. Qarasam, ancha mazang qochdi. Men bir-ikkita masjidlarning imomlarini bilaman. Toza. Leviy-praviysi yo'q. O'sha masjidlarning qutilariga tashlasak. Ana undan keyin ularning o'zlari kerakli joylarga ishlataveradi.
— Zo'r fikr. Keyin mardikorlarga ham bersak-chi?!
— Bo'lmaydi. Ularni bilaman. Birinchidan, taloto'p bo'lib ketadi. Ikkinchidan, bir-birini to'nashga tushadi. Uchinchidan, «Yo'q joydan qo'limga shuncha pul tushib qoldi. Bolalarimga olib borib beray yoki shu pulga birorta ish qilay», demaydi. Eng zo'r restoranga kiradi-da, to'yganicha yeb-ichadi, shu bilan hammasi olam-guliston. Albatta, hammasi ham shunaqa emas, lekin sakson foizi xuddi aytganimday.
— Unda mashina topib kel. Men bozordan sotib olgan narsalarni bir hafta uyimda saqlamoqchi emasman. Undan ke­yin uyning egasi ham hali-zamon ijara haqiga kelib qoladi. Ko'rib, ko'zi o'ynab yurmasin, — dedi Qobil.
Men uydan chiqib, taksi tutib keldim. Haydovchining qulog'iga quydim:
— Yaxshi tadbirkor akamiz bor. Shu odam bizga kiyim-kechak tashlab ketdi, yetimxonalarga, qariyalar uyi­ga tarqatasizlar deb. Savob qilmoqchi ekan. Shuning uchun birov mening kimligimni bilmasin, dedi.
Haydovchi yaxshi odam ekan.
— Unda menga faqat benzin pulini bering­lar, o'zimning xizmatim tekin, — deya ko'nglimni ko'tardi.
Aylanib chiqqunimizcha qorong'i tushdi. Lekin yelkamdan tog' ag'darilganday bo'ldi. Haydovchiga ruxsat berib yuborganimizdan so'ng Qobilni yaxshi restoranga olib kirdim. Obdan qornini to'yg'azdim. So'ng pullarni masjidlarga tarqatishni ham sekin yelkasiga yukladim. Bosh­qa ilojim ham yo'q. Chunki xo'jayin bilan birga yuraman, u meni qachon qo'yib yuborsa, o'shanda bo'shayman.
Shunday oshna-og'ayningning bori yaxshi-da! Qobil yelkamdagi «tosh»ni o'zining gardaniga oldi. Boshqa birov bo'lganida bormi, yarmidan ko'pini o'zlashtirib yuborardi. Qobil esa cho'ntagidan sarflasa sarflaydiki, bir ti­yinga xiyonat qilmaydi.
Uyga borsam, Odil bir ahvolda yo'lakda o'tiribdi. Boshini zo'rg'a ko'taradi. «Tamom bo'ldim», «Ushlashdi», deydi. Nega ushlaydi? Kim ushlaydi? Bu yog'ini gapirmaydi. Boshini sarak-sarak qiladi. Faqat yuqoridagi shu ikkita gapni takrorlaydi. Uni suyab, xonasiga olib kirdim-da, karavotiga yotqizib qo'ydim. «Kamroq tortish kerak. Ertaga shu gaplaringning bittasini ham tan olmaysan», dedim va chiqib ketdim.
Ertasiga saharlabdan eshigim taqilladi. Uyqu shirin. Kun bo'yi yugur-yugur qilganman. Shu bois sira o'rnimdan turgim kelmadi. Ammo u yaramas ham bir lahza bo'lsin, taqillatmasdan turolmadi. Borgan sayin eshikni qattiqroq uradi. O'rnimdan turishga majbur bo'ldim. Borib, amallab eshikni ochsam, Odil ekan.
— Nima gap? — dedim.
— Kecha sen meni uyga kiritib, yotqizib qo'ydingmi? — dedi Odil shang'illab.
— Ha, nimaydi?
— Hech narsa demadimmi?
— Deding. Faqat avval yaxshilab yuvinib, tish-pishingni tozalab, biror nima yeb, keyin eshigimni taqillatmaysanmi? Oldingda turib bo'lmaydi! — delim jahlim chiqqanidan aftimni burishtirarkanman.
— E, og'ayni, nimalar deyapsan, uyg'onganimdan beri o'zimni-o'zim yeb qo'ydim!
— Bor, cho'milib ol, keyin aytaman nima deganingni!
Odil ketdi. Bizning uyqu esa o'chdi. Majbur saharlabdan unga aytganlarimni o'zim ham bajardim. So'ng Odilning uyiga bordim. Uning boshi egilgan, aza tutib o'tiribdi. Tiklanish uchun «yutib» ham olibdi. Boya hovliqib so'ragan narsasini endi istar-istamas gapirdi.
— Ushlab olishdi deding, tamom bo'ldim deding. Boshqa biror nimani aytolmading, tiling buralmadi. Endi gapir, kim ushlaydi, nimaga ushlaydi? — deya so'radim undan.
— Padaringga lan'ati, anavi «quloq» quloqlik qilgan ekan. Qaerdan olgan yoki o'zi ortimdan poylab borib, yozib olganmi, bilmayman. Xullas, anavinaqangi joyga borganimni kameraga tushirgan ekan. Ipidan-ignasigacha. O'shanda o'zim ham jo'shib ketgandim-da. Chunki qizgina dahshat ekan. Harakatlarini tushimda ham ko'rmaganman. Har qanday mizoji sustni ham dingillatib yuboradi. O'shani kecha ko'rsatishdi. «Tayyorgarligingni ko'raver», deyishdi. O'zimni biron nima qilib qo'ysammi, deb ham o'yladim. Faqat oxirgi palla niyatimdan qaytdim. Lekin tinimsiz «tortibman».
Odil gapirardi-yu, mening ko'z o'ngimdan Tursunboy quloqning sovuq, qurbaqa basharasi ketmasdi. U menga ham ignasini tiqish harakatida bo'lgandi. Lekin ulgurmadi. Umri qisqalik qildi. Agar yana bir-ikki kun yashaganida bormi, hayotimni ag'dar-to'ntar qilib tashlagan bo'lardi, ehtimol. Sababi, Odilning ishini oddiygina yigitchilikka yo'yishlari mumkin, ammo mening qilmishimni xiyonat, o'g'rilikdan boshqasiga mengzab bo'lmaydi. Demak, jazo ham shunga yarasha.
— Siqilma, o'tib ketadi. Sen qilgan ishlarni kimlar qilmagan deysan. Men bugun xo'jayinning yonida yurishim kerak ekan, shunga shoshib turibman. Kechki payt kelganimda qolgan gaplarni gaplashib olamiz. Bo'pti, xayr.
Xonamga qaytib kirdim. Ikkita tuxum pishirib yedim. So'ng garchi hali vaqtli esa-da kiyinib tashqariga chiqdim. Bir muddat aylandim. Ertalabdan boshim xumday. Nimani o'ylasam, oxiri muammo. Yuragim siqilib ketdi. Bir joylarga ketvorsammi, degan xayolga ham bordim. Ammo bir joyga ketib ham odamga o'xshab yurolmasam kerak. Chunki kalla shu-shu.
Nihoyat, mashina keldi. Oppoq «Neksiya». Haydovchisi mendan katta. Gavdasi ham, qo'llarining mushaklari ham. Peshonasi tirishgan. Boshi tap-taqir. Mo'ylov va soqol qo'yib olgan. Ko'zini qora ko'zoynak to'sib turibdi. Ismi Rasul ekan bu odamning.
— Bugun maishat, ukam. Shefning tug'ilgan kuni. Dachaga boramiz. Toqqa! — dedi u men mashinaga o'tirishim bilan.
— Ja, maishatmasdir. Tursak kerak qaqqayib, — deya jilmaydim.
— Umuman olganda, shunday-ku-ya, lekin, baribir, bayram bayram-da.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™