Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:37
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (15-qism)

Added:Aman (01.03.2021 / 21:14)
Rating:rating 1685 article (0)
Reads:69
Comments:0
Navbatdagi ikki kunni ham ana shu o'y girdobida o'tkazdim. Bundan bu yog'iga ham shunday bo'ladi, shekilli, deya o'ylay boshlaganimda hamqishlog'imni uchratib qoldim. Uni ilgari Sirg'alida yashaydi, deb eshitgandim. Lekin Toshkentga kelganimdan beri biror marta ham ko'rmadim. Uyini qidirib borish miyamning bir chekkasiga ham kelmagandi. «Lasetti» minib yurgan ekan. «Panorama»ning to'g'risida ko'rdim. Bitta ayol bor ekan mashinasida. Aytishiga qaraganda, xotini. O'zgarib ketibdi. Oddiygina qishloqning qizi edi. Sochini kalta qilib, qizg'ishga bo'yagan. Bilagida, bo'ynida qalin tilla zanjir. Ko'zida ko'zoynak. Har tugul, yupkasi uzunu, ammo undan yuqorisi judayam yupqa va yelka qismi yaxshigina ochiq ekan. O'sha yanga ham meni tanibdi. «Jasurjon», deb ko'rishdi.
— Qishloqdagilardan eshitdim. Yaxshigina amalga minibsan. O'zing talaba bo'lsang ham ishniyam qoyillatayotgan ekansan, — dedi hamqishlog'im salom-alikdan so'ng.
— Yo'g'-e, ja unchalikmas. Bitta firmada ishlayapman, — deya javob qildim o'zimni kamtarlikka olib.
— Nima bo'lgandayam qandingni ur. Lekin ehtiyot bo'l. Yo'q joydan oyog'ing ostidan chuqurlar chiqib qoladi. Bir marta qoqilib ketsang, ortingdan kelayotganlarning hammasi seni tepkilab o'tib ketadi, — dedi u.
— Harakat qilaman, Hamdam aka, — dedim biroz noqulay ahvolga tushib.
— Bo'pti, kechki payt vaqting qalay? — dedi u yo'g'on bilagini silab.
Darvoqe, bundan roppa-rosa uch yil avval uni qishloqda ko'rganimda, ozg'in edi. Qo'llarining tomirlari bo'rtib ko'rinib turardi. Hozir esa semirgan. Qorin qo'ygan. Xudo ko'rsatmasin, do'xtirga ishi tushib qolsa, ukol qiladigan hamshira tomirini ancha vaqt qidirsa kerak. Shuningdek, semizligidan ko'zi ham qisilibdi. Shuning bilan birga tepakal ham bo'lib qolibdi.
— Ertaga Turkiyaga uchib ketaman. Ketar oldidan yangang bilan kechki payt bir o'tirmoqchimiz. Odatimiz shunaqa. Xushomad-da. To'g'rimi, Laylo?
Xotini qora ko'zoynagini oldi. Vox. Ana ko'zlaru, mana ko'zlar. Ana kiprigu, mana kiprik. Jilmaydi u. Buni qarangki, jilmayishi ham yarashdi.
— Hmm. Bir oyga ketgandan keyin shuda. O'zi oxirgi paytlarda akangiz, shubhalidan-shubhali ketyapti-da, Turkiyaga, — dedi yanga.
— Ayollar shunaqa. Yo'q joydan bir narsalarni kashf qilishadi. Ilgari pul topmayapsiz, deb nolirdi. Endi kundoshimga qancha berdingiz, deb miyamni egovlaydi. E'tibor berma, buning gapiga. Biznes — shafqatsiz. U uncha-muncha narsani, ko'ngilchanglikni yoqtirmaydi. Xullas, gap ko'p, uka. Soat roppa-rosa sakkizga «Kishmish»ga bor. Bir o'tiramiz.
Men rozi bo'ldim. Eri-xotin ketishdi. Keyin «Bekor ko'ndim, er-xotin bo'lishsa, nima qilaman men qarg'aga o'xshab oralariga suqilib», dedim. Lekin va'da bergandan keyin borish kerak.
Borib bir muddat kutishimga to'g'ri keldi. Chunki ular kelishmagan ekan. Yo'l bo'yida u yoqdan-bu yoqqa borib kelib yurdim. Miyada «o'sha kasal». Yarim soatlardan keyin Hamdam aka, xotini va yana bir qiz keldi. Hamdam aka uzr so'radi. O'zlari bilan kelgan qizning ismini Nazokat deb atadi. Qaynsinglisi ekan. Jahon tillarida o'qirkan. Ikkinchi kurs ekan. Har kuni repetitorga qatnarkan. Shu qizginani kutib qolishibdi.
Ichkariga kirdik. Boya men Hamdam akani qidirib, kirib chiqqanimda shovqin yo'q edi. Uzog'i bilan oltita mijoz o'tirardi. Buni qarangki, xayol bilan bo'lib mijozlar ortganini sezmay ham qolibman.
Kabinaga joylashdik. Zo'r. Umumiy zaldan parda bilan to'silgan.
Hamdam aka Nazokatni mening yonimga o'tqazdi. Qiz boshida ko'nmadi. «Pochcha, siz o'tiring, men opamning yonida o'tiraman», dedi. Lekin Hamdam aka o'jarlik bilan turib oldi. «Ora-chora opangdan bir nimalarni so'rayman. Miyamga biznes loyihalar kelib qoladi-da», dedi. Xullas, Nazokat divanning bir chekkasiga omonatgina o'tirdi. Albatta, men ham xijolatda edim. Chunki, birinchidan, qizning o'tirgisi kelmadi. Ikkinchisi, qishloqdoshlar ko'z o'ngida begona qiz bilan yonma-yon o'tirish g'alati tuyuldi menga.
Hamdam aka buyurtmani astoydil qildi. Hash-pash deguncha stolning usti to'ldi.
— Tinim yo'q, uka. Itday ishlayman. Kechayu kunduz tinim bo'lmaydi. Shunga ora-chora mana shunday yangang bilan birga bir yayrab o'tiraman. Charchoqni chiqarishim kerak-ku, to'g'rimi? — dedi menga o'zini oqlamoqchi bo'lib.
Men uning gapiga yanga munosabat bildiradimi degandim. Lekin u gapirmadi. Yana Hamdam akaning gaplari ostida «Tag'in qishloqqa borib, Hamdam aka undoq qilarkan, bundoq qilarkan deb yurma», degan ma'no ham yo'q emasdi.
— Bemalol, aka, bexijolat, — dedim boshqa gap topolmay.
— Unda manavindan boshlaymiz.
Yanga ko'zining tagi bilan akaga qarab qo'ydi. Buyurtma berayotganda ham ola qarash qilgandi. «Yangaga yoqmadi. Bundan chiqdi mening ular bilan o'tirishim ham yoqmayotgandir», degan xayolga bordim.
— Aka, shuni ichmasak-chi, — dedim noqulay bo'lib.
— Ey-y, nimalar deyapsan? Iloji yo'q. Yo'qsa, biror dardni orttirib olaman. Uff. Hali gapirib beraman hammasini.
Kichkina-kichkina stakanchalar bir to'lib, bir bo'shadi va shu zahoti yana qaytarildi. So'ng Hamdam akaning gap «qopi» ochildi.
— Xoh ishon, xoh ishonma, mana shu bir oyda ikki yuz ming «ko'ki»ni yo'qotdim. Hech bir ayb ish qilmasdan, — deb u avval xotiniga, so'ng menga qaradi-da, ko'rsatkich barmog'ini labining ustiga qo'ydi, — tss, men yo'qotish qilmadim. Aniqrog'i, yo'qotdim. Shunchaki o'zimning befarosatligimdan. Tushirib qo'yibman shuncha pulni.
Men avvaliga uning nima demoqchi bo'lganini, so'ng nega ko'nglidagini gapirmaganini tushunganday bo'ldim.
— Bu yerda, — dedi u idishlarni qayta to'ldirarkan, — devorlar yo'q ekan. Aniqrog'i bor, faqat bir tomonda. Uning «qulog'i» musiqadan tom bitgan. Lekin stakanlar, choynak, idishlar — bularning «quloq»lari dahshat ishlaydi. Chunki har kuni chayilib, tozalanib turadi-da… Shoshma, men senga nimalar deyapman? Laylo, nimaga jim o'tiribsizlar? Gapiringlar.
Yanga so'zlashdan avval bir qultum sok ichdi.
— Akangiz ozroq qiynaldi. Xudo xohlasa, hammasi ortda qoldi. Qolgan bo'lsin, ishqilib. Yana boshqatdan, yangidan boshlaymiz-da…
— Ammo, — deya birdan xotinining gapini bo'ldi Hamdam aka, — sening amalga minganing yaxshi bo'libdi. Har qalay, bir xil narsalarda seni orqa qilamiz-da.
— Aka, men amaldor bo'lmadim.
— Uni qo'yib tur, qip-qizilgina, birov ko'rsa, hayiqadigan hujjating bormi?
— Hmm, berishdi.
— Bo'ldi, shuning o'zi yetadi. Hozir shunaqa bo'lib ketdi. Ilgari biz qanday katta ishlarni qilardik. Endi hammasi shu «shapkali»larga o'tib ketdi. Ey-y, yana boshladim. Bu tilim bir kuni boshimga yetmasaydi, — dedi Hamdam aka va mening yonimdagi qizga yuzlandi. — Nazokat ingliz tilini o'rganyapti. Anavi kuni televizorda inglizcha ko'rsatuv bo'ldi. Joyida tarjima qilib tashladi. Qoyil qoldim. Nasib bo'lsa, chet elliklar bilan ishlaganimizda tarjimonlik qiladi. Endi, qani, manavini sovimasdan olib qo'yaylik.
— O'zi sovuq-ku!
— Mayli-da, bu ham gap.
Biz yutgulikni yutayotganimizda Laylo yanganing qo'l telefoni jiringlab qoldi. U ekranga qaradi. Yoqishdan oldin eriga qo'z tashlab qo'ydi. So'ng qulog'iga tutdi.
— Allo… Hmm… Valaykum assalom. Pochchang
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™