Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:31
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (14-qism)

Added:Aman (01.03.2021 / 21:12)
Rating:rating 1684 article (0)
Reads:78
Comments:0
— Men hech nimani o'ylamayman. O'ylaydiganlar o'ylashsin. Menga qara, vaqtim tugayapti. Har daqiqam pul turadi. Sen bo'lsa, mening shu qimmatli soatlarimni beting-ko'zing demay o'g'irlayapsan.
— Baribir, bekordan-bekorga o'tirgandingiz-ku!
— Bekordan-bekor?! — deya peshonasini tirishtirib menga qaradi u. — Shu gapingga bekorlarni aytibsan! Men ishlayapman. Tushundingmi? Kerak bo'lsa, ishim senikidan og'ir! Endi bola, jo'na. Ja, indamasam, lak-lakni oshirib yubording?! Ikki million so'm olib kelasan.
— Hurmatli qu… Kechirasiz, otingiz nimaydi?! — dedim o'zimni sho'x tutishga urinib.
— Tursunboy ismim. Nimaydi? — deb u barmoqlari orasidagi tutatqini yerga tashladi, tovoni bilan ezdi. Ayni chog'da xalatining cho'ntagidagi qutini oldi.
— Miyamga fikr kelib qoldi. Siz bizdan pul olib…
— Faqat sizlardanmas, ana JEKning boshlig'i, meni ko'rsa, oyog'i qaltiraydi. Uyam haqimni berib turadi. Yana bizning domda bitta savdogar bor. Boshida indamagandim, qo'lqopday mashina almashtira boshladi. Sekin «chizib» yubordim. Bopladim. Bor-budini sotib qutuldi. Undan keyin kimdir meni rozi qilishini aytgan bo'lsa kerakki, qo'y so'yib uyimga olib keldi.
— Ko'rdingizmi, faqat bizlardan emas, ko'zingizga ko'ringan odamning cho'ntagini shilarkansiz. Nimaga endi topganingizni oborib do'xtirga berasiz?
— Kim aytdi senga beradi deb. Kerak bo'lsa, ularning o'zlaridan olaman. Mening beradigan boshqa joyim bor. To'xta, sen bola nimaga meni bunchalik surishtirib qolding? — deb u yana bitta tutatqini tutatdi.
— Surishtirmayapman. Shunchaki…
— Shunchaki-punchakini yig'ishtir, — dedi u birdan gapimni bo'lib, — oyog'ingni qo'lingga olgin-da, qarzingni olib kel!
— Bo'ldi, olib kelaman. Lekin qilmagan ishim uchun…
— Demak, norozisan. Bo'pti, sariq chaqang ham kerakmas menga. Lekin bilib qo'y, men ogohlantirdim. Ertaga sening xonangga boshqa birov kelib joylashadi. Ha-a, uyingdagilarga hoziroq borib xabar ber. Bitta yuk mashina topib kelaverishsin.
Ishonasizmi, peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi. Yon-atrofimga alangladim. Itini sayrga olib chiqqanlar yana uchtaga ko'payibdi. Ularni ko'rib, tishimni-tishimga bosdim va o'rnimdan turdim. Uy tarafga ketdim. O'zimdan o'tganini o'zim bilyapman. «Qayoqdagi kashanda, o'pka meni dovdiratib tashladimi?! Qarzdor qildi. Agar hozir uning aytganini qiladigan bo'lsam, ertaga yelkamga chiqib o'tirib olmaydimi? Shoshma, Jasur, shoshma! Nimalar bo'lyapti o'zi? Bunaqada har kunim yurak hovuchlash bilan o'tadi. O'zi shundog'am yeganim ichimga tushmayapti… Odilning cho'ntagini shilibdi. Yana kim-kimlarning boshiga tashvish keltirgan bu nusxa. Bundan chiqdi, undan qutulish zarur. O'zi hali-zamon o'lib qolsa kerak. Lekin shungachayam qanchadan-qancha odamning sho'rini quritishi mumkin. Mana, yo'q joydan kekirdagimdan oldi-ku! O'x, nima qilsam ekan? Agar pulni olib borib bermasam, u ertami, kechmi, mening Avdey o'lgan kuni tongda uyga kelganligim haqidagi xabarni o'zi aytganday kerakli joyga yetkazadi. Siquvga olinaman. Qiynoqqa solinaman… O'zimdan-ku qo'rqmayman. Ammo uyimdagilar mening nima ishlar qilib yurganligim haqida xabar topishsa bormi?.. Unisiga chidashim mushkul. Chidolmayman. Daf qilaman. Yon-atrofim toza bo'lgani ma'qul… Lekin qanday qilib? Odamlar allaqachon uyqudan uyg'onishgan. Ana, itlarini sayr qildirib yurganlar ham bor. Yana qanchasi derazasidan tashqariga qarab turgandir. O'yla, o'yla, Jasur. Tezroq reja tuz. Tezroq qulog'ing tinch bo'lishi uchun «quloq»dan qutulib qo'y. Aks holda, u seni yurgizgani ham, turgizgani ham qo'ymaydi… Hozir pulni olib borib beraman. Bu bilan aybni to'la bo'ynimga olgan hisoblanaman. U yaramas shunga ishonchi komil bo'lganidan so'ng mendan yanada ko'proq pul so'raydi. Anig'i shu. Yoki… To'xta, bu shunchaki shantaj bo'lsa-chi? U hech qanaqangi «quloq» emas, balki shefning ayg'oqchisi chiqar. Atay meni «pushka»ga olgan. Men sodda darrov uning qarmog'iga ilinib turibman. Hozir so'ragan pulini olib borib beraman. Qarabsizki, tayyor «go'sht»man. Shunisi haqiqatga yaqinroqqa o'xshaydi. Chunki «yozuvchi» yoki «quloq»lar mumkin qadar zimdan ish bajaradi. O'zlarining kimligini bildirishmaydi. Bu esa ochiqchasiga po'pisa qilyapti… Bo'ldi, Tursunboy «quloq», sen bilan ham hisob-kitobni quyosh to'la yuz ko'rsatguncha hal qilishim kerak ekan».
Shoshdim. Apil-tapil pulni olib, yelim paketga soldim. Ikki million. Hammasi besh yuz so'mlik. Endi ko'ravering, uning hajmini. Ammo nachora. Bir so'mlikdan bir qop bo'lganda ham olib borishim kerak. Baxtimga bizning qavatdagilarning hali birortasi ham uyg'onmagan. Qo'ltiqlab ketayotgan pullarimni birov ko'rmaydi. Ko'rsa, gap-so'z ko'payadi-da!
Binodan tashqariga chiqdim. Anavi «quloq» o'tirgan o'rindiq tomonga qaradim. Qiziq, qiziq. «Quloq»ni itlari bilan sayr qilib yurganlar o'rab olishibdi. Chug'urlashyapti. Nima deyishayotganini tushunib bo'lmaydi. Darrov qo'ltig'imdagini tanasi bir qulochga yaqinlashib qolgan chinorning ostiga qo'ydim-da, o'sha yoqqa yugurdim. Tursunboy «quloq» bir tomonga qiyshayib qolibdi. Chug'urlashayotgan ayollarni bir tomonga surib, qiyshaygan tomog'iga ko'rsatkich barmog'imni qo'ydim. Yurak urishidan asar ham yo'q.
— O'lib qolganga o'xshaydi, — dedim.
— Da-a, — dedi ayollardan biri va o'zbek tilini buzib talaffuz qilgancha gapira ketdi, — sez bor. Bez hayron. Ketdengez u yo'taldey. Qattiq yo'taldey. So'ng baqirdey, qiyshayde!
— «Tez yordam» chaqirish kerak, — dedim men.
— Ey-y, chaqirmaymiz, — dedi boshqa bir xotin.
To'g'risi, agar u o'zbekchalab gapirmaganida buni ham boshqa bir millat vakili bo'lsa kerak, deb o'ylaysiz. Kalta sochi qizg'ishtob sariq. Yupqa kiyinib olgan. Ko'kragi manaman deb, sal kam ko'rinadi. Yana kalta shortikda.
— O'lgani rost bo'lsin! Butun mahalla bitta zararkunandadan qutulibdi. Mana shu yerda o'ligi qolsinu go'shtini itlar yesin.
— Qo'ying, qo'shni, itlarimizga rahmingiz kelsin. Bechoralar buning go'shtini yeyishsa, shu zahoti zaharlanib o'lishadi! — deya e'tiroz bildirdi uchinchi ayol. Ketdik. Buning tirigi bir balo edi, o'ligi undan ham battar tashvish keltirmasin. Men borib, xo'jayinimga aytaman, bozordan bitta qo'y olib kelsin, qutulganimiz sharofatiga so'yib, sadaqa qilib yuboramiz.
— Qo'yda nima ayb? — deya jilmaydi ikkinchi xotin. — Kerakmas, yashasin!
Xotinlar ketishdi. Men esa murdaning xalati cho'ntagida qandaydir qurilma borligini ko'rib qoldim. Xuddi telefonga o'xshaydi. Oldiniga e'tibor bermadim. Keyin xayolimga bir narsa urildiyu, birdan o'sha qurilmani oldim. Kichkina diktofon ekan. Birdan isitmam chiqib ketdi va shu zahoti uyim tomonga ketdim.
Eshikni ichkaridan qulfladim va hammomga kirdim. Sovuq suv va issiq suvni baravar ochdim-da, diktofonni yoqdim. Buni qarangki, shubham to'g'ri chiqdi. Padaringga lan'ati suhbatimizni yozib olgan ekan. Hattoki o'chirishga ulgurmabdi. Men ketganimdan keyin «Ana, qarmog'imga tushding! Hali beri mendan qutulmaysan, bolakay!» degan ekan. Esxonam chiqib ketdi. Agar bu yozuvlar boshqalarning qo'liga tushib qolganida bormi, ahvolim hozirgidan a-a-ancha xunuk bo'lardi.
Diktofonni
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™