Xayirli tun, Guest!
Soat: 23:26
telegram
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Added:Aman (25.02.2021 / 23:58)
Rating:rating 1672 article (0)
Reads:110
Comments:0
Sherzod akaga jim qarab turish azobli. Uning qo'llarini zanjirdan bo'shatish, yerga yotqizib, suv-puv berish mumkin emas. Shunday deyilmaganu, deyilmasa ham bilib olish qiyin emas.
Chiroq sekin-asta xiralasha boshladi. Oxiri qizg'ish tus olib, zo'rg'a yorug' berishga o'tdi. Men kutyapman. O'zi bu odamlar asabning egovi ekan. Boya ham bitta xonaga kiritib qo'ygan edi. Yana ahvol qariyb shu.
Sherzod aka g'o'ldiradi. Tushunmadim va tezda yoniga bordim. Tag'in bir nimalar deganday bo'ldi. Anglolmadim. Ayni paytda judayam-judayam yuragim achishdi. Vijdonim qiynala boshladi. Tamom, menga desa, so'kishmaydimi? Urishmaydimi? Farqi yo'q endi. Birovning azoblanayotganiga qarab turolmayman.
Shartta Sherzod akaning oyoqlaridan ushladim. Ko'tardim. Keyin uni yelkamga o'tqazdim-da, qaddimni rostladim. Endi uning qo'llarini zanjir siqmaydi. Boshimga ko'ksini qo'yib, ozgina bo'lsa ham dam oladi. Lekin men ham qanchalik chiniqqan, baquvvat, yosh bo'lmay, tuni bo'yi tik oyoqda turolmayman. Ammo yaxshi tomoni, vijdonim qiynalmaydi. Hamma narsaga chidash mumkin. Ammo vijdon azobi chatoq. Manavi Sherzod akaning qiynalganlari u berajak qiynoq oldida hech narsa. Biroq men hozir ana shu qiynoqni chetlab o'tmoqda edim.
Oradan yarim soat o'tdimi, bir soatmi, bilmayman, ishqilib, oyog'im toliqa boshladi. «Chidayman. Bu og'irlik nima degani, bir tonna yuk tursa ham ikki-uch kun bemalol ko'tarib turolaman», deya o'zimni-o'zim ruhlantirdim. To'g'ri-da, ayni damda menga o'zimdan boshqa kim ham yordam bera olardi.
Ko'zimni yumdim. Otamning mashhur gapini yodga oldim. «Foyda ko'rishim kerak. Har qancha qiyin bo'lmasin, foyda topishim shart», degan gapni miyamga muhrladim.
Bir mahal chiroqning yana yorisha boshlaganini ilg'adim. «Ha-a, yaramaslar, qalaysizlar endi. Hozir bittang kirasan, irjayib-tirjayib. Ko'ramiz, kim yutar ekan», deya kutdim. Ammo birov kirmadi. Ular meni ko'rishmayapti. Chiroq o'chirib-yoqish jazosi ham bor, deb qaerdadir eshitgan edim. Tavba qildim, bunday o'ylab qarasam, miyamga nuqul qaerdadir, qachondir eshitgan eng xunuk voqealar kelyapti-ya. Yo'q, boshqa biror nimani o'ylashim kerak. Ana topdim. O'tgan yili bahorda kursdoshlar bilan toqqa chiqqan edik. Mayning boshi edi. Birovlar lola tugagan deyishgandi. Lekin men tog'ning tepasiga, qori erimagan joyiga borib, lola tergandim. Past bo'yli, bir qarichgina lolachalar. So'ng ularni qizlarimizga olib kelib bergandim. Ular shunaqangi xursand bo'lishgandiki, asti qo'yaverasiz. Hatto Laylo yuzimdan o'pib olgandi. Sho'x-shodon, zamonaviy shaharlik qiz. «Bu sizga mendan qaytim», deb qiqirlab kulgandi. Biram xursand bo'lgandim, biram xursand bo'lgandimki, u yoq-bu yog'i yo'q. Rostini aytsam, bolalarning hammasining ichi kuyib ketgandi. Peshonalariga urishgandi. «Biz ham toqqa chiqsak bo'lmasmidi, Layloning o'pichidan olib maza qilmasmidik», deyishgandi. Laylo labini burgan. «O'pich bitta bo'ladi. U ham bo'lsa, shunga loyiq insonga nasib etadi. Nasib etdi ham. Boshqang orzu qilma»…
Men bu shirin o'yni uzoq davom etkazmoqchi edim. Ammo shuni ham ravo ko'rishmadi. Qalindan-qalin, qo'poldan-qo'pol eshik ochildi. Irjaymay-tirjaymay qovoqlarini osiltirib ikkita badbashara nusxa kirib keldi.
— Iching achidimi? Yordam qilging keldimi? — dedi ulardan biri.
— Sizlar nima deb o'ylagandinglar? Shundoq ham chala jon bo'lgan odamni bir yo'la o'ldirib qo'yadi, degan xayoldamidinglar? — deya javob qaytardim.
— Umuman olganda, yomon emas. Bo'ldi, bu yoqqa o't. Qolgan yordamni o'zimiz beramiz, — dedi badbashara nusxa.
Men sekin engashdim. Sherzod akaning oyoqlarini yerga qo'ydim va beriroqqa o'tdim. Qotibdi. Belim, bo'ynim, oyog'im qotibdi. Sekin bo'ynimni uqalagan bo'ldim.
— Sasha, buni olib bor, — dedi men bilan gaplashayotgan so'xtasi sovuq sherigiga.
— Xo'p, — deya javob berdi Sasha hamda menga yuzlandi, — yur.
Men ularga «Sherzod aka nima qilgan bo'lsa ham jazosini olib bo'libdi, endi qo'yib yuboringlar. Ketsin», degim keldi. Ammo aytolmadim. Aytganim bilan ham foydasi yo'qligini bildim. Chunki manavi nusxalar ham, aslida, bechoralar. Ular ham buyruqni bajarishadi. Agar o'sha hukmni sal ko'ngildagiday qilishmasa, Sherzod akaning o'rnida o'zlari bo'lishadi.
Yo'lak. Zina. Birinchi qavat. Yana to'g'riga yo'lak. O'ttiz qadamcha yurish. To'xtash.
Sasha chap tomonning eshigini taqillatdi. Ruxsat tekkanidan so'ng ochdi.
— Olib keldim, — dedi va o'zi chetga o'tdi-da, menga, — kir, — dedi.
Kirdim. To'rda kostyum-shim kiyib, bo'yinbog' taqqan, oq sariqdan kelgan, sochini chap tomonga taragan, ko'zlari ko'kimtir bir odam o'tirgan ekan.
— Dam olish qalay bo'ldi? — so'radi u stol ustida turgan tutatqidan bir dona olib, barmoqlari orasida ezg'ilar ekan.
— Zo'r. Bundan battari bo'lmaydi. Hayotimda sira bunaqasiga duch kelmaganman, — deya javob qaytardim.
— Aqlingga balli. Birovlarni shunaqa dam olishlarga jo'natsam, hali u yetishmaydi, hali bu yetishmaydi, deydi. Restoran tipida bo'lishi kerak ekan. Katta ekranli televizor, ichimlik quyib turadigan jononlar, shinam xona bering, deyishadi. Mana, sen hech ikkilanmay maza qildim, deyapsan. Agar xohlasang, undan ham zo'riga jo'nataman.
— Rahmat. Shu yog'i ham bo'ladi. U yog'i o'zingizga siylov.
Men bilan gaplashayotgan odamning birdan yuzi tundlashdi.
— O'tir manavi yerga, — deya qarshisidagi stulni ko'rsatdi.
O'tirish — lazzatning o'zginasi. Oyog'im toliqqandan-toliqqan edi.
— Shunday qilib xo'jayiningni qattiq hurmat qilarkansan-da?! Shu ahvolida ham yelkangda ko'tarib turibsan. Qara, hammayog'ing qonga belanib ketibdi. Agar shu holingni mendan boshqasi ko'rganida bormi, pachag'ingni chiqarib tashlagan bo'lardi.
— Xo'jayinligi uchun ko'tarmadim uni. Odamgarchilik yuzasidan. Bekorga ham shuncha vaqt turardim uning yonida.
— Balki, tiling birdir.
— Direktor bilan qorovulning tili bir bo'lishi mumkinmi?
— Bo'lmasam-chi. Asosiy ishni qorovul bajaradi-da.
— Bilmadim?!
— Shunaqa degin, — deya meni so'roqqa tutayotgan kimsa stolining tortmasidan noutbukni chiqarib, stolning ustiga qo'ydi. Ochdi. Klavishlarni birin-ketin bosdi va menga yuzlandi. Oradan lahza o'tmay, kompyuter «sayrash»ga tushdi.
O'sha shefning kelib ketganidan keyin Sherzod aka ikkimiz oramizda bo'lib o'tgan suhbat. Yaxshiki, mening og'zimdan shefning sha'niga nisbatan qo'polroq biror nima chiqmagan ekan.
— Esimdan chiqib ketgandi bu gap, — dedim suhbatni oxirigacha tinglaganimdan so'ng.
— Gap bundamas. Muhimi, sen eshitgansan. Bizning zamonda eshitganlar ham jazolanadi. Shunday bo'lardi ham agar shefning mehri senga tushib qolmaganida. Bitta narsani qulog'ingga quyib ol. Bundan keyin ko'r, kar, soqov bo'lasan. Albatta, odamga o'xshab yashayman, desang. Biz seni kichkinagina sinovdan o'tkazdik, yomonmassan! Hali yana sinovlar bo'ladi. Ko'p bo'ladi. Umringning oxirigacha. Qanchalik uzoqqa ketishing faqat o'zingga bog'liq. Uqdingmi?
— Ha.
— Yana bitta narsani qulog'ingga quyib ol. Bu yog'iga o'zingning hayoting yo'q. Nima desak, shuni bajarasan. Yarim kechasimi, tong saharmi, farqi yo'q.
— Tushundim!
— Endi qorangni o'chir!
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »