To'xtamurod aka anchadan beri «Uy sotiladi» degan yozuvni ko'rsa, sergak tortadi. O'g'liga yaxshi joydan hovli-joy qilib berish maqsadida tezda uy egasi bilan qo'ng'iroqlashadi. Sotiladigan hovlini borib ko'radi. Lekin nasib etmasa ham qiyin ekan-da, mana, bir yildan oshsa hamki, ta'biga o'tiradigan joyni topa olmaydi. Bir hovlining tomorqasiga suv kirmaydi, boshqasining qo'shnilari unchalik ma'qul ko'rinmaydi. O'g'liga katta ko'cha yuzidagi uy yoqqandi, ammo o'ylab ko'rsa, nabiralarining darvozadan shoshib chiqishi, koptok ortidan chopqillab yurishi bor. Mashinalar esa g'iz-g'iz o'tib turibdi. «Bolam, bir noxushlikni pulga sotib olmaylik», deb o'g'lini shashtidan qaytardi.
«Qo'shni mahallada shaharlik bir kishi uyini sotib ketayotgan ekan, ota mahallasidan uy-joy qilarmish», degan gap topib keldi bir kuni xotini Nurgul opa.
To'xtamurod aka Mirazizni yaxshi tanirdi. Olti-etti yil avval qo'shni mahallaga ko'chib kelgan, hovlisi katta, sersuv, ustiga-ustak, qo'ni-qo'shnilari juda bama'ni. Shularni o'ylab ko'ngli yorishdi-yu, ammo unchalik katta hovlini sotib olishga qurbi yetmasligidan ikkilandi. Shunday bo'lsa-da, uy egasi bilan bir gaplashib ko'rishga qaror qildi.
— Agar hammasini ololmasangiz, ikkiga bo'lib ham sotaveraman, — dedi Miraziz. — Tunov kuni Farg'ona tomonlardan bir usta yigit kelgandi. U ham sizga o'xshab, yarmiga qurbi yetishini aytib ketgan. Ikkovingiz bo'lishib olaverasizlar.
Savdo pishdi. Hovlining imoratli tarafini To'xtamurod aka xarid qildi. Miraziz «Kelishib, o'rtadan devor qilib olarsizlar», deya ular bilan xayrlashdi. Yangi qo'shnisi ham uy qurishga kirishib ketdi. Bir qarashda, u juda muloyim ko'ringani uchun To'xtamurod akaga ma'qul tushgandi. Ammo o'rtadan devor tortiladigan kuni ertalab kelib, avvaldan belgilangan chiziq salkam bir metrcha o'zi tarafga surilib qolganini ko'rib hayron bo'ldi. Qo'shnisini chaqirib, bu ishining sababini so'ragandi, «Men qaytadan hisoblab chiqdim, siz biz tomonga ancha o'tib ketibsiz», degan javobni oldi. Shunda o'ylab qoldi, «Axir kechagina yer bo'luvchi mutaxassis, mahalla oqsoqoli hammasini aniq belgilab ketmaganmidi?»
To'xtamurod aka o'ziga tegishli joyni ikkilanibroq qaytadan hisobladi. Yo'q, ortiqcha emas. Ayniqsa, manavi bir metr joy ketsa, yangi qo'shnisi u tarafga ancha kirib olgan bo'ladi.
— Uka, hisobingiz noto'g'ri, mana, qaytadan o'lchadim. Kechagi belgi to'g'ri edi, — dedi o'smoqchilab.
Yangi qo'shnining ko'zlari katta-katta ochilib, yumaloq bir tusga kirdi.
— Ie, aka, musofir deb meni tor joyga siqib qo'ymoqchimisiz?
To'xtamurod aka qarasa, ahvol chatoq, yangi qo'shnisi u bilan yer talashadiganga o'xshaydi.
— Bir qarich, ikki qarich o'ting, boring yarim metrga ham roziman, ammo bir metr joyimni o'zlashtirib, oxiratdagi hisob-kitobda qanday javob berasiz? — dedi uni insofga chaqirib.
Qo'shnisi hech narsa demadi. Yelkasini qisib, hovlining narigi burchagiga qarab ketdi. To'xtamurod akaning ko'ngli g'ash tortdi. Yer o'lchovchilarga qaytadan qo'ng'iroq qildi. Yana mahalla oqsoqoli, faollari yig'ilishdi. Yer qayta o'lchandi. Belgi qo'yildi, hamma tarqaldi. Kun kech bo'lgani uchun devor tortish ertasiga qoldirildi.
Ertalab yangi hovliga kelgan To'xtamurod aka qo'shnisi o'rtadagi belgini ko'chirayotgani ustidan chiqdi.
— Yana nima qilyapsiz, uka? — dedi u hayratini yashirolmay.
Kecha odamlarning oldida boshini egib, jimgina turgan qo'shnisi «Men tarafga 15 santimetr o'tib ketdingiz, aka», dedi ko'zini olaytirib.
To'xtamurod aka birdan tutaqib ketdi:
— Hoy, insonning bolasi, nimaga shu gapingni kecha aytmading? Axir hammasi risoladagidek o'lchandi-ku!
U yana qaytadan chamaladi. Qo'shnisi 15 santimetrni bahona qilib, u tarafga yana bir metrcha kirib olgandi.
— Menga qara, mana kechagi belgi, mayli, undan bir g'isht o'rnini qoldirib, devor tortaman, lekin bundan keyin g'ashimga tegma, bola! — dedi To'xtamurod aka ovozini bir parda ko'tarib.
Ammo qo'shnisi odamni pichoqsiz so'yadiganlar xilidan ekan, «Birovning haqidan qo'rqmasangiz, bilganingizni qiling», deb ming'irladi. To'xtamurod aka o'zini tutolmadi. Yangi qo'shnisining ustiga bostirib bordi-da, jahl bilan «Murosaga ko'nmaydigan qanaqa bolasan o'zi?» deya o'shqira ketdi. Qo'ni-qo'shni yig'ildi. Yangi qo'shni hamon halimdek muloyim, boshini egib turar, nuqul «Men tomonga o'tib ketyapti-da, shuni aytsam, tutaqib baqiryapti. Musofirga kun yo'q ekan», deb odamlarga mo'ltirab qarardi.
To'xtamurod akaning esa tobora jahli chiqar, achchiq ustida nima desa, derdi. Nihoyat, qo'shnisi tarafga ikki g'isht o'rnini tashlab devor torttirdi. Shu bilan qutuldim, deb o'ylagandi, ammo qitmir qo'shni tinchimadi. Yangi qurdirgan mehmonxonasining shundoqqina ortidan yer kavlab, hojatxona qurdi-da, bir g'isht ham ko'tarmay, andisha ham qilib o'tirmay, To'xtamurod akaning uyi devoriga hojatxonasini «suyab» qo'ya qoldi.
Bu ham yetmagandek, butun mahallaga «To'xtamurod aka zo'rlik qilib, hovlimdan yarim sotix yerni egallab oldi», deb gap tarqatdi. Ko'cha-ko'yda yoshi ulug'roq kishilar unga bir-ikki marta ta'nali nigoh tashlab, «Sizlarning avlodda bunday odat yo'q edi-ku, nega qo'shningga zulm qilyapsan?» deya dashnom ham berishdi. To'xtamurod aka tishini tishiga bosdi. Qo'shnisi esa o'choqli oshxonasini uning devoriga taqab qurdi-da, mo'risini ularning ayvoniga to'g'rilab qo'ydi. Ayvonini yaqindagina ta'mirlagan o'g'li bundan norozilanganida To'xtamurod aka «Endi chidaysan, qo'shnining yaxshi-yomoniyam peshonaga bitilar ekan», deya nasihat qildi. Shu orada uy-joylar o'lchanib, qayta ro'yxatdan o'tadigan bo'ldi-yu, yer o'lchovchilar kelishdi. Hisob-kitoblarda qo'shnining yeri To'xtamurod akanikidan yarim sotix ortiqcha ekani ma'lum bo'ldi. Buni eshitgan qo'ni-qo'shnilar beixtiyor yoqa ushlashdi. «Yerni egallagan o'zi ekan-ku, tag'in sizlarni aybdor qilgani uyalmaganini qaranglar-a», deyishdi bir paytlar unga dakki bergan oqsoqollar xijolatomuz.
Kuzning izg'irinli kunlarida o'g'linikiga kelib, mehmonxona derazasini ochiq ko'rdi.
— Bolalar katta bo'lib qolishdi. Bu uyga ularni kiritavermayman ham, ammo negadir shiptir hidi anqiydigan bo'lib qolgan, — dedi kelini.
To'xtamurod aka bu is orqadan, yer ostidan urib berayotganini tushundi. Qo'shnining eshigini taqillatdi. Uni «bir piyola choyga» chaqirdi. Mehmonxonaga olib kirdi.
— Uka, sezyapsizmi, yomon bir hid bor? — deya o'smoqchilab so'radi.
— Ha, endi, bolali uy-da, aka.
— Yo'q. Bu siz tarafdan kelyapti. Iltimos, hojatxonangizni bu yerdan ko'chiring yoki quvur o'rnatib, zamonaviylashtiring.
— Aka, endi mening hovlimgayam xo'jayinchilik qilmang-da! — dedi qo'shni ukkinikidek ko'zlarini chaqchaytirib.
To'xtamurod akaning sabr kosasi to'lib turgandi.
— Sen bola qo'shnichilik haqini bilmas ekansan. Mening Farg'ona taraflarda juda ko'p og'aynilarim bor. Ularning hammasi insofli, yaxshi kishilar. Ammo sendaqasini birinchi marta ko'ryapman, — dedi hafsalasi pir bo'lib. — Na gapga tushunasan, na murosaga ko'nasan. Nima istaysan o'zi?
— O'g'lingiz ham, siz ham ko'p pul topasiz, meni nazaringizga ilmaysiz, doim