* * *
Hammasi yaxshi edi…
Nasibaning ishlari kundan- kun yurishib, banklardagi pullari ko'paya bordi. Shahardan chiqaverishdagi qasrlar kabi hovlisiga charchab kirib kelganda, butun dardlari, tashvishlari esidan chiqadi. Charchoqlari yo'qoladi. Negaki, onasining qavat-qavat ko'rpachalarda o'tirgan ko'yi quchoq ochib qarshi olishlari Nasibani quvontiradi…
Ammo baribir yolg'iz qolgan paytlarida, ayniqsa kechalari yaqin o'tmish yodiga tushib, hammasidan ham Furqatning haqoratli gaplari, masxaraomuz qarab turganlari ko'z o'ngida gavdalanib yuragi zardobga to'ladi. Baxtsizligidan xo'rligi keladi…
— Ha mayli, — deydi o'zini o'zi yupatib. — Xudo peshonamga shunday qismatni yozgan ekan, qo'limdan nimayam kelardi?!. Ming chiranganim, kuyinganimminan foydasi yo'q… Xudoga shukr, yonimda onajonim bor. Sevimli ishim… Xo'sh, o'sha boyvachchalardan qaerim kam?.. Nimadan kamchiligim bor?.. Nega endi o'shalarni deb ich-etimni yeyishim kerak?.. Nega?.. Uyi kuysin undaylarning!..
— Qizim, — deb qoldi Nafosat aya bir kuni endigina ishdan charchab kelib xonasiga yo'l olayotganda. — Senga aytadigan bir gapim boridi…
— Nima gap, oyi?.. Shunchalik sirlimi?.. Nega xomushsiz?..
— Bilasanmi… Anavi Furqating tag'in kepti…
— Nima?.. Nega keladi?.. Qachon?..
Ona aybdorona bosh egdi.
— Ana… Ichkari uyda o'tirishibdi… Otasiyam yonida…
— Uyatsizlar!.. Benomuslar!.. Shuncha ishlardan keyin…
Nasiba uyoq-buyog'ini to'g'rilagan bo'ldi-da, shoshilmasdan mehmonxonaga yo'l oldi…
Ichkarida Qudrat Karimovich asabiy uyoqdan-buyoqqa borib kelar, Furqat esa… Juda ozib ketgan. Avvalgi holatidan asar ham yo'qdek…
Boshini changallagancha yerga qarab o'tirardi…
Qudrat Karimovich ostonada Nasibani ko'rdi-yu, birdan hushyor tortib, zo'rma-zo'raki jilmaygan bo'ldi.
— Assalomu alaykum, qizim!..
Nasiba salomga alik olish o'rniga onasiga ma'noli tikilib oldi.
— Kelinglar, nega turib olibsiz, Qudrat Karimovich?.. Marhamat, o'tiringlar!..
Qaynotaning rangi biroz o'zgardi. Buni ko'zlarining javdirashidan ham bilib olsa bo'lardi. Lekin sezdirmaslikka harakat qilib qo'lini ko'ksiga qo'ydi.
— Qizim, otajon deyishingni shunchalar sog'inganmanki… Qo'yaylik, araz-ginalarni bas qilaylik, jon qizim!.. Hoy, tur o'rningdan! Salomlashmaysanmi kelin bilan?..
Furqat otaning gapidan keyingina asta o'rnidan qo'zg'aldi…
Ko'zlari jiqqa yosh edi…
Lekin Nasiba hayron bo'lmadi. Shunday bo'lishini bilardi. Sud unga naqd yuz million so'm tovon puli undirib bergandan so'ng ishlari orqaga ketganini, ilgarigi yurishlari, kerilishlaridan asar ham qolmaganini eshitgandi…
«Ha, haliyam narkotigini tashlamabdi bu! — ko'nglidan o'tkazdi u. — Chamasi, adoyi tamom bo'libdi shekilli… Bu kuningdan battar bo'lgin, iloyim!.. Xudo ko'rsatibdi-ku!..»
Nafosat aya sobiq quda hurmati bo'lsa kerak, dasturxonga mayda-chuydalar qo'yib, «mehmonlar»ni o'tirishga taklif etdi va choy quyib uzatdi…
Nasiba esa, hamon qovog'ini uygancha o'tirar, gapni nimadan boshlashni bilmay hayron edi…
Qudrat Karimovich erinmasdan devorlarga solingan naqshlarni, cho'g'day gilamlarni ko'zdan kechirib chiqdi. Har qaraganda bosh chayqab, Nasibaga zimdan qarab olishni ham unutmadi…
— Xo'sh, Qudrat Karimovich, — nihoyat Nasiba o'rtadagi jimlikni buzdi. — Qaysi shamollar uchirdi bizning kulbamizga?..
Qaynota bu kinoyaga javoban kulib qo'ydi.
— Qizim, senga tan berdim. Malades, irodangga qoyilman!.. Qisqa vaqt ichida shuncha ishlarni qilib yuboribsanki, tan bermay ilojim yo'q!
— Shuni aytish uchun keldingizmi? — Qudrat Karimovichga yer ostidan tikilib so'radi Nasiba.
Qudrat Karimovich birdan jiddiy tortib o'g'liga ishora qildi.
— Jon qizim, bu yaramas meni adoyi tamom qildi… Haliyam odam qila olmadim buni!.. Iltimos, kechirgin uni! Harqalay pushti kamarimdan bo'lgan bolam! Bilganman… Eshitganman hammasini… Seni chuv tushirmoqchi bo'lganidanam xabar topdim. Bu ko'rnamak mendan yashirgan ekan… Lokigin… Hammasini seni deb, seni qaytarish uchun qilgan… Seni deb meniyam rasvoi olam qip qo'ydi bu… Hozir birgina mini bankdan keladigan arzimas pulga qarab qoldik, ishonasanmi, qizim?!. Bu o'g'ilmas, boshga bitgan balo bo'ldi… Urishib, qattiq tegsam, qachon Nasiba meni kechirsa, qaytib kelsa, keyin odam bo'laman, deb turaversa… Qaerga boray? Qaysi devorga bosh uray?.. Sendan bo'lagi odam qila olmaydi bu ko'rnamakni. Ishon, seni yaxshi ko'radi bu!.. O'shanda… Ahmoqlik qilib qo'ydi-da o'zboshimcha!.. Jon qizim, axir, Xudo ham kechirimli!.. Oldingga bosh egib keldim!.. Hech bo'lmasa, men keksa odamga rahming kelsin! Seni qizim deganman. Senga mehrim tushib qolgan…
Qaynota shu gaplarni aytishga aytdi-yu, ko'zlari yoshlanib paypaslay-paypaslay cho'ntagidan ro'molcha chiqardi.
Nasiba bir onasiga qarab olgach, lablarini asabiy tishladi.
— Nahotki?.. Men kim edimki shunday o'g'lingizni odam qilsam?.. Qo'ying, Qudrat Karimovich, bu gaplar endi sig'maydi!.. To'g'ri, o'g'lingizni…
Nasiba sevardim demoqchi bo'ldi-yu, ammo tiliga chiqara olmadi. — Men Xudo emasman!.. Qolaversa, boshimdan ne kunlar o'tmadi. O'zim o'lib, o'zim tirildim. Xudoga shukr, niyatimga yetyapman asta-sekin… Endi menga xalal bermanglar! Sizlar boshqa dunyo, men boshqa dunyo. Biz hech qachon bir-birimizga munosib bo'la olmaymiz. Afsuski, yoshlik qilib qo'ydim. Onamga quloq solmadim… Men… Mustaqil hayotga o'rgandim. Hech kimga qaram bo'lib yashashni istamayman! Tinch qo'yinglar!..
Bu gaplarni qanday aytdi, qaerdan kuch oldi, o'zi bilmay qoldi…
Dast o'rnidan turdi-da, indamay tashqariga chiqib ketdi…
Oradan chamasi yarim soatcha vaqt o'tdi…
Xonasi derazasidan qon yig'lab tashqariga boqib turgan Nasiba ota-bolaning qay ahvolda ko'chaga chiqib ketishayotganini ko'rdi…
Ularning boshi egik edi.
(davomi bor)