Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:46
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili (51-qism)

Added:Wap Usta (18.12.2017 / 08:32)
Rating:rating 861 article (0)
Reads:355
Comments:0
Bu davlatning bandargohi Tailandnikiday hashamatli emas, lekin katta-kichik kemalar xuddi avtovakzaldagi avtobuslardek tizilib turishar, tepasida turli xil rangdagi bayroqlar hilpirardi. Odamlar bir kemadan tushayotir, boshqasiga chiqayotir, biridan kran yuk tushirayotgan yoki ortayotgan bo'lsa, ikkinchisida kiyim-boshi biznikidan battar, kindigigacha yalang'och bo'lgan qora tanlilar qop, yashik tashishayapti. “Ayni muddao”, deya o'yladim va Olyaning qo'lidan ushlab, usti yopiq, qoplar taxlanib turgan saroy tomon yurdim. Yukchilar shu yerdan qop orqalab chiqishayotgan edi. Men-ku, bitta qopni bemalol ko'taraman, lekin Olyaning qiynalishi tayin. Bir qopni ko'tarib ko'rdim, xiyla og'ir. Ayol kishining belini mayishtirib yuboradi. Olyaga qarab, qopni ko'rsatdim-da:
— Ko'tarolasanmi? — deb so'radim.
U nima qilish kerakligini darrov anglab, yelka qisdi.
— Senga o'zim yordamlashaman. Faqat ozgina chida, bo'ptimi? — deb qizdan javob kutib o'tirmay, ko'zimga kichikroq ko'ringan qopni Olyaning yelkasiga qo'ydim. So'ng boshqa bir qopni o'zim orqaladim. Bir qo'lim bilan o'zimnikini, ikkinchi qo'lim bilan Olyaning qopini suyab, u oldinda, men orqadan ketayapmiz. Bizga yonimizdan yuk ko'tarib o'tgan qora tanlilar e'tibor qilishmadi. Ularning tirishgan manglayi terdan yaltiraydi.
Kemaga chiqib, maxsus yukxonada taxlayotgan ishchilarga qoplarni topshirdik-da, qaytib pastga tushmadik. Yelkamdagi yukni tushirayotib baland qilib taxlangan qoplarning orasiga bir habash yashirinib turganini, boshqa bir qora tanli uning atrofini qoplar bilan bekitayotganini ko'rib qoldim. Imo-ishoralar bilan unga meni ham shunday bekitgin, deb so'radim. Avvaliga u ko'nmadi. Shunda tashqaridagilarga bu yigitni yashirganingni aytaman, degan gapni imo-ishorada anglatdim va u aftini bujmaytirib bir oz qarab turdi-da, noiloj rozi bo'ldi.
Bor-yo'g'i uch kishi yashirindik, deb o'ylagan edim. Yukxonaning ulkan eshigi yopilib, oradan biror soatdan mo'lroq vaqt o'tgach, goh u burchakdan, goh bu burchakdan bekingan odamlar chiqib kelaverdiki, hayratdan dong qotib qoldim. “Qanday qilib shuncha odam yashiringan ekan, nahotki birov sezmagan bo'lsa?!” — deyman o'zimga o'zim. Nima bo'lganda ham shunisi ma'qul, Olya bilan birgamiz-ku, qolaversa, kemaning egalari ko'rib qolsa, ko'pchilikka indayolmaydi. Yarim yo'lda shuncha odamni suvga tashlab ketolmaydi, deya o'zimga taskin berdim.
Oqshom o'tdi. Qorin ichiga tortib ketgan, biroq yegani bir burda non ham yo'q. Olyaning ahvoli menikidan beshbattar. U bir nimalar deb g'ingshidi, keyin nafasi ham chiqmay qoldi. E'tibor bersam, uyqudan ko'zini ocholmaydi. Bunaqada ochidan o'lib qolishi hech gapmas. Boshqalar o'zlari bilan olgan yeguliklarini tamaddi qila boshlashdi. Ularning kavshanganiga qarab, qorin battar xuruj qiladi. Oxiri chidab turolmadim. O'rta bo'yli, etligina, tishlaridan bo'lak hamma yog'i, hatto kiyib olgan shimi-yu ko'ylagi ham qop-qora habashning yoniga bordim-da, qo'limni cho'zib yegulik so'radim. U avvaliga hayron bo'lib tikildi. Maqsadimni anglagach, qo'li bilan “ket” deb ishora qilib, o'z tilida shang'illadi. “Tiqilib o'l”, dedim unga va boshqasining yoniga bordim. Biroq bunisidan ham yorug'lik chiqmadi. Faqat bir negr yigitning insofi bor ekan, suv bilan bir burda non berdi.
Yuziga suv sachratgandim, Olya cho'chib ko'zini ochdi va meni ko'rgach, iljaydi.
— Ma, — dedim unga nonni ko'rsatib, — ochdan o'lib qolma tag'in.
Olya “emayman” degandek bosh chayqadi.
— Kallani qotirma, ol. Avval suvni ich. Keyin nonni yeysan.
Olyaning butkul tinkasi qurigan ekan. Nondan bir tishladi-da, juda uzoq chaynadiki, yutishini kutib betoqat bo'ldim. Lekin ikkinchi luqmani tezroq chaynab yutdi. Xullas, menga hech vaqo qolmadi. “Mayli, bir amallarman”, deb o'ylab qoplarning ustiga cho'zilgandim, menga non bergan qora tanli yonimga kelib nasibasidan yana bir bo'lak uzatdi. Olarimni ham, olmasimni ham bilmay unga biroz tikilib turdim. Qora tanli yigit jilmaydi va uzatgan nonini qo'limga tutqazib, ortiga burilib ketdi.
Oradan chamasi ikki soatlar o'tdi yo o'tmadi, uxlagan ekanman, birdan Olyaning chinqirgan tovushini eshitib o'rnimdan sapchib turib ketdim. Qarasam, qiz sho'rlikni bo'yi ikki metr keladigan gavdali qoramag'iz erkak mahkam quchoqlagancha o'pmoqchi bo'layapti. “Shunisi yetmay turgandi”, degan xayolda yugurib borib Olyani qutqarmoqchi bo'lgandim, qoramag'iz qizni qo'yib yuborib, basharamga bir musht tushirsa bo'ladimi? Ko'zimdan o't chiqib ketayozdi. Qorniga shunaqangi qattiq tizza qo'ydimki, u “uv-v-v”lagancha o'kirib, gursillab qulab tushdi. Uning yonini olib hech kim menga tashlanmadi. Hatto sho'rlikni o'rnidan turg'azadigan kishi topilmadi. Noiloj, o'zim qo'ltig'idan olib oyoqlatgandim, qarasam, ko'zidan yosh oqayapti. Unga shunaqangi ichim achidiki, kechirim so'ramoqchi ham bo'ldim, biroq ulgurmadim. Mendan oldin o'zi qo'lini ko'ksiga qo'yib, bir nimalarni g'o'ldirab boshini qimirlatdi. Shu bilan janjal nihoyasiga yetdi. Biroq ko'p o'tmay, o'sha kaltak yegan negr menga bir talay yeguliklar ko'tarib keldi. Qo'lini qaytardim. Axir, ham urib, ham rizqiga sherik bo'lamanmi? Non so'raganimda bermadi, endi xushomadgami yoki boshqa vajdanmi, tomog'idan qiyib nasibasini ko'tarib kelibdi.
— Rahmat, og'ayni, men sendan xafa emasman, erkakman, men ham tushunaman. Lekin bu qiz ko'p azob chekkan, ikkinchi unaqa qilmagin, — dedim. Koshki u biror so'zimga tushungan bo'lsa.
Ammo u yuzimdagi muloyimlikni ko'rib iljaydi va olib kelgan go'shtidan ozginasini og'ziga solib chaynab yutgach, yeguliklarini yonginamga qo'ydi. Uning qilig'idan kulgim qistadi.
— Men zaharlab kelding, demayapman. Ishonaman, hammasi toza. Lekin o'zing yegin, xo'pmi? — deb go'shtdan ozgina olib og'zimga soldim-da, qolganini qo'liga tutqazdim.
Oradan ikki kun o'tdi. Bizga homiylik qiladiganlar chiqib qoldi. Biroq ko'pchilikning yeguliklari tugab borayotgandi. Ayrimlar allaqachon ochlik girdobiga tortilayotir, ovqatlanayotganlarga suqlanib qarab, “qult-qult” yutinishardi. Bu ahvol uzoq davom etishi dargumon, halizamon bir parcha non uchun mushtlashishlari turgan gap. “Ertaroq manzilga yetib borsaydik”, deya o'ylayman. Bir mahal kema qattiq chayqalib ketdi. Muvozanatni saqlayolmay, hammamiz yiqildik. O'rnimizdan turmasimizdan kema tag'in uch-to'rt marta chayqaldi. Tashqarida baqir-chaqirlar eshitildi. Yashirincha safarga chiqqanlarning bari eshikka yopirildi. Uch-to'rtta baquvvat yigit eshikni gursillatib urib, bir nimalar deb baqirdi. Birozdan so'ng kimdir eshikni ochdi. Yuzimga sovuq, namxush havo urildi. Hamma tashqariga otildi. Okeanda dovul bo'layotgan ekan. Tepaga ko'tarilgan to'lqin ustimizga shovullab quyildi. Shu payt kema keskin chayqalib, bizni orqaga uloqtirib yubordi.
Hamma yog'i jiqqa ho'l habash yigit yiqilganlarning ustidan birma-bir hatlab o'tib, bir qopni quchoqlab ko'tarib, pastga uloqtirib yubormoqchi bo'ldi, biroq ulgurmadi, navbatdagi to'lqin uni polga qapishtirib tashladi. Qo'lidan chiqqan qop boshini bosib qoldi. O'rnimdan sakrab turib, ustidan qopni oldim. Uning ko'zlari yumuq,
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™