Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:53
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (22-qism)

Added:admin (16.12.2017 / 18:51)
Rating:rating 853 article (0)
Reads:492
Comments:0
Qo'riqchilardan biri to'pponchasini uchinchi marta ishlatishga ulgurmadi. Men uning qaerdaligini ko'rib qolgandim. U ikki qoshining o'rtasiga tekkan qo'rg'oshin zarbidan orqasiga quladi. Ikkinchi qo'riqchi esa yashirindi. Dachaning hammayog'ida chiroq yoniq edi. Shu bois, uning qaerga bekinganini aniq ko'rdim va qimirlagandayoq qo'lidan, so'ng oyog'idan yaraladim. U yashiringan joyida tipirchilab, “oh-voh”lagancha sulayib qoldi va osongina mening asirimga aylandi.
— Chayon qayoqqa ketdi? — dedim men uning yoqasidan bo'g'ib ushlab.
— Shahar… shaharga, uyiga, — dedi u ko'z yoshi duv-duv oqib.
— Men haqimda xabar berdingmi?
— Obid berdi!
— Kim u Obid?! Nima dedi?
— Otib… Imm! Uni boya otib tashlading! — dedi og'riqning zo'ridan afti bujmayib. — Sen hammayoqning to'polonini chiqarayotganingni aytdi shefga.
— Shefing qancha vaqtda bu yerga yetib keladi?
— Uzog'i bilan bir soatda.
— Tushunarli.
Uni uy yoniga sudrab keldim va men chiqquncha hech qaerga qimirlamasligini tayinlab, o'zim ichkariga kirdim-da, qizlarga cho'zilib yotgan “aka”larini tashqariga olib chiqishni buyurdim. Men tashqaridagi qo'riqchilar bilan ovora bo'lganimda, “baliqcha”lar yigitlardan ikkitasini oyoqqa turg'azishibdi. Biroq oyoqqa turgan shovvozlar nima bo'layotganini hali anglayolmasdi.
Hammasi basseyn yoniga yig'ilgandan keyin Chayonning yigitlarining oyoq-qo'llarini chandib bog'ladim. Uy oldida g'o'dayib turgan ikki mashinadan birining benzinini olib, turli rangda tovlanuvchi betakror imoratni aylantirib sepib chiqdim-da, ko'zimni chirt yumgancha, yoqib yubordim. Albatta, shunday uyni yoqishga ko'nglim bo'lmadi, chunki bino, kimniki bo'lishidan qat'iy nazar, haqiqiy san'at namunasi edi. Lekin nachora, yoqmasam bo'lmasdi. Chunki bu san'at namunasi ichini allaqachon nahs bosgandi.
Ikkinchi mashinaga “baliqcha”larni chiqarib, dala hovlini tark etdim. Vujudimda qandaydir yengillik paydo bo'ldi, nafas olishim osonlashdi.
Yigirma daqiqalar yurgandan keyin to'xtab, qizlarning bironta ham kiyimini qoldirmay yechintirib haydab yubormoqchi edim. Chunki ular shunday jazoga loyiq edi. Biroq ularning yalinib-yolvorishlari, o'zlarining zo'rlab bu yerga olib kelinganini aytib yig'lashlari ko'nglimni eritdi. Shu bois, ularni hozircha mashinada qoldirishga qaror qildim. Yana ozgina yurganimdan keyin tog'ning boshqa tomoniga olib boradigan yo'l keldi. Shu yoqqa mashinani burib biroz yurgach, chiroqlarni o'chirib to'xtadim. Taxminim bo'yicha Chayon yigitlari bilan yaqinlashib qolgan, hali-zamon yetib kelishlari kerak edi. Albatta, u to'g'ri dala hovlisiga bormaydi. Qo'rqadi, meni qaysidir burchakda uni kutib yotibdi, deb o'ylaydi. Qorasini ko'rishim bilan nishonga olaman. Shunchaki, bitta meni yoki dala hovlisini deb o'lib ketish uning uchun ahmoqlikdan o'zga narsa emas. Shu bois, tong otishini kutadi. Menga aynan shu kerak. Faqat uning ahmoq boshiga otamni qo'lga olish fikri uyidaligidayoq kelib qolgan bo'lmasin. Aks holda, ishim ancha chigallashib ketadi.
Kutganimday, beshta mashina katta tezlikda dala hovli tomonga o'tib ketdi. Ularni o'tkazib yuborib, biror besh daqiqalar kutdim-da, so'ng mashinani joyidan jildirdim.
— Aka, — dedi orqa o'rindiqda o'tirgan qizlardan biri, — men Muzaffarning yana bitta dachasini bilaman, u tog'ning narigi tomonidagi g'orning ichida. Eshitishimga qaraganda, uning eng ko'p boyligi o'sha yoqda emish.
— Nega buni menga aytayapsan? — dedim oynadan qizga qarab. Men odatim bo'yicha qaragandim, vaholanki, mashinaning ichi qorong'i, qizning qanday holatdaligini ko'rib bo'lmasdi.
— Muzaffarda qasdim bor. U meni zo'rlab olib ketishidan avval singlimni o'ldirgan. Agar siz uni o'ldirsangiz, men sizga ozgina yordam berganim uchun o'zimni qasd olgan hisoblardim, — dedi qiz ko'ziga yosh olib.
— Muzaffarni o'ldirishga mening qurbim yetadi, deb kim aytdi senga? — dedim yo'ldan ko'zimni uzmay.
— O'zim bildim. Yaqin-atrofdagi hamma undan qo'rqadi. Lekin u sizga hayiqib qaraganini ko'rdim. Hayronman, uni o'ldirishga imkoniyatingiz bo'la turib nega shu ishni qilmadingiz?
— Menga yolg'on ma'lumot bergan bo'lsang-chi, — dedim uning savoliga javob bermay, — tog'ning u yog'ida uning dachasi bo'lmasa-chi?
— Unda o'zimni o'sha yoqqa olib boring, agar yolg'on gapirgan bo'lsam, nima qilsangiz qiling meni!..
Men indamadim. Chunki shu damda miyamda boshqa fikr — endi Muzaffardan nafaqat oilamning qasdini olish, balki uni tag-tomiri bilan yo'qotish fikri tug'ilgan edi. Agar shunday qilmasam, ertaga uning shogirdchalaridan biri bo'y ko'rsatib qolishi hech gap emas.
Shaharga yetib kelganimizdan so'ng qizlarni mashinadan tushirdim. Faqat boya menga Chayon haqida qo'shimcha ma'lumot bergan qiz tushmadi. U: «Siz bilan ketaman», deb turib oldi. To'g'risi, nima qilishga hayron edim. Bir ko'nglim: «Olib ket», desa, boshqa xayol: «Nima qilasan? Biron joyda seni chuv tushirib ketishi mumkin. Axir, uning kimligini hali bilmaysan-ku!» — derdi. Qizning chehrasida o'zimga nisbatan hech qanday xusumat alomatlarini ko'rmadim. Shunday bo'lsa-da, o'zimning sezgimga ishonib qolmay, biroz yurgach, mashinani to'xtatib, qizni gipnoz holatiga tushirib ko'rdim. U yolg'on gapirmagan ekan. Chayonda qasdi borligini, men bo'lmagan taqdirimdayam, bir kun kelib, Chayonning ovqatiga zahar solib bo'lsa-da, o'chini olishni mo'ljallab yurganini chuqur gipnoz holatida aytdi. Ko'nglim joyiga tushgach, yana yo'lda davom etdik.
Taxminan ikki soatlar o'tgandan keyin men tug'ilib o'sgan tumanga yetib keldik. Shu joygacha na men gapirdim, na qizdan sado chiqdi. Bugungi qilgan ishlarimdan ko'nglim unchalik to'lmagandi. Ko'p vaqt yo'qotgandim. Buning ustiga, rejasiz ish qilib qo'ygandim. Bu esa odatimga xilof edi. To'g'ri, juda ko'p marta tasodifiy voqealar ham bo'lgan, biroq o'sha paytlarda muhim rejam yo'q edi.
Mashinani ko'chamizga burib to'xtatdim-da, atrofga yaxshilab nazar soldim. Chunki meni Chayonning odamlaridan boshqalar ham “ovlash” umidida. Atrofda shubhali hech narsa ko'rmagach, yana mashinani joyidan jildirdim. Shu payt, adashmasam, uyimiz ro'parasida bir mashinaning chirog'i yondi. Ko'nglimga g'ulg'ula tushib, tezlikni oshirdim. Ro'paramdagi mashina biz tomonga kela boshladi. Shunda uning ortidan yana bir mashina yo'lga tushganini ko'rdim. Birinchi mashina yonimizdan o'tib ketayotganda orqa o'rindiqda o'tirgan qiz:
— Bu mashina Muzaffarning odamlariniki! — dedi shoshib.
— Nega shuni vaqtliroq aytmading?! — deya unga o'shqirdim-u, mashinani yo'lga ko'ndalang qilib to'xtatdim. Birinchi mashina baribir o'tib ketishga ulgurdi. Lekin ikkinchisining yo'li to'sildi. Men mashinadan otilib chiqdim va mashina haydovchisiga qarata o'q uzdim. Mo'ljalni bexato olgan ekanman. Boshqaruvni yo'qotgan “Jiguli” men haydab kelgan mashinaga kelib urildi-yu, orqa-oldingi eshiklari ochilib ketib, uchta odam to'kilib tushdi. Oramizdagi masofa juda yaqin edi. Shu bois, to'pponchamni qayta ishlatib o'tirmay, ikkitasini tepib yerga qulatdim. Ulardan biri mashina eshigiga boshini urib oldi. Uchinchisi esa birdan qochishga tushdi, men uni quvib
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™