Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:48
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (20-qism)

Added:admin (16.12.2017 / 08:20)
Rating:rating 847 article (0)
Reads:542
Comments:0
Biz yana yarim soatlar yurganimizdan keyin tog' boshlandi. Yo'lning ikki tomoni yong'oqzor, onda-sonda archa daraxtlari uchrab turadi. Havoning tozaligidan odamning dili yayraydi. Qani endi tashvishing bo'lmasa-yu, maza qilib shu yerlarda dam olsang. Butun charchog'ing chiqib ketadi. Manavi itlar esa bu yerni ham iflos qilib in qurib olishibdi. Bir kun kelib bu jannatmakon joylarning uvoli tutishi xayoligayam kelmaydi bu marazlarning. Ancha vaqt atrofdagi go'zal manzarani kuzatib bordim. Oxiri chidolmadim, mashinani to'xtatdim-u, shundoqqina yo'l chetida oqayotgan zilol suvda yuzimni yuvdim. Ochig'i, bunaqangi rohatni umrimda ko'rmagan, sezmagan edim. Butun vujudim shunaqa bir yengil tortdiki, qanotim bo'lsa-yu, uchsam.
Keyin mashinaning yoniga borib, bukchayib kichkina bo'lib qolgan G'aniga:
— Hov, olifta, senam mashinadan tushib bir yuzingni chayib olsang bo'lardi, — dedim.
U menga biroz qarab turdi-da:
— Yana ikki yuz metrdan keyin Chayonning dachasiga yetib kelamiz, — dedi.
Chayonlar pana-pastqam, ovloq joylardan uya qurishadi. Keyin o'sha uylaridan hech kimga bildirmasdan chiqishadi-da, to'g'ri kelgan jonzotga o'zining zaharli nishini suqadi. Eshitishimcha, agar chayon chaqishga bironta ham jonzot topolmasa, chidolmaganidan boshqa chayonni, ya'ni, “qarindosh”ini chaqarmish.
Qaysidir ma'noda ovloq hisoblanmish bu joylarni Muzaffar bejiz tanlamagan. Bu yerda turib “jonzot”larni chaqish ancha qulay.
G'ani aytgan ikki yuz metrdan keyin yo'lning chap tarafida ikki tomoni qizil pishiq g'ishtdan gul solib terilgan darvozaga duch keldik. Darvozaxonada ikki yigit qarta o'ynab o'tirishardi. Ular mashina to'xtaganini ko'rishdi-yu, istar-istamay mashg'ulotlarini yig'ishtirishib, biz tomonga yurishdi. Men bu payt G'anining qo'llarini yechishga ulgurgandim. Yigitlardan biri mashina oynasidan bizga ko'z tashladi-da, G'aniga qarab irjaydi. Keyin:
— Chuvalchang, o'zingmisan? Odamni ja-a kuttirib qo'yding-ku, tush, bu safar senga shu yerdan boshlab xizmat ko'rsatamiz, — dedi.
Avval G'ani, keyin men tushdim. G'ani yigitlarga qarab g'alati qarash qildi. Bundan bezovtalanib qolishgan yigitlar yonimga kelishdi-da:
— Kechirasiz, mehmon, sizni ko'rikdan o'tkazmasak bo'lmaydi, — deyishib, kiyimlarimni paypaslab chiqishdi. Keyin darvozadan ichkariga kirishimga ruxsat berishdi. Shu payt kutilmagan holat yuz berdi. G'ani yuz qadamlar naridagi hashamatli uyga qarab qochdi. Men uni quvmadim. Asta-sekin o'sha tomonga boraverdim. Bu yerda uyga olib boruvchi maxsus yo'lak yo'q. Hammayoqda tekis qilib o'rilgan ko'm-ko'k maysazor, bamisoli yam-yashil gilam to'shalganday. Har-har joyga ekilgan archalar kuzalgan. Bunaqa manzarani men Germaniyada ko'rgandim. Faqat bu yerning maydoni keng, golf o'ynaydigan maydonchalari ham bor ekan.
G'ani hashamatli uyga yetmasdan, tol soyasida oppoq stol atrofida o'tirgan uch kishi yonida to'xtadi. Ulardan ikkitasi ayol edi. O'tirganlarga allanimalarni aytgach, G'ani qo'lini qovushtirib sal nariga borib turdi.
Shu payt orqa tomonimda to'rtta barzangi paydo bo'ldi. Men ularga e'tibor bermay boraverdim.
— Kim bizni so'roqlab kelibdi? Bizday faqirlarni ham so'rab keladiganlar bor ekan-ku, — deb semizligidan iyagi ko'kragiga birikib ketgan odam o'rnidan turib men tomonga qarab yurdi. — Men seni kutgandim.
Oramizda ikki metrcha masofa qolganda u to'xtadi. Menga sinchiklab qarab turdi-da:
— Bu ahvolingda o'zingga o'xshamay qolibsan. Qoshingdagi matohni olib tashla, burningning tagidagiyam o'zingnikiga o'xshamaydi, — dedi tirjayib.
Men undan ko'zimni uzmay turib, yasama qoshu mo'ylovlarimni yulib tashladim.
— Ana, bu boshqa gap, — dedi u va G'aniga qarab: — bu bola sen o'ylagan mentlardanmas. Mentlaring bunday bo'lolmaydi. Buni menga qo'yib berishsa, milliy qahramon, degan bo'lardim. Bugun qadrdon mehmonim bo'lasan. Manavi jononlarning yoniga o'tir-chi…
Men joyimdan qimirlamadim. Ko'kragigacha ochiq, oppoq bo'liq sonlarini ko'z-ko'z qilib o'tirgan juvonlardan biri nozlanib o'rnidan turdi-da, qo'limdan ohista ushlab:
— Marhabo, — deya stol tomon yetakladi.
— Biz erkaklar har doim go'zallik qarshisida qulmiz, — deya irjaydi Chayon. Menga uning gapi bachkana, beo'xshov tuyildi. Gapiga qarshi bironta chiroyli gap qilmoqchi bo'ldim-u, ammo o'zimni bosdim.
Chayonning imosi bilan stol ustidagi hali qo'l urilmagan sarxil meva-cheva, gazak va taomlar o'rniga yangilari keltirildi. Shundan so'ng juvonlardan biri aroq shishasini ochib, qadahlarga quyib chiqdi.
— Qani, olinglar! — xitob qildi Chayon. — Abadiy do'st bo'lib qolaylik.
Men qo'limdagi qadahni labimga tekkizmasdan stolga qo'ydim. Qadahini bir ko'tarishda bo'shatgan Chayon mening qilig'imni ko'rib afti bujmaydi. Keyin yoyilib, xandon otib kuldi. Unga juvonlar jo'r bo'lishdi.
— Ichmayman, demoqchisan-da, — dedi birdan kulgidan to'xtab, — meni xafa qilayapsan.
— Ichmayman, deb aytmadim. Hozir ichmayman, — dedim men uning ko'ziga tikilib.
— Yaxshi, — deb u qizlarga bir imo qilgandi, darrov ikkalasi o'rnidan turib ketdi. Shundan so'ng Chayon bizdan besh-o'n qadam narida qo'llarini qovushtirib xizmatga shay bo'lib turgan devday-devday besh nafar yigitiga ham javob berib yubordi.
— Sen bilan o'g'il bolachasiga gaplashmoqchiman. Ana ko'rding, hammasiga javob berib yubordim. Bu — sendan qo'rqmayman deganim, — dedi Chayon menga asabiy tikilib.
— Men sizni qo'rqitish uchun kelganim yo'q, — dedim ovozimni bir parda ko'tarib.
— Obbo, Sobirjon-ey, qara, darrov tortishamizmi? Bu, odobdan emas. Men sening kimligingni juda yaxshi bilaman. Hatto qo'lingda qo'g'irchoq qilib o'ldirganing o'sha Vladimirdan ham yaxshiroq.
— Men uni o'ldirmaganman.
— Qo'y, menga cho'pchak aytma.
Shu payt Chayonning odamlaridan biri kelib uning qulog'iga allanimalar, deb pichirladi. Muzaffar uning yuziga bir o'qrayib qaradi-da:
— Cho'miltiringlar yaxshilab, — dedi. So'ngra menga yuzlanib: — Qara, Sobirjon, bir itim bor, hammayog'ini kir qilishibdi, befarosatlar. Xullas, mening yosh do'stim, sen haqingda bilganlarimni yig'sam, bir uy bo'ladi.
— Nahotki, — dedim men kinoya bilan.
U mening kinoyamga e'tibor ham qilmadi.
— Aleksandr Petrovich mening qalin oshnam. Sening oldingda uning katta qarzi bor ekan. Hayotini saqlab qolibsan. Qizi senga oshiq bo'lib qolgan ekan. Shunday go'zal qizga biror marta ham qaramay chakki qilibsan. Otasining obro'si, qizning malohati uchun qanchadan-qancha odamlar jonini berishgayam tayyor. Agar o'sha yerda qolganingda, shohona yashagan bo'larding. Sen bo'lsang… Mayli, bularning bari chepuxa. Yomoni, sen arining uyasini qo'zg'ab qo'ygansan.
— Qanaqa ari? — dedim hayron bo'lib.
— Aslanning odamlarini gum qilgansan.
— Qanaqa Aslan? Men hech qanaqa Aslanni tanimayman!
— Qozog'iston cho'lida kimlarni gumdon qilganingni bilarsan, — dedi Chayon menga irjayib qarab.
Men boshimni kaftlarim orasiga olib siqdim. Iblisning, haqiqatan ham, hamma balodan xabari bor ekan. Hozir unga “Men o'ldirmadim”, deb har qancha uqtirmay, baribir ishonmaydi.
— Ular izimdan tushgan edi.
— Buning uchun o'ldirish shartmidi?
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™