Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:30
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (17-qism)

Added:admin (14.12.2017 / 08:57)
Rating:rating 838 article (0)
Reads:600
Comments:0
Lidani qo'yib yubordim. U oyog'im tagiga “shilq” etib quladi.
— Va'da berganman, hech kimga aytmayman deb.
— Kim buyurtma qilgan, senmi?
— Ha, qo'lga tushirilgan ellik kilo marixuannasini qaytarib berish sharti bilan.
— Tushunarli, sendan boshqa narsa so'ramayman, — dedim-da, polda ko'zini yumib yotgan Lidaning bilagidan ushlab o'rnidan turg'azdim. Uning tomog'idan oqayotgan qon hali to'xtamagan edi.
— Erkaklar qanchalik badbaxt bo'lishadi-ya, — deya unga biroz qarab turdim-da, so'ng: — Eringiz qilmagan yaxshilikni men sizga qilay, vannaga boring-da, yaxshilab yuvinib keling. Biz eringiz bilan u yoqdan-bu yoqdan gaplashib o'tiramiz. Darvoqe, eringizdan hecham xavotir olmang, men bunaqangi pastkashlarni o'ldirishdan jirkanaman.
Lida og'ir-og'ir qadam tashlab oshxonadan chiqdi. Men stollardan birini Vladimirning yoniga qo'yib o'tirdim. Shu topda tirik murdaga aylangan bu maxluqqa ichim achidi. Bungayam oson emas. Kimlarningdir buyrug'ini bajaraman, deb ne ko'yga tushmaydi.
— Adashmasam, siz polkovniksiz, to'g'rimi? — dedim unga qaramay. Yotoqxonada Vladimir bilan Lidaning birga tushgan rasmini ko'rgandim. O'sha suratda Vladimir mundirda edi. Yelkasidagi tanho katta yulduz mayorligidan dalolat berardi. Rasm anchayin sarg'ayganini aytmasa, oradan kamida to'rt-besh yil o'tgan. Bu vaqt mobaynida Vladimir, hech qursa, polkovnik bo'lishga ulgurgandir. Ayni damda esa u mundirsiz edi.
— Vladimir, bugun sizga qo'ng'iroq qilishib, joningizga suiqasd bo'lishi haqida ogohlantirishganmidi?
U boshini qimirlatib tasdiq ishorasini qildi.
— Kim qo'ng'iroq qilganini bilasizmi?
Polkovnik endi bosh chayqab “yo'q”, degan ishorani berdi.
Shu payt eshik yonida to'pponcha ko'targan Lida paydo bo'ldi. Biz polkovnik ikkalamiz o'rnimizdan sapchib turdik.
— Nima qiliq bu? — dedim men.
— Ehtiyot bo'l, jonim! — dedi tiyrak va bezovta ohangdagi ovozda polkovnik.
— Bizni shunchalik laqma deb o'ylagan bo'lsang, xato qilibsan, QAHRAMON! — deya xitob qildi Lida.
— Men sizlarni hecham laqma deb o'ylagan emasman. Faqat va'da berib qo'yib, endi qanday qilib so'zimning ustidan chiqsam ekan, deb o'ylab turuvdim, — deya go'yoki Lidaga hamla qilmoqchiday, oldinga bir intildim-da, o'zimni polkovnikning orqasiga oldim. Shu payt ketma-ket ikki marta o'q ovozi jarangladi. Uchinchi o'qni menga qarata otishga Lida ulgurmadi. Men uning qo'lidagi to'pponchani tepib yubordim-da, basharasiga musht tushirdim. To'pponcha qo'lidan uchib ketdi, Lida orqasiga quladi. Sekin borib juvonni o'rnidan turg'azdim. U karaxt ahvolda edi. Nima voqealar ro'y berayotganiga aqli yetmasdi. Vannaga yetaklab bordim-da, boshini engashtirib, ustidan sovuq suv jo'mragini ochib yubordim. Juvon biroz o'ziga kelgach, yetaklab, qoniga qorishib yotgan erining yoniga olib bordim.
— Men sizga, xonim, pastkashlarni o'ldirishga qo'lim bormaydi, degandim. Harqalay, va'damning ustidan chiqdim. Farzandlaringiz va sizga nisbatan xusumatim yo'q. Faqat sizning ham qo'lingizni bog'lab ketmasam, javobgarlikdan qochib, o'zingizni-o'zingiz o'ldirib qo'yishingiz hech gapmas, — deb uni yotoqxonasiga olib kirdim.
O'n oltimi-o'n yettiga kirgan qizning rangi ko'karib ketibdi. Bechora zo'riqqanidan nafas ham ololmay qoldimi, degan xavotirda og'zidagi lattani sug'urib tashladim. Shundan so'ng u birdan qattiq nafas oldi. Keyin yig'lab yubordi. Lidaning qo'l-oyog'i bog'langach, bolalarining qatoriga yotdi.
— O'ylaymanki, endi biz sizlar bilan qayta ko'rishmaymiz. Bezovta qilganim uchun uzr, — deb ular bilan xayrlashib, bu uyni tark etdim…
Qishloqqa, xolamning uyiga yetib borganimda tun yarmidan oqqan edi. Shunday bo'lsa-da, xolamlarning uyida chiroq yoniq ekan. Ayvonga borib ovoz berdim. Ichkaridan xolamning men tengi o'g'li — Rahmon chiqdi. Quchoqlashib ko'rishdik. Keyin boshlashib uyga kirdik. Uyda xolam, pochcham va yana bir odam bor ekan. Erkaklar men bilan quchoqlashib ko'rishishdi. Dasturxon yoniga o'tirganimdan keyin suyuqqina sho'rva olib kelishdi. Ishtaham yo'q edi. Shu bois, ovqatdan bir-ikki qoshiq ichib, kosani surib qo'ydim. Uydagi odamlar shungacha indamay o'tirishdi. Keyin pochcham:
— Sobir, bulardan uzoq qochib yurolmaysan. Shuning uchun, balki ertaga o'z xohishing bilan taslim bo'larsan? — dedi.
— Ilojim yo'q, — dedim men bosh egib.
— Uzog'i bilan o'n besh-yigirma yilga qamashar, otib yuborishmas, harqalay. Bu yoqda otang bilan singling qiynalib ketishdi. Seni qo'lga tushirishsa, ularni o'z holiga qo'yisharmidi?
Pochchamning gapidan jahlim chiqib ketdi. Biroq tishimni-tishimga bosdim. Alamimni ichimga yutib:
— Baribir tinch qo'yishmaydi, — dedim.
— Unda qochib yuraverasanmi?
— Bilmadim, — dedim men battar asabiylashib va gap mavzusini o'zgartirish uchun: — Saida qaerda? — deya so'radim.
— Narigi uyda uxlayapti, Barno ikkovi, — dedi xolam.
— Men hozir uni olib ketmasam bo'lmaydi. Kunduzi sababini tushuntiruvdim-ku, — dedim xolamga. Shu gapimdan keyin pochchamning rangi o'zgardi, chiroyi biroz ochildi. Bundan yuragim ezildi. So'kib yoki urib yubormaslik uchun o'zimni bazo'r tutib:
— Pochcha, sizdan kichkinagina bir iltimos, mening bu yerga kelganimni birovga aytmang. Yoningizdagi odamni tanimayman-u, — deya begona odamga qaradim, — sizdanam shuni iltimos qilaman.
Yuzimga fotiha tortib, endi o'rnimdan turayotganimda, pochcham:
— Yana sen meni uyiga qo'ymadi deb xafa bo'lma, men sharoitni senga…
— Pochcha, hammasini tushunaman. Agar bu yerda qoladigan bo'lsam, sizgayam oson bo'lmaydi, sizdan men emas, shaytonlar xafa bo'lishsin, — deb eshik tomonga yo'naldim.
Hovliga chiqib, Saidani uyg'otib chiqqunlaricha u yoqdan-bu yoqqa yurib turdim. Birontasi ham menga so'z qota olmadi. Hammasi churq etmay kuzatib turishardi, xolos.
Saida xolamning ovsinining qizi — Barno bilan chiqdi. Singlimning peshonasidan o'pib, sog'lig'ini so'radim.
U siniq jilmayib, “Yaxshiman”, dedi.
— Bo'pti, xayr, sizlarni bezovta qilganim uchun uzr, — deya singlimni yetaklab yo'lga tushdim. Biror besh qadamlar bosmasimdan orqamizda kuzatib qolganlardan biri:
— Sobir! — deya meni chaqirdi. To'xtab, ortimga o'girildim. Pochchamning yonida turgan kishi unga:
— Men hech qursa mehmonlarni sal nariroqqacha kuzatib qo'yay, bu yerdan xayr-xo'sh qilsak, insofdan bo'lmas, aka, — deya ildam qadamlar bosib yonimizga keldi. U bilan birga Barno ham bizga ergashdi.
To'g'risi, hali biror marta bunaqa holatga tushmagandim. Kuchim, aqlim, zukkoligim bilan har qanday tang vaziyatdan chiqib keta olardim. Biroq ayni damda juda ojizlanib qoldim. Qayoqqa borishni, nima qilishimni bilmasdim. Agar bir o'zim bo'lganimda, birorta daraxt ustiga chiqib uxlab, ertasiga yana ishimni davom etkazib ketaverardim. Ammo hozir bunday qilolmayman, yonimda singlim bor. Birinchi navbatda uning xavfsizligini ta'minlashim zarur.
— Akam noto'g'ri qildi, — dedi qavatimda ketayotgan kishi. — Eshikka kelgan mehmonni it qopmas, deydilar. U bo'lsa… haydab soldi.
— To'g'ri qildi, agar shunday yo'l tutmaganda o'z hayotini ham xavf ostiga qo'ygan bo'lardi, — deb unga e'tiroz bildirdim.
— Hozir qayoqqa
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™