Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:06
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (14-qism)

Added:RMfan (12.12.2017 / 21:13)
Rating:rating 828 article (0)
Reads:363
Comments:0
Mening gapim mayorga qattiq ta'sir qildi shekilli, peshonasi tirishib ketdi. Bu paytda biz shaharga kirib kelayotgan edik.
— Senga bitta yaxshilik qilay, — dedi mayor asabiy ohangda, — shahardagi hamma DAN xodimlariga mashinangning nomeri berilgan. Ular mashinangni ko'rishlari bilan to'xtatishadi. Bundan tashqari, singling yotgan kasalxonada to'rtta KGB xodimi seni kutib turibdi.
— Bu ma'lumot uchun sizga katta rahmat, — dedim astoydil xursand bo'lib. Keyin mashinani to'xtatdim-da, mayorga bu yog'iga taksida ketishimizni aytdim. U indamay mashinadan tushdi.
Taksi haydovchisiga sartaroshxonaga borishimizni aytgandim, mayor menga ajablanib qaradi. Men hammasi zo'r bo'ladi degandek, bosh barmog'imni ko'tarib ko'rsatdim. O'n daqiqalar ichida sartaroshxonaga yetib bordik. Men mayorga: “Siz shu yerda o'tira turing”, deb o'zim mashinadan tushdim.
Qop-qora sochim sap-sariqqa aylanib qolganidan mayor avvaliga meni tanimadi. Keyin iljayib:
— Kasbingning ustasi ekanliging ko'rinib turibdi, — dedi.
Men kutib turgan taksichining pulini berib, boshqasini to'xtatdim-da, teatrga haydashini aytdim. Yana nima karomat ko'rsatmoqchisan degandek, mayor menga ajablanib qarab qo'ydi. Biroq lom-mim demadi.
Teatrda qandaydir spektaklning repetitsiyasi boshlangan ekan. Erinibgina rol o'ynayotganlarni tomosha qilib o'tirgan odamning yoniga bordim-da:
— Aka, sizni bir minutga mumkinmi? — dedim. U menga ajablanib qarab turdi-da:
— Bu yerda nima qilib yuribsiz? — dedi jahli chiqib.
— Sizda juda zarur ishim bor edi. Yordam bermasangiz bo'lmaydi. Iltimos, — dedim o'zimni bechorahol ko'rsatib.
— Qanday yordam? — dedi u kerilib.
— Institutda ishlayman, madaniyat bo'limida. Bir sahna ko'rinishi tayyorlagandik. Obkomdagilar kelib ko'rishi kerak edi. Hamma narsani taxt qildig-u, soqol-mo'ylov topilmay qoldi…
— Yo'q bizda, — dedi u birdan yuzini burib.
— Aka, iltimos, sharmanda bo'lib qolmaylik, — dedim-da, cho'ntagiga ikkita “leninkalla”ni solib qo'ydim. U basharamga bir qarab:
— Bittagina boridi. Bugun kerak, o'zimizga. Mayli, raz, kattalar kelarkan, yordam qilamiz, — deb sekin o'rnidan turdi.
Meni mayor mutlaqo tanimadi. Uning yoniga kelib:
— Shu yerdan avtobus o'tadimi? — deb so'radim.
— Bilmayman, — deb teatr tomonga qarab turaverdi.
Shundan so'ng o'zimni tanitishga majbur bo'ldim.
Mayor yolg'on aytmagan ekan, singlim yotgan kasalxona yonida to'rtta barzangi yigit o'tgan-ketganlarni sinchiklab kuzatishar, ayniqsa, mening yoshimdagilarga juda diqqat qilishardi. Biroq ular menga e'tibor qilishni xayollariga ham keltirishmadi. Bemalol o'tib ketdim.
Kasalxonada domlalarni boshqacha izzat-ikrom bilan kutib olisharkan. Hamshira qiz iljayib-tirjayib, Saidaning xonasiga o'zi boshlab bordi.
Saida yoshligidan juda suluv qiz edi. Men armiyaga ketmasimdan burun, hali yettinchi sinfda o'qisa-da, orqasidan yugurganlar ko'p bo'lgan. Onam otamga: “Bu qizingizni maktabni tugatgandanoq uzatib yubormasak, bitta-yarimtasi o'g'irlab ketishdan ham toymaydi”, der edi. Shunday qizdan endi faqat qoshu kipriklar qolibdi, xolos.
Uni ko'rib, dodlab yuborishimga ozgina qoldi. U esa birdan orqasiga tisarildi:
— Yo'q, kerakmas, o'lib qolaman. Buguncha indamang, — dedi yig'lab.
— Saida, — dedim men ko'zimda yosh bilan, — men akangman. Sobirman.
— A-a, Sobir akam, — deya u menga biroz tikilib turdi-da. — Akam… akam armiyada o'lgan. Aldamang, akam sizga o'xshamasdi. Meni aldab, yana qiynaysiz!..
— Sai… jon singlim, men Sobirman, — deya unga yaqinlashdim.
— Yo'-o'-o'q, — dedi u orqaga tislanib. — Siz mening akammassiz, yaqinlashmang. Hozir tomirimni tishlab uzaman!
Men yuzimni qo'llarim bilan bekitdim. “Yo, xudo, singlimni ne ko'yga solishibdi bular? Buning uchun hammang javob berasan! Kerak bo'lsa, Moskvangdagilarning ham abjag'ini chiqaraman”, deb xayolimdan o'tkazdim alam bilan. Yuzimdagi soqol-mo'ylovni yulib oldim-da, Saidaga kulib qarashga harakat qildim. Shunda Saida menga biroz qarab turdi-da:
— Akajon!.. — degancha o'rnidan sakrab turib menga o'zini otdi. Bo'ynimdan quchoqlab, o'kirib yig'lay boshladi. — Akajon… o'zimning akajonim! Sizni o'ldi, deyishgandi. Xayriyat, tirik ekansiz! Enam sizni ko'rsa, xursand bo'p ketadi… Akajon, meni bu yerdan olib keting. Yomon ukol qilishib, har kuni meni qiynashadi. Azoblashadi, akajon!
— Hoziroq, — dedim men ham o'zimni yig'idan tiyolmay, — hoziroq seni olib ketaman. Seni bu ahvolga solganlarni enasini ko'rsataman! Yig'lama, Saida, hali hech narsa ko'rmaganday bo'p ketasan.
Singlimning selday oqayotgan ko'z yoshini artdim. U esa menikini. Aka-singil uzoq vaqt bunday turolmasdik. Men tezroq zarur ishlarni bitirishim kerak edi. Shu bois, Saidaga darrov kelishimni aytib, xonadan chiqdim. Eshikdan sal narida meni kuzatib kelgan hamshira tirjayib turgan ekan.
— Talabangiz o'ziga kelib qolibdimi? — so'radi u menga ko'zi tushgan zahoti.
— Sizlarga qanday minnatdorchilik bildirishni bilmay turibman, — dedim men ham iljayib va uni shu zahoti gipnoz qila boshladim. Ishonuvchan, ta'sirchan ekan. Bir daqiqa o'tmasdan izmimga bo'ysundi-qoldi.
— Hamshiralar xonasiga olib bor! — deb buyruq berdim unga. U aytganimni bajardi. Baxtimga, u yerda hech kim yo'q ekan.
— Saidaga qanaqangi ukollar qilinayapti? — deya so'radim.
— Narkotik va azob beruvchi.
— Bunaqa buyruqni kim senga bergan?
— Bosh vrach.
— Unga kim buyurgan?
— Bilmadim.
— Hozir bosh vrach qaerda?
— Obkomga chaqirishgan.
— Endi o'rningdan tur-da, Saidani kiyintir, men uni olib ketaman.
Hamshira bilan kirib kelganimni ko'rgan Saida qo'rqib ketib, birdan orqasiga tislandi.
— Aka, mana shu, mana shu medsestra har kuni meni azoblaydi! — dedi shoshib.
Hamshira “yalt” etib menga qaradi. Uning yuzidagi alomatlar gipnozning kuchi tugayotganidan dalolat berardi. Shu bois, qayta gipnoz qildim.
Hamshira hamrohligida kasalxonadan tashqariga chiqdik.
To'rt nafar kgbchi “duv» etib yonimizga keldi.
— Qayoqqa olib ketayapsizlar bu bemorni? — dedi ulardan biri.
— Laboratoriya ko'rigidan o'tkazmasak, bo'lmaydi. Organizmida jiddiy o'zgarish yuz berayapti, — dedi ularga javoban hamshira. Bu gapni men hamshiraga tayinlagan edim.
— Siz kim bo'lasiz? — so'radi mendan.
— Men laboratoriya vrachiman. Bu yerda asbob-uskunalar yo'q, bemorning o'zini olib borishga to'g'ri keladi.
Shu payt hamshira telefonda chaqirgan “Tez yordam” mashinasi yonimizga kelib to'xtadi. Gapimiz rostligiga ishongan kgbchi mashinaga chiqishimizga monelik qilmadi. Biroq biz sal nariga ketganimizdan keyin qo'lidagi maxsus telefon orqali qayoqqadir qo'ng'iroq qilayotganini oynadan ko'rdim va haydovchiga tezroq haydashini buyurdim. U aytganimga bo'ysundi. Bizning hisobimizda besh-olti daqiqa bor edi. Shu vaqt ichida yashirinishga ulgurishimiz zarur. Mening buyrug'im bilan hamshira haydovchiga bozor orqali haydashini aytdi.
Biz uzoq yurmadik. Taxminan o'n daqiqalar ichida bozorga yetib keldik. Men singlim bilan shu yerda tushib qoldim. “Tez yordam” esa yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ketdi. Albatta, shu yoqqa borishni ularga men tayinlagan edim.
Xavf
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™