Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:38
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (12-qism)

Added:RMfan (11.12.2017 / 22:46)
Rating:rating 818 article (1)
Reads:554
Comments:1
Mutlaqo kutilmagan holat. Eng oldinda qip-qizil “Jiguli” to'ntarilib yotar, ichidagi to'rtta odam ham qoniga belangan, basharalariga qarab bo'lmaydi. Undan beriroqda bir tuyaning o'ligi, undan keyin ikkinchi “Jiguli”ning oyog'i osmondan kelib yotibdi. Ichida ikkita odam mashina tomi bilan o'rindiq o'rtasida qisilib qolgan. “Bulardan birontasi tirikmikan?” degan o'yda engashib qaradim. Tiriklikdan asar yo'q. Birini mashina ruli kallasidan bosib turibdi, ikkinchisining bo'ynini oyna siniqlari kesib yuborgan. Bo'yni kesilgani ko'zimga tanish ko'rindi. Yaxshilab e'tibor berib qarasam, Saratov bilan Orenburg oralig'ida «KamAZ”chilarga hujum qilganlardan biri. Birdan miyamga: “Ular mening izimdan quvib kelgan”, degan fikr keldi. Shu ondayoq anavi kampirni ham esladim. Nimanidir anglaganday bo'ldim-u, ichimdan quvondim. Kampirga, kim bo'lishidan qat'iy nazar, hurmatim oshdi.
Qolgan ikkita mashina yonib ketgan edi. Aftidan, biri ikkinchisining orqasidan urgan va birinchi mashinaning baki yorilib yong'in chiqib, ikkinchi mashinaga ham o'tgan. Bironta odam sog' qolmaganidan ma'lumki, ikki mashina ham katta tezlikda ketayotgan bo'lgan. Shunday qilib, kamdan-kam hollarda ro'y beradigan avtohalokat oqibatida to'rttala mashinadagilarning birontasi sog' qolmagan.
Men mashinaga o'tirib yo'limda davom etdim. Quyosh botib, atrofga qorong'ilik cho'ka boshlagan mahalda kichkina bir ovulga yetib keldim. Yo'l yoqasidagi uylardan biriga kirib, yegulik, qimiz olib chiqdim. Bu ovulda yashayotganlar saxiy ekan, yeguliklar uchun bir tiyin olmadi. Qaytanga, yotib qolishga taklif qilishdi. Bunisiga men ko'nmadim. Sababi, xavotirsiz ovuldan chiqib, mashinani chetroqqa to'xtatib olib, dam olmoqchi edim.
Aleksandr Petrovichning uyidan chiqib ketganimdan beri ilk marotaba qotib uxladim. Tushimga har balolar kirib, bezovta qilmadi. Agar quyosh chiqib, yuzimga nurlari tegmaganda, balki kun bo'yi uxlarmidim. Ko'zlarimni kaftim bilan uqalab, uyquni qochirib, yana yo'lga tushdim. Oftob borgan sari qizdirar, atrof go'yo olov bo'lib yonardi. Mashinaning oynasini ochsam, yuzimga issiq shamol urilib labimni yorib yuborar, ochmasam dimiqib qolardim. Kuni kecha ahvol boshqacha edi, bemalol mashina haydasa bo'lardi. Bugun garmsel turgan. Tushgachayam mashinani hayday olmadim. Yo'l bo'yida daraxtlar soyasiga to'xtab, oftobning tafti qaytguncha dam oldim. Orada bir soat uxladim. Shuncha vaqt ichida yo'ldan atigi bitta mashina o'tdi. Uyam, nomeriga qaraganda, shu yerlikning mashinasi.
Shomdan yarim tungacha yo'l bosdim. So'ng tong otguncha dam olib, nonushta qilmasdan yana yo'lga tushdim. Bir joyga yetganimda yo'l ikkiga bo'lindi. Atrofida bironta belgi yo'q. Tavakkal, o'ngga burildim. Bilasizmi, oradan ikki soat o'tib, “O'zSSR, Navoiy oblasti”, degan yozuvga duch keldim. Mashinani to'xtatdim-u, o'zimni tuproqqa otdim. Ovozim boricha baqirib yig'lab, yurtimning tuprog'ini yuzu ko'zimga surtib o'pdim. Shu ahvolda, bilmadim, qancha yotdim, bir payt: “Hov, bola!” deya kimdir sof o'zbek tilida chaqirdi. Boshimni ko'tarib qarasam, sal narida soqoli ko'ksiga tushgan chol eshakning ustida menga qarab turibdi. O'rnimdan sakrab turdim-u:
— Assalomu alaykum, ota! — dedim o'zbekchalab.
— Naga buyirda tuproqqa bulanib jotipsan, bolam? — dedi chol menga hayratlanib qarab. Men uning gapiga javob bermay yoniga bordim-da, qo'lini o'pdim.
— Boshingga tashvish tushdim-a, bolam? — dedi mening qilig'imdan ajablanib chol.
— Yo'q, — dedim men boshimni sermab. — Ikki yildan beri Vatanimni sog'inib ketdim!
— Ikki yil qaerda eding? — so'radi u.
Men “Aytsammi-aytmasammi?..” deya biroz ikkilanib turdim-da:
— Armiyadan qaytayapman, — dedim. Chol bir menga, bir mashinamga qarab miyig'ida kuldi-da:
— Odoshmasam, sollatlar poezddami, samolittami qaytayidi. Qo'lida bitta chemodanidan boshqa hech nimasi bo'lmayidi. Bu, bolam, seni qaytishing sal boshqacharoqmi? — dedi.
— Ha, qurilish batalonida bo'ldim. Ish haqimga shu mashinani sotib oldim. Yetmaganini uydagilar jo'natdi, — deya boshimni egib yolg'on gapirdim. Bu gapimdan yuzim lov-lov yonar edi.
— Ha, mayli, — dedi ota, — qaerda bo'gan bo'sang ham omon-eson qaytibsan, shunisiga shukur. Endi meni eshagimdan tushishga yordam ber.
Men cholni ko'tarib tushirib qo'ymoqchi edim, unamadi. Aytdiki, “Hali baquvvatman. Belimda, oyog'u qo'limda quvvatim bor”. Men eshagini ushlab turdim, u tushib oldi. Keyin xurjundan kichkina bir dasturxon olib yerga yozdi-da, ustiga yaxna go'sht, non qo'ydi.
— Endi shular bilan seni mehmon qilaman, xapa bo'maysan, bolam, cho'pon-cho'liqlardi ovqati shunday bo'ladi, — dedi ota menga kulib qarab. Men yugurib bordim-da, mashinadagi yeguliklarning hammasini olib keldim. Boboy ularni dasturxonga qo'yishimga ko'nmadi. “Yo'lda o'zingga kerak bo'lib qoladi”, dedi. Shu payt mening ham o'jarligim tutib ketdi. Manzilim yaqin qolganligini aytib, dasturxonga hamma narsani qo'yib:
— Ota, anavi narsadanam boridi, olib kelsam urishmaysizmi? Ikkovimiz, ozgina-ozgina-dan… — dedim hadiksirab cholga qarab.
— Ha-a, — dedi chol nimani aytayotganimni darrov anglab, — opke, o'zi ichmaganimga ancha bo'p ketgan. Ichmay qo'yuvdim. Lekin senminan olsam, birov meni urishmas.
Mashina yukxonasini ochib, Aleksandr Petrovich: “Yo'lda charchagan paytingda asqotadi”, deb solib qo'ygan ikkita aroqning bittasini oldim.
Bir piyoladan ichganimizdan keyin cholning yuzi biroz qizardi. Meni ortiqcha savolga tutmay, o'zi haqida gapira ketdi. Uning ham yolg'iz o'g'li bo'lgan ekan. Bundan to'rt yil burun Afg'onistonga harbiy xizmatga ketibdi-yu, u yoqdan tobutda qaytibdi. Shu gaplarni aytayotib, otaxon yig'lab yubordi.
— Ulimdan keyin kampirim ham ketdi. Bechora bolasini o'limini ko'tarolmadi. Shundan beri so'qqaboshman. Davlatti qo'yin bog'aman. Shuminan o'zimdi ovitaman… Qishloqqa haftada bir marta non-pon opkegani boraman. Shundayam uyimga kirmay qaytaman. Yuragim dov bermaydi. Uyimdi oldidan o'tsam yurak-bag'rim ezilib ketadi. Ko'zimga kampirim bilan ulim ko'rinadi. Xuddi ovqatti tayyorlab, meni chaqirayotganday bo'lavradi, — dedi chol va mening quyishimni ham kutib o'tirmay, piyolasiga to'ldirib aroq quydi-da, bir ko'tarishda sipqordi. Keyin:
— Meni nechchiga kirgan deb o'ylaysan? — deb so'radi.
Men avval yelkamni qisib, cholni xafa bo'lmasin, deb:
— Oltmishlarga, — dedim. Aslida unga hech ikkilanmay yetmish yosh beraversa bo'lardi.
Chol gapimdan kuldi-da:
— Hali oltmishga kirishimga to'rt yil bor. Ana shunday, — dedi.
Biz bir soatlardan ko'proq gurunglashib o'tirdik. Chol bezovtalanayotganidan bildimki, qo'ylaridan xavotir olayapti. Shu bois, uzr so'rab, ketishim uchun duo qilib berishini so'radim.
Navoiy shahriga yetgunimcha cholning o'g'li haqidagi gaplari xayolimdan ketmadi. U yog'iga uyimizgacha oz qoldi. Lekin men shoshilmadim. Qorong'i tushganda uyga kirib borgim kelmadi. Chunki u yerda ham menga albatta “sovg'a” tayyor turganligiga ishonchim komil edi.
* * *
Tungi o'nlarda o'zim tug'ilib o'sgan ko'chaga kirib keldim. Atigi ellik qadamlar naridagi uyda otam, onam, singlim, ukam
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™