Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:32
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (O'ttiz beshinchi qism)

Added:RMfan (11.12.2017 / 07:40)
Rating:rating 815 article (0)
Reads:306
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan
ERKAK QIYoFASIDAGI “KUNDOSh”
* * *
Qorong'ilikda zinalardan ko'tarilib, tanish kvartira ro'parasiga yetgach, mamnun jilmayib eshikni taqillatdim. Zum o'tmay, ostonada uy egasi Xolmat bobo hozir bo'ldi.
U ikkalamizga hayrat aralash boqdi-da, boshi bilan «kir» ishorasini qildi.
Tushunmadim. Cholning bunaqa odati yo'q edi chamasi. Nima bo'ldi ekan? Yo ketmasdan burun biror nojo'ya ish qilganmidik?
Shunday xayollar iskanjasida ichkariga kirdim. Susanna xonamizga kirishi bilan Xolmat bobo meni nari tortdi.
— Senga bir gapni aytishim kerak, — dedi u salmoq bilan. — Kvartira sotiladigan bo'p qoldi. O'g'illarim qo'yishmayapti. Mana ijara uchun bergan puling. Mayli, men mingdan ming roziman. Endi boshqa uy topishing kerak, bolam.
— Hozir-a? — so'radim xavotir aralash.
— Iloji bo'lsa, hozir. Hali zamon o'g'lim keladi. Sizlarni bu yerda ko'rsa, jahli chiqishi mumkin. Ochig'i… Sal mushtumzo'rroq. Vaqti kelsa, mengayam do'q urvoradi. Erkalatib o'stirganman-da bachchag'arni!..
Men bo'shashgancha ortga tislandim.
— Nima qilasizlar? — javdirab menga tikildi qariya. — Hozir chiqib ketasizlarmi?
— Nimayam qilardik? — yelka qisib javob qildim. — Chiqish kerak bo'lsa, chiqaveramiz-da! Boshqa yo'l ham yo'q.
Shunday deb qo'rqa-pisa Susanna o'tirgan xona eshigini ochdim. U astoydil kiyim almashtirishga tushib ketibdi.
— Kiyim almashtirish ortga suriladi, — dedim devorni asta mushtlab. — Bu yerdan ham haydaldik. Tez chiqib ketmasak bo'lmasmish.
Susanna hech narsa demadi. Faqat og'ir xo'rsinib qo'ydi xolos.
* * *
Qisqa fursatda za'faron qiyofaga kirib qolgandek edim. Qorong'ilikda noma'lum tarafga yonma-yon ketib borardig-u, bu hayotdan noroziligim alamini sochlarimdan, kiyimlarimdan, yuz-ko'zlarimdan olgim kelardi.
Ahvolim yolg'iz o'zimgagina ayon. Ayni damda bebosh bir daryo sohilida muallaq turibman va olisdan yaqinlashib kelayotgan to'fon bir zarb bilan meni to'lqinlar qa'riga tashlaydigandek tuyulardi. Susannani uchratganimdan, Nargizaning xayoli bilan yashayvermaganimdan afsuslanardim.
— Agar telbadek marhumlar bilan tillashib yuraverganimda, — derdim o'zimga o'zim. — Bu kunlar boshimga tushmasdi. Go'zal bir ayol qarshisida mulzam bo'lmasdim. Yolg'iz boshim gunohkorona egilmasdi. Nima qilay? Tilim qisiq. Haddim sig'ib biror so'z aytishga-da o'zimda kuch va jur'at topa olmayapman. Hozir nimadir desam-u, Susanna jahl aralash menga yuzlanib hammasini to'kib solsa qay holga tushaman? Nimaga taksidan tushgan zahoti xayrlashib keta qolmadim? Shunda hozir u mening achchiq qismatimga sherik bo'lmasdi. O'sha tanish ayolnikiga borib shartlariga ko'nardi, yoki qandaydir yo'l topib kelishardi. O'sha kvartirada yashashda davom etardi…
Bir mahal Susanna meni qattiqroq quchdi-da, to'xtashga unday boshladi.
— Ana, kelayapti, — dedi u boshi bilan oldinga ishora qilib. — Hov anavi ayolni ko'rayapsizmi?
Haqiqatan, ancha narida yashil kiyimli o'rta yashar ajnabiy ayol biz tomon yaqinlashib kelardi.
— Ha, ko'rdim, nimaydi? — so'radi undan. — Tanishingmi?
— Bu o'sha ayol. Meni o'g'liga olib bermoqchi bo'lgan… Hozir kelsa, tag'in boshlaydi diydiyosini.
— E, namuncha qo'rqmasang? — dedim dadillanib. Shu asnoda dardlarim, xavotirlarim biroz arigandek bo'ldi. — Kelsa kelaversin!
Ayol ro'paramizga kelgach, taqqa to'xtadi va Susannaga masxaraomuz nazar tashladi.
— Ha-a, kelinchak? — deya bir menga, bir Susannaga mensimay boqdi u. — Endi bu yigitni yo'ldan urdingmi? Hoy, uka, ishonmang bunga! Hali shoshmay turing, boshqasini yoqtirib qolaveradigan odati bor. O'shanda sizniyam chuv tushirib ketadi.
Susanna indamas, lab tishlagan ko'yi tanishining so'zlarini jim tinglardi xolos.
Bu ayolning gaplari hamiyatimga tegdi. Susannani qo'yib yubordim-da, ayolga yaqinroq bordim.
— Kimsan o'zi? — atayin «sen»lab so'radim. — Nega birovga tuhmat qilayapsan?
— Voy, nimaga meni senlaysan? — tutoqib ketdi ayol. — Turishingga bir qara, qishloqi! Senga kim qo'yibdi katta ketishni?
— Agar yana bir marta xotinimga tuhmat qilsang, — dedim ko'rsatkich barmog'imni ayolning ko'zlariga to'g'rilab. — Mana shu yashil shishaga o'xshagan ko'zlaringni o'yvolaman, alkash!
— O'zing alkashsan, bildingmi? — bo'sh kelay demasdi u ham. — Qayoqdagi o'zingga o'xshagan qalang'i-qasang'iga uylanvolib, odam bo'p qoldim deb o'ylayapsanmi?
— O'chir chakagingni! — baqirdim zo'rg'a o'zimni tutib. — Yaxshiyam ayol kishisan, bo'lmasa…
Shunda Susanna bilagimdan tortib ketishga unday boshladi.
— Qo'ying, shu bilan teng bo'lmaylik! — dedi meni sudrab. — O'zi kim-u, gapi kim bo'lardi. Yaxshi odam bo'lganda, qizi erini o'ldirib qamalib ketmasdi. Ketdik!
Men ayolning gaplarini singdira olmay ancha yergacha so'kinib bordim.
* * *
Shu ahvolda allamahalgacha ko'cha kezdik. Xo'sh, qaydan panoh topamiz qorong'ida? Kimning eshigini taqillatamiz? Shaharda kechasi eshik taqillatgan odamni hech kim xushlamaydi. Yo o'g'riga, yo piyonistaga yo'yishadi. Jahldorroq odamning eshigini chertsangiz, naq baloga qolib ketishingiz hech gapmas.
— Mana shu yerda to'xtaylik, — dedi Susanna negadir ingrab. — Tuflim oyog'imni g'ajib tashladi. Ortiq yurishga holim yo'q. Yuring, anhor bo'yida birpas o'tiramiz!
— Xo'p, — dedim unga achinish bilan boqib. — Anhor bo'yida o'tiramiz. Seni charchatib yubordim.
Anhor bo'yi sokin edi. Suvning shildirab oqishi qalbga yoqimli tuyg'ular baxsh etib, xayol surishga undardi.
— Endi qaerga boramiz? — so'radim ehtiyotkorlik bilan. — o'irt daydilarga aylanib qoldik-ku!
— Nima qipti? — dedi u bosh chayqab. — Ko'chada bizni it yermidi? Ertalabgacha shu yerda o'tirsak ham bo'laveradi. Yorug' tushgandan keyin uy qidiramiz. Nima deysiz?
— Uyqusiz sen qiynalib qolasan, — dedim norozi ohangda. — Tonggacha o'tirib chiqishning o'zi bo'ladimi?!.
— Nega uyqusiz o'tirarkanman? — erkalanib yelkamga bosh qo'ydi Susanna. — Sizning yelkangizga mana shunday boshimni qo'yaman-da, uxlayveraman.
— Faqat meni qarg'ama! Men ham shunday bo'lishini xohlamagandim.
— Yana eski ashulangizni boshladingizmi? Bas qiling! Agar tag'in bir og'iz gapirsangiz, yuzingizni chimdib olaman. Ko'karib qoladi. Xo'sh, gapirasizmi?
— Yo'q, yo'q, yo'q!.. Tavba qildim!
Men kula-kula sevgilimni mahkam quchib, ko'zlarimni yumib oldim.
* * *
Oradan bir soatcha vaqt o'tdi. Havo tobora salqin tortib borardi. Susannaning titrayotganini his etib egnimdagi kostyumni yechdim-da, yelkasiga tashladim.
— Foydasi yo'q, — dedi u o'rnidan qo'zg'alib. — Baribir sovuq.
— Nima qilsak ekan-a? — boshim qotib sekin o'rnimdan turdim. — Bu taxlit o'tiraversak, sen shamollab qolishing hech gapmas.
— Spirt bo'lsaydi, — dedi Susanna turgan yerida bir-ikki sakrab. — Qizib ketgan bo'lardik hozir.
— Nima? — men hayron bo'lib sevgilimga boqdim. — Sen… Ichkilik icha olasanmi?..
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™