Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:42
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (9-qism)

Added:RMfan (10.12.2017 / 09:52)
Rating:rating 810 article (1)
Reads:452
Comments:0
Poezdda men bilan bir kupeda ketayotgan qari kampir bilan chol hozirgi tuzumning avra-astarini chiqarib yomonlardi. “Tepadagilarni peshonasidan otish kerak. Davlatni xarob qilishdi. Nima emish, to'rt-besh yildan keyin bizda uy-joysiz odam qolmasmish. Bu yog'i davlatingning tagi chirib turgan bo'lsa, onangnikidan olasanmi shuncha imoratni?” derdi chol burishib-tirishib ketgan basharasini battar bujmaytirib. Uning gapiga kampiri e'tiroz bildirar, davlat unga arzimagan xizmati uchun otning kallasiday pensiya berayotganini qayta-qayta uqtirardi. Shundan keyin ular orasida tortishish, qarg'ash-so'kish avj olib ketdi. Men avval ularning gaplariga kulib qarab kelayotgan edim. Bir payt, kampir cholini savalashga chog'landi. Chol nimjongina, yana urib mayib qilib qo'ymasin, deb ularni chalg'itishga tushdim.
— Qaranglar, qaranglar, — dedim o'zimni hovliqqan ko'rsatib.
Ikkoviniyam uni o'chdi-da:
— Nima? Nima? — deyishib yonimga kelishdi.
— Kiyik, hozirgina o'rmon ichiga kirib ketdi.
— Obbo! — dedi chol.
— Umringda kiyik ko'rmaganmisan? — dedi kampir. — Uyi o'rmonda bo'lgandan keyin shu yoqqa kiradi-da.
— Lekin zo'r yugurdi-da, — dedim men ularni chalg'itish uchun.
— Uff! — dedi chol. — Hozirgi yoshlarga nima bo'lgan o'zi? Sal narsaga hovliqib qolishadi. O'zi sen boyadan beri nega deraza oldida turibsan yorug'ni to'sib?
— Shunchaki, tomosha qilib turibman, — dedim hayron bo'lib.
— Qoch, u yerda turma, mening yuragim siqiladi.
Tortishib o'tirishni o'zimga ep ko'rmay, joyimga chiqdim-da, yostiqqa boshimni qo'yib, ko'zimni yumdim. Lekin uyqum kelavermadi. Buning ustiga, kampiri bilan inoqlashib qolgan chol shang'illab gazeta o'qib bera boshladi. Bunaqa shovqinda ko'zga uyqu inadimi?!
Avval cholning nimani o'qiyotganiga e'tibor qilmagandim. Ammo: “Qara, yana bitta bandit haqida yozishibdi”, deya chol men haqimdagi ma'lumotlarni o'qiy boshlagach, sergaklandim va engashib qaradim. Gazetada suratimni ham berishibdi. “Shu yetmay turuvdi, endi qari chol bilan kampirdan ham yashirinishimga to'g'ri keladi”.
Joyimdan qimirlamay besh soatcha yotdim. Bu orada ular uch marta urishib yarashishdi. Endi gazetani esidan chiqargandir, deb o'ylab pastga tushdim, hartugul ular bir-biriga teskari o'girilib, joylariga yotib olishibdi. Sekin kupedan chiqib, yuvinib kelsam, chol qurmag'ur o'tirvolib yana gazeta o'qiyapti. Men unga e'tibor bermaslikka harakat qilib, sekin joyimga chiqayotsam:
— Oting nima? — deb so'rab qoldi u.
— Ahmad, — dedim ataylabdan qoshimni chimirib.
— Ahmad bo'lsang o'zingga, nima menga jahl qilasan? — dedi chol. — Men senga manavi banditga o'xshab ketishingni aytmoqchi edim.
— Qaysi? — dedim o'zimni go'llikka solib.
— O'xsharmikan? — dedi chol menga tikilib.
— Hmm, — dedim men boshimni qimirlatib, — o'xsharkan, lekin mening otim Sobir emas. Undan keyin men o'zbek emasman, tatarman. Ishonmasangiz, hujjatimni ko'rsataman.
Chol menga ishonqiramay qarab turdi-da, keyin yana joyiga yotib oldi.
Ikki kun deganda Moskvaga yetib bordik. Chol bilan kampir boshqa urishishmadi, kam gaplashishdi. Men ularning nega bunday bo'shashib qolishganiga hayron edim. Sababini manzilga yetib borganimizdan keyin bildim.
Derazadan tashqariga qarasam, vokzalga melisa to'lib ketibdi, xuddi Brestda bo'lganiday deyarli hammasida avtomat. Miyamga: “Sassiq chol sotibdi”, degan fikr keldi-yu, vajohat bilan cholga qaradim. U kampiriga tiqilib olgan, dag'-dag' qaltirardi. Tishimni tishimga bosib, jomadonimni olib tashqariga chiqdim. Orqamdan chol nimadir deb ming'illadi, bu paytda men eshitadigan ahvolda emasdim. Tez-tez yurib tanburga chiqqanimda kuzatuvchiga duch keldim. U meni ko'rdi-yu, rangi oqarib ketdi. Endi hech narsani yashirib bo'lmasdi.
— Eshikni och, — dedim mushtimni tugib.
— Menda ayb yo'q, — dedi kuzatuvchi qo'rqa-pisa, — anavi chol brigadirga aytib, mashinistlar orqali vokzalga xabar beribdi. Mening umuman xabarim yo'q. Men… Mening ikkita bolam bor… Biri…
— Och eshikni! — bo'kirdim unga. — Hozir bolangni onasiga qo'shib ko'rsatib qo'yaman.
Kuzatuvchi shosha-pisha eshikni ochdi. Men sekinlashib borayotgan poezddan sakrab tushib qoldim. Ortimdan:
— Qochdi-i! — degan qichqiriq eshitildi. Poezdning to'xtashini kutib turgan “ment”lar birdan ovoz kelgan tomonga qarashdi…
Yigirma qadamlar chamasi yugurdim. Qarasam, old tomonimdan ham menga qarab to'rtta basavlat yigit yugurib kelayapti. O'zimcha: “To'g'ridagilarni bir yoqlik qilib o'tib ketaman”, deb o'ylab, jomadonimni otib yubordim-da, tezligimni oshirdim. Kutilmaganda to'g'ridagilar birdan to'xtashdi-da, yonlaridan to'pponcha chiqarishdi.
— To'xta! Yerga yot! — deya baqirdi bittasi.
Chorasiz qolgandim. Agar aytganini qilmasam, ular meni otib tashlashlari turgan gap. Yerga yotishim bilan ular o'laksaga yopirilgan quzg'unday menga tashlanishdi. Birovi qo'l-oyog'imni kishanladi, boshqasi cho'ntaklarimni tintib chiqdi. Bittasi biqinimga tepdi. O'rnimdan turg'azishgandan keyin “it”larning yuziga birma-bir qarab chiqdim. Ular meni qo'lga tushirganlaridan xursand edi. “Ko'ramiz, qachongacha cho'zilarkan bu xursandchilik?” deya xayolimdan o'tkazdim.
Mashinada olib ketishayotganlarida qochishning iloji bo'lmadi. O'ta xavfli jinoyatchilarni qabul qiladigan qamoqxonaga yetguncha, to'rtta qo'riqchi avtomatini menga qaratgancha kiprik qoqmay borishdi. Mening uyga yetib olish orzuyim sarobga aylangan edi. Alyonaning gapiga kirib, uning yonida qolmaganimga afsuslandim. Uyga sal keyinroq, “eskirgan”imdan so'ng borsam ham bo'lardi. Endi kechroq borish ham nasib etmaydiganga o'xshab turibdi. Ishqilib, bular meni birdan o'ldirib yuborishmasin-da. Ozgina imkoniyat berishsa, shuning o'zi menga yetarli bo'lardi.
Xayolga berilib, manzilga yetganimizni sezmay qolibman. Mashinadan tushib, kameraga borarkanman, hamma menga qiziqish bilan qarardi. “Qo'lga tushirishlaring juda qiyin, deb og'iz yirtishgandi. Oddiy bezorini ham bunchalik oson ushlab bo'lmaydi”, deya kulgan “ment”larning gaplari qulog'imga chalindi.
Meni kameraga qamaganlaridan so'ng oradan yarim soat o'tmay, ikkita qorovul kelib olib chiqdi. “Nahotki, bir og'iz so'roq qilmasdan otib tashlashsa?!” deb o'yladim. Hartugul, avval boshliq yoniga olib borishdi. Bu men uchun berilgan yagona imkoniyat edi. Qalin mo'ylovli, bo'yi ikki metr keladigan, qorindor podpolkovnik menga ko'zi tushishi bilan tirjaydi.
— Bizni qanchalik sog'intirganingni bilsang edi, birodari aziz!.. Seni qidirmagan joyimiz qolmadi-ku. Qani, o'tir, bir sen bilan gaplashib olay. Ish bo'lsa qochmas. Nima deding? — dedi u.
— Oyoq-qo'lim bog'langan, yaxshisi, tik turaqolay, shunda menga qulayroq bo'ladi, — dedim uning ko'ziga tik qarab. Ayni paytda uni gipnoz qilishga kirishayotgandim.
Podpolkovnik qorovulni chaqirib, qo'l-oyog'imni bo'shatishni buyurdi. Kishandan bo'shatilgan zahoti qorovulning tomog'iga tirsagim bilan zarba berdim. U bir marta “hiq” etdi-yu, polga quladi. Podpolkovnik esa menga tashlandi. Ammo chaqqonlik qilib, oyog'i havoga ko'tarilganda engashib butiga musht tushirdim. Bechora yiqildi-yu, og'riqning zo'ridan
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™