Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:03
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (O'ttiz uchinchi qism)

Added:RMfan (10.12.2017 / 07:42)
Rating:rating 808 article (0)
Reads:337
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan
* * *
Kunlar o'tib borardi. Biz bir-birimizga tobora qattiqroq bog'lanib borardik. Oydin kechalarda suhbatlashib, dardlashib to'ymasdik. O'z uyimiz, qo'nalg'amiz yo'qligi bizni aslo tashvishga solmas, shunday gap-so'zlar paydo bo'lganda, bir-birimizni ovutardik. Kelajakda albatta yaxshilik g'alaba qilishiga ishonardik.
Shunday kunlarning birida men bozorga tong qorong'isida chiqishni ma'qul ko'rdim. Bu kun men kabi pistachilar uchun murodbaxsh sanalardi. Kim vaqtliroq bozorga chiqib ulgursa, o'shaning savdosi baroridan kelib, kechgacha o'tirib topadigan daromadini bir-ikki soatda ishlab olishi mumkin. Shu sababli oyog'imni qo'lga olgancha bozorga kirib keldim.
O'ylaganimdek raqobatchilar ko'rinmadi. Shosha-pisha «mol»larni stolchaga yoyib xaridor kuta boshladim.
Bir mahal deyarli o'zim tengi uch barvasta yigitlar katta yo'l tarafdan kirib kelishdi va mening ro'paramda to'xtashdi.
— Hoynahoy, chekimlik olishsa kerak, — degan xayolda ularga so'z qotdim. — Qanaqasidan beray? Mana, ko'ringlar, zo'rlaridan olib kelganman. Qancha olasizlar o'zi?
Ular o'zaro nimalardir deya pichirlashgan bo'lishdi-da, meni o'rab olishdi.
— Sen, og'ayni, nega bu yerda savdo qilayapsan? — so'radi yigitlardan biri dag'al ohangda.
Hayron bo'ldim. To'g'ri-da, nima ishi bor bularning? Nega meni tergashadi?
— Savdo qilsam, nima bo'pti? — savolga savol bilan javob qaytardim. — Bozor hammaniki.
— Vey, buggundan boshlab bu yerda qorangni ko'rmay! — qoracharog'i ilkis tomog'imga chang soldi. — Tushundingmi, yo chetroqda tushuntirib qo'yaylikmi?
Men uning qo'llarini tomog'imdan olib tashlashga urindim. Ammo qolganlari orqadan kelib belim aralash bir-ikki tepishdi.
Shu orada qaerdandir boshqa sheriklari ham paydo bo'ldi.
— Xo'sh, nima deysan? — dedi mendan qo'lini tortarkan qoracha yigit. — Bu bozorda mening oyim savdo qiladi. Sen oyimning savdosiga xalal bermasliging kerak. Agar yana bir marta shu bozorda ko'rsak, ayab o'tirmaymiz.
Ko'rdimki, ahvol men o'ylaganchalik yaxshi emas. Bu bezorilar ko'pchilik ekan. Ularga bir o'zim bas kela olmasligim aniq. Nima bo'lgandayam musofirman. Obro' borida yaxshilikchasiga juftakni rostlay qolay.
— Gap yo'q, — dedim yigitlarga bir-bir boqib. — Chiqmasam chiqmasman. Ammo tepki uchun boshqa safar gaplashamiz.
— Vey, «lyuboy» vaqt tayyorman! — kerildi qoracha yigit sheriklariga ko'z qisib. — Hov anavi to'qqiz qavatli «dom»ni ko'rdingmi? Ikkinchi qavatda turaman. Ismim Murod. Albatta kechqurun borgin, gaplashamiz!..
Men ortiq hech narsa demadim. O'zimcha bir kunmas bir kun hisob-kitob qilishni ko'nglimga tugdim-da, narsalarimni yig'ishtirib bozordan chiqib ketdim.
* * *
Shu kunlarda ishqning togli lahzalari ham tatimasdi. Susannaning ko'zlariga tik boqishga-da ojiz edim. Uning qarshisida o'zimni juda notovon banda kabi his etardim. Oqibatini o'ylamay tutgan ishim uchun o'zimni sira kechira olmasdim. Endi nima qilaman? Uni ishontirdim. Unga so'z berdim. Nima degan odam bo'ldim? Ro'zg'or tebratishni bo'ynimga olib, Susannani sevgi izhorlariga ko'mib tashladim. Unga hech kim erisha olmaydigan baxt va'da qildim. Qani o'sha baxt?! Bozorga ishonib bir sho'rlikni darbadarga aylantirib qo'ymoqdaman. Erta-indin qolgan-qutgan pullarni yig'ib ijara haqidan qutulsam, tamom! Keyin qaerga borib pul topaman-u, ro'zg'orni qanday butlayman?
Alamdan yorilgudek ahvolda yer ostidan Susannaga boqdim. U karavotda yotgancha derazadan to'lin oyni tomosha qilardi. Birpasdan so'ng yelkamga boshini qo'ygancha og'ir xo'rsindi. Shundan keyingina sal g'uborlar tarqalgandek ko'nglim yorishdi.
— Susanna, — shivirladim men ham oyga boqib. — Xuddi shu oy kabi qalbingni dog'lab qo'ydim-a?
U keskin boshini ko'tarib barmoqlarini labimga bosdi.
— Bu nima deganingiz? — dedi mahzun ohangda. — Men baxtiyorman.
— Axir, ko'rayapsan-ku! Bozorniyam beliga tepishdi.
— Ulargayam boqqan balo bordir. Shungayam qayg'urib o'tiramizmi? Bir kunimizni ko'rarmiz o'lmasak.
— O'lib ketsak-chi? Pullarimiz kamayib borayotgan bo'lsa. Keyin nima bo'ladi?
— Xavotirga o'rin yo'q. Xudo beradi.
— Yo tavakkal qilib bozorga chiqaversammikan? Harqalay urib o'ldirib qo'yishmas meni?
— Yo'q, — dedi qat'iylik bilan Susanna. — Chiqmaysiz bozorga!
— Nega?
— Chunki sizning o'z kasbingiz bor. Qayoqdagi bozorchilar bilan yonma-yon o'tirib pista sotish sizga yarashmaydi.
— Ie, o'sha yerda tanishmaganmidik? Endi yarashmaydi deganing nimasi?
— O'shandayoq ko'nglimga tugib qo'ygandim.
— Nimani?
— Agar shu yigit bilan turmush qursam, bozorga chiqarmayman deb o'zimga o'zim so'z bergandim.
— Voy, ayyor-ey, — suyukligimni mahkam quchoqlab oldim. — Hali turmush qurishimizni bilgandim, de?
— Albatta-da, — kulib yuzimni chimchiladi Susanna. — Har kelganimda tikilaverib jonimni olardingiz. O'shandayoq sizniki bo'lishimga ko'zim yetgandi.
— Baxtimdan o'rgilay! — uning yuzlaridan ohista bo'sa oldim. — Yaxshiyam seni uchratdim. Mana, qiyin lahzalardayam o'zing dalda bo'layapsan. Sendan boshqasi bo'lsa…
— Boshqasi bo'lmaydi! — so'zimni kesdi Susanna. — «Boshqasi» degan so'zni hech qachon og'zingizga olmang!
— Sen abadiy meniki bo'lasanmi?
— Qasam ichaman! Sizdan boshqasiga qayrilib qaramayman!..
Bu dil izhori vujud-vujudimni titratib yubordi. Bir zumda alamlar, qayg'u va xavotirlar tumandek tarqab, yengil tortdim.
* * *
Shu kecha tush ko'rdim. Oysiz, zulmatli kechada o'zga bir yurtda, so'ngsiz sahroda darbadar kezarmishman. Sahroda na daraxt, na giyoh bor emish.
Qaynoq qum oyoqlarimni kuydirar, chiday olmaganimdan to'xtamay yugurishga mahkum edim. Shu ko'yi harsillagancha suvsiz ko'l bo'yiga yetdim.
Ko'l yoqasida men kabi tashna va och qarg'a-quzg'unlar izg'ir, yegulik qidirishardi.
Shu payt ko'l bo'yida sochlari paxtadek oqargan, ozg'inligidan yelka suyaklarigacha turtib chiqqan, ammo yoshamol ayol paydo bo'ldi. U menga orqa o'girgancha suvi qurigan ko'lga tikilar, chuqur o'yga tolgandi.
Negadir uning jussasi menga tanish tuyulib yaqinroq bordim. Qadam tovushlarini eshitgan ayol ilkis boshini men tomon burdi.
Men… Taxta bo'lib qoldim. Chunki u Nargizam edi. Menga boqardi-yu, ko'zlaridan yosh o'rniga qip-qizil qon oqardi.
— Shu yergayam topib kepsiz-da! — dedi Nargiza boshini qaytadan ko'l tarafga burib. — Sizdan qochib mana shu sahroga kelgandim.
— Nega buncha ozib ketdingiz? — so'radim undan titroq aralash. — Sochlaringiz nega bunchalar oq?
— Ochman, och! — Nargiza dast o'rnidan turdi-da, suyakdangina iborat oyoqlarini, shalviragan qo'llarini baravar oldinga cho'zdi. Shu zahoti ozg'in gavdasi chamasi bir metrcha yuqoriga ko'tarilib, shu ko'yi havoda muallaq qoldi. — Ko'rmayapsizmi ahvolimni? Ming yildan beri yeyishga nonim, ichishga suvim yo'q. Men makon qurgan joylarda faqat mehrsizlar yashasharkan.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™