Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:57
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili(34-qism)

Added:admin (09.12.2017 / 18:59)
Rating:rating 805 article (0)
Reads:537
Comments:0
Menga Jivakuni uydan tashqariga chiqqanidan so'ng qo'riqlab yurish topshirildi. Shu bois uchinchi marta uning qasriga kirolmadim. Darvozadagi qorovullar bilan kun bo'yi o'tirdim. Jivakuning bugun hech qaerga chiqmasligi ma'lum bo'lgach, qosh qorayganda uyga qaytdim. Jivakuning qo'li men o'ylaganimdan ko'ra ancha uzun ekan. Buni xizmatimning o'ninchi kuni bildim. Uni portga kuzatib bordim. Qandaydir aziz mehmoni kelishi kerak ekan (Jivakuning kim bilan uchrashishi, uning yoniga kim kelishi haqida bizga ma'lumot berilmasdi). Diqqat bilan atrofni kuzatib turganimda paroxoddan boshiga savatday shlyapa kiygan, kiyimlari oppoq, bo'yniga yaltiroq bir nima osib olgan, bo'ychan bir negr tushib kela boshladi. Jivaku uning istiqboliga chiqib, quchoqlashib ko'rishdi. Bir oz gaplashgach (ular ingliz tilida so'zlashishardi, men ayrim jumlalarnigina ilg'ayotgandim), mashinaga taklif qildi.
Mehmonni shahar tashqarisiga, Jivakuning dala hovlisiga olib borishdi. Avval maishatbozlik bo'ldi. Yeguligu ichkiliklarni to'kib tashlashdi. Tanasining ikki joyigina qilday ingichka iplar bilan bekitilgan qizlar xizmatda. Ularning orasida sariq sochli yevropaliklardan tortib negrlargacha bor. Biroq stol atrofidagilarning birontasi qizlarga e'tibor bermas (to'kin dasturxon atrofida Jivaku o'zining ikkita yordamchisi — ulardan biri mening bu yerlarda yurishimga sababchi bo'lgan olti nuqtali kishi hamda mehmonning o'ziga o'xshagan ikki sherigi o'tirardi), dasturxondagi noz-ne'matlardan chimdib-chimdib totinishar va suhbatlashishardi. Suhbat shunchalar jiddiy ediki, birontasining yuzida, ozgina bo'lsin, tabassum alomati ko'rinmasdi. Shu boisdan ham qizlar erkaklarga imkon qadar ehtiyotkorlik bilan muomalada bo'lishardi. Men butun vujudimni quloqqa aylantirdim. Qanday qilib bo'lsa-da ular nima haqda gaplashishayotganini bilishga urindim.
O'sha kuni uyga bormadim. Jivaku qasr ichiga kirishimga ruxsat berdi. Shundan bildimki, vaziyat o'ta qaltis. Kelgan mehmon bilan u nimanidir kelisha olmagan va u o'ta xavfli. Yo'qsa, Jivakuni qo'riqlash bu darajada kuchaytirilmasdi.
Garchi qasrga ilk marotaba kirishimga qaramasdan, uning ichidagi hashamatli bezaklar, ko'zni oluvchi qandillar va oynavand shkaflardagi turli shaklli qimmatbaho toshlardan yasalgan idishlar meni aslo hayratlantirmadi. Ikkinchi qavatda o'ta mohirlik bilan yasalgan eshik yonida turdim. Bu yer Jivakuning yotog'i edi. U xonaga ikkita xotini bilan kirib ketgandi. Men uning ikki jonon o'rtasida rohatlanib yotishini qo'riqlashim kerak. Ertalabgacha. Hech kim meni almashtirmaydi. O'tirmayman, yurmayman. Hatto ko'zimni yumishim ham mumkin emas. Boshimni qimirlatmayman-u, lekin biron joyni e'tibordan chetda qoldirmayman. Buyruq shunday bo'lgan.
Ochig'i, kimningdir ishratini qo'riqlayman, deb o'ylamagan edim. Shu bois, malol keldi. Ammo iloj qancha, maqsadimga yetishim uchun chidashim shart.
Nihoyat uzoq kutilgan tong otdi. Qasr ichida farroshlar g'imirlab qolishdi. Biroq Jivaku uyg'onay demasdi. Men toqatsizlanaverdim. Ikki qiz bir bo'lib, xo'jayinni bir yoqli qilib qo'ydimikin, degan xayolga ham bordim. Shunday bo'lishi ham mumkin-ku, kim biladi, balki anavi negrlar biror nima va'da qilishgan bo'lsa, uxlayotganda odamni o'ldirish nima bo'pti? Og'irroq bir narsa bilan boshiga yaxshilab bitta tushiradi — olam guliston. Naum — olti nuqtali (u bilan hali tanishganim yo'q, lekin shu yerdagilarning o'zaro suhbatidan uning ismi Naum ekanligini bildim. Negadir bu ism tanishday, ham quloqqa yaqin) ikki marta kelib ketdi. Demak, Jivakuning uyg'onmayotganidan u ham xavotirda. Lekin har ikki safar ham eshikni ochishga haddi sig'madi. Bundan men battar ichikdim, chunki Jivaku hali menga tiriklayin kerak edi. Ichim o't bo'lib yonayotgan bir mahal, hartugul, Jivakuning o'zi xonasidan chiqib keldi. Bu paytda soat kunduzgi o'n birga yaqinlashib qolgandi.
Tuni bilan oyoqda turib chiqqanligim uchun menga uyda dam olishga ruxsat berishdi. Biroq ketishni istamasdim. Shu bois, bir-ikkita bahona qilib ko'rdim. Lekin unashmadi. Kechqurun soat yettidan kechikmasdan yetib kelishim zarurligini tayinlashdi (so'nggi paytlarda Jivaku bilan mutlaqo gaplasholmasdim. Buyruqlarning barini Naumning yordamchisi Ruben orqali olardim. Qiziq tomoni, boshqalarga ham Naum yoki Ruben topshiriq berardi. Jivakuning yonida yuradigan yordamchilari xuddi qo'g'irchoqqa o'xshardi. Ish buyurilsa bajarishar, boshqa payt Jivakuning atrofida o'ralashib yurishardi).
So'nggi paytlarda Renaning ham kayfiyati yo'qday. Meni tabassum bilan kutib olca-da, nigohida allaqanday ma'yuslik bordek. Bir-ikki marta undan buning sababini so'ramoqchi bo'ldim-u, biroq og'iz ochmadim. Orolini sog'ingandir, gapirib dilini og'ritib qo'ymay, deb o'yladim. Chaqaloq esa kun sayin to'lishib kelayotganday edi. U ko'p yig'lamas, kechasi tinch uxlar, faqat qorni ochgandagina g'ingshib qo'yardi, xolos.
Ko'nglim xotirjam, chunki ijarachi ayol uydan kamdan-kam hollardagina ko'chaga chiqar, Yodgorni o'zining bolasiday yaxshi ko'rar, Rena emizib bo'lishi bilan uni qo'liga olib, ko'tarib yurardi. Hatto chaqaloq uxlab qolganidayam qo'lidan qo'ymasdi. Bu tomondan ko'nglim to'q edi.
— Uyingga borish niyating bormi sening? — dedi choy ichayotganimda Rena menga tikilib. — Xayolimda ishing cho'zilib ketganday.
— Ketamiz. O'zim ham qanotim bo'lsa uchib ketgudayman. Oz qoldi…
— Qasd qilganlaringni yo'qotganing bilan hech narsani o'zgartirib yuborolmaysan-ku. Ertaroq ketganimiz yaxshi emasmi? Tinch yashardik.
— To'g'ri, lekin ularning uyini kuydirmasam, menga o'xshagan qanchadan-qancha odam bevaqt nobud bo'lib ketadi.
— Biz Xudo emasmiz, qo'limizdan kelmaydigan ishlar ko'p. Ana, bir marta seni laqillata olishdi-ku. Yana ularning to'riga tushib qolmasligingga kim kafolat beradi? Undan keyin mening orzularim barbod bo'ladi. Bolang otasiz qoladi.
— Jonim, hammasini tushunib turibman. Uzog'i bilan yana bir oy chida.
Rena indamay boshini egdi. Shu holatida u o'zimizning qizlarga juda-juda o'xshab ketardi. Mehrim jo'shdi, uni ohista bag'rimga bosdim…
Jivaku dala hovlisida edi, o'sha yoqqa borishimga to'g'ri keldi. Shahardan bir soatlik yo'l. O'ta so'lim go'sha. Yonidan daryo oqadi. Shunaqangi sokinki, daryoning oqayotganini sezmaysan. Bu yerga kelishing bilan kayfiyating ham ko'tariladi. Maza qilib aylanib yurging keladi.
Manzara xuddi kechagiday, daraxtlari quyuq, salqin joyga yasatilgan uzun stol, ustida odamning jonidan boshqa hamma narsa bor, atrofida o'sha kechagi oltilik. Bugun ular xushchaqchaq. Yonlarida turib, ichkiliklar quyib, og'izlarini ham artib qo'yayotgan qizlarning nozik bellaridan quchishar, cho'g'dek qip-qizil lablaridan bo'sa olishar, xoxolashib kulishardi.
Bazmu jamshid taxminan tungi o'n ikkigacha davom etdi. Ichkilikni ko'p ichishganidan stol atrofidagi olti kishining bari mast bo'lib qoldi. Ularni dala hovlining o'zidagi yotoqxonalarga (har birini alohida yotoqxonaga) yotqizdik.
Ertasi tushga yaqin Ruben bilan ketdim. Mashinaga o'tirarkanman, negadir derazadan tashqarini tomosha qilgim keldi. Shaharning
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™