Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:40
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (O'ttiz ikkinchi qism)

Added:admin (09.12.2017 / 18:59)
Rating:rating 804 article (0)
Reads:394
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan)
«MENGA TURMUShGA ChIQ, SUSANNA!»
* * *
O'sha kundan beri naq qo'li yetmas yulduz tomon talpingan kimsaning kuniga tushgandek edim. Har lahzada o'sha ajnabiy ayolning yo'liga ko'z tikar, keldi deguncha titroq orasida qolardim. Shu orada quvlik ham qilib qo'yardim. U so'ragan pistani iloji boricha sekin uzatishga, shu bahonada vaqtni cho'zishga urinardim.
Chamasi, u ham mening holatimni payqagandek ba'zan kulimsirab qo'yardi.
Nega o'zi shu ayoldan ko'zimni uzolmay qoldim, deya o'ylardim u ketgach. Menga kim qo'yibdi bunday kelishgan ayollarga ko'ngil qo'yishni? Nazar-pisand qilmasa kerak u. Hozirgi turishimda oddiy pistachiman xolos! Undaylarga tagida yarqiragan mashinasi, qo'sha-qo'sha uylari bor erkaklar yoqadi. O'shalargagina nazar tashlashi, ularnigina sevishi mumkin. Bekordan bekorga o'zimni qiynash, yo'liga ko'z tikish zarurmikan menga? Basharti shu mavzuda so'z ochgan taqdirimdayam gapimni yoqamga yopishtirishi tayin. Buni bilaman. Shunday ekan, tilimni tishlab tinchgina pistamni sotaveray. Six ham, kabob ham kuymasin. Zo'rg'a ko'rib turgan kunim holvaga aylanib qolmasin!..
Yo'q, baribir istaklarim, orzularim ustun edi. Meni maftun etgan chehraga yaqin bo'lish niyatidan sira qayta olmadim. O'tirsam ham, tursam ham faqat uni o'ylayverdim.
Hissiyotlarim azbaroyi junbushga kelganidan so'nggi kunlarda unga so'ragan narsasini tekinga berib yuborishni odat qildim. Avvaliga hayron bo'ldi-yu, ammo tanlagan yo'lim to'g'ri chiqib qoldi. Sohibjamol bora-bora bu ishimdan quvonib ketadigan bo'ldi. Men bilan bir-ikki daqiqa emas, ko'proq suhbatlasha boshladi.
Oxiri chidolmadim. Qalbimdan kechayotgan hislarni oshkor etishga bel bog'ladim.
Kechki bozor mahali xaridorlar ko'p bo'ladi. Shundan foydalandim. Unga so'ragan narsasini tutqazarkanman, ohista so'z qotdim.
— Sizdan bir iltimosim boridi. — dedim shivirlab. — Faqat yo'q demasangiz aytaman.
— Voy, qanaqa iltimos? — qiziqsinib menga boqdi ayol. — Ayting!
— Oldin yaqinroq tanishsak bo'larmidi…
— Biz tanishmiz shekilli.
— Ismingizni bilmayman-ku!..
— Ha-a, — kulib qo'ydi u. — Mayli, aytaman. Ismim Susanna.
— Ie, armanmisiz?
— Ha-da! Yomonmi?
— Nega yomon bo'lsin? O'zim ham shunday bo'lsa kerak deb o'ylardim.
— Sizning ismingiz-chi?
— Qodir, — dedim sal bo'shashib.
— Ilgari bozorda ko'rinmasdingiz-ku! Yaqinda keldingizmi? O'zi kasbingiz nima?
— Hozircha talabaman. Aslida jurnalist desam ham bo'ladi. Shu sohada picha ishladim.
— O', zo'r-ku! — Susanna ko'zlari chaqnab bosh irg'adi. — Zo'r kasb jurnalistika. Mening jiyanim ham jurnalist.
— Shu shaharda yashaydimi?
— Yo'q, u uzoqda, judayam uzoqda yashaydi.
— O'zingiz-chi? Qaerda turasiz?
— Men ham aslida bu yerlik emasman. Mehmonga kelgandim. Ketolmadim. Shu yerda qolib ketdim. Hozir bir tanish ayolnikida turaman.
Biz shu kuni ancha gaplashib qoldik. Savdo-sotiqning ham mazasi qochdi. Lekin achinmadim. O'zim hech qachon yetishim mumkin emas, deb xayol qilgan bir yulduzga yaqin bo'lganimdan juda mamnun edim.
Tuni bilan uni o'yladim. «Mayli ertaga uchrashamiz» degan va'dasi miyamda charx uraverdi.
Ko'nglimning allaqaerida bezovtalik va ishonch o'zaro kurashardi. Bezovtalik shu ediki, men yaqindagina yo'l qo'ygan xatomni takrorlab qo'yishdan cho'chirdim. Ishonch esa bu qo'rquvni har gal siltab tashlar, meni oldinga intilishga undardi.
* * *
Ertasi kuni tong mahali uyg'ondim. Bu kun men uchun hayotimdagi eng quvonchli va baxtli kechishidan umidvor edim. Kelajak taqdirim qanday bo'lishi meni sira qiziqtirmasdi. Xayolimni, halovatimni o'g'irlagan sohibjamolga yetishish, uning eng yaqin kishisiga aylanish istagi hammasidan ustun edi. Shu lahzalarda o'zimcha go'yo qishlog'imga borib bor ovozda «Ko'rib qo'ylaring! Men ham baxtimni topdim! Uncha-muncha yigitning qo'li yetmaydigan yulduz bag'rimda nur sochib turibdi!» deya hayqirardim. Xayolan Susannani barcha yaqinlarimga, do'stu dushmanlarimga baravar ko'z-ko'z qila boshlagandim. Uning qanday javob qaytarishi haqida o'ylab ko'rmasdim. Dabdurustdan muhabbat izhorimni eshitgach, birdan o'zgarishi, lab burishi, yoki menga masxaraomuz nigoh tashlagancha ketib qolishi mumkinligi xayolimga ham kelmasdi. Hozirgi holatimda oddiy bir pistachi ekanim tamoman yodimdan ko'tarilgandi.
Mendek qishloqi yigit yonida zamonaviy kiyingan, qaddi-qomati ko'zni qamashtirgulik qiz savlat to'kib tursa, olis osmonlarda uchib yuradi. Quvonchdan, faxrdan bu yorug' dunyoga sig'maydi. Shunday lahzalarda hech narsani o'ylamaydi. Xuddi miyasi to'xtab qolgan kimsa kabi o'zini lol qilgan go'zalga tik boqadi. Tikilib, Olloh yaratgan husnu jamolni tomosha qilib to'ymaydi.
Men shomga yaqin bozor-o'charni yig'ishtirdim-da, oldindan kelishilgan joyga chopqilladim.
Qahvaxonaga yaqinlashib borardim-u, yuragim qinidan chiqqudek potirlardi. Xuddi tuni bilan she'r yodlagan maktab o'quvchisi kabi aytmoqchi bo'lgan gaplarimni yodaki takrorlardim.
Ha, agar muhabbatimni rad etmasa, meni kamsitmasa, orzularimni sarobga aylantirmasa, gap orasida qanchalar og'ir bo'lmasin, asosiy gapni so'rayman. Mayli, ustimdan kulsa ham baribir so'rayman. «Og'zi kuygan qatiqni puflab ichadi» deb bekorga aytishmagan. Mana shu savol mening hayot-mamotimni belgilaydi.
Xayriyat hali kelmabdi. Bu ayni muddao. Ungacha sal o'zimni bosib, titroqlardan, hayajondan xoli bo'laman.
Oradan o'n-o'n besh daqiqa vaqt o'tgach, Susanna kirib keldi. Egniga oppoq kofta, jinsidan yubka kiyibdi. Bu kiyim ham uning husniga husn qo'shibdi.
Dast o'rnimdan turdim-da, so'rashish uchun qo'l uzatdim.
— Yaxshi keldingizmi?
— Rahmat. O'zingiz yaxshimisiz?
— Yomonmas, — dedim sal o'ng'aysizlanib. — Sizni kuti-ib o'tirgandim.
— Xo'sh, menga qanday gapingiz boridi? — so'radi Susanna kulimsirab. — Aytavering, qulog'im sizda!
Bu savolni kutmagandim. Qiziq, ajnabiy ayollar dangal beraverarkan-da savolni! Boshqasi bo'lganda, to o'zim so'z boshlamaguncha jim kutib o'tiraverardi.
Hayrat meni yanada dadillantirdi. Tavakkal maqsadga o'ta boshladim.
— Ochig'i, — tutilibroq bo'lsa-da so'z qotdim. — Sizga ko'zim tushgandan beri tinchimni yo'qotganman.
— Yo'g'-e, — xandon otib kuldi Susanna. — Rostdanmi?
— Faqat ustimdan kulmang, iltimos! Shundog'am hayajonlanib ketayapman.
Susanna birdan jiddiylashdi.
— Uzr, ustingizdan kulmoqchimasman. Shunchaki… Qiziq-da!
— Siz sevgiga ishonasizmi? — so'radim undan. — Rostini ayting!
— Albatta, ishonaman, nimaydi?
— Aybga yo'ymang-u, lekin… Siz menga juda yoqib qoldingiz.
Susanna bu gapimni eshitdi-yu, yer chizdi. Uzun kipriklari odatdagidan tezroq pirpiradi. Beixtiyor lab tishlab bir muddat o'yga toldi.
Men bo'lsam adoyi tamom bo'layozgandim. Shu tobdagi ahvolim yolg'iz o'zim-u, Yaratganga ayon edi.
Tovonimdan sochimga qadar muz yugurib, vujudim titrardi.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™