Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:13
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (O'ttiz birinchi qism)

Added:admin (08.12.2017 / 23:37)
Rating:rating 800 article (0)
Reads:320
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan)
SUSANNA
* * *
Nargizani dafn etish uchun olib kelgan kunimiz bu maskan ko'zimga juda sovuq va fayzsiz ko'ringandi. O'shanda nuqul atrofga alanglar, do'mpaygan qabrlardan uzoqroq turishga uringandim. Jazava qurshovida qolgan kezlarimdagina bu dahshatlarni ilg'ashdan yiroq bo'ldim. Nigohlarim faqat marhum yostiqdoshimni qidirdi, quloqlarim unigina eshitdi.
Hozir esa qabriston hovlisida qator qabrlar oralab xotirjam ketib bormoqdaman. Yo'l-yo'lakay chiroqning xira yorug'ida qabrtoshdagi yozuvlarni o'qishga tutinaman. Ana, mana bu qabrda yotgan ayol ham Nargiza bilan bir kunda dafn etilibdi. Bechora! Hoynahoy bolalari chirqirab qolishgandir? Eri-chi? Nega men kabi yugurgilab kelmayapti? Yo kunduzi kelib xotinidan xabar oldimikan? E, bilganini qilmaydimi?!. Meni xotinim qiziqtiradi xolos. Hozir uning mehrga to'la ovozini eshitsam, tinchligini bilsam kifoya…
Nihoyat suyukligim yotgan qabrga yaqin qoldi. Hov o'sha aylana qabrlar orasida men uchun qadrdon, yuragimning bir parchasiga aylanib ulgurgan Nargiza bor. Men u qabrni raqamiga qaramasdan ham topa olaman.
— Nargiza-a! — baqirib yubordim to'satdan yuragim titrab. — Qaydasiz?.. Qaydasiz? Chiqsangiz-chi endi! Qiynalib ketdim-ku!..
Hayqirganim sayin ich-ichimdan oqib chiqayotgan faryod ko'z yoshga aylanib yuzlarimni ho'l qilib yuborgandi. Nuqul qaltirar, ikki qo'limni yuqori ko'targancha qichqirardim.
— Nega indamayapsiz? Sizni xafa qilgan yerim bormidi yo? Chiqi-ing!..
Bir mahal qorong'ilik qa'rida naq eshakday keladigan kattakon qora itga ko'zim tushdi. It chamasi mendan yigirma-o'ttiz qadamcha narida — Nargizaning qabri ortida turgandek edi. Ko'zlari yonardi.
Uning tap tortmasdan tek turganini, mendan ko'z uzmayotganini ko'rib battar tutoqdim.
— Vey, — baqirdim itga. — Yo'qol bu yerdan!.. Kimga aytyapman?
Ammo u o'rnidan jilmadi. Sukunat qa'rida irillab qo'yayotgani qulog'imga chalindi.
— Iflo-os!.. Qoch u yerdan! Xotinimni qo'rqitma! Men uni ko'z qorachig'imday asarishimni sen qaerdanam bilarding, hayvon?!.
Foydasi bo'lmagach, timirskilanib yerdan tosh qidira boshladim.
— Hali shunaqami? Zo'rligingni ko'rsatmoqchimisan menga? Hozir boshingga tosh tegsin, o'shanda bilasan!
Aksiga olgandek hadeganda tosh ham topila qolmasdi.
Qora it harakatlarimni qimirlamay picha kuzatdi. So'ngra vovillab jonholatda men tomon tashlandi.
Yaxshiki, qo'limga yo'g'on xoda ilindi. Xodani oldinga cho'zdim-u, itni savalashga shay turdim.
U mendan to'rt-besh metr narida taqqa to'xtadi-da, irillay boshladi.
— Ha-a, qo'rqdingmi, mahluq? — titroq aralash baqirdim. — Kelaver, olishamiz! Nega turib qolding? Men senga xotinimning qabriga yaqinlashishni ko'rsatib qo'yaman!
— Hoy bola! Enangni uyimi bu? Nimaga ayuhannos solyapsan?
Kutilmagan ovozni eshitib keskin ortimga o'girildim. Sal narida past bo'yli, sersoqol bir qariya turardi.
— Bu qanaqasi? — do'qlay ketdi qariya menga yaqinroq kelib. — Yarim kechasi qabristonda pishirib qo'yibdimi senga? Ie, hali mastmisan? Tavba, tavba, tavba! Astag'firilloh! O'zing kechir, Xudo!.. Vey, tez ket bu yerdan! Gunoh bo'ladi!
— Nimaga it meni qabrga yaqinlashtirmayapti? — dedim jazavaga tushib. — Nimaga itingizni boylab qo'ymaysiz? Kimsiz o'zi? Nimaga menga o'shqirasiz?
— Qanaqa it? Jinni-pinni bo'lganmisan sen bola?
— Qora it! Hozir mana shu yerdaydi. G'oyib bo'libdi yaramas.
— Esingni yeb qo'yibsan! Go'ristonda itga balo bormi? Menga qara, o'tir-chi manavi yerga!
Men itoatkorona qariya ko'rsatgan joyga cho'kdim. Shu ondayoq beixtiyor ko'nglim bo'shab ketdi. Tomog'imga nimadir tiqilgandek, bir necha marta yutindim-da, qo'llarim bilan boshimni changallab oldim.
Ko'ksimdan achchiq yig'i qanday otilib chiqqanini sezmadim. Silkinib-silkinib, xuddi yosh go'dak yanglig' o'ksinib-o'ksinib yig'lay boshladim. Qariya esa ikki yelkamdan mahkam siqqancha nuqul dalda berardi.
— Yig'la, o'g'lim, yig'layver!.. G'uborlaring chiqib ketadi. To'yib-to'yib yig'la!
Shu ko'yi bir necha daqiqa o'zimni tuta olmadim. Yig'lashim asnosida kayfim tarqagandek, ko'ngil ko'zim ochilgandek, dunyoni boricha idrok eta boshlaganimni his etdim. Nimalar qilib qo'yganimni anglaganim sari yuragim uvishib, xijolat va nadomat bag'rimni yemiraverdi. Yonimda o'tirgan qariyaning ko'zlariga tik boqishga o'zimda sira jur'at topa bilmadim.
— Kimni qidirib kelganding bu yerga? — so'radi qariya sal tinchlanganimdan so'ng boshimni silab. — Ota-onang shu yerdami? Yo biror yaqiningmi?
— Jufti halolim shu yerda yotibdi, — dedim yig'lamsirab. — Yaqinda joyiga qo'ygandik… U men bilan tez-tez gaplashib turardi. Ovozi shundoq quloqlarim ostida jaranglardi, ishoning!..
— Eh, bolam, bolam, — deya sekin o'rnidan turdi qariya. — Dardingni tushunaman, ha! Aytishadiki, «yo'qolgan buyumning qadrini buyum yo'qotgan ko'proq bilarkan». Senga oson emas. Lekin erkak kishi bardoshli, irodali bo'lishi kerak. Bo'lar-bo'lmasga dod solaverish ayollarga xos. Sen bo'lsang, g'irt mast bo'lvolib qabristonga kelibsan. Arvohlar ranjiydi-ku, axir! Qaysi kallaminan kelding, Xudo biladi… Endi-chi, bolam, ertaga kayfing tarqagandan keyin tahorat olgin-da, kelib zavjangning haqiga duo o'qigin! Ajabmas, duolaring ijobat bo'lsa. Lokigin bundan so'ng zinhor ba zinhor qabristonga mast holda kelmagin! Bu ishingni hech qachon Xudo kechirmaydi.
Qariyaga javoban nima deyishni bilmadim. Nima ham derdim? Gunohim bir dunyo. Mendek o'zboshimcha va battolni hozirning o'zida toshbo'ron qilib yuborishsa kam. Essiz! Shaxsiy ehtiyojimni deb kechirilmas gunohga yo'l qo'ydim. Oqibatda Nargizadan ham abadiy ayrilganim rost. Endi u mendan tamoman yuz o'giradi. Hamrohlari qarshisida rosa abgor bo'lgandir. Bo'lmag'ur, noshud er dastidan dod deyayotgandir. Nima qilib qo'ydim? Piyonistalarga qo'shilib ichkilik ichish menga xosmidi? Aslo. Nega qo'rqmadim? Etim seskanmadi? Hech qursa qalbim menga to'g'ri yo'l ko'rsatmadi. Nega? Endi bir umr har bosgan qadamimni afsus ta'qib etadimi? Qachon odam bo'laman?
Shunday o'ylar girdobida boshimni yerdan ko'tara olmagan holda o'rnimdan turdim.
Yo'q, aniq bilaman. Bu yerga hech qachon kela olmayman. Yuragim dov bermasligini sezib turibman. Hatto Nargizani o'ylashga ham haqsizman. Ha, men shunday jirkanch odamman!..
Ketish oldidan qariyaga yer ostidan o'g'rincha boqdim. U qabrlarga ma'yus tikilgancha o'y surardi.
Bir muddat ikkilanishlardan so'ng bir qadam ortga chekindim. Qariya darhol hushini yig'ib nigohlarini menga qadadi.
— Ha, bolam, ketyapsanmi? — so'radi hazin ohangda. — Aybingni anglab yetdingmi?
Men zo'rg'a boshimni ko'tardim-da, ketishga chog'lanib, so'nggi bor unga so'z qotdim.
— Kechiring, ota! Men noshud bandani kechiring!
* * *
Ertasi kundanoq o'zimni qo'lga olishga ahd qildim. Qabriston, marhumlar haqida o'ylamaslikka tirishdim.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™