Xayirli kun, Guest!
Soat: 18:10
Tavsiya qilamiz
MILLION JAMOASI KONSERT 2021
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (6-qism)

Added:admin (08.12.2017 / 23:36)
Rating:rating 799 article (0)
Reads:754
Comments:0
* * *
Sharqiy Berlinga o'tish unchalik muammo tug'dirmadi, u yoqdan bu yoqqa o'tishning hadisini olgan edim. Faqat poezdga chipta ololmadim. Chunki bironta hujjatim yo'q edi. Yonimdagi G'arbiy Germaniya pasporti esa shubha uyg'otishi mumkin. Shuning uchun poezdning jilishini kutdim. Nihoyat poezd qimirladi. Yugurib borib vagonlardan biriga chiqib oldim. Kuzatuvchi mening chiptam bor-yo'qligiga e'tibor ham qilmadi. Vagon ichkarisiga kirib olgandan keyin, kuzatuvchiga chiptamni hujjatlarimga qo'shib yo'qotib qo'yganligimni aytib, olib ketishini iltimos qildim. Avvaliga tixirlik qilib turgan kuzatuvchi rus yigiti beshta yuztalik dollarni ko'rgandan keyin rozi bo'ldi. “Faqat, — dedi u tirishgan basharasini battar tirishtirib, — chegarada birontasi xitlanib qolsa, men seni tanimayman, uqdingmi?” dedi. Rozi bo'lishdan boshqa ilojim yo'q edi. Shunisiga ham shukur qildim. Biroq endi joy topishim kerak. Axir, manzilga yetguncha tik turib ketolmayman-ku. Shu bois, yana kuzatuvchining yoniga bordim.
— Xo'sh, nima deysan? — dedi u aftimga bir qarab qo'yib, choyshablarni titkilarkan.
— Restoran qaerda? — so'radim maqsadga birdan ko'chmay.
— To'rtinchi vagonga bor.
Men unga boshqa hech narsa demay, aytilgan joyga ketdim. Restoran hali bo'm-bo'sh. Bir shisha aroq va ozgina yegulik oldim-da, stolga o'tirdim. Bir stakan ichganimdan keyin taranglashgan asabim yumshaganday, bosh og'rig'i susayganday bo'ldi. Harbiy xizmatga chaqirilganimdan ayni lahzagacha bo'lib o'tgan voqealarni birma-bir xayolimdan o'tkaza boshladim. Haqiqatan ham, mening ko'rganlarim qo'rqinchli tushdan farq qilmasdi. Albatta, Anna bilan o'tkazgan totli lahzalarni aytmaganda. Xudoga qaysidir bir amalim yoqqanki, shunday juvonni menga ro'para qilgan. Mabodo Natashaga o'xshagani duch kelganda bormi, bilmadim, hozir qaerda bo'lardim. Bechora Anna meni deb o'zini ne ko'ylarga soldi. Hatto xayrlashayotib, kuyunayotganini yashirib, jilmayishga harakat qildi. “Xat yozaman, har kuni. Seni hech qachon xayolimdan chiqarmayman”, dedi. Esiz, shunday mard, aqlli, farosatli, go'zal qiz kimlarningdir sariq chaqalik xohish-istagi yo'lida qurbon bo'layapti. Uning oldida men qo'rqoq, nomardman. Men, umuman, erkak degan nomga munosibmanmi o'zi? Qo'limdan qancha ish keladi, lekin bundan nima foyda? Anna men uchun jonini qurbon qilishga shay turibdi. Men-chi, uning uchun nima qildim?..
— Juda xomush ko'rinadimi, yigitning guli? — degan ovoz keldi qo'shni stol tomondan. O'girilib qarasam, ikkita qiz ovqatlanayotir. Ikkalasi ham harbiy kiyimda. Men ham jilmayib qarab qo'ydim-da, stakanga aroq quymoqchi bo'lib shishani qo'lga oldim, bo'm-bo'sh. Qachon hammasini ichib ulgurganimni eslolmayman. Biroq ichilgan aroq umuman menga ta'sir qilmagan edi. Nega ta'sir qilmadiykan, degan o'yda shishaga yopishtirilgan yorliqqa qarasam, nemislarning quvvati past arog'i ekan. O'zi mast bo'lish niyatim yo'q edi, shunchaki kayfiyatimni biroz ko'tarmoqchi edim. Shuniyam eplolmadim. Qaytanga kechmishim esimga tushib, ezilib ketdim.
— Yigitning bizga qo'shilish niyati yo'qmikan? — dedi qizlardan biri ikkinchisiga.
— Bor, — dedim men qizlarga qarab, — faqat sizlar taklif qilsanglar bo'ldi. Qanot bog'lab uchib boramiz-da.
— O-o, buni qarang-a, qanotingiz, ishqilib, bizdan nariga uchirib ketmaydimi? — dedi haligi qiz. Uning gapi nash'a qilib, dugonasi xoxolab kulib yubordi. Men esa lab-lunjimni yig'ishtirolmay, o'rnimdan turarkanman:
— Ushlab qolasiz-da, yaxshi qiz, — dedim.
Qizlar sho'xgina ekan. Yonlariga o'tirishim bilan biri aroq quyib uzatdi, ikkinchisi suzilibgina gazak tutdi. Men avval ularning ismlarini va qaerda xizmat qilishlarini so'radim. Aroq quyganining ismi Olya, dugonasining ismi Sveta, ikkalasi ham harbiy gospitalda hamshira ekan. Ularning xizmatlarini ko'klarga ko'tarib qadah so'zi aytdim. Ichgan arog'im tomog'imni kuydirib o'tdi. Darrov stol ustidagi shishaning yorlig'iga qaradim. Ruslarniki. Bu yog'i tushunarli.
Men o'zimni turkman yigitiman, deb tanishtirdim. Ismimni ham Erkinboy dedim. Umuman, bu qizlar o'zbek, turkman ismlarining farqiga borishmaydi. Shu bois, yolg'onlarimga chippa-chin ishonishdi. Faqat o'zlariga qulay bo'lishi uchun ismimni Erik, deya o'zgartirib olishdi. Albatta, o'zimning askar ekanligimni sir tutdim. Sayohatga kelganimni, Berlinni tomosha qilaman, deb sheriklarimni yo'qotib qo'yganimni, bunisi kamlik qilganday, o'zimizning poezddan ham qolib ketganimni biron tukim o'zgarmay gapirib berdim. Shundan keyin qizlarning mehri menga tovlandi. Hatto biroz achingan ham bo'lishdi. Men ular bilan ancha vaqillashib o'tirdim. Shisha bo'shadi, lekin men boshqa bir qultum ham ichmagandim. Buning sababi bor, albatta. Mabodo mast bo'lib qolsam, keyingi ahvolim maqtagulik bo'lmasdi. O'zi yurak hovuchlab ketayotgandim.
— Endi, — dedi kayfi ancha oshib qolgan Olya suzilgan ko'zini battar suzib, — bazmu jamshidni bizning kupeda davom etkazamiz.
Menga bu taklif moyday yoqib tushdi. Chunki o'z-o'zidan joy masalasi hal bo'lgan edi. Yugurib bordim-da, ikki shisha rus arog'idan sotib olib keldim. Biz bir-birimizga suyanib, bo'lgan-bo'lmagan gaplarni aytishib, qizlarning vagoniga ketdik.
Stol usti qizlarning o'z qo'llari bilan (ular menga shunaqa deb aytishgandi) pishirgan pishiriqlar bilan to'ldi. Yana aroq maydalana boshlandi. Endi qizlar mutlaqo o'zlarini erkin sezishar, Olya chap yelkamga, Sveta o'ng yelkamga osilib olgan. Bir mahal Olya yig'lab gapirishga tushdi. “Mening baxtim qaro, — dedi u ko'z yoshining oqishiga ham e'tibor qilmay. — Ersizman, o'zimga ma'qul er topolmayapman. Hamma yigitlar mendan qochadi. Men har kecha erkakning ko'kragiga boshimni qo'yib uxlashni xohlayman!” Sveta ikkalamiz uni avrab, o'ziga keltirib oldik. Shundayam u “Menga qo'shiq aytib berasizlar”, deb turib oldi. Men-ku, umrimda qo'shiq aytmaganman. Shunday bo'lsa-da, Sveta aytayotgan qo'shiqqa jo'r bo'lib, ovoz chiqarib turdim. Nihoyat, Olya uxlab qoldi.
— Xayriyat, — dedi dugonasining pishillab nafas olishini ko'rgan Sveta, — uxlab qoldi. Yo'qsa, anchagacha odamning boshini qotirardi. O'zi doim shunaqa, mast bo'lib qoldimi, bir narsalarni eslab yig'lagani-yig'lagan. Yaxshiyamki, bu safar oson qutuldim. Boshqa payt bo'lganda… Bechoraning dardi ko'p-da. Mayli, buni qo'ya turaylik. Ikkalamiz nima bilan shug'ullanamiz?
— Bilmadim, — dedim men yelka qisib.
— Qanaqasiga bilmaysan? Erkaksan-ku, aytishimning hojati bo'lmasa kerak. Bir narsani senga aytib qo'yay: biz harbiy xizmatdagi odammiz. Yayrash nimaligini bilmaymiz. Mana shunaqa, faqat yo'lda biroz erkin bo'lamiz, agar shundayam nizomga amal qiladigan bo'lsak, odamgarchilikdan chiqib ketamiz, shundaymasmi?
— To'g'ri, vaqtida dam olishni ham bilish kerak.
— Unda nima qilib o'tiribsan? Ikkita suqsurday qiz sen uchun hamma narsaga tayyor bo'lib turganda.
Ortiqcha gapga hojat qolmagandi. Shu bois tortinib o'tirmasdan ko'ylagimni yechdim…
Ertalab boshim og'rib uyg'ondim. Ko'zimni ochib biroz yotdim. Biroq ko'zlarim yana yumila boshladi. Chunki poezdning bir maromdagi “taraq-turuq”i alladay yoqardi.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™