Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:30
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (5-qism)

Added:admin (08.12.2017 / 08:39)
Rating:rating 794 article (0)
Reads:554
Comments:0
— Buni ko'mishimiz kerak, — dedi Natasha menga o'tkir nigohini tikib.
— Shu yergami? Uyiga, Vataniga olib bormaymizmi? — dedim men uning gapiga hayron bo'lib.
— Buning iloji yo'q, — dedi Natasha keskin. — Ertaroq ko'mishimiz kerak… Bo'lmasa kech qolamiz. Men mashina olib kelgandim. Seni kutib turuvdim. Axir, bir o'zim eplolmayman-da.
Men lom-mim demadim. Deyolmasdim ham. Agar gapirsam, ichimdan o't chiqib ketishi, bu o't qarshimdagi xonimchani kuydirib yuborishi tayin edi. Alamim, g'azabimdan tishlarimni g'ichirlatdim, xolos. Endigina o'n to'qqizga kirgan, orzulari xazon bo'lgan Mekiladzening jasadini choyshabga o'radim-da, ko'tarib tashqariga olib chiqdim. Natasha bu paytda mashina yukxonasini ochib turgandi. Jasadni yukxonaga joylab, rul tomonga o'tayotganimda, negadir kapotni ushlab ko'rgim keldi. Mashina kapoti muzday edi. Demak, yaqinda kelmagan. Mekiladzening o'limi avvaldan “bashorat” qilingan.
Tong otar mahal quroldosh do'stimni yerga topshirib qaytib keldik. Men, ehtiyot shart, uning ko'milgan joyini yon daftarchamga yozib qo'ydim.
Ikki kun hech qaerga chiqmay dam olganimdan keyin, yana Berlinga qaytib ketdim. Anna safarim samarali kechganidan xursand bo'ldi. “Men senga ishongandim. Qoyillatib bajarasan, deb o'ylagandim. Xuddi ko'nglimdagiday bo'pti”, dedi yuzimga labini bosarkan. Keyin Mekiladzening o'limidan gap ochib, qayg'umga sherikligini bildirdi.
Bir hafta karaxt ahvolda o'zimga kelolmay yurdim. Atrofimdagilarning hammasi dushmanday, payt poylab bo'g'zimga pichoq qadaydiganday tuyilaverdi. Holatimni ilg'agan Anna meni o'z holimga qaytardi. To'g'risi, o'shanda uning aqliga qoyil qoldim. Qayg'u, alamning davosi vaqt ekan. Vaqt o'tgan sari ko'nglimdagi shubha-gumonlar eskirdi. Yana ish kayfiyatim tiklandi.
“Yuqoridan” ketma-ket buyruqlar kelar, Anna ikkalamiz ularni peshma-pesh bajarardik. Umr esa qanot bog'lab uchadi. Nihoyat harbiy xizmat muddati oxirlab qoldi.
— Senga o'rganib qolgandim, ketsang qanday yashayman, bilmayman, — dedi bir kuni Anna kechasi ko'kragimga boshini qo'yib yotarkan. — Ayniqsa, hayotingdagi birinchi ayol bo'lganimni eslasam, qiynalib ketaman. Yo'qotgim kelmayapti seni hecham.
— Men ketsam, boshqasi keladi. O'sha bilan yashayverasan, xuddi men bilan yashaganingday, — dedim shiftga qarab yotarkanman.
— Jinnimisan, nimalar deyapsan? Men seni sevib qolganman. Shu meni qiynaydi, hech kimni seni sevganchalik sevmaganman.
— O'zing hamma narsaning davosi vaqt, deysan-ku. Vaqt o'tgandan keyin men sening xotirangdan izsiz yo'qolaman.
— Bas!!! — birdan qichqirib yubordi Anna. — Gapirma, iltimos, o'lib qolaman!
Annani bag'rimga bosdim. Zotan, men ham uni qattiq yaxshi ko'rib qolganimni anglab yetgan edim. Biroz o'tib, quchog'imdagi juvonning piqillab yig'lagani eshitildi. Men uning sochidan siladim, yuzidan, labidan o'pdim. “Yig'lama”, deya qulog'iga shivirladim. Biroq u o'zini bosolmadi. Yig'layverdi, yig'layverdi… Oradan bir soatlar chamasi vaqt o'tgandan keyingina uxlab qoldi.
Uyg'onganimda Anna nonushta tayyorlab qo'ygan ekan. Odatda, nonushta oddiygina bo'lardi: qaymoq, tuxum, choy va shirinliklar. Bu safar esa, dasturxon bayramona. Hatto shampan vinosi ham stolda qad rostlab turibdi.
— Tinchlikmi? — dedim hayratimni yashirolmay. — Qanaqadir bayrammi bugun?
— Bugun bayram emas, aksincha… Keyin bilib olasan, avval yaxshilab yuvinib kel-chi, — dedi Anna.
Uning amrini bajo keltirib, stolga o'tirdim-da:
— Stolni bunaqa bezash yaxshi, albatta, lekin ertalabdan ishtahang bo'lmasa, qanday yeysan, shunga mening aqlim yetmayapti, — dedim kulib.
— Ishtahangni shunday ochib qo'yayki, qanday yeganingni sezmay qolasan, — dedi Anna ham jilmayib.
Shampan vinosi qadahlarga quyilgandan keyin u bir muddat dasturxonga termilib turdi-da, so'ng xo'rsinib, sekin gap boshladi:
— Bilasanmi, hayotimda senga o'xshaganini hali uchratmaganman. Buni senga avval ham aytgandim. Shuning uchun sendan ayrilishim juda og'ir…
— Nimalar deyapsan, xuddi hozir men bir yoqqa ketaman-u, sen yolg'iz qoladiganday, — dedim uning gapini bo'lib.
— Iltimos, gapimni oxirigacha eshit. Keyin nima desang mayli. Bugun sen bilan ajrashadigan kunimiz. Ertaga sening o'rningga boshqasi keladi… Uff, gapni nimadan boshlashni ham bilmayapman. Men, mana, shu yerga kelganimdan beri to'rtta yigitni kuzatdim. Albatta, uyigamas… Borsa kelmaydigan tomonga… — shunday deya Anna bo'ynimdan mahkam quchoqladi. Uning ko'zidan oqqan yosh yelkamga tomdi, bildimki, u yig'lay boshladi. — Yigitlarning hammasi baquvvat, har qanday qiz orzu qiladigan yigitlar edi. Bari hayotni sevardi. Ammo ularning taqdiri… Qo'y, ular haqida gapirmayman. Hozir men bilan yaxshilab nonushta qilasan, ichasan, keyin ikkalamiz o'rmonga boramiz. U yerda bizni uch kishi kutib turibdi. Men seni tashlayman-u, ortimga qaytaman. Seni esa o'shalar otib o'ldirishadi. So'ng…
— Nega? — dedim a'zoyi badanim titrab. — Nima qildim ularga?
— Bilsang… bilsang… — dedi Anna yig'i aralash. — Ular buyruqni bajarishadi. Sen xizmatingni o'tab bo'lding. Endi keraging yo'q. Ko'p narsadan xabardor odamlardan voz kechiladi…
Men o'zimni bosolmay, Annaning yuziga shapaloq tortib yubordim. Shampan vinosini shishasi bilan ko'tarib icha boshladim. Vino shirin tuyildi.
— Bor! — deya Annaga baqirdim. — Yana bir shisha vino olib kel!
— O'zingni bos, — dedi Anna ko'zimga o'tkir nigohini qadab, — irodasizlik senga yarashmaydi.
— Menga nima yarashadi o'zi, ayt?! Nima?! Odam o'ldirish, to'shakda tinimsiz irg'ishlash va hamma xizmatlarim evaziga o'lib ketish yarashadimi? Jin ursin!
— O'zingni bos! — qichqirdi Anna. — Men sening tirik qolishingni istayman. Shunaqa ahmoqchilik qiladigan bo'lsang, bugundan ortmaysan!
Men boshimni egdim. Yig'lagim keldi. Taqdirimga la'natlar o'qidim. Million-million odamlar ichidan aynan men shunaqa taqdirga to'g'ri kelganim alam qilardi… Keyin o'ylab qarasam, Anna aytganidek, hozirgi ahvolim haqiqatan ham ahmoqgarchilikdan o'zga narsa emas ekan. Mendan oldingi yigitlar-ku, o'lishlarini bilishmagan, shuning uchun boshi qanday sirtmoqqa ilinganini sezmay qolishgan va indamay o'lib ketaverishgan. Mening hamma narsadan xabarim bor, nega endi kelib jonimni olishguncha qarab turishim kerak?!
— Nachora, — dedim Annaning yuziga jilmayib qarab. — Kattalarga mening jonim kerak ekan, topshirmasdan ilojim qancha?
— Bekorlarni aytibsan, — dedi birdan Anna, — men seni osongina topshirib qo'ymayman ularga. Seni topshirguncha, o'zim… Hoziroq chiqamiz-u, qochamiz. Hech qachon bizni topisholmaydi.
— Men umr bo'yi pisib-qochib yashashni istamayman, ular bizni yerning tagidan bo'lsayam topishadi. Yaxshisi, boshqacha yo'l tutsak…
Biz o'rmonni yoqalab oqadigan daryo bo'yiga yetib borganimizda soat kunduzgi o'n ikkilarga yaqinlashib qolgandi. Bu yerga birinchi kelishim. Juda so'lim, bahavo joylar. Hamma narsani xayoldan chiqarib, maza qilib dam olsa bo'larkan. Hatto shunday joyda ham qotilliklar ro'y berganiga ishonging kelmaydi.
— Bo'pti, mening vaqtim tugadi, — dedi Anna past ovozda, — seni Xudoning o'zi panohida asrasin.
Anna
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™