Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:26
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili (31-qism)

Added:admin (08.12.2017 / 08:24)
Rating:rating 791 article (0)
Reads:428
Comments:0
Rena cho'chib tushdi va birdan tizzamdan boshini oldi.
— Uxla… Uxla, — dedim shoshib.
— Suv tushganday bo'ldi, — deb u yuzini artdi.
— Senga shunday tuyilgandir, uxla.
U qayta tizzamga boshini qo'ydi. Sochlarini mehr bilan siladim. Yaxshiyamki uyg'ondi, yo'qsa o'yga cho'mib qancha ezilardim, bilmayman.
Ertasiga xiyobondan chiqib ketdik. Yotib turish uchun ijaraga uy olishimiz, so'ng ish topishimiz kerak edi. Axir shuncha yil yo'qolib ketganim kamdek, tag'in uyga quruq qo'l bilan bormayman-ku.
Kechga yaqin shaharning chekkasidan g'aribgina kulba topdik. Bir qari kampir yolg'iz o'zi yashar ekan. Avvaliga unamadi. “Bir o'zim ko'nikib qolganman. Oromimni buzasanlar”, dedi. Shunda Rena uni qo'ltiqlab, bir oz nariga yetaklab bordi-da, bir nimalar deb tushuntirdi. Shundan keyin kampir rozi bo'la qoldi.
Kulbada ikkita xona bor ekan. Bittasida kampir, ikkinchisida Rena ikkalamiz yashaydigan bo'ldik. Oyiga ikki yuz dollarga kelishdik.
Kechki payt kampir bizni mehmon qildi. “Boshqa hotamtoylik qilmayman, — dedi u. — Birinchi gal yaqinroq tanishib olaylik dedim-da”.
Ovqatlanish bahonasida gurunglashib o'tirdik. Kampirning aytishicha, eri bilan qirq yil turmush qurib farzand ko'rishmabdi. Shunda ham bir-birini yaxshi ko'rganliklari uchun yashayverishibdi. Kampir to'quvchilik fabrikasida ishlar, eri esa aravada odam tashirkan.
— Rahmatli bir umr arava sudradi, — dedi u ko'ziga yosh olib. — Yoshligida chaqqon, chayir edi. Avtobusdan ortda qolmasdi. Yo'lovchilarni bir zumda aytgan joyiga oborib qo'yardi. Kuniga uch yuz-to'rt yuz dollar topgan paytlari ham bo'lgan. Chet eldan kelgan boyvachchalarni shahar aylantirardi.
Kampirning shu gapidan so'ng Rena menga ma'noli qarab qo'ydi.
— Arava qaerda? — so'radim kampirdan.
— Saqlab qo'yibman. Sho'rlikdan yagona esdalik, meros.
— Menga berib turmaysizmi? Ishsizman. Ish topgunimcha eringizning kasbini qilib turardim.
— Beraman, — dedi kampir hech ikkilanmay, — xotining homilador ekan. Ishing bo'lmasa, qanday boqasan? Lekin bir umr aravakashlik qilish yaramaydi. Oxirgi paytlarda erimning oyoqlari shishib ketgandi. O'ziyam, shundan o'ldi… Aravaniyam ijaraga beraman. Oyiga ellik dollar to'lab tursang, yetadi. Albatta, boshida. Ozroq pul yig'ib olguningcha. Keyin yuzdan berasan.
Bajonidil rozi bo'ldim. Ajabmas, mening ham omadim kelib, chet ellik boyvachchalarni shahar aylantirsam.
Shu kuni maza qilib uxladim. Tong otib, quyosh endi chiqib kelayotgan pallada kampir uyg'otdi. Hovliga chiqsam, arava tayyor turibdi.
— Bo'l tez, — dedi kampir, — hozir hamma ishga boradi. Avtobuslar tiqilinch. Yo'lda moshina ko'p. Ishga yetib borguncha ikki-uch soat o'tib ketadi. Aravangni choptirib tortsang yarim soatda yetib olishadi.
Rena bilan xayrlashib, aravani sudrab chiqib ketdim. Kampir haq ekan. Markaziy ko'chalar mashinalarga to'lib ketgan, bitta chorrahadan o'tib olguncha ko'p vaqt ketadi. Men bo'lsam, yo'lakdan ketaveraman. Darvoqe, menga o'xshab arava sudrab yuruvchilar ham bisyor. E'tibor qilsam, aksariyati chet elliklar.
Birinchi mijozim qop-qora kostyum-shim kiygan, oppoq ko'ylagining yoqasiga bo'yinbog' taqqan, diplomatli o'ttiz yoshlardagi yigit bo'ldi. Uning ishxonasiga yetgunimizcha sakkiz kilometrcha yurdim. Yurmadim, yugurdim. Mijozim injiq odam ekan. Har soniyada: “Kechga qolayapman, tezroq yugur”, deb qichqirib turdi. Lekin yaxshigina pul berdi.
Tushdan keyin bitta olifta qizni shahar aylantirdim. O'ziyam taltaygan ekan. Labiga Gavana sigarasini qistirib olib, aravaning yumshoq o'rindig'iga yastanib o'tirdi-da, suqlanib shaharni tomosha qildi. Uch soatlar chamasi olib yurdim. Yugurmadim. Shahar katta, adog'i ko'rinmaydi, uning bo'lsa hali u ko'chaga, hali bu ko'chaga kirgisi kelib qoladi. Ishqilib, adashib ketmayin, uyni topolmay sarson bo'lmayin, degan o'yda har bir imorat, daraxt, yo'l bo'yidagi belgilarga e'tibor beraman.
Kechga borib, oyoqlarimdan darmon ketdi. Yurishga holim qolmadi. Ijara uyga zo'rg'a sudralib yetib oldim. Rena ahvolimni ko'rib yig'lab yuboray dedi.
— Oqsoqol maromiga yetkazolmagan ekan, — dedi oyoqlarimni uqalar ekan.
Birdan jahlim chiqdi. Axir, temir emasman-ku. Tirik jon bo'lganimdan keyin charchayman-da. Biroq Renaga hech narsa demadim. Qovog'imni uyib qarab qo'ydim, xolos.
Oradan to'rt-besh kun o'tib shaharni ancha bilib oldim. E'tibor qilsam, aravakashlar ko'pincha eski, tarixiy imoratlar, sayilgohlar atrofida turisharkan. Chunki bu yerlarda sayyohlar ko'p aylanib yurisharkan. Ular mahalliy aholiga nisbatan tuzukroq kira haqi berishadi, albatta. Biroq bu joylarning egalari bor ekan. Dastlab meni turtkilab ko'rishdi. Uchtasi baravariga kaltak yeganidan so'ng unlari o'chdi. O'shandan keyin topayotgan pulim ham ko'paydi.
Oradan to'rt oy o'tdi. Renaning oy-kuni yaqinlashgan, men faqat ertalab chiqib aravakashlik qilib kelardim. Bir kuni ancha vaqtdan beri qidirib kelayotgan odamlarimdan bittasini uchratdim. U oltmish yoshlarda, shlyapa kiyib olgan, ko'zoynak taqqan, yuzi nihoyatda sovuq edi. Aravaga minayotganida ko'ylagining ko'krak cho'ntagi ustida oltita nuqta borligini ko'rib qoldim. Agar bu nuqtalar birlashtirilsa, qirrali shakl hosil bo'lardi. Ichimda allaqanday g'alayon qo'zg'aldi. Hayajonlanganimdan oyoq-qo'lim titrab ketdi.
— Ibodatxonaga hayda, — dedi u aravaning yumshoq o'rindig'iga astoydil o'rnashib olganidan so'ng. “Ibodatxona” degan joyni ikki marta ko'rgandim. Shaharning janubi-sharqida. Odamlar ibodat qiladigan joy emas. Qaysidir milliarderning uyi. Aytishlaricha, u Yevropadagi qimorxonaga bir kirgandayoq milliarder bo'lib chiqqan ekan.
Taxminan ikki gektarcha joy oq marmar qoplangan devor bilan o'ralgan. Darvozasini ko'rsangiz, naq og'zingiz ochiladi. Shunaqangi chiroyli bezak berilganki, ta'rifiga til ojiz. Imorati juda baland.
Mijozni darvozagacha olib bordim. Biron soatlar vaqt ketdi. U tushayotib sadaqa berganday bitta ellik dollarni basharamga otib yubordi. Orqasidan g'azab bilan qarab qoldim. Biroz turib qoldim, shekilli, darvoza yonidagi qora ko'zoynakli, kostyum-shim kiygan ikkita barzangiday negr bezovtalandi.
— Nima qilib turibsan, qani, peshonangdan darcha ochib qo'ymasimizdan jo'nab qol-chi! — deb baqirishdi. Shunda o'zimga kelib, aravamni sudragancha ortimga qaytdim.
Talay muddat o'zimga kelolmay yurdim. U meni odam qatori ko'rmagani, qolaversa, cho'ntagi ustidagi olti nuqta xayolimni buzgan edi. Ich-ichimni nimadir kemirardi. Uyga borib Renaning holidan xabar olgach, chiroyli kiyinib, sochlarimni tarab, ortimga qaytdim. Xuddi avval bu yerdan ko'p yurib o'tganday darvoza yonidan o'tayotgandim, o'sha men aravada olib kelgan olti nuqtali tamg'asi bor odam ikki kishi bilan gaplashib chiqib qoldi. Men bu payt darvozaning to'g'risiga yetgandim. Oradagi masofa juda qisqa edi. Bashang kiyimda u meni tanimasa kerak deb o'ylagandim, lekin zehni o'tkir ekan, bir qarashdayoq aravakashligimni bilib, qorovul yigitlarga shivirlab bir narsa dedi.
— To'xta! — qichqirdi barzangilardan biri.
O'zimni eshitmaganga olib yo'limda davom etaverdim.
— Otib tashlayman, to'xta! —
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™