Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:34
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (Yigirma yettinchi qism)

Added:admin (07.12.2017 / 00:07)
Rating:rating 780 article (0)
Reads:321
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan)
«MENING RAFIQAM RAK EMAS!!!»
* * *
Bo'shashgancha yo'lakka chiqdim. Juda qo'rqardim. Bilib-bilmay Nargizaga vrach aytgan sirlarni oshkor etib qo'yishdan cho'chirdim. «Mana, hozir beixtiyor qovoq uyib yoki og'ir xo'rsinib qo'yaman-u, u gumonsiray boshlaydi. Meni siquvga olib haqiqatni aytishga majbur etadi» degan o'y miyamni kemirardi.
Bunday bo'lmadi. Nargiza ko'ksiga kaftini bosgancha behis o'tirardi.
Menga ko'zi tushib istamaygina o'rnidan qo'zg'aldi va qo'ltig'imga kirdi.
— Ha, namuncha uzoq qolib ketdingiz? — so'radi yo'l-yo'lakay.
Gap ohangida xavotir sezilmayotganiga amin bo'ldim. Demak, hech narsa bilan qiziqayotgani yo'q.
To'xtab, ikki yuzini kaftlarim orasiga oldim-da, zo'rma zo'raki jilmaydim.
— Vrach juda sergap odam ekan, — dedim ichimda ko'tarilib kelayotgan g'alayonni arang bosib. — Og'riq qoldiruvchi doridan qanday foydalanishni bir soat tushuntirdi o'ziyam.
— Qanaqa dori ekan o'zi? — so'radi Nargiza hanuz siniq ovozda. — Og'riqlarimni yo'q qilarmikan?
— Ha-da, og'riq qoldirib, sizni uxlatarkan. Mana, endi yaxshi bo'ladi.
— Rak degandir hoynahoy? Yashirmay aytavering!
Shunday deb Nargiza ko'zlarimga alamli nigohlarini tikdi. Bunga xotirjam qarab turishning imkoni yo'q edi. Bir muddat g'o'ldirab qoldim.
— Gapiring! — battarroq qistovga ola boshladi u. — Nima ekan? Rakmi?..
Tag'in majburan kulimsirashga majbur bo'ldim.
— Indamayotganimning sababini aytaymi? Hayron qolasiz.
— Ayting! — dedi Nargiza toqatsizlanib. — Iltimos, bo'la qoling!
— Opangiz haq ekan. — bu gapni o'z og'zimdan sug'urib olgandek bo'ldim. — Siz rak emassiz. Do'xtir «eskicha»dan bo'lishi mumkin dedi. Mana shu ukol kuchli ekan, tuzatarkan.
Nargiza avvaliga indamadi. Teskari o'girilib bir-ikki ingranib olgandan so'ng qaytadan menga yuzlanib, eshitilar-eshitilmas g'udranib qo'ydi:
— Eskichasiyam juvonmarg bo'lsin, iloyim!
* * *
Dunyoning mo''jizasi ko'p ekan. Yaqindagina odam bolasi chidab tura olmaydigan darajada hayqirib, dod solgan Nargiza bitta ukoldan so'ng tinchidi-qoldi.
Darddan forig' qilganimdan mamnunligi shundoq ko'z qarashlaridan sezilib turdi. Dard nari chekingan kezlarda o'zicha menga atab muhabbat haqida she'rlar o'qiydigan, charchagan mahali yelkamga bosh qo'ygancha uxlaydigan bo'ldi.
Uning joni orom ola boshlaganini, quvnoq lahzalarga oshno bo'layotganini, mayin jilmayishlari, ilgarigidek hazillashib «domlajon» deya erkalashlarini ko'rib sevinardim. Tabiatan unutuvchanligim sabablimi, Nargizaning chehrasi ochilganini ko'rgach, Olim akaga bo'lgan nafratim, aldanish alamlari yodimdan ko'tarilgandek edi. Juftimdan aylanib-o'rgilib, unga mehr ko'rsatib charchamasdim.
Shunday kunlarning birida kvartira eshigi bezovta taqilladi. Nargiza karavotda o'tirgancha Navoiy g'azallarini mutolaa qilar, qur-qur kitobdan bosh ko'tarib, menga erkalangannamo kulib qo'yardi.
Eshik taqillashi uni birdan hushyor torttirib, shosha-pisha qo'lidagi kitobni yostiq orasiga berkitdi va o'ringa cho'zildi.
— Iltimos, borib eshikni oching, — shivirladi Nargiza rangi oqarinqirab. — Opam keldi. Tezroq bo'ling!..
Men ham yuragim uvishib yo'lakka chiqdim-da, tashqari eshikni ochdim.
Haqiqatan Sohiba opa ekan. Men bilan salomlashdi-yu, qo'lidagi paketni qo'limga tutqazib, Nargiza yotgan xonaga o'tdi.
— Voy, oposhmisan? — karavotning bir chetiga o'tirib singlisini quchdi Sohiba opa. — Hech qaering og'rimayaptimi?
Nargiza boshi bilan «yo'q» ishorasini qildi va menga sirli ko'z tashlab qo'ydi.
— Xayriyat, tabibning kuf-suflari kor qipti, — dedi Sohiba opa menga g'alatomuz qarash qilgan bo'lib. — Aytgandim-ku senga! Senga ilmi-a'mal qilgan o'sha pes kelin. Mana, duolar kuchini ko'rsatibdi. Men bugunoq tag'in chaqiraman o'sha tabib yigitni. Bostirib-bostirib o'qitvoramiz. Ko'rmaganday bo'p ketasan.
— Kerakmas o'sha tabibingiz, — Nargiza menga bir ko'z qisib qo'ydi-da, boshini egdi. — Kuyovingizdan qo'ymasin!
— Nima? — Sohiba opa beixtiyor sergaklanib men tomon yuzlandi. — Nima bo'ldi o'zi? Kuyovim nima karomat ko'rsatdi? Munday tushuntiribroq gapirsang-chi, Nargiz?
Nargiza inqillab o'rnidan qo'zg'aldi va «aytsammi, aytmasammi» degandek bir muddat ikkilanib qoldi. Biroq Sohiba opa o'y surishga qo'yadigan holda emasdi.
— Nima balo? Ikkovlaringam mum tishlab olganmisizlar? Nima gap?
— Biz… Do'xtirga bordik, — dedi nihoyat Nargiza. — Professor zo'r ukol yozib berdi.
— Nima?.. Nima deding? Yana bir qaytar!
— Menga ukol yozib berishdi deyapman.
Sohiba opa bu xabarni eshitib bezovtalanib qoldi. Menga bir o'qrayib oldi-da, xonani bir necha marta asabiy aylanib chiqqan bo'lib, yana men tomon o'girildi.
— Rahmat, sizga, kuyov, ming rahmat! — deya baqirdi kinoya aralash. — Singlimni olib berdim, to'yingizni o'tkazib berdim, ko'chada qoldirmadim. Bu menga bildirgan tashakkuringiz-da-a? «Senam odammiding» deganingizda-a bu?..
— M-men nima qildim? — yelka qisdim garchi qaynsinglimning minnatlari yuragimga tig'dek sanchilgan bo'lsa-da, o'zimni bosib. — Men… Singlingizni og'riqlardan xalos qildim xolos.
— Singlim rakma-as! — endi bor ovozda qichqirdi Sohiba opa. — Eshityapsizmi, rakma-as!.. Nimaga do'xtirma do'xtir sudraysiz uni?
— Opa, kuyovingizda ayb yo'q, — oraga tushdi Nargiza o'tirgan yerida. — Nimaga uni urishyapsiz? Men iltimos qildim do'xtirga oboring deb!
— Hali…
Sohiba opani kutilmaganda titroq tutdi. Rangi bo'zarib, nima qilishni bilmay qoldi. Goh singlisiga, goh menga nafrat aralash nigoh tashladi. O'zini xotirjam tutishga kuch topa olmay, boshini changallagancha polga o'tirib qoldi.
Shu ahvolda bir necha daqiqa sukut saqlagach, dast o'rnidan turib qo'liga ro'molini ildi va so'nggi bor ikkalamizga g'azabnok tikilib turib «Bu kuningdan battar bo'llaring» deya alamli shivirladi-yu, yo'lakka chopdi.
Afsuski, qaynsinglimning bu qilig'i Nargizaga og'ir botgandi. Ancha vaqtgacha o'ksinib yig'ladi. Qancha yupatishga urinmay, foydasi bo'lmadi. Qo'l cho'zdim deguncha meni siltab tashlab yig'layverdi. Shu orada dorining kuchi ketdimi, yig'i dod-voyga ulandi. Endi zudlik bilan navbatdagi ukolni qilmasam bo'lmasdi.
* * *
… Oradan ikki oy vaqt o'tdi. Borgan sari ukol ta'siri sustlashib borar, poliklinikadan dori tashib ulgurmasdim.
Sohiba opa ham o'z bilganidan qolmadi. Ikki oy ichida har hafta turli tabiblarni yetaklab kelib, dam soldiraverdi. Lekin foydasi sezilmasdi. Nargiza holdan toydi. Rangi oqarinqirab, bo'lar-bo'lmasga injiqlanadigan, og'riqlar boshlanganda hech kimni yaqiniga yo'latmaydigan bo'lib qoldi.
Kvartira uning opa-singillari, jiyanlari bilan to'lgandi. Qaysidir biri Nargiza yoqtirgan ovqatni pishirib, og'ziga tutishga urinar, kimdir kir yuvish, xonalarni supur-sidir qilish bilan band edi.
Sezishardi. Nargizaning ahvoli, qismati barchalarini hushyor torttirib
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™