Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:32
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 3 Keyingi »

O'limga mahkum qilinganlar (1-qism)

Added:NewsMaker (06.12.2017 / 17:30)
Rating:rating 777 article (0)
Reads:1036
Comments:0
Tinimsiz yog'ayotgan jala ust-boshimizni shalabbo qilib yubordi. Ayniqsa, ustimizdagi shinel tobora og'irlashib, yelkamizdan bosar, nam badanimizgacha o'tib ketgan, sovuqdan iyaklarimiz qaltirar edi. Lekin biz joyimizdan jilmasdik. Ataylabdan qilinganmi yoki unutilib qoldikmi, ishqilib, yomg'ir ostida suvga tushgan mushukday turar edik. Qiziq, o'zimizning shahardan samolyotga chiqayotganimda havo ochiq, quyosh qizdirar, bitta ko'ylakda ham odam jiqqa terga botar edi. Bu yerda esa, butunlay teskarisi…
Oradan chamasi yana yarim soatlar o'tib kazarmadan chiqib kelgan ofitser har birimizni yoniga chaqirib aft-angorimizga sinchiklab qarab oldi-da, so'ng kazarmaga kirishimizni buyurdi.
Kanselyariyada bizni sariq mo'ylovli, boshi xumday, bo'yi ikki metrlar chamasi, mundiri ozoda, etigi yaltiragan kishi kulib kutib oldi. Uning kulgisi juda boshqacha, mayin edi-yu, lekin odamning vujudida titroq uyg'otardi. U har birimiz bilan qo'l berib ko'rishdi-da:
— Mening ismim mayor Batinkov Vladimir Anatolyevich, bundan bu yog'iga, to harbiy xizmatni tugatgunlaringcha sizlar bilan birga bo'laman. Xarakterim, ish uslubimni yo'l-yo'lakay, ya'ni xizmat davomida bilib olasizlar. Eng avval sizlarga shuni alohida ta'kidlab aytmoqchimanki, bizning bo'linma boshqa harbiy qismlarga umuman o'xshamaydi. Shuning uchun sport bilan jiddiy shug'ullangan yigitlargina bu bo'linmaga qabul qilinadi. Yana sportning ham uncha-muncha turi emas, karate, dzyudo, boks bilan shug'ullanganlar. Umuman, bizga bular ham kam, maxsus tekshiruv eng asosiysi hisoblanadi. Siz, hurmatli do'stlarim, ana shunday sinovlarning hammasini ortda qoldirib keldingiz, buning uchun men sizlarni tabriklayman! — deb mayor yana bir boshdan har birimizning qo'limizni siqib chiqdi. Hamma qatori men ham juda xursand edim…
Shu kuni bizni o'z holimizga qo'yishdi. Xizmatga kelgan yosh askarlar bir-birimiz bilan tanishdik. O'n besh kishining uchtasi rus, qolganlar boshqa millat vakillari ekan. Bizning O'rta Osiyo tomonlardan mendan bo'lak hech kim yo'q. Yaxshiyam, tuman markazida yashaganim, aks holda, bu yerdagilar bilan umuman gaplasholmasdim. Chunki qishloqda bo'lganimda rus tilidan oqsardim.
Ertasiga bizni Ratenov shahridan o'ttiz kilometr uzoqlikdagi o'rmonga olib ketishdi. Yo'l-yo'lakay “ded”lar bilan qanday muomala qilishimiz haqida kelishib oldik. Ammo bekor tashvishlangan ekanmiz. Borgan joyimizda uchta ofitserdan boshqa hech kimni uchratmadik. Ha, endi bu yog'iga o'zimiz xon, ko'lankamiz maydon bo'lib yashaymiz, deb o'ylagandik. Yo'q, chuchvarani xom sanaganimiz ertasigayoq ma'lum bo'ldi.
Ertalab soat oltida kalta ishtonda tashqariga olib chiqishdi-da, yalangoyoq yugurtirishdi. Umuman, yoshligimdan yugurishni yaxshi ko'rganligim bois, qiyinchilik sezmadim. Faqat ertalabdan muzday yerga oyoq qo'yish yoqmasdi. Buning ustiga, o'rmon ichidagi nam qumda yugurish ham bir muncha qiyinchilik tug'dirarkan. (Men Germaniyaga uchib kelishimizdan avval bu joylarning yerini o'zimiznikiga o'xshagan tuproqli bo'lsa kerak, deb o'ylagandim. Biroq bu yerda tuproqning o'zi yo'q ekan. Hammayoq qop-qora qum).
Butun boshli o'rmonni yugurib o'tganimizdan so'ng kichikroq anhorga duch keldik. Starshinaning buyrug'iga binoan, o'zimizni suvga otdik. Suv ham, baxtga qarshi, muzday ekan. Tovuqqa o'xshab hurpayib qoldik. Keyin suvdan chiqib, yana ortga yugurib qaytdik. Ikki qavatli qizil g'ishtdan nihoyatda pishiq qilib qurilgan (hayronman, tuproq bo'lmasa, g'ishtni nimadan tayyorlashgan?) kazarmaga yetib kelganimizdan keyin ma'lum bo'ldiki, yoshligimizdan sport bilan qancha shug'ullangan bo'lmaylik, baribir hali xom ekanmiz. Kazarma yonidagi sport maydonchasida yana turli mashqlarni bajarib, rosa holdan toydik.
Nonushtadan so'ng siyosiy o'quv boshlandi. Kechagidan farqli o'laroq, havo ochilib ketgan, quyosh nuri derazadan yog'ilib turar, odamni uyqu bosardi. O'zimni sergak tutishga qancha harakat qilmay, baribir, ko'zim yumilib ketaverardi. Bir mening uyqum kelayaptimi, deb atrofimga nazar solsam, boshqalar ham esnar, ba'zilar boshini stolga tashlab, yotib olgandi. Bir payt:
— Hamma o'rnidan tursin! — degan buyruq yangradi. O'rnimizdan sapchib turdik-da, tek qotdik. — Ikkinchi raqamli kiyimda tashqarida saflaning!
Birinchi kuniyoq bizga to'rt xil kiyinish haqida ma'lumot berishgandi: birinchisi — faqat kalta ishtonda, ikkinchisi — shim va etikda, uchinchisi — shim, etik va XB (ipak yoki paxtadan tayyorlangan ko'ylak, kostyum), so'nggisi esa, hamma kiyimlar ustidan shinel kiygan holatda.
— Siyosiy dars o'tilayotganda uxlaganingiz uchun jazo sifatida besh chaqirim yugurasizlar! Safni buzmasdan. Basharti birontangiz orqada qolib ketsangiz, yana shuncha masofa qo'shiladi.
Yugurish boshlandi. Bizni bunday jazoga mubtalo qilgan uyqu birpasda uchdi. Taxminan to'rt chaqirimgacha biz leytenant aytganday yugurdik, biroq keyin Mekiladze degan gruzin yigit oyog'i chalinib yiqilib tushdi. Biz esa, unga qaramay, yugurishda davom etdik. Bu bizning yo'l qo'ygan xatomiz edi. Yiqilgan sherigimizni tashlab ketganligimiz uchun yana besh ming metrga yugurish jazosi belgilandi. Boshqalarni bilmadim-u, ammo men adoyi tamom bo'ldim. Oxirgi metrlarni ana yiqilaman, mana yiqilaman, deya zo'rg'a bosib o'tdim.
Bir haftalik harbiy xizmat shu tariqa o'tdi. Keyin ko'nikib ketdik. O'shanda bizga kun bo'yi yugurasizlar, deyishganda ham bo'yin tovlamasdan yuguraverardik.
Germaniyaning ob-havosi g'alati ekan. Tushgacha quyosh charaqlab turadi-da, keyin birdan jala quyib qoladi. Ikki soatlardan so'ng yomg'ir to'xtab, yana havo ochilib ketadi.
Yomg'irdan keyin quyosh nurlari atrofni yashnatib yuboradi. Menimcha, bu yerda ham bulbul bo'lsa kerak — oftob bulut orasidan bo'y ko'rsatayotgan mahal daraxt shoxlari orasida dilkash xonish yangraydi. Bu ovoz o'zimizning bog'lardagi bulbulning sayrashiga juda o'xshab ketadi…
Oradan bir oy o'tib, qasamyod qabul qilganimizdan so'ng, haqiqiy xizmat boshlandi. Qo'l jangi, dzyudo, karate kabi sport turlarini mashq qilardik. Shuningdek, bizga nemis tili juda chuqur o'rgatilardi. Hatto tilni yaxshiroq o'zlashtirishimiz uchun shaharga onda-sonda birorta ofitser hamrohligida chiqib, nemislar bilan gaplashishga izn berilardi. Mayor Batinkovning aytishiga qaraganda, olti oydan keyin G'arbiy Germaniyaga borishimiz va u yerda hozirgi olgan bilimlarimizni qo'llashimiz lozim bo'larkan. Odam zoti hamma narsaga ko'nikuvchanligini o'sha kezlarda his qilgandim. Bo'lmasa, bunaqangi og'ir mehnatga odamzodning dosh berishi qiyin-ov!
Ko'p o'tmay kuchga to'ldik, komandirimiz buyruqlarini u aytganidan-da yaxshiroq bajara boshladik. Shundan keyin sezish qobiliyatimizni kuchaytirish mashqlari boshlandi. Asalari qutilari keltirilib, bizni yalang'och qilishib, a'zoyi badanimizga asal surishdi. So'ng arilar makoniga “sayohat” uyushtirishga majburlashdi. To'g'risi, bunaqangi baloyi ofatdan omon qolish dargumon. Har tomondan yuzlab arilar shunaqangi yopirildiki, na qochib, na ularni urib o'ldirib qutulasan. Yaxshiyam, har bir askar bor-yo'g'i uch daqiqadan bu ajal komiga qo'yildi,
Download txt | fb2
1 2 3 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™