Xayirli kun, Guest!
Soat: 18:14
Tavsiya qilamiz
MILLION JAMOASI KONSERT 2021
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili(26-qism)

Added:NewsMaker (05.12.2017 / 18:32)
Rating:rating 768 article (0)
Reads:389
Comments:0
Men Renaga javob qilmasdan: “Akula bizni chetlab o'tib ketarmikin?” — degan xayolda undan ko'zimni uzmay tikilib turaverdim. Lekin yirtqich boshqa tomonga burilay demas, to'g'ri ustimizga bostirib kelardi. Biror chora ko'rmasam, qayiqni ikkiga bo'lib, men bilan Renaga qo'shib bolamizni ham nobud qilishi aniq. Shatakka olingan kichik qayiq ustiga sakrab tushdim-da, qilichimni qinidan sug'urdim.
— Avval manavini sinab ko'r, uchi zaharga botirilgan, — deya Rena kamonni menga irg'itdi.
Orolda kamon otish mashqining hadisini olgan edim. Ko'p hollarda nishonni bexato urardim.
Otilgan o'q akulaning ko'rinib turgan qanoti yoniga tushdi, aniq mo'ljalga tekkan-tegmaganligini bilolmadim. Shu bois, yana bir marta kamon ipini cho'zdim. Ikkinchi o'q ham mo'ljalga bordi-yu, biroq akula to'xtamadi. Demak, o'qim tegmagan yoki ta'sir qilmagan.
Kichik qayiqni kattasidan ajratdim-da, akulaning ro'parasiga suzib bordim. Endi bu yog'i xudodan edi: agar yirtqich meni yengsa, Rena ham sog' qolmaydi. To'g'ri, u jangda mendan ustaroq-ku, ammo hozir homilador. Qaltis harakat qilishi mumkin emas.
Xayolimda akulaning harakati susayganday edi. Ko'nglimda balki u yengilishini bilib iziga qaytar, degan umid tug'ildi. Biroq yirtqich ortiga qaytmadi. Battar tezlashdi. Menga yetishiga besh, to'rt, uch, ikki… va nihoyat bir metr qoldi. Shu mahal men u tomonga sakradim. Bunday harakatni kutmagan shekilli, akula men o'tirgan qayiqqa o'zini urdi. Men esa uning ustiga tushayotib, qilichimni bandigacha orqasiga suqib yubordim-da, yoniga bosgancha suvga quladim.
Qilich nihoyatda o'tkir edi. Yirtqichni deyarli ikkiga bo'lib yubordi. Lekin u osonlikcha jon taslim qilmadi, meni dumi bilan urib yuborishga ulgurdi. Bir muddat karaxtlandim. Oyoq-qo'lim o'zimga bo'ysunmay, suvga cho'ka boshladim. Xudoning rahmi keldimi, har qalay, soniyalar ichida o'zimni o'nglab, tezda yuzaga suzib chiqdim. Suv yuzida hali qon singib ketmagan, ancha yoyilgan ekan. Yirtqich ko'rinmasdi. Demak, uni o'ldirganman. Padar la'nati cho'kib ketgan.
Xavotirlanib Rena o'tirgan qayiqqa qaradim. Ko'rdim, u tik turibdi. Qonli suvdan ko'zini uzgani yo'q. Qo'limni yuqoriga ko'tardim. Shundagina u meni ko'rdi, shekilli, birdan o'tirib oldi. Agar uning o'rnida bizning qishloq qizlari bo'lganida, dod-faryod qilib dunyoni boshiga ko'tarardi. Bularning esa, xavotir olganiyam, qo'rqib ketganiyam bilinmaydi.
Endi suza boshlaganimda, o'ng qo'lim qattiq og'rib ingrab yubordim. Yirtqich yomon urganga o'xshaydi. Bir qo'llab suzish og'ir. Rena ahvolimni sezdi va qayiqni shu tomonga burib eshkak eshdi.
Qayiqqa chiqqanimdan so'ng Rena bo'ynimdan mahkam quchoqladi. Yelkamdagi og'riqdan ingrab yubordim.
— Nima bo'ldi? — so'radi Rena va shosha-pisha kiyimlarimni yechdi. Yelkam shishibdi. Qiz bechora qayiqning orqa tomonidagi latta-puttalar orasidan sochiq oldi. Darvoqe, oroldagilar qayiqqa besh-olti kunga yetadigan yegulik, kiyim-bosh, sochiq, toza suv va yana allambalolar yuklashgandi.
Rena badanimni sochiq bilan yaxshilab artgandan so'ng, qo'limni silagan bo'lib, siltab qattiq tortdi.
— Imm! — deya ingrab yubordim. — Nima qilayapsan?
— Qo'ling chiqibdi.
U yuzimdan cho'lpillatib o'pdi-da, yelkamning shishgan joyiga qandaydir yog' surtdi. Tanamning boshqa a'zolari lat yegan-emaganini tekshirdi. Keyin meni g'alaba bilan olqishladi. Uning gapiga qaraganda, yirtqich men tomonga dumini bir siltabdi-yu, g'arq bo'libdi.
— Seniyam o'zi bilan cho'ktirib ketdi, deb qo'rqdim. To'g'risi, juda qaltis sakrading, ozgina kutishing, shundan keyin uning ustiga o'mbaloq oshib tushib, qilich solsang bo'lardi. Sen esa…
— Baribir yengdim-ku, — dedim men tirjayishga urinib.
Akula bilan to'qnashuvdan keyin Rena orolini bir oz unutdi, ochilib gaplashib o'tirdi, tamaddi qildi, menga ham ovqat yedirib qo'ydi.
— To'xta, — dedim men oradan biror soatcha o'tganidan so'ng, — nega haliyam bir joyda turibmiz? Akulalar qonni tez payqaydi, deb eshitganman. Bittasidan qutulib, boshqalariga tutilib qolmaylik tag'in.
Rena jilmaydi. Uning tabassumi biram go'zal ediki, ayniqsa, kun botarda, quyosh qizg'ish nurlarini sochib turganda uning chehrasi ochilib ketgandi. Ko'zlaridan cheksiz mehr balqib turardi. Agar Renani birov bilan jang qilayotganida ko'rsangiz, uni hecham mehribon deb o'ylamaysiz. Badjahl, qaysar, erkakshoda, qo'pol, degan xayolga borasiz. Lekin hozir ojiza, ko'rkam ayolda neki nazokat, nafosat bo'lsa, bari Renada mujassam.
U eshkak eshib menga yordamlashmoqchi bo'ldi. Ochig'i, toliqqandim. Garchi yelkamning shishi tez qaytgan esa-da, o'ng qo'lim kuchsizlanganday edi, nazarimda. Shunday esa-da, Renani eshkak eshishga qo'ymadim.
— Endi dam olamiz, yo'qsa yo'ldan adashib, aylanib-aylanib yana orolga qaytib borib qolamiz, — dedim men.
— Hov anavi yorug' yulduzni ko'rayapsanmi? — dedi Rena qo'lini osmonga cho'zib. — Uning oti “Bezmamur”, g'arbdan chiqadi. Shuni mo'ljal qilib ketaversak adashmaymiz.
— Demoqchisizki, xonim, tonggacha tinim bilmasligimiz kerak.
— Evaziga kunduzi dam olamiz. Hozir esa eshkakni men eshaman.
— Senga mumkin emas.
— O'zimni zo'riqtirmayman. Xavotir olma.
Rena aytganiday atrof yorishib, yulduzlar o'chgunga qadar navbatma-navbat eshkak eshdik. So'ng uxladik. Quyosh tikkaga kelganida uyg'onib tamaddi qildik. To'g'risi, bir tekis mavjlanib turgan ko'm-ko'k suvni tomosha qilishning zavqi boshqacha edi, lekin uning chek-chegarasizligi, dovul turib ummonning vahimali chayqalishini o'ylasang, yuraging orqaga tortib ketadi. Safarga otlanganimizga ham bir kun bo'ldi. Hozircha okean sokin. Ishqilib, shunday bo'lib tursin.
Renaning savollari borgan sari ko'paydi: “Yashaydigan joylaring qanaqa?”, “Uylaring qanday qurilgan?”, “Oilalaringda necha kishisizlar?”, “U tomonlar issiqmi, sovuqmi?”, “Odamlar ko'pmi?” va hokazo. Bariga batafsil javob bergunimcha naq ikki soat o'tdi. Keyin u:
— Sevgan qizing bormi? — deb so'rab qoldi.
Nima deyishni bilmay kalovlandim. “To'g'risini aytsam, xafa bo'lib qoladimi?” — deya xavotirlandim. Aldasam, qishlog'imizga borgach, hammasidan xabar topib, keyin bir umr ko'nglidan chiqarolmay yurishi ham mumkin.
— O'zing nima deb o'ylaysan?
— Albatta, bo'lgan. Sen qizlarning ko'ziga yaqin yigitsan. Ochig'ini aytaver, hecham xafa bo'lmayman.
— To'g'risi, senga nima deyishni bilmayapman. Agar sevganim bor edi desam, yolg'on gapirgan bo'laman. Birga o'qigan…
— Kim o'qitgan?
— O'qituvchilar.
— Oqsoqolga o'xshaganmi?
— Nima desam ekan? Ha, shunga o'xshagan.
— Kelganingda hech baloni bilmasding-ku. Yugurishni ham eplolmasding.
— Biz boshqacha o'qiganmiz. Hech maktab deb eshitganmisan?
— Gongkongda, Yaponiyada, keyin Xitoy degan joyda yaxshi maktablar bor, degan oqsoqol. Ularda o'qib chiqqanlar juda yaxshi urishisharkan. Lekin baribir biznikiday mukammal emas, deyishadi.
Men kulib yubordim. U xuddi yosh bolalarday soddadil edi. Ochig'ini aytsam, orolga borganimda men ham xuddi Renaday sodda edim. Har narsaga hayratlanib qarardim. Balki buni chaqaloq bilan qiyoslasa bo'lar. Bundan besh yil burungi voqealarni eslasam, o'zimni go'dakday
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™