Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:34
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 3 Keyingi »

AROSAT… (Yigirma uchinchi qism)

Added:NewsMaker (05.12.2017 / 00:08)
Rating:rating 763 article (0)
Reads:467
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan)
DARDKAShLAR
* * *
Vaqt kunduzgi soat o'n ikkidan o'tganda, qariya harsillagancha kirib keldi. Qo'lidagi yelim xaltachani ayvonga qo'ydi-da, bizni birpas kuzatgan bo'ldi. Shu asnoda negadir bir necha marta norozi bosh chayqab oldi.
Biz unga qaraydigan ahvolda emasdik. Vanya amaki bilan oldinma-ketin kartoshka joylangan qoplarni orqalab podvalga chopardik.
— Haliyam yarimlatmadilaringmi? — qichqirdi qariya, nihoyat. — Vey, insof bormi o'zi senlarda? Kun yarimlab bo'ldi-ku! Nimaga qoplar yengillamagan?
Vanya amaki toliqqan belini tiklab, vajohat bilan uy egasiga yaqinlashdi.
— Qorin ochdi! — dedi u xirillab. — Qani ovqat?
— E, kelib-kelib senlarniyam ishga opkelamanmi? — qariya qo'l siltagancha ayvondan yelim xaltacha olib keldi. — Ma, pirajka olib kelganman. Yeb ollaring zahringga!..
— Vey, ota, — dedi Vanya amaki toqati toq bo'lib. — Haddingizdan oshmang! Mendayam bor o'sha jahl!
— Bo'pti, bo'pti, — gapni kesdi qariya. — Tezda manavilarni yeb ollaring-da, ishga tush! Hademay kech kiradi…
Mana buni o'lganning ustiga tepgan desa bo'lardi. Qariya keltirgan pirajkalar go'yo muzga aylangandi.
Na iloj? O'z uyimizda emasligimizni ikkalamiz ham yaxshi bilamiz.
Qo'limizga bittadan pirajka olib, bir-ikki tishlagan bo'ldik. Yo'q, bunday og'ir yumushni bajaradigan odamning sovigan pirajka yeyishi sira aqlga sig'maydi.
Men-ku, indamay qo'ya qolardim. Har qalay, ishlayotganimdan, och-nahor qolib ketmayotganimdan mamnun edim. Biroq sherigim chidab turolmadi. Sapchib o'rnidan turib, qaergadir otlanayotgan uy egasining yo'lini to'sdi.
— Pullarni bering, ota! — dedi Vanya amaki ikki qo'lini beliga tirab. — Biz ketamiz, tamom!
Bu gapni eshitib, qariyaning qalin qoshlari chimirildi. Qo'lidagi guldor hassani yerga urib-urib oldi.
— Pulmi? — dedi Vanya amakining ko'zlariga nafrat aralash boqib. — Ishni tugatmasdan haq olmoqchimisan?.. Vey, bola, jahlimni chiqarma! Yomoniga olsam, hoziroq o'g'illarimni chaqirib kelaman, ta'ziringni berib qo'yadi. Nima qilay? Chaqiraveraymi yo ishni davom ettirasanmi?
Vanya amaki birdan past tushib, ortga tislandi. «E, o'zingizam o'taketgan qaysar odam ekansiz», deya g'udrangancha qoplardan birini olib yelkasiga bosdi.
* * *
Yarim soatcha o'tgach, ikkalamiz ham holdan toyib, ayvon ustuniga suyangan ko'yi o'tirib qoldik.
Vanya amakini bilmadim-u, ammo men bo'lganimcha bo'lgandim. Ochlik tinka-madorimni quritgan, tizzalarim dir-dir titrardi.
— Bas, ortiq ishlamaymiz, — dedi Vanya amaki ahvolimni tushungandek qat'iylik bilan. — Baribir, bu sassiq choldan pul undirishimga aqlim yetmayapti.
— Unda quruq qo'l bilan ketamizmi? — so'radim bo'shashib. — Kartoshkaning yarmiga yaqinini tashib qo'ydik-ku!
— Quruq ketadigan ahmoq yo'q. Sen shu yerda o'tir, ko'chadan ko'z-quloq bo'l! Men pastga tushib, podvalni o'rganib ko'ray-chi!
Sherigim oldindan nimaningdir rejasini tuzib olganmi, zum o'tmay, bir quti konyak ko'tarib chiqdi.
Bu manzaraga ko'zim tushib, jon-ponim chiqib ketayozdi.
Axir nima qilmoqchi bu odam? Ishni tashlab qo'yib, kayf-safoga berilmoqchimi? Qariya kelsa, naq baloga qolamiz-ku!..
— Manavini ko'r, — og'zining tanobi qochib, konyaklarni ko'z-ko'z qildi Vanya amaki. — Bularning yarmisini sotsak ham, chol beradigan pul chiqadi. Qolganini maza qilib ichardik.
— Nima? O'g'irlab qochamizmi? — so'radim soddalarcha. — Axir bu yaxshi emas… Uy egasi bilib qolsa…
— Sen jim bo'l! — ko'rsatkich barmog'ini lablariga bosib, atrofga alangladi Vanya amaki. — Tuya ko'rdingmi, yo'q!.. Hozir buni yelkaga ortamiz-u, quyon bo'lamiz.
— Qariya yetib olsa-chi bizga?
— Hayotda yeta olmaydi. Agar shunday qilmasak, kechga borib, ikkalamiz ham xor bo'lamiz… Tez bo'l, bo'shashma! Bor, ko'chani razvedka qil!..
Men itoat bilan ko'chani ko'zdan kechirdim. Hech kim ko'rinmadi. Belgi berdim deguncha Vanya amaki konyaklar joylangan qutini yelkalab hovlidan chiqdi.
— Hov anavi dala tarafga ketdik! — dedi u qadamini tezlatib. — Tez-tez orqangga qarab yur! Tag'in anavi nusxa xitlangan bo'lmasin!..
* * *
Katta yo'l bo'ylab ketishimizning umuman iloji yo'q edi. Hech qancha yurmay, qariyaga ro'baro' bo'lishimiz tayin. Shuning uchun keng dalani kesib o'tib, katta ko'prikka yetganda to'xtadik. Ko'prik ostidan anhor oqib o'tgandi.
Vanya amaki biroz nafas rostlagach, osmonga boqdi.
— Tuman qalinlashyapti, — dedi konyaklarga suq bilan termilib. — Buyam bizning baxtimiz. Basharti chol quvib kelib qolsa, g'oyib bo'lish oson kechadi… To'xta, hov anavi yoqqa qara-chi! Kimlardir kelyaptimi?..
Men qator hovlilar tomon ko'z tashladim. Haqiqatan, quyuq tuman orasida ikki-uch erkak hamrohligida qariya yugurib kelardi.
— Tamom bo'ldik! — dedim Vanya amakini turtib. — Hozir yetib olishadi. Endi nima qildik?..
Vanya amaki o'ylab o'tirmay, qutini qo'liga oldi va ko'prik ostiga qarab chopdi.
— Yugur orqamdan! Tez bo'l!.. Berkinamiz!
— Qaerga? Qaerga berkinamiz?
— Suvga tushamiz! E, lapanglamay, tezroq yursang-chi!..
U o'ylab o'tirmay, sharqirab oqayotgan anhorga tushdi-da, ko'prik ostiga berkindi.
Men ham sherigimga ergashishga majbur edim. Garchi etim junjiksa-da, o'zimni anhorga tashladim.
Bu orada baqir-chaqirlar aniq-tiniq quloqqa chalina boshladi.
— Qayoqqa g'oyib bo'ldi yaramaslar? — so'kinardi qariya. — Shu yoqqa qarab yurishganini ko'rgandim-ku!..
— Ota, qayoqdagi bir quti konyakni deb dala kezishimiz shartmi? — norozilandi boshqa birovi. — Qo'yavering, ichsa ichar zahriga! Tiqilib o'lmaydimi!?.
— Qoplar-chi? Qorda yotaveradimi shunday?
— Boshqa mardikor olib chiqaman o'zim.
Bu gapdan keyin atrofga birpaslik sukunat cho'kdi. Sal o'tib, oyoq tovushlarining uzoqlasha boshlaganini eshitdim…
Oyoqlarim go'yoki kesakka aylanib qolgandi. Tanamga yugurgan muz vujud-vujudimga pichoq kesgan kabi yoqimsiz og'riq berardi.
— Chiqaversak bo'lar? — Vanya amakiga yuzlandim toqatsizlanib. — Men chidolmayman. Qotib qoldim!..
— Chiqamiz, — dedi sherigim ehtiyotkorlik bilan sohilga oyoq qo'yarkan. — Ketishdi. Konyaklar o'zimizga qoldi… Bopladik o'ziyam!.. Yur, menikiga jo'naymiz!..
* * *
Bu ishimiz gunohmi-yo'qmi, idrok eta olmasdim. Xayolim konyaklardan keladigan pulda edi. Kissasi qup-quruq odam fikrlashdan yiroq bo'larkan. Sovqotganimni ham unutib, yo'l-yo'lakay o'zimcha xomcho't qilar, qancha pulni nimaga sarflash haqida bosh qotirardim.
Shu ko'yi yarim soat deganda Vanya amakining ko'rimsiz, xonalarida sharob, aroqdan bo'shagan shishalar dumalab yotgan kvartirasiga kirib keldik.
U eshikni ichkaridan tambaladi-da, qutidagi konyaklarni bir-bir chiqarib olib nam latta bilan erinmay artdi. So'ngra o'n donasini bo'zdan tikilgan xaltaga joyladi.
— Ie, ko'karib ketibsan-ku, xumpar! — Vanya amaki kutilmaganda men tomon o'girilib, iyagimdan tutdi. — Hozir senga yuz gramm
Download txt | fb2
1 2 3 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™