Xayirli kun, Guest!
Soat: 17:40
Tavsiya qilamiz
MILLION JAMOASI KONSERT 2021
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (Yigirma birinchi qism)

Added:NewsMaker (03.12.2017 / 23:09)
Rating:rating 758 article (0)
Reads:293
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan)
ShAFQATSIZ SINOVLAR ShAHRI
* * *
Tojinisa xola deganlari jikkakkina bir kampir ekan. U karavotda uzala tushib yotgancha birpas meni obdon kuzatdi. So'ngra qo'li bilan «o'tir» ishorasini qildi.
Kasallik kampirning yuzlarigacha urib ketibdi. Hatto ko'z ostilari ham sarg'imtir tusga kirgan, harakatsizlikdan bo'lsa kerak, qovoqlari osilib tushgan.
Men bemor odamga hadeb tikilaverishni o'zimga ep ko'rmay, uy ichini ko'zdan kechirgan bo'ldim. Xonalar anchadan beri yig'ishtirilmagan, latta-putta, qandaydir qog'ozlar polda sochilib yotibdi. Hammayoqni chang qoplagan. Demak, men ishni uy yig'ishtirishdan boshlasam kerak. Mayli-da, bu yer juda sokin ekan. Hech kim mushugingni pisht demaydi. Qo'shni kampir aytganidek, oziq-ovqatdan kamlik ko'rmayman. Faqat Tojinisa xolaga yaxshi qarasam, ko'ngliga yo'l topa olsam bas. Oshig'im olchi…
— Sen bola, ovqat pishirishni bilasanmi? — so'radi kampir. — Hoy, nega qotib o'tiribsan? Gapirmaysanmi?
— B-bilaman, — dedim tutilib. — Bilaman, ena.
— Enamas, ona! — go'yo xatomni to'g'rilagan bo'ldi kampir. — Moshkichiri, qovoqli sho'rva pishira olasanmi?
— Albatta. Hamma ovqatlarni pishira olaman.
— Hali pishirgan ovqatingni yeb ko'rganimda bilaman. Demak, gap bunday. Hozir uylarni supur-sidir qilasan. Keyin vannaxonada kirlarim qalashib yotibdi. Hammasini yuvasan. Menga yaxshi qaraysan. Evaziga uyimda yashaysan, yeyish-ichishing tekin. Ma'qulmi?
Men bosh irg'ab Tojinisa xolaning so'zlarini ma'qulladim va shu zahoti ish boshlash niyatida o'rnimdan turdim.
* * *
Og'zim qulog'imda edi. Axir dala-dashtda besh kilolik ketmon bilan yer chopgan, katta-katta hasharlarda loy qorib chiniqqan odamga uy yig'ishtirish, ovqat pishirish ham ish bo'libdimi. Ikkita xonani chinniday tozalab bo'lgach, xayolan taqdirga tasannolar aytgim keldi. «Yolg'izning yori Xudo» deb bejiz aytishmagan ekan. Endi boshi berk ko'chaga kirdim deganimda harqalay farishtalar boshimni silab yo'l ko'rsatishyapti…
Xayriyat, pishirgan ovqatim ham kampirga ma'qul bo'ldi chog'i, bir kosa sho'rvani paqqos tushirgach, indamaygina bosh silkib qo'ydi. Ammo bularning hammasi holva ekan. Xuftondan so'ng endi ko'zim ilingandi, Tojinisa xolaning qichqirig'idan uyg'onib ketdim-u, sakrab o'rnimdan turdim.
Ha, kampir dod-voy qilib meni chorlardi.
— Ha, ona, sizga nima bo'ldi? — so'radim tepasiga borib. — Biror nima kerakmi?
— Juvonmarg, bir soatdan beri chaqiraman! O'lasanmi yugurib chiqa qolsang?
— Nima qilay? Chanqadingizmi? Suv keltiraymi?
— Suvingni boshimga uramanmi? — baqirishda davom etdi Tojinisa xola. — Meni hojatga olib bor!
— Q-qanday? — so'radim duduqlanib. — T-tog'ora opkelaymi?
— Ko'tar meni! Tezroq bo'lsang-chi, noshud!
Kutmagandim. Har holda ayol bo'lsa. Uni ko'tarib hojatxonaga kirishga uyalar, bu ish menga malol kelayotgandi. Ammo majburman. Ijarada yashayotganimni unutishga haqim yo'q.
Ko'zni chirt yumdim-da, Tojinisa xolani dast ko'tarib oldim…
* * *
Ana endi tinchlangani aniq. Tojinisa xolaning ko'zlari yumilib borayotganini ko'rganimdan so'ng oyoq uchida yurib xonamga kirdim va o'zimni karavotga tashladim.
Kampirning so'nggi qilig'i oshib tushgandi. Ayniqsa, qarg'anishi sochimdan tovonimgacha muzlatib yubordi. Yuragim birdan g'ash tortib, kunduzgi xursandligimdan asar ham qolmadi. Tojinisa xolaning yana baqirib qolishini kutganim sayin bu xonadondan beza boshladim. Tashqarida qor gupillab yog'a boshlaganini bilsam-da, shu uydan chiqib ketgim kelaverdi. Kampirning mog'or hidi anqigan xonasi ko'z o'ngimda gavdalandi deguncha nafasim bo'g'ilib, ko'nglim ag'darilaverdi.
Qalbim esa endi o'rnimdan qo'zg'almoqqa shaylanganimda, menga o'tgan kunimni eslata boshlardi.
«Ko'chada hozir muzlab o'lishing hech gapmas,— derdi u. —Yoqimsiz hidlar, qarg'ishlarga ertami-kechmi ko'nikasan. Birovning uyida yashash, bir burda noniga sherik bo'lish oson emas. Kim bo'libsanki, burningni jiyirasan? Chida, tishni tishga bos! Nima qilib bo'lmasin keksa kampirning duosini ol!»
— Duosiyam qurib ketsin! — derdim ovoz chiqarib qalbimga javoban. — Nima, erta tonggacha yurak hovuchlab chiqamanmi? Shu uyda o'tkazgan bir kunim ming yilga tatib ketdi-ku! Nima qilsam ekan? Tag'in qancha chiday olaman? Yo'q, nimalar deyapman o'zim? Tirikchilik toshdan qattiq. Bir muddat toqat qilsam o'lib qolmayman. Hech kim boshimdan tegirmon toshi aylantirmayapti-ku!
Hali xayollarimni bir joyga jamlab ulgurmay, avval Tojinisa xolaning qur-qur yo'talgani qulog'imga chalindi. Yo'tal shu qadar beo'xshov ediki, qanday o'rnimdan sapchib turganimni payqamay qoldim.
Kampir yo'tali pasaygach, baqira boshladi:
— Hoy bola, chiq tez! Hoy, o'lib-netib qolganmisan? Chiq dedim senga, chiq!
Bu hol tonggi soat to'rtlarga qadar davom etdi. Endi boshim yostiqqa tegdi deganda kampir baqira boshlar, uni ko'tarib yo'lakka chopishga majbur edim.
So'nggi bor arang xonamga kirib, o'ringa cho'zilganimda yana Tojinisa xolaning xayqirig'i quloqlarim ostida jarangladi. Oldiniga shu baqiriq qulog'imga o'rnashib qolibdi shekilli, degan o'yda o'rnimdan qo'zg'alishga shoshilmadim. «Chorlov» ikki-uch karra takrorlangach, uf tortgancha yo'lakka chiqdim.
Badbo'y hidlar dimog'imga chippa yopishgandi. Tasavvurlarga yon bermay og'rinish bilan kampir yotgan karavotga yaqinlashdim.
— Ko'tarib olaymi? — so'radim aftimni bujmaytirib.
— Yo'q, — dedi kampir menga alamli boqib. — Uxlolmayapman. Alla ayt, bola, alla! Tezroq bo'l dedim!
— I-ie, nima deb aytaman? Men alla aytishni bilmayman.
— Padaringga la'nat, ayt dedim senga, ayt! Boshim g'uvillab, isitmam ko'tarilyapti. Ayta qolsangchi, tezroq! Muncha nozlanmasang? Tiling uzilib tushadimi aytsang?
— Ona, odamni qon qilib yubordingiz o'ziyam, — dedim toqatim toq bo'lib. — Axir yosh go'dak emassiz-ku! Buning ustiga erkak kishi bo'lsam. Allani qanday aytaman sizga?
— Aytmaysanmi, yaramas? — xirillab qichqirdi kampir. — Aytmaysanmi dedim?
— Yo'q, — dedim qat'iy ohangda. — Bu ish qo'limdan kelmaydi.
— Ket! Yo'qol, ko'rnamak! Chiqib ket hoziroq uyimdan!
— E, ketsam ketaveraman! — zarda bilan qo'l siltadim. — Jonimga tegib ketdingiz! Tuni bilan mijja qoqtirmasdan yana…
— Yo'qo-ol, battol, o'g'ri! — qattiqroq baqirdi kampir. — Hozir dod solaman. Uyimga o'g'irlikka tushdi, deb aytaman hammaga! Daf bo'l!
Ha, bu xonadonda bir kunlikkina nasibam bor ekan. Shuni terib yedim. Endi bu yerda bir soniya qolishga ham haddim sig'maydi. Agar tezroq qimirlamasam, kampir bir baloni boshlaydi.
Oxirgi marta Tojinisa xolaga nafratli nigoh tashladim-da, tashqariga otildim.
* * *
Tuni bilan qor erinmay yoqqanga o'xshaydi. Tevarak qishning oppoq libosiga o'ralibdi.
Izg'irin elektr simlarini silkitib chiyabo'ridek uvillaydi. Tong yorishib ketganiga qaramay, tashqarida odam kam edi.
Xuddi qopqondan
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™