Xayirli kun, Guest!
Soat: 16:24
Tavsiya qilamiz
MILLION JAMOASI KONSERT 2021
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili (21-qism)

Added:NewsMaker (03.12.2017 / 14:47)
Rating:rating 755 article (0)
Reads:305
Comments:0
Ko'zimni ochsam, qum ustida yotibman. Oltmish-etmish qadam narida o'rmon: daraxtlarning shoxlari shamolda tebranayapti. Ko'nglim behuzur bo'ldi, o'qchiy boshladim. Ichimda suvdan bo'lak hech vaqo yo'q edi. Charchab qoldim va yuzimni qumga qo'ydim. Ana shu payt qulog'imga chaqaloqning chinqirgan tovushi eshitildi. Boshimni ko'tardim. Ovoz o'rmon tomondan kelayotgandi. O'rnimdan turdim. Xuddi mast odamday gandiraklab tovushi tinmayotgan chaqaloqni axtarib yo'lga tushdim.
Birinchi, ikkinchi daraxtning yonidan o'tdim, uchinchisiga yetganimda g'alati manzarani ko'rdim: olti-etti oylik chaqaloq oyog'idan daraxt shoxiga osib qo'yilgandi. Sho'rlik go'dak shamolda har tebranganida, daraxtning tanasiga manglayi bilan urilardi. Uni yechib oldimmi-yo'qmi, to'g'risi, aniq bilmayman, birdan ko'kragimga bir nima gursillab urildi. Ehtimol, menga shunday tuyilgandir, ishqilib, nima bo'lgan taqdirda ham, orqamga ag'anayotganimni eslayman, xolos.
Qancha vaqt behush yotganimni bilmayman, ko'zimni ochsam, oppoq soqoli ko'kragiga tushgan bir chol bosh uchimda o'tiribdi. O'rnimdan turmoqchi bo'ldim, u “qimirlama” degandek ko'kragimdan bosdi.
— Qaerdaman? — so'radim o'zbekchalab.
Qariya javob o'rniga kulib qo'ydi. Shundan keyin gapimni tailandchada takrorladim.
— Mening uyimdasan, — dedi chol o'sha ko'yi jilmayib.
— Qanday… kelib qoldim?
— Bu savolingga o'zing javob berishing kerak. Faqat hozir emas, keyinroq. Avval o'zingga kelib ol, qara, suyaging qolibdi, xolos.
Men jilmayishga urindim, lekin uddalay olmadim. Ko'zim yumilib ketaverdi.
— Uxlashni bas qil, — dedi chol mayin ovozda, — uch kundan beri uxlayapsan. Qaytib uyg'onmaysanmi, deb qo'rqqandim. Joning toshdan ekan. Kel, manavini ich.
U qo'lini bo'ynimdan o'tkazib boshimni ko'tardi va og'zimga piyolada qandaydir suyuqlik tutdi. Ikki marta ho'playoldim, xolos. Uchinchi qultum tomog'imga tiqilib qoldi. O'qchidim, lekin qusmadim. Peshonamdan ter chiqib ketdi. Chol boshimni ohista yostiqqa qo'ydi. Men chuqur-chuqur nafas ola boshladim. Ko'zimga har balo ko'rinib ketaverdi: qishlog'imiz, otam, ukalarim o'tdi ko'z oldimdan. “O'layapman, shekilli, — deb o'yladim. — Buncha tez? Buncha oson? Jon berish qiyin bo'ladi, deganlari bekor ekan”. Yo'q, chol aytganday, jonim toshdan ekan. U peshonamga nimadir qo'yganini sezdim.
— Men o'lmaymanmi? — so'radim undan.
— Xavotir olma, endi yashaysan.
Darhaqiqat, ko'p o'tmay bemalol ko'zimni ochdim.
— Ana, aytdim-ku, — dedi chol xursand bo'lib, — endi manavidan ich, tetiklashasan.
U bergan suyuqlik taxir edi. Bu ta'mni men avval ham tuygandayman. Lekin qaerda tatib ko'rganimni eslayolmadim.
Besh kun joyimdan qimirlamay yotdim, chol ham yonimdan jilmadi hisob. Soqoli unikidan qolishmaydigan, ko'zlari qisiq, peshonalarini ajin bosgan uch-to'rt kishi ham kirib-chiqib turishdi. Hammasi men biladigan tailandchada gapirardi. Ularning gap-so'zlariga qaraganda, suvdan chiqib kelibman. So'ng daraxtda osilgan chaqaloqni yechib olib, yerga qo'yibman.
Ular mening judayam ozg'in, murdaga o'xshashimdan xavfsirashibdi. Chaqaloqqa ziyon yetkazib qo'yishimdan cho'chishib, “pegana” (bambukdan yasalgan dumaloq qurol) bilan urib ag'darishibdi. So'ng bu yerga — oqsoqolning yoniga olib kelishibdi (qiziq, ko'rinishidan bari bir-biriga o'xshaydi, oqsoqolini qanday ajratib olish mumkin?). Ha, esladim: ulardan dastlab:
— Meni semirtirib, keyin so'yib yemaysizlarmi? — deb so'raganman.
Chollar bir-birlariga ajablanib qarashdi, so'ng menga yuzlanishdi. Bergan savolimdan o'zim ham noqulay ahvolga tushdim-u, lekin nima qilay, mudom odamxo'rlar qo'liga tushaverib, yuragim zada bo'lib qolgan edi-da.
— Xavotir olma, — dedi oqsoqol, — uyingga bemalol yetib olasan.
Birdan ko'zimda yosh halqalandi, yig'lab yuborishdan o'zimni zo'rg'a tiydim.
— Endi tur, yotaversang og'irlashib qolasan. Yettita kasaling bor. Ikkitasini davoladim, xolos. Qolganini, harakat qilmasang, tuzatolmaysan.
Uning gapi ta'sir qilib, o'rnimdan turishga harakat qildim. Bir urinishda kuchim yetmadi. Chollar yordam beray demadi, bezrayib qarab turishibdi. Alam qilib, ikkinchi urinishda o'rnimdan turib o'tirdim. Boshim aylandi, yotib qolmay deb yerga qo'limni tirab oldim.
— Yaxshi, — dedi oqsoqol kulib, — irodali yigit ekansan. Tez orada o'zingga kelasan.
Ular oyoqqa turishimga yordamlashishdi-yu, lekin tashqariga chiqib olishimga ko'maklashishmadi. Bu qariyalardan nima umid? O'zlarining gavdasini ko'tarib yurishsayam katta gap. Yoshlariyam yetmish-saksonga borib qolgandir, deb o'yladim.
Tashqariga chiqib, toza havodan nafas oldim. Yog'ochdan tiklanib, tomi qamish bilan yopilgan to'rtta uy qo'qqayib turardi. Besh-olti qadam naridan boshlanadigan o'rmonga ko'z tashladim. Bularning barini men avval ko'rganday edim, shu bois, hayratlanmadim, shunchaki bosh chayqab qo'ydim. Uylar oldida besh-olti bola chopqillab yurishar, ora-chora yengil sakrab havoda o'mbaloq oshib tushishardi, bunga hayratlanmay ilojim yo'q edi.
Bolakaylar nari borsa olti-etti yoshlarda. Ularni ko'rib yoshligim, ko'cha changitib yurganlarim esimga tushib, yig'lab yuborayozdim. To'g'ri, ularga o'xshab havoda uchib aylanib yerga tushish mening qo'limdan kelmasdi. Ammo bolalikdagi zavq-shavqim bularnikidan kam bo'lmagan.
Oqsoqol bilan birga ovqatlandim. Ko'p yemasam-da, darrov to'yib qoldim.
— Hali o'rganib ketasan. Oshqozoning kichrayib ketgan. Ha, senga maslahatim: suvga qarama. Biror o'n kundan keyin qaraysan, — dedi oqsoqol.
Nega bunday deganini tushunmadim, shunday esa-da, “xo'p” degandek bosh silkib qo'ydim.
— Mana, ancha o'zingga kelib qolding, — dedi u gapini davom ettirib. — Endi nima bo'lganini birma-bir gapirib ber.
Men uchun o'tmishimni eslash juda og'ir edi. Ne kunlarni boshdan o'tkazmadim. Qanaqangi kazzoblarning qo'liga tushmadim. Endi o'shalarni bir boshidan qayta eslash… Og'ir… Judayam og'ir.
Bir muddat tin oldim. Mardikorlikka borganimdan orolda odamxo'rni o'ldirganimgacha ko'rgan-kechirganlarimni xayolimdan o'tkazdim. Shundan keyin gapirishga tushdim.
Oqsoqol, biror marta bo'lsin, gapimni bo'lmadi. To'xtab xayol surib qolgan kezlarim yuzimga diqqat bilan tikilib turaverdi. Ammo odamxo'r bilan ro'y bergan voqeani aytayotganimda chidab turolmadi: menga tushunarsiz tilda bir nima deb qattiq gapirdi. So'ng menga “davom et” degandek ishora qildi.
— Bilaman, — dedi u gaplarimni oxirigacha eshitib bo'lgach, — ular Iso payg'ambar — Ollohning elchisining xochga mixlanishiga sababchi bo'lishgan. Mana, necha yuz yillar o'tsa hamki qoni to'kilgan, vayronagarchilik ro'y bergan hodisalarga ular aralash. Umrlarining har bir soniyasida Ollohga shirk keltirish bilan ovora. Qani, bu yoqqa yur, senga ko'rsatadigan narsalarim bor.
U o'rnidan turib uy tomon yurdi. Ortidan ergashdim. Zinalardan ikkinchi qavatga ko'tarildik. Sirtdan qarasangiz, bu uyni hecham ikki qavatli deb o'ylamaysiz. Saksondan oshib qolgan qariyaning zinalardan yengil ko'tarilishi yanada taajjublanarli. Tepadagi qavatga chiqqanimizda og'zim ochilib qoldi. Pastda uchta xona bo'lsa, tepadagi qavatda bu joy yaxlit bir
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™