Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:19
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili (20-qism)

Added:NewsMaker (03.12.2017 / 08:09)
Rating:rating 751 article (0)
Reads:366
Comments:0
O'sha kuni bir dona ham baliq tutolmadik. Kun bo'yi daraxt soyasida mum tishlab o'tirdik. Quyosh ufqqa yonboshlagan mahal bir-birimizdan yiroqlashmay o'tin terib kelib gulxan yoqdik. Osmonda yulduzlar charaqladi, havo sovib, junjika boshladik. Andres:
— Meni o'ldirma, nima desang tayyorman. Iltimos, faqat o'ldirma. Kema kelib qolishidan umidim bor. Agar vino ichmay o'lsam, armonda ketaman, — dedi yig'lamsirab.
— Joni, Taskinni, boshqalarni men o'ldirgan deb o'ylayapsanmi?! — dedim jahlim chiqib.
— Nima qilay?! — yig'lashga tushdi u. — Hali biroz yashasam, deyman. Rostini aytay, shu yoshimgacha biror qizning qo'lini ushlamaganman. Ichim to'la armon. Meni tashlab ketgan bo'lsayam onamni bir ko'rishni istayman!
U yelkamga boshini qo'ydi, men esa bez bo'lib o'tiraverdim, gaplariga ishonmadim. Odamlarga ishonib-ishonib, mana, qay ahvolga tushdim? Endi bunga ishonsam-da, u o'ldirib yuborsa meni… Axir, meniyam armonlarim bir dunyo. Qay birini aytay?
— Men hali qo'limni qonga botirganim yo'q. Botirmayman ham…
Ertasiga ochlik yomon azob berdi, baliq ovlamasak bo'lmadi. Ammo ishtaha yo'q, tomog'imizdan ovqat o'tishi qiyin bo'ldi.
Oradan yana ikki kun o'tdi. Kechalari qush uyqu bo'lib qolganman, “tiq” etgan tovushgayam uyg'onib ketaman. Chigirtkaning chirillashiga (tavba, shu yerda ham chigirtka bor ekan) ummonning shovullashi qo'shilib qolsa, vahimani ko'ring, darrov sergak tortaman. Jo yo'qolib qolgan kunning uchinchi oqshomi, sergak yotgandim, qulog'imga ixragan tovush chalindi, uyg'onib ketdim. Shundoq boshim ustida birov qarab turibdi — jon-ponim chiqib ketdi. Qo'rqqanimdan ko'zimni chirt yumdim. Yonginamda yotgan Andres bir-ikki marta ixradi-yu, jimib qoldi. “Ey, xudo, — deb o'ylayman, — ishqilib, menga teginmasin-da”. Shundan so'ng nimaningdir sudralgani va qadam tovushi eshitildi. Nafasim ichimga tushib ketgan. Tanam quloqqa aylanib, sheriklarimni gumdon qilgan jonzotning (uning odamligiga ishonmasdim) uzoqlashishini kutdim.
Bir oz o'tib yuragimda g'azab alangasi yondi: “Hech kim qolmadi, hammani o'ldirdi bu yovuz. Endi u meni tinchitadi. Hoziroq hamla qilishim, kuchim yetsa uni jahannamga jo'natishim lozim. Boshqa chora yo'q. Ortidan bormasam, izini yo'qotib qo'yaman, undan keyin ajalimni kutib yotishim kerak”. Tanamga g'oyibdan kuch enib, o'rnimdan irg'ib turdim. Uning qay tarafga ketganini taxmin qilib, izidan tushdim.
Yigirma qadamlar yurganimda miltillagan shu'laga ko'zim tushdi. Taqqa to'xtadim, yurarimni ham, yurmasimni ham bilmayman, oyog'im qaltiraydi. Bormay desam, ertaga o'lib ketishimni o'ylayman. Axiyri, engashib timirskilangancha chaqaloqning boshiday toshni qo'limga oldim-da, tovush chiqarmay qadam tashlab o'sha shu'la miltillagan joyga yaqin bordim. Ikki qadamcha qolganida to'xtab yerga o'tirdim, diqqatimni jamlab emaklagancha siljiy boshladim.
Yorug'lik chiqib turgan joy o'raga o'xshardi. Yer bag'irlab yotgan joyimda sekin pastga qaradim-u hayratdan qotib qoldim. O'raning ichi ancha keng, o'rtada gulxan yonib turar, baquvvat bir odam qo'lidagi bolta bilan Andresning jasadini chopardi. Peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi, o'zimni orqaga tashladim. A'zoyi badanim dag'-dag' qaltiraydi. Ko'rganim qo'rqinchli tushga o'xshaydi… O'ngimmi yo tushimmi — ishonmasdim. Nafasimni yutib, yana bir marta tuynukdan mo'raladim. Yo'q, tushimmas, o'ngim. Endi ko'zlarimga ishondim.
Qo'rquv o'rnini g'azabim egalladi, shekilli, dadillanib kattaroq tosh qidirdim. Qo'limga o'n kilocha keladigan tosh ilindi, sekin ko'tardim-da, tuynukning og'ziga keldim. Pastdagi odamnusxa maxluq jasadni bo'laklash bilan band. Bor g'azabim bilagimga endi va qulochkashlab toshni zarb bilan o'raning ichiga uloqtirdimki, tosh qotilning boshiga gursillab urilganini eshitdim. Maxluqning boshidan har tomonga qon sachradi va u yuztuban yiqildi. O'zim bir muddat tosh qotdim. Vujudim muzlab qolganday. Nima ish qilib qo'yganimni anglayolmasdim. Bu shunchalik tez yuz berdiki, aqlimni yig'ishgayam ulgurolmay qoldim.
“Aqlim bilan qilmadimmi shu ishni?” — degan xayolga bordim. Hammasini oldindan mo'ljallagandim: maqsadim — jonimga qasd qilmoqchi bo'lgan maxluqni o'ldirish edi. Boshqacha bo'lishi mumkin emas. Lekin… Lekin men odam o'ldirdim! Birovning qonini to'kdim!.. Oyoqlarimning darmoni qurib, cho'k tushib o'tirib qoldim. O'tiraverdim… Shu o'tirganimcha quyosh bir terak bo'yi ko'tarilguncha qimirlamadim. Xayolimdan nimalar kechmadi, eslolmayman. Balki aql-idrokim o'chgandir. Lekin qattiq qo'rqqanim rost. Yo'q, qilmishimni sezib qolishlaridan, qamashlaridan qo'rqqanim yo'q. Odam o'ldirish juda yomon ekan…
Nihoyat o'rnimdan turdim. Shunda tosh ustiga o'tirganimni, tizzamga tosh botib ketganini sezdim.
Ichki bir tuyg'u meni o'raga tushishga undadi. Oh, ayni lahzada buning men uchun naqadar qo'rqinchli ekanligini bilsangiz edi! Buning o'rniga: “Ummonga cho'k”, deyishsa bajonidil rozi bo'lardim.
O'raga boshimni tiqib qaradim. Bu yerdagi manzara meni battar dahshatga soldi. Qator terilgan o'ntadan ziyod kalla suyagi, o'ra doriga osilgan odamning qo'li, soni… ko'zim tinib, esim og'ib qolayozdi. Yiqilib tushmaslik uchun o'raning labiga qo'llarimni tiradim. “O'h, maraz! Bu odamnusxa maxluq sheriklarimdan boshqa yana qancha kishilarning boshini yegan ekan?” O'ylaganim sayin g'azabim toshdi va hech ikkilanib o'tirmay, “tap” etib ichkariga sakrab tushdim.
O'ra emas, bu bir g'or edi. Havosi shunaqangi badbo'yki, dimog'ni yoradi. Beixtiyor qo'lim bilan burnimni bekitdim. Ko'zlarimga ishonmayman-u, lekin dorga ilingan go'sht bo'laklari pishirilgan edi. Gulxan o'chib qolgan esa-da, quyoshning yorug'i ichkarini yoritib yuborgan, xom go'sht bilan pishganini farqlab bo'lardi. Chidab turolmadim, ko'zi shokosaday ochilib, tili og'zidan chiqib qolgan odamxo'rning loshini bir tepdim. Shunda uning yelkasidagi rasmga ko'zim tushdi: olti nuqtadan iborat belgi… Shundan keyin uning kimligini yanayam yaxshiroq angladim. G'azabim ikki hissaga ortdi.
Murdani tepgan odammasdim, lekin hozir o'zimni tutolmay, nafasim bo'g'zimga tiqilguncha odamxo'rning jasadini tepkiladim. So'ng manglayimdan oqqan terni artib: “Bu iflos yana nima qilg'iliklar qilgan ekan?” — degan o'yda atrofni kuzata boshladim. G'orda bolta, pichoq, narvon va bir kishi cho'zilsa bo'ladigan xas-xashak to'shalgan yotoq-joy ham bor edi. Bo'rtib chiqqan toshlardan binoyidek tokcha yasab olibdi bu yovuz. Tokchadagi idishlarda tuz, gugurt va yana allambalolar bor.
Ortiq bu yerda turolmadim. Narvonni g'orning og'ziga tiradim.
Tashqariga chiqqach, bir oz cho'zilib yotdim. Butkul holdan toygan edim. Orom olgim kelar, biroq ko'zimni yumishim bilan g'orda ko'rganlarim jonlanardi. Odamxo'r toshlarni surib tashlab g'ordan chiqib kelayotganday tuyilaverdi. Qo'rqib boshimni ko'tarib g'or tomonga qaradim. Mayin shamol esardi, g'or og'ziga qotirilgan xarsang qabrday do'mpayib turardi. Men bu yerda ortiq turolmasligimni sezardim. “Bir oqshom yuragim yorilib o'lib qolaman”, deb o'yladim. Xayolimda o'liklar endi tinch qo'ymaydigandek. Lekin qayoqqa boraman? Hamma yoq suv bo'lsa…
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™