Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:15
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili (18-qism)

Added:NewsMaker (01.12.2017 / 20:21)
Rating:rating 745 article (0)
Reads:495
Comments:0
Vaqt imillab o'tar, bunga sayin xomushligimiz ortib borardi. Qizig'i, endi mening ham vino ichgim kelayotgandi. Bir mahal kemaning biz turgan burni tomonga bir-biridan baquvvat uchta yigit keldi. “Yana kaltaklashsa kerak”, deb o'yladim. Ammo ular bunday qilishmadi, biroq vino ham berishmadi.
— Sizlarga ikkita qayiq beramiz, — dedi ularning novcharog'i irjayib, — zo'r bitta orolga yaqinlashib kelayapmiz. Agar o'sha qayiqda orolga yetib borolsanglar, tirik qolasanlar, bo'lmasa izg'ib yurgan akulalarga yem bo'lasanlar.
Akulaning yirtqichligini ko'p eshitganman. U qayiqni bir zarbada bo'laklarga bo'lib tashlashi hech gap emas. Yuragim o'ynadi. Sheriklarim orasidan baquvvatrog'ini qidirdim, ular bilan bitta qayiqqa chiqmoqchiydim. Qayoqda? Hammasi qoq suyak, eshkak eshishga yarashini xudo biladi. Mening ham o'zimga ishonchim yo'q. Shu bois, o'zimni taqdirning ixtiyoriga topshirdim.
Qayiqlarga o'tirganimizdan keyin bizni suvga tushirishdi. So'ng kema suvni yorib ildamlab ketdi. Uning ortidan bir muddat alam bilan termilib qoldik. “Biroz yurganidan so'ng kema to'xtaydi, bizni bortga olishadi, hazillashuvdik, deyishadi, so'ng vino berishadi…” Biroq bu shirin umidli o'ylar sarobga aylandi. Kema shitob bilan bizdan uzoqlashib ketdi. Umidimiz uzilib, boshimiz egildi va mening ko'zim qayiq tubidagi teshikdan kirayotgan suvga tushdi.
— G'arq bo'lamiz! — baqirib yubordim vahimaga tushib.
Mening ovozim havoga singib ulgurmay:
— O'ldi-i-k!!! — deya Taskin o'kirib yubordi.
— Marazlar, itdan tarqaganlar!!! — qichqirdi Jo.
Boshqalar ham butkul sarosimaga tushib qoldi. Qayiq tobora suvga to'lardi. Jazavada tezroq eshkakni tez eshish zarurligi, shundagina orolga yetib olish mumkinligi hech kimning xayoliga kelmasdi. Bu orol deganlari bor narsami yoki ro'yomi — birov bilmaydi. To'pig'imgacha suvga botib, tik turgancha to'rt tarafga qarayman. Tuman, hech vaqo ko'rinmaydi.
— Ana!!!
Bir mahal qo'shni qayiqda Taskin baqirib qoldi. U ham tik turgancha alanglab orolni qidirayotgan ekan. U qo'li bilan ko'rsatgan tarafga ko'zim teshilguday bo'lib qaradim. Bizdan taxminan ikki-uch kilometr narida nimadir qorayib, elas-elas ko'zga tashlanib turardi.
— Suzaylik! Suzaylik! — deb qichqirib yubordim o'zim sezmagan holda.
Padar la'natilar qayiqlarda bor-yo'g'i ikkitadan eshkak qoldirishgan ekan. Harchand urinmaylik, qayiqlarimiz qoziqqa bog'lab qo'yilganday hech jilmasdi. Bu ahvolda yuz qulochchayam suzishimiz amrimahol. Qayiq ichiga yig'ilgan suvni hovuchlab chiqarib tashlashga urindik. Bu tuyani qoshiqda sug'organday gap edi. Qayiq borgan sari suvga to'lib og'irlashardi. Bir marta qishlog'imizning etagidan oqib o'tadigan katta ariqqa cho'kib ketganman. Menimcha, olti-etti yoshlar atrofida bo'lsam kerak. Suv yutib, o'lishimga bir baxya qolgan, nafasim qaytib shunaqangi qiynalgandimki, hali-hanuz esimdan chiqmaydi. O'sha voqeani eslaganim hamon jon talvasasida uvadasi chiqib ketgan yirtiq kiyimlarimni yechib tashlab, o'zimni suvga otdim va yuzalab kelib qayiqni orqasidan itardim. Biroq qayiq olg'a siljish o'rniga ortiga keta boshladi.
— Nima qilayapsan, tentak?! — qichqirdi Jo. — Chiq qayiqqa!
Bir amallab olti yuz metrgacha siljidik. Boshqa qayiqdagilarning ahvoli biznikidan battarroq, ular biri qo'yib boshqasi baqirar, yordam so'rardi. Biroq bu dod-faryodni kim ham eshitadi, hammaning joni o'ziga shirin.
— Qayiqni ag'daraylik! — dedim tomog'im yirtilgudek qichqirib. Buni qarang, amerikalik hindular haqidagi bir kinofilmda tang vaziyatda shunday usulni qo'llashgani yodimga tushib ketdi.
— Akulalarga yem bo'lmoqchimisan, ahmoq?! — baqirdi Taskin.
— Agar hozir shunday qilmasak, keyin kech bo'ladi, baribir cho'kib ketamiz!
Gapim javobsiz qoldi, lekin qayiqdosh sheriklarim gapimga kirishdi. Bizni ko'rgan boshqa qayiqdagilar ham shu usulni qo'llashdi. Lekin suvga to'la boshlagan qayiqni ag'darishning o'zi bo'lmas ekan. Uch kishi bir tomonga o'tib, bor yukimizni tashladik. Qani endi, qayiq bir tomonga yotsa. O'zimiz esa qushday yengil bo'lib qolgan ekanmiz. Baribir ming mashaqqat bilan bo'lsa-da, uddaladik, qayig'imiz to'ntarilgan qozonday suv yuziga qalqib qoldi. Uchalamiz uning orqa tomoniga o'tdik-da, oyog'imizni tinimsiz shaloplata boshladik. Biroq uzoqqa ketolmadik, darmonimiz qurib, hansirab qoldik. To'xtab ozgina dam oldik. Shu payt piyonista Jo:
— Akulaga o'zimizni sezdirib qo'yamiz bu ahvolda! — deb vahima soldi. Suvning sovuqligidan suyak-suyagimgacha muzlab ketayotgan chog'da Joning bu gapi yuragimga qutqu soldi. Bo'ynimni cho'zib, atrofga qaragan bo'ldim. Hartugul, tepa qanotini antenna qilib suzadigan maxluq ko'rinmadi. Ko'nglim biroz xotirjam tortdi va yana oyoqlarimni qimirlatib, suvni shaloplata ketdim. Asta-sekin masofa qirqilib, ko'zimizga jannatday ko'rinayotgan orolga yaqinlashaverdik. Yurak esa hapriqdi, kuchimizga kuch qo'shilganday bo'ldi.
Tuman butunlay tarqab, quyosh ufqqa yonboshlagan pallada manzilga yetdik. Tinka-madorlarimiz qurigan. Suvdan chiqa solib issiqqina toshlar ustiga cho'zilib yotib oldik. Tanam shunaqangi yayradiki, asti qo'yaverasiz. Sandiqdan ham katta silliq toshlar oftob nurida rosa qizigan ekan. Demak, bu yerga tuman tushmagan. Xiyla muddat o'likday qimir etmay yotdik. Biroq ko'p o'tmay, quyosh hali botib ketmasidanoq tagimizdagi tosh soviy boshladi. Dastlab men o'rnimdan turib, cho'zilib yotgan sheriklarimga bir sidra qarab chiqdim. Qiziq, negadir to'rt kishi qolgan edik. Hayron bo'lib, teparoqqa ko'z yugurtirdim. Yo'q, hech kim ko'rinmaydi. “Nahot cho'kib ketgan bo'lsa? Orolga hammamiz chiqib kelgandik-ku! Yoki menga shunday ko'ringanmidi?” — deya o'yladim. O'zimga ishonib-ishonmay, ko'zlarini yumgancha, kuraklarini toshga berib yotgan hamrohlarimni yana birma-bir nazardan o'tkazdim. Yo'q, adashishim mumkin emas. Haqiqatan ham, bitta odam kam. Qiziq, qayoqqa yo'qoldi u?
Miyamda ming bitta o'y bilan orolga ko'zim ilg'aguncha sinchiklab razm soldim. Unda-bunda bo'y cho'zib turgan butalaru yetti-sakkizta daraxtni aytmaganda, orol faqat toshdan iborat edi. Unchalik ham baland emas, bir nafasda tepasigacha chiqib olish mumkin. Tepaga chiqib atrofga qaragim keldi-yu, lekin qo'rqdim. Aytib bo'ladimi, qanaqangi hayvonlar bor bu yerda? Bu mo''jazgina orolda ayiq, yo'lbarsga o'xshagan yirtqichlar yo'qdir, lekin kattaroq ilon bo'lishi ehtimoldan xoli emas. Sekin Taskinni turtdim. “Qo'y, — dedi u ko'zini ochmasdan, — ozgina dam olay, darmonim qurib ketdi”.
— Kong yo'q. Cho'kib ketmaganmidi? — dedim uni yana qattiqroq turtib.
— Bilmadim, meni tinch qo'y.
Boshqalar ham qilt etmay yotibdi. Demak, uyqularini buzganimdan naf yo'q. O'zim bir aylanib kelaman. Ilon yo'qdir, bekorga shubhalanayotgandirman, deb o'yladim.
Qiziqish ustun kelib, yuqorilay boshladim. Qiynalmay tepani zabt etdim. Bir muddat ko'nglim zavqqa to'ldi. Xiyol avvalgi: “Cho'kib ketib akulaga yem bo'laman”, degan qo'rquv ko'ngilni tark etdi. Ko'm-ko'k ummonga mahliyo bo'ldim. Mayin esayotgan shamoldan dilim yayradi. Bir necha daqiqa shu taxlit turganimdan keyingina orolning narigi tarafiga qaradim
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™