Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:50
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (O'n oltinchiqism)

Added:NewsMaker (01.12.2017 / 19:39)
Rating:rating 744 article (0)
Reads:427
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan)
* * *
Shu ko'yi ancha mahalgacha bozorda tentirab yurdim. O'zimni chalg'itish uchun bozordagi rastalarning birontasini qoldirmay tomosha qildim.
Savdogarlarning qo'li-qo'liga tegmas, baqir-chaqir qilib, bir-biriga o'shqirib, talashib-tortishib bo'lsa-da, o'z molini sotishga intilardi.
Ayniqsa ayol sotuvchilarni ko'rib hayratdan yoqa ushlay derdim. Shu qadar shang'illashardiki, ularni ko'rib qiyomat boshlanarmikan deb o'ylaysiz. Hech narsadan qaytishmas, tap tortishmas ekan.
«Nahotki, Sharifa ham shularga o'xshab ketgan bo'lsa?— o'yladim azbaroyi charchab ketganimdan bozorning bir burchagidagi o'rindiqlardan biriga cho'kib. —Qara, bular naq ajdahoga o'xshashadi. Anavi qand-qurs sotayotgan xo'ppa semiz ayol-chi? Molini yomonlagani uchun qari kampirni sal qursa yeb qo'yayozdi-ya!.. Bularning erlari ham men kabi til tishlab yashasharmikan? Agar hayot shunday ketaversa, oxiri nima bo'ladi? Shunday yon berib umrim o'tib ketadimi? Bora-bora qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug'lar oldida bugungidek behurmat qilsa-chi? Unda nima qilaman? Odamlar oldida qanday bosh ko'tarib yuraman?.. Sharifaga nima bo'lyapti? Pul hovliqtirib qo'ydimi? Qachongacha?.. Bilmadim… Bilmadim…
* * *
Aylanib yurib bozor tashqarisidagi chinor soyasida o'tirgan o'rta yashar lo'li ayolga ko'zim tushdi.
U ham astoydil qarab qolganimni payqab qo'l siltagancha yoniga chorlay boshladi.
— Hoy bacham, kel buyonga! Fol ochib qo'yaman sanga! — derdi nuqul lo'li ayol. — Voy, kela qolsang-chi, hay!..
Qiziqishim ortib unga yaqin bordim.
— Voy-bo', iching qurumga to'lib ketibdi-ku, bacham! — bosh chayqadi u ro'parasiga o'tirishim bilan. — Mingta so'm ber, ichingdagini aytay!
Ajablanib cho'ntagimdagi pullarni chamaladim. Har holda ming so'm bersam kamayib qolmas ekan.
— Oldin ayting, — dedim qaysarligim tutib. — Undan keyin olasiz pulni.
— San bacham, xasis bo'lma! Pulni qo'limga tutqaz! Shunda qo'lingning hovuri manga hammasini aytadi. Bo'l tez!
— Qo'ymadingiz-qo'ymadingiz-da! Mana, oling! Endi ayting!
Lo'li ayol ko'zlarini bir yumib ochdi-da, kaftimdan tutib o'zicha bashorat qila ketdi.
— San amal ichgansan! Bir yamon dushmaning bor. O'sha sani poyingni qirqmoqchi, bacham! Xiyonatkor xotinga yo'liqibsanmi, yo'ling qop-qorong'i!
— Bugun nima kutyapti, bugun? — so'radim betoqatlanib. — Bunaqa gaplarni ilgariyam eshitganman.
— Voy, bacham, berganing mingta so'm-ku! — dedi lo'li ayol lab burib. — Bugunni bilging kelsa, yana mingta so'm tashlaysan.
— Uf-f, qaydanam keldim o'zi? — norozilanib cho'ntagimga qo'l soldim. — Mana-e, bo'ling endi, opa!
Lo'li ayol pulni olib xaltasiga joyladi-da, tag'in bir ko'z yumib oldi.
— Nayranglar qurshovida qolibsan, — dedi boshini sarak-sarak qilib. — Bugun kechasi bir yamon ish bo'ladi. Ehtiyot bo'l, qon ko'rinopti ko'zimga! San qorong'ilikda yuribsan, bacham. Xarsangtoshlarni u yondan buyonga irg'itopsan… Cho'llarda yashab kelasan.
— Bas! — dast o'rnimdan turdim-u, ketishga chog'landim. — Topolmadingiz. O'sha siz aytgan cho'ldan kelganimga ko'p bo'lmadi hali.
— San, bacham, qaysar bo'lma! — ortimdan qichqirdi lo'li ayol. — Man haqiqatni aytdim!
Hafsalam pir bo'lib qanday avtobus bekatiga borganimni sezmay qolibman.
Tanish raqamli avtobusni ko'rganimdagina fakultetga o'tib kelishim kerakligi yodimga tushdi va salonga kirib bo'sh o'rindiqlardan biriga o'tirdim.
Avtobus hali o'rnidan jilmagandi. Oynadan tashqariga o'ychan tikilib o'tirib juda-juda tanish chehraga ko'zim tushdi.
Uni ko'rdim-u, yuragim dukillab ketdi. Quvonchdan terimga sig'may dast o'rnimdan turdim-da, pastga tushdim…
Ha, u Ma'suda! Birinchi muhabbatim. Armonga aylangan sevgim. Bir paytlar qalbimni yig'latib qo'ygan ishqim tumori…
U sira o'zgarmabdi. O'sha-o'sha moviy ko'zlar, uzun qayrilma kipriklar. Oq-sariq sochlarini ham bo'yamabdi… Faqat to'lin yuzlari ma'yuslashibdi. Nima bo'ldiykin? Turmushi buzildimikan? Shaharda nima qilib yuribdi? Yo shu yerga ko'chib kelganmikan?
— Ma'suda! — tavakkal qichqirdim ortidan. — To'xtang!
U keskin orqasiga o'girildi-yu, meni ko'rdi. Bir muddat to'xtab, meni boshdan oyoq kuzatgan bo'ldi. Bungacha men Ma'sudaga yaqin borib ulgurgandim.
— Siz?.. — jilmayib, ko'zlarini katta-katta ochdi Ma'suda. — Rostdan Qodir akamisiz?
— Ha, o'shaman, — dedim so'rashish uchun qo'l uzatib. — Ochig'i, sizni shaharda ko'raman deb o'ylamovdim… Yuring, vaqtingiz bo'lsa, hov anavi yerga borib o'tiramiz!
— M-mayli, — dedi tortinib Ma'suda. — O'sha yer tinchroqqa o'xshaydi.
Biz hanuz ko'zlarimizga ishonqiramay, bir-birimizga sirli termulgancha bozor chetidagi qahvaxonaga kirdik.
Ichkarida odam siyrak edi. Bo'sh stollardan birini tanlab o'tirishimiz bilan men Ma'sudaga o'tli qarab qoldim.
Shu tobda bir og'iz so'z aytishni xohlamasdim. Uning go'zal jamolini tomosha qilgim, shu bahonada shirin xotiralar ummoniga g'arq bo'lgim kelardi.
— Hammasini eshitdim, — xayolimni bo'ldi Ma'suda. — Boshingizdan ko'p ishlar o'tibdi.
— Siz qaerdan eshitdingiz?
— Eshitmay bo'larkanmi, — dedi Ma'suda ma'yus tortib. — Odamlardan siz haqingizdagi xabarlarni eshitganimda, yuraklarim ezilib ketdi.
— Hozir hammasi yaxshi, — dedim xotirjam ohangda. — O'qishga kirdim. O'qiyapman. Farzandim ham bor. Xullas, qiyinchiliklar ortda qoldi. O'zingiz-chi?
— Menmi?.. O'shanda sizni rosa kutdim. Sovchilar eshigimizni taqillatib kelishsa, sizdanmikan deb yuragim hapriqardi. Afsuski, kelishmadi.
— Kimga turmushga chiqdingiz? Men taniymanmi?
— Ha, uydagilar qo'shnimiz Mutalibga uzatib yuborishdi.
— Shunaqami? — bu gapni eshitgach, yuragim shig' etdi. Nimadir ichimni tirmalab o'tgandek, isitmam ko'tarila boshlagandek bezovtalanib qoldim.
— O'shanda… — yuzimni ters burgancha so'z boshladim. — Maktabdaligimizda o'zingiz «Men sizga munosib emasman. Bizning oilamiz badavlat oila, o'zingizga munosibini toping» degandingiz-ku!
— Axir, unda yosh edik, Qodir aka! O'sha gap bahona bo'ldimi?..
— Mayli, bo'lar ish bo'lgan. Endi taqdirni orqaga qaytarib bo'lmaydi. Undan ko'ra, ayting, biz har kuni xat almashgan daraxt haliyam bormi?
Ma'suda kulib qo'ydi.
— Ha, turibdi. Yaqinda jiyanimni maktabdan olishga boruvdim… Faqat yarmi qurib qolibdi.
— Bizdan xafa bo'lgandir-da! Axir, daraxtlardayam jon bor, hamma narsani sezadi deyishadi-ku!..
— Qaydam, bo'lsa bordir…
Ma'suda bilan uch soatdan ortiqroq gaplashib o'tirdik. Ikkalamiz ham xayrlashishni xohlamasdik. Gapirishga gap qolmagan lahzalarda bir-birimizga mehr bilan boqib, qalblarimiz tubida qolib ketgan gaplarni nigohlar ko'magida aytgandek bo'lardik.
— Voy, kech tushib qolibdi-ku, — kutilmaganda dast o'rnidan turdi Ma'suda. — Gap bilan bo'lib sezmay qolibman.
— Iltimos, menga manzilingizni, telefon raqamingizni bering! — dedim birinchi muhabbatimga umidvor termulib.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™