Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:24
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (O'n to'rtinchi qism)

Added:NewsMaker (30.11.2017 / 15:37)
Rating:rating 737 article (0)
Reads:486
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan)
* * *
Tergovchi chiqib ketgach, ko'nglim yanada yorishdi. Chunki hammasi hal bo'ldi. Meni olib kelgan militsioner ham prokuratura tergovchisining buyrug'iga qarshi so'z ayta olmadi. Qovog'ini uygancha chiqib ketdi. Demak, endi men ozodman. Buvim ham tirik qoldi…
Biroq qalbimda noma'lum g'alayon hukmron edi. Buvimning bu qadar kuyunchakligi, qaynoq mehri vujud-vujudimni kuydira boshlagandi.
«Eh, buvijon,— hayqirardi qalbim. —Nega bunday qildingiz? Axir, o'z farzandingiz sizni shu ko'yga soldi. Nima uchun ko'z yumdingiz? Menga-chi? Bor yo'g'i nevarangizman. Meni ham qutqarib qoldingiz-a, buvijon! Nimaga tuqqan onam sizchalik mehr bera olmaydi? Nega u ham siz kabi meni erkalab bag'riga bosmaydi? Buning o'rniga uyidan haydab soladi, bir marta bo'lsin hol so'rashga yaramaydi? Nega? Bu jumboqlarni qanday yechay? Dunyoning sinoatlari shu qadar ko'pmi?..»
— Bolam, Sharifa seni boy qilib yuboraman deyapti, — buvimning kutilmagan tovushi meni hushyor torttirdi va ilkis boshimni ko'tardim.
Buvim Sharifani bag'riga bosgancha qalin sochlarini mehr bilan silardi.
— Eshitdingmi? — qayta so'radi buvim. — Kelinim juda yaxshi ekan. Seni boy qilib yuboraman deyapti-ya, bolam!..
Men zimdan xotinimga razm soldim. U go'yo bo'lib o'tgan ishlarni unutgandek xotirjam o'tirar, buvimning gaplariga kulimsirab qo'yardi.
— Ha, buvijon, — tilga kirdi Sharifa. — Mana ko'rasiz, men o'g'lingizni albatta boyitaman. Biz katta shaharga ko'chib ketamiz. O'sha yerda bozor-o'char qilib ko'p pul topaman. Qodir akamga yangi mashina sotib olamiz.
— Nima? — uning so'zini kesdim men. — Qaerga ko'chib ketamiz? Katta shaharga? Mendan so'radingizmi?
— Qo'y, Qodirjon, — meni tinchlantirgan bo'ldi buvim. — Kelinim to'g'ri aytyapti. Cho'lu-biyobonda sarg'ayib yurgandan katta shaharga borganlaring durust. Harqalay u yoqlarda baraka ko'p-da!
— Yo'q, buvijon, buning nima deyotganini bilasizmi?.. Tag'in…
— Bas, — deya so'zimni bo'ldi buvim. — Agar meni desang, kelinimni xafa qilmaysan. Undan ko'ra, bor, tashqariga chiqib, gaplashib olinglar!
Ortiq qarshilik qilishga ojiz edim. Istar-istamas Sharifaning ortidan ergashib yo'lakka chiqdim.
* * *
O'sha kuni Sharifadan qattiq ranjigandim. Buni hozir ham ichimda saqlab tura olmadim.
— Bir narsani tushunmadim, — dedim kinoya bilan. — Siz arazlab ketgandingiz shekilli? Nega bu yerga kelib yuribsiz?
Sharifa lab burgancha yuzini ters burdi.
— Kelsam nima qipti? Buvimni ko'rishga keldim.
— Xo'sh, meni bu yerga olib chiqib nima demoqchi edingiz?
— Menmi? — xotinim biroz ikkilanib turdi-da, maqsadga ko'chdi. — Bilasizmi, kecha Yetimmahallada turadigan dugonamni ko'rib qolgandim. Eri bilan katta shaharga ko'chib ketishgan ekan. Bozorda zo'r savdo qilsa bo'ladi deyapti. Keyin… Uylar ham arzon emish…
— Shunaqami? — dedim g'ijinim kelib, — Unday bo'lsa, ketavering!
— Bir o'zim-a?.. Hecham-da!
— Cho'ldan ham bir o'zingiz ketdingiz-ku! Nima bo'lardi? Borib bozoringizni qilaverasiz.
— Ustimdan kulyapsizmi, Qodir aka? Sizsiz hech qaerga bormayman.
— Nega?
— Chunki… Erimsiz…
— Ha, shundaymi? — kinoyamga yanada erk berdim. — O'ylovdimki…
— Qodir aka, — so'zimni kesdi Sharifa. — O'zingiz bir umr oliy ma'lumotli bo'lishni orzu qilganman degandingiz. Keling, katta shaharga boraylik. Siz o'qishga kirasiz, men bo'lsam bozorda savdo qilib sizni o'qitaman.
— O', ishtaha zo'r-ku! — dedim sovuq kulimsirab. — Meni o'qitib, tag'in boshimni minnat toshlari bilan yorarkansiz-da! Oldingilari kammidi?
— Qo'ysangiz-chi shunaqa gaplarni! Hech kim sizga minnat qilgan emas. O'zingiz qayoqdagi xayollarni kallangizda aylantirib hammasini chalkashtirib yuborgansiz. Yo yolg'onmi?
— Bo'pti, bo'pti, — gapni kalta qilishga urindim. — Bo'ladiganidan gaplashaylik!
— Xullas, bojangiz Hikmat pochcham kuni kecha mashinasini sotdi. Agar men borib iltimos qilsam, qarz berib turardi. Biz o'sha pulga katta shahardan uy sotib olardik. Nima deysiz?
— E, qaysi ahmoq shuncha pulni qo'lingizga tutqazib yuborardi? O'ylamay gapiraverarkansiz-da!
— Oldin men bilan pochchamnikiga boring, keyin bilasiz! Yo… Bormaysizmi?..
Hayron bo'lib qoldim. Nafsilambirini aytganda, shu tobda qanday yo'l tutishni bilmay garang edim. Miyamda hanuz militsiya, kamera, tergov quyun kabi aylanar, bir tarafdan tog'amga bo'lgan nafratim qalbimni ezar, buvimning kelgusi taqdiri haqida o'ylaganim sayin xavotirim oshardi. Nima qilsam bo'ladi? Uzzukun kasalxonada qolib keta olmayman-ku! O'z oyog'i bilan bosh egib kelgan xotinimni yana yolg'iz jo'natsam, nima bo'ladi? Butkul voz kechib ketsa-chi? Holim ne kechadi? Bunga nima? Pochchasidan bir amallab pul undirsa, ukasini yoniga olib ham katta shaharga jo'nab ketishi mumkin. Uy sotib olib, bozor-o'charini qiladi, boyiydi. Maza qilib yashaydi. Men-chi? Yorug' dunyoning azoblariga ko'ksimni tutgancha qolib ketaveramanmi? Kim menga mehr ko'rsatadi? Onammi? Qarindosh-urug'larmi? Yo'q, so'zlariga qaraganda, Sharifa bir yaxshilikdan xabar topgan ko'rinadi. Aks holda hamma arazlarni unutib buvimni ko'rishga kelmasdi. Boraman. Ketidan qolmayman. Buyog'iga Xudo poshsha!
— Ketdik, — dedim Sharifani qo'ltig'idan olib. — Qani, o'sha bojanikiga boraylik-chi!
— Rahmat, Qodir aka! — menga o'tli boqdi Sharifa. — Ko'rasiz, sizni albatta boyitib yuboraman…
* * *
Hikmat bojamni ilk ko'rganimdayoq injiq va tor fe'lli odam ekanini anglagandim.
Ichkariga kirib o'tirishimiz bilan xuddi pul so'rab kelganimizni sezgandek birdan qovog'ini uyib oldi.
Ammo Sharifa ham bo'sh kelmoqchi emasdi. Tashqarida opasi Zarifa bilan pichirlashib olganmi, bir ko'z qisib qo'ydi-da, ehtiyotkorlik bilan gap boshladi.
— Pochcha, yaxshi yuribsizmi? — so'radi jilmayib. — To'ylargayam borib turibsizmi?
— Rahmat, singlim. hammasi yaxshi. — javob qildi bojam istamaygina.
— Pochcha, bir iltimos bilan keluvdik.
Hikmat bojam keskin boshini ko'tardi. Chamasi, biror to'y yoki tadbirga taklif qilmoqchi deb o'yladi. Hozirgina qovog'idan yog'ilgan qorlar erigandek kulimsiradi.
— Aytavering, Sharifaxon! Nima iltimos?
— Yaqinda mashina sotibsiz deb eshitdik. Rostmi?
Bojam bu gapdan so'ng yana qovog'ini uyib oldi.
— Ha, sotdim… Nimaydi? — so'radi sovuqqonlik bilan.
— O'zi-chi, — endi artistlikka o'tdi Sharifa. — Pochchalarni ichida faqat siz xotamtoysiz. Shuning uchun nima kamim bo'lsa, haddim sig'ib kelaveraman!
Bojam bu gal bir yelka silkitib oldi. Adashmasam, xotinimning bu xushomadi unga yoqibroq tushdi.
— Ja ayyorsiz-a, Sharifaxon? — dedi u hiyla ochilib. — Ha endi… Gapni cho'zmay pul so'rab keldim deyavering-da!
— Ichimsiz-da, pochcha, ichimsiz! — kuldi Sharifa. — Nima demoqchiligimni og'zimdan chiqmay turib bilib qo'yasiz-a! Menga qarang, pochcha, mabodo opamga uylanmay turib psixologlikka o'qimaganmisiz?..
Bu
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™