Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:00
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili(15-qism)

Added:NewsMaker (30.11.2017 / 08:23)
Rating:rating 736 article (0)
Reads:681
Comments:0
Biz kun bo'yi shahar aylandik, nazarimda, bormagan joyimiz qolmadi. Taassurotlar bir dunyo. Shahar shunaqangi yoqdiki, lekin baribir o'zimizning yurtga kelmaydi. Shishadek yaltirab turadigan osmono'par imoratlar, umuman, ko'rganlarimning hammasi sun'iyga o'xshaydi: faqat turli-tuman daraxtlardan tashqari. To'g'ri, ularning shoxlari qirqilib, bir shaklga keltirilgan. Lekin, har qalay, tabiiy-da.
Qizning kun bo'yi gapirgan gaplaridan uzog'i bilan oltitasini angladim, xolos: shunda ham imo-ishoralardan keyin. Bir mahal u sumkachasidan kichkina kitobcha chiqardi-da, menga ko'rsatdi. “Nima balo ekan bu?” — deb varaqlab ko'rdim. Allambalo harflar, birortasigayam tishim o'tmadi. Kitobchani yopib qaytarayotgandim, u bir narsalarni qo'li bilan tushuntirgan bo'ldi-da, kitobning birinchi sahifasidagi mung'ayib o'tirgancha xayol surayotgan yigitning suratini ko'rsatdi. Sinchiklab razm soldim. Hech nimani anglamadim va qizga savol nazari bilan qaradim. Bu safar qiz gapirmadi, kitobdagi mung'aygan yigitning suratini, so'ng meni ko'rsatdi. Keyin tag'in suratga va menga ishora qildi.
— Shu bola menga o'xshaydimi? — dedim kulib ko'rsatkich barmog'im bilan ko'kragimni ko'rsatib. Qiz bosh silkib tasdiqladi.
Men suratga sinchiklab nazar soldim, lekin hech o'zimga o'xshatolmadim. E'tirozimni imo-ishoralar bilan qizga tushuntirdim.
Qiz bilagimdan ushlab, yo'l chetidagi beton plita ustiga o'tqazdi-da, qo'li bilan bo'ynimni ozgina egib turishimni ko'rsatdi. Aytganini qildim. U qiqirlab kuldi va sumkachasidan fotoapparat chiqarib, “chirq” etkazib suratga oldi. So'ng matohini yaqin keltirib, suratim aks etgan oynani ko'z oldimga tutdi. Meni o'zimning suratimdan ko'ra fotoapparatning antiqaligi ajablantirdi. To'g'risi, bunaqasini hali umrimda ko'rmagandim. Shunday esa-da, ajablanganimni qizga sezdirmay, suratimga tikildim.
Ha, o'xsharkanman kitobdagi yigitning rasmiga. Demak, bog'da chorasiz, horib-tolib, tanamdagi og'riqdan azoblanib boshimni xam qilib o'tirganimni ko'rgan qiz meni kitobdagi yigitga o'xshatgan. Menimcha, kitob zo'r, aqlli odam haqida yozilgandir, bo'lmasa qiz men uchun bunchalik kuyib-pishmasdi, jonini xavf ostiga qo'yib yordam bermasdi. Qizga mehrim jo'shib, o'rnimdan turiboq uni quchdim-da, o'pdim. Nigora yuzimning terisini ancha qalin qilib qo'ygan ekan, yo'qsa, shaharning o'rtasida, shuncha odamning ko'z o'ngida qizni o'parmidim? Qiz o'zini olib qochmadi, uzun kipriklari pirpirab menga tikilib qoldi, so'ng mayin jilmayib burnimdan chimdib qo'ydi.
Kechga borib toliqibman, trolleybusning derazasiga boshimni qo'yib, ko'zim ilinibdi. Agar qiz turtib tushishimizni aytmaganida, dong qotib uxlab qolardim.
Trolleybusdan tushib, biroz yurdik va atrofi yam-yashil maysa bilan o'ralgan mo''jazgina uy yoniga yetib keldik. Qiz darvozacha yonida to'xtadi va menga yuzlanib bir nimalar dedi. Men kulib yelka qisdim. Shu payt uydan bir ayol va bir erkak oldinma-keyin chiqib kelishdi. Ular bizni ko'rib, bo'sag'adan jilmaygancha qarab qolishdi. Qiz bezovtalandi, sarosimali nigohini ko'zimga tikib, bir narsalar deya pichirladi. Sezdim, qiz noqulay vaziyatda, aftidan, ular ota-onasi bo'lsa kerak, shularning ko'z o'ngida men bilan yonma-yon turganidan uyalayotganga o'xshaydi.
Fikrimni jamlab, bir qarorga kelishga ulgurmasimdan, erkak shitob bilan biz tomon kela boshladi. Yuragim tovonimga tushib ketayozdi. Axir, bizning qishloqda qiz bola yigitini uyiga yetaklab kelmaydi-da. Yetaklab kelish u yoqda tursin, ko'cha-ko'yda gaplashib turganini uyidagilardan birov ko'rib qolsa bormi, qiyomat-qoyim bo'ladi. Bunday paytda yigitga bitta yo'l qoladi: qochish! Qiz esa, o'zi javob beradi. Tuzukroq bahona topolmasa, bir-ikki shapaloq yeydi, so'kish eshitadi. Ikki-uch kun uyidagilarining qovoq-tumshuqlariga bardosh berishiga to'g'ri keladi. Bu yerda qoida qanaqa bilmayman, ehtimol, bularning qizlari yigitni uyiga olib kelishar. Kinolarda chet elliklar shunaqa qilishadi-ku.
Erkak qizga qisiq ko'zlarini kerib o'qrayib qaradi va bir nimalar dedi. Qiz siniq tovushda javob qaytardi. Nazarimda, ovozi biroz qaltirab chiqdi. Erkak uning gapidan qoniqmadi, shekilli, baqira ketdi. So'ng ojizaning ko'zoynagini yulqib oldi-da, gapirishdan to'xtadi. Oraga g'alati jimlik cho'kdi. Erkak gap boshlaguncha bir necha bor qoshlari manglayiga chiqib-tushdi. Ko'zi battar yirildi, qovog'i osildi. So'ng allanimalar deb shunaqangi baland ovozda baqirdiki, qiz sho'rlik qaltirab ketdi, ko'zidan yosh oqdi, biroq lom-mim demadi.
Shundan so'ng erkak menga yuzlanib baqira ketdi. Men bezrayib qarab turaverdim. U battar tutaqib ketdi. Agar qiz bir narsa deb to'xtatib qo'ymaganida, kim biladi, yana qancha vaqt ovoziga zo'r berardi? Qizning gapidan so'ng u birdan jimib, aft-angori o'zgarib, yuzimga maymunga qaraganday iljayib tikilib turdi-da, cho'ntagiga qo'lini tiqib, bir dasta pul chiqardi va uchtasini ajratib qo'limga tutqazdi. Uning bu qilig'idan jon-ponim chiqib, bergan pulini otib yubordim-da, ortimga burilib tez-tez yurgancha ulardan uzoqlashdim. Taxminan o'n qadamcha yurganimda qizning chaqirgani eshitildi. Biroq to'xtamadim. Ortimga o'girilib qaramadim ham. Chunki endi ortimga qaytolmasdim, g'ururim toptalgandi.
Anchagacha o'zimga kelolmay, so'kinib, jahlimni bosolmay yurdim. Shu ketishda qaerlarga borib qolganimni, qizning uyi qaysi tomonda qolib ketganini ham unutibman. O'pkamni bosib olgach, qilmishimdan pushaymon bo'ldim, axir bechora qiz meni deb ne ko'ylarga tushmadi. Birrov to'xtab, ortimga o'girilsam asakam ketarmidi? Nimamga bunchalik g'o'ddaydim? Eh, ahmoq, hech kallang ishlamadi-ishlamadi-da. Endi bu hayhotday shaharda kiming qoldi? Uyingga ketish u yoqda tursin, shu turishing bo'lsa, ochingdan o'lasan-ku!
Yuraverib bir sayilgohga kelib qolibman. Bo'sh o'rindiqlardan biriga o'tirdim. Odamlarni kuzatdim, ularning yuzida tabassum, hayotidan mamnun, chaqchaqlashib yurishibdi. Birgina men omadsiz-u landovur, o'zicha osmonni chog'lab botqoqqa botgan. Eh, bundan battar ko'rgilik ham bormikan dunyoda? Qishlog'imdan chiqmay, aravaning orqa oyog'i bo'lsam-da, yurmaymanmi tinchgina? Qishlog'imizdayam odamlarning kuni o'tib turgandi-ku. Balo bormidi Nigoraga oshiq bo'lib? Ozgina sabr qilsam, chidasam, Nozima meniki bo'lardi! O'zi yaxshi ko'rishini aytuvdi-ku.
Asabim qo'zib, boshimga mushtladim-da, chuqur xo'rsinib, sayilgohda yurgan odamlarni kuzatib o'tiraverdim.
Bir mahal yonimdagi o'rindiqqa sochlari tap-taqir olingan, o'rta bo'yli yigit kelib o'tirdi. Avval e'tibor bermagan ekanman, o'zim bilan o'zim ovora bo'lib. Qarasam, u sigareta chekayapti. Beixtiyor chekkim keldi. Bo'lmasa, avval chekmaganman. To'g'ri, bir-ikki marta tutunni og'zimga olib puflaganman, lekin bu chekishga kirmaydi-da. Hozir o'larday chekkim kelayapti. Buning ustiga, taqirbosh shunaqangi huzur qilib tutunni yutayaptiki, ko'rib ishtahang ochilib ketadi.
Suqlanib unga bir-ikki qarab qo'ydim. Negadir ko'zimga tanishdek ko'rindi. “Qaerda ko'rgan ekanman?” — deb o'yladim va topdim! Ertalab qiz bilan ko'rishganimda uzoqdan termilib turganiga ko'zim tushuvdi.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™