Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:20
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili (14-qism)

Added:NewsMaker (29.11.2017 / 19:28)
Rating:rating 734 article (0)
Reads:480
Comments:0
Jon achchig'ida kishanlangan qo'limni tishladim-da, etimdan bir tishlab uzib oldim, keyin bo'sh qo'lim bilan odamxo'rlar meni mana shunday yeyishlarini qizga imo-ishoralar bilan tushuntira ketdim. Qizning, avvaliga, afti burishib ketdi, bir muddat qo'limning qon jo'shib turgan joyiga, so'ng o'zimga qarab turdi. Keyin mutlaqo kutilmaganda sariq sochli barzangining ikki choti orasiga shunaqangi tepdiki, u o'kirgancha bukchayib, ikkala qo'li bilan og'rigan joyini changallamoqchi bo'lib, meni ham tortib yubordi. Bo'sh turgan ekanman, siltanib ketib, manglayimni odamxo'rning boshining orqasiga urvoldim. Bir zum ko'z oldim qorong'ilashdi, lekin tez o'zimga kelib, qizning qo'limni kishandan bo'shatayotganini ko'rdim. “Ikkinchisi qochib qoldimi?” — deb yon-verimga qaradim va ko'zim yerda cho'zilib yotgan odamxo'rning sherigiga tushdi. Ha, tushunarli, men karaxtlanganda qiz ishini bitirib qo'ygan ekan.
Atrofimizni odamlar o'rab olishdi, shovqin ko'tarildi. Qiz nimadir deb qichqirdi, men uning “politsiya” degan so'zigagina tushundim. Biz qochdik, maysalar ustidan quyonday sakrab-sakrab boqqa o'tdik.
Bog'dan chiqib olgandan so'ng yugurishdan to'xtadik. Qiz zuvillab oqib o'tayotgan mashinalarga qo'l ko'tardi. Bir mashina yonginamizda to'xtadi. Qiz haydovchidan so'rab o'tirmay orqa eshikni ochdi-yu, chaqqon kirib ichkariroq siljidi. To'g'risi, uning nozik harakatlariga havasim kelib ketdi. Ammo mashina qo'zg'alishi bilan sherigimga aylangan bu go'zaldan shubhalana boshladim va biz o'tirgan ulovning qayoqqa ketayotganiga e'tibor bermoqchi bo'ldim, biroq bilolmadim, chunki mashina biroz yurib chapga qayrildi. Men esa, bu tomonlarni endi ko'rishim. Aksiga olib, eti uzib olingan qo'limning og'rig'i kuchaydi. Tishimni tishimga bosib chidashga urinaman, qon oqishi to'xtamaydi, yap-yangi kiyimlarim qonga bo'yaldi. Yaraning tepasidan sog' qo'lim bilan mahkam siqdim. Qiz ham qo'limni ushladi va sinchiklab yaramga tikildi. Keyin (ochig'i, o'shanda uning aqliga qoyil qoldim: to'polonda eski ko'ylagimni olishni unutmagan ekan) Indira opa sovg'a qilgan ko'ylakdan bir parcha yirtib olib, qo'limni mahkam bog'lab qo'ydi.
Oradan ko'p o'tmay mashinadan tushdik. Bir qarashda bozorni eslatadigan odam gavjum tarafga yurdik. Adashmagan ekanman, ko'chaning har ikki tomoniga do'konchalar pala-partish qurib tashlangan, latta-putta, kiyim-boshlar ilib tashlangan. Kalta ishtondagi savdogarlar oyog'ida shippak bilan chaqqon borib-kelib yuribdi. Shovqin unchalik kuchli emas, biroq ora-sira bir-biriga baqirib gapirayotganlar ham bor. Meni esa boshqa narsa, bu yerga nima maqsadda kirganimiz o'ylantiradi. Ko'ylagim qon bo'ldi, boshqasini obermoqchidir, deb o'yladim, ammo qiz kiyim-kechaklarga qaramay, ildam yurib ketayapti. Yuguraverib tinkam qurib qolganidan, undan biroz ortda qola boshladim. Qiz avvaliga buni sezmadi, keyin ortiga bir qarab qo'ydi-yu, to'xtadi.
— Biron joyda ozgina dam olaylik, baraka topgur, — dedim unga yetib olganimdan keyin. — Oyoqlarimda darmon qolmadi.
Ammo qiz sog' qo'limdan ushlab sudrayotganday tez-tez yurib ketdi. Ikki yuz qadamcha yurganimizdan keyin ko'kat bozori boshlandi. Qiz turli-tuman o'tlarga diqqat bilan qarab, qadamini sekinlatdi. Uning ortidan, bir nimani biladigan odamday, men ham ko'katlarga qaray boshladim. Qiz barglari bedanikiga o'xshab ketadigan, novdasi yo'g'on o'tdan ikki bog' sotib oldi. So'ng asal va bir dona tuxum ham xarid qildi. Ularni sumkachasiga joylab, mening qo'limdan ushladi-da, orqa tarafga boshladi.
Ko'chaning boshiga chiqishimizga ozgina qolganida negadir boshim aylanib, ko'zim tindi. Gandiraklay boshladim. Qiz ahvolimni sezdi, shekilli, to'xtab yuzimga tikildi. So'ng qatorning chap tomonidagi pakana, qorinchasi do'ppaygan, sochi tap-taqir olingan sotuvchiga yuzlanib, bir nimalar dedi. Sotuvchi boshini qimirlatib, do'koniga kirib ketdi va zum o'tmay qo'lida shisha idish ko'tarib chiqdi.
Shishadagi qip-qizil suyuqlik taxir ekan, spirt qo'shilganga o'xshadi. Qizning ishorasi bilan oxirigacha ichdim. Bilasizmi, birdan ko'z oldim ravshanlashdi va qizga iljayib:
— Ketdik, — dedim.
Yo'l boshiga endi chiqib borgandik, bog'da aynan qo'limga kishan solgan barzangilarday kiyingan o'n chog'li odam irjayishib-tirjayishib turishganini ko'rib, haykalday qotdik. Endi qo'lga tushganimga shubham qolmagandi. Alamdan qo'llarim musht bo'lib tugildi.
Ularning bu yerda qanday paydo bo'lib qolgani meni o'ylantirib qo'ydi. Axir, biz bog'dan qochib chiqib, mashinaga o'tirganimizni hech kim ko'rmagandi. Ko'zi tushganlar esa oddiy yo'lovchilar. Politsiya qidirib kelganida ham tushunardim, chunki ikkita barzangini sulaytirib qochishimiz ularda shubha uyg'otishi ehtimoldan xoli emas. Lekin bular… qaerdan hid oldi? Kim bizning bu yerdaligimizni xabar qildi? Yonimdagi qizga alam bilan qaradim. Chunki gumonim aynan shu qizdan edi.
Yo'lto'sarlarning uchtasi to'dadan ajralib chiqib, bizga yaqinlasha boshladi. O'zimni taqdirning qo'liga topshirgan esam-da, ayni paytda, osonlikcha jon taslim qilmoqchi emasdim. Garchi madorim qurigan, birov turtib yuborsa ag'anab tushadigan ahvolimda ham yoqalashishga shay edim.
Qiz ko'kragimga qo'lini qo'ydi-da: “Sen nari tur”, degandek orqaga itardi. O'jarligim tutib, qo'lini siltab tashladim. Qiz menga g'alati qarash qilib, qoshlarini chimirdi-da, allanimalar dedi. So'ng yana meni orqaroqqa itarib, o'zi bir qadam oldinga chiqdi. Nazarimda, u yaqinlashib kelayotgan uchta barzangi bilan mushtlashmoqchiday. Bir kulgim qistaydi, bir g'ashim keladi. To'g'ri, u bog'da ikkitasini bir o'zi epladi. Lekin bog'dagi mushtlashish mutlaqo ular kutmaganda ro'y bergandi. Qolaversa, ikkinchi odamxo'rni urganini men ko'rmadim. Balki kimdir yordamlashib yuborgandir-u, men o'zim bilan o'zim ovora bo'lib ilg'amagandirman.
Yo'lto'sarlar bilan oramizda bir qadamcha qolganida qiz yengil harakat qilib oyog'ini ko'tardi va o'rtadagi barzangining jag'iga tepdi. Ammo qizning tepkisi unga chivin chaqqanchalik ta'sir qilmadi. Boshi bir siltandi, xolos. Oddiy shapaloq ham odamning yuzini achitib yuboradi. Barzangining afti bujmayish o'rniga tirjaydi va qizning ikkinchi zarbasini osonlik bilan qaytarib, yuziga zarb bilan musht tushirdi. Qiz bechora: “A-a!” — deya baqirgancha yoniga yiqildi. Shunda men chinqiriq hamma tilda bir xil bo'lishini bildim.
Men ortimga tisarilib, qo'limni musht qilib tugdim, o'zimcha: “Qaysi birini ursam ekan?” — deb o'yladim ham. Ammo shu payt orqa tomondan shovqin eshitildi. Burilib qaramadim. To'g'rirog'i, qarashga qo'rqdim. Chunki yo'lto'sarlar yaqin kelib qolishgan, ushlab olishi tayin edi. Bittasi hatto qo'lini cho'zib, yoqamdan tutmoqchi ham bo'ldi. Ammo men chaqqonlik qilib o'zimni orqaga olishga ulgurdim.
Bir mahal yo'lto'sarlar chekina boshlashdi. Shunda men ortimga o'girildim-u, hayratdan dong qotdim: xoh ishoning, xoh ishonmang, bir gala odam allanimalar deb baqirgancha bostirib kelardi. Birining qo'lida kaltak, boshqasinikida armatura. Hech shubha yo'qki, ular meni, aniqrog'i, labidan sizib chiqqan qonni kafti bilan artayotgan sherigim
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™