Xayirli kun, Guest!
Soat: 18:08
Tavsiya qilamiz
MILLION JAMOASI KONSERT 2021
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtga tushgan dog'

Added:NewsMaker (29.11.2017 / 13:04)
Rating:rating 731 article (0)
Reads:421
Comments:0
Bir yil avval Akromning ishxonasiga yangi xodim keldi. Yoshi qirqqa qarab ketayotgan ko'hlikkina ayol tezda jamoaga kirishib ketdi. Shu qatorda Akrom bilan ham tezda til topishdi. Ular ish yuzasidan tez-tez maslahatlashishardi. Akrom ikkisi bitta bo'limda bo'lgani bois ish vaqtida u yoq-bu yoqdan gaplashib ham turishardi. Ana shunday vaqtlarda Dilbar opa Akromga opalarcha maslahat berar, olisdan kelib, shaharda ishlab yuribdimi, shunga yarasha natijaga erishish kerakligini uqtirardi. Akrom o'zidan o'n yosh katta bo'lgan Dilbar opaning bu kabi nasihatlarini jon qulog'i bilan tinglardi.
Qaysidir kuni ularning suhbat mavzusi oila qurish haqida ketdi. Turmushdan yolchimagan Dilbar opa bu borada ham anchayin jon koyitib nasihat qildi. O'z baxtsizligi va yolg'izligidan o'kindi. Shundan so'nggina Akrom ayolning yolg'iz yashashini, farzandi bo'lmagach, oilasi buzilib, boshqa turmush qilmaganini bildi. Endi Dilbar opa uning ko'ziga yanada xokisor ko'rinib, hamkasbiga ichi achidi. Dilbar opa esa atrofdagilarga o'z g'am-tashvishini sezdirmas, doim kulib-quvonib yurardi. Sirtdan qaragan odam uni dunyodagi eng baxtli ayol deb o'ylashi tayin edi. Shu sabab Akrom Dilbar opaning irodasiga doim tan berardi.
Ayni damda ayol Akromning ko'ziga haqiqiy ma'noda dilbar bo'lib ko'rinardi. Ayniqsa, Akrom juvonning «Ikki xonali uyda turaman. Ota-onam o'tib ketgach, aka-ukalar bilan sen-menga bormayin deb shu uyni olib, ko'chib o'tdim», degan gaplarini eslaganida Dilbar opaning yolg'iz yashashi tassavvurida jonlanib, achinish hissi kuchayadi. Bu achinish sabab Akrom hamkasbiga imkoni boricha ko'mak berishni istardi. Ayni paytda Dilbar opa ham Akromga samimiy munosabatda edi.
Ana shunday kunlarning birida Akrom hamkasblari bilan bazmdan kech chiqdi. Bu paytda Akrom yangi ijara uyiga ko'chib o'tgan edi. Uy egasi bemahal eshikni ochmas, uyga kiritgan taqdirda ham yarim soat savol-javob qilib, jonini halqumiga keltirardi. Akrom shu haqda o'ylab, yurak hovuchlab eshik qo'ng'irog'ini bosdi. Bir muddat kutib turdi. Ammo ichkaridan hech qanday sado bo'lmadi. «Nima balo, o'lib qolganmi?» degan o'y Akromning xayolidan o'tdi-yu, qo'rqib ketdi, «Rostdan ham shunday bo'lsa-ya!»
Akrom shosha-pisha qo'ng'iroqni qayta-qayta bosdi. Ichkaridan norizo ohangda «Hozir!» degan ovoz keldi. Akrom biroz o'ziga keldi. Uy egasi esa eshikni qiya ochib:
— Sen kimsan? — dedi.
— Meni tanimayapsizmi? Axir men Akromman, uyingizda ijarada turaman-ku! — dedi Akrom biroz jahllanib.
— Men yarim tunda uyimga ijarachi qo'ymayman. Ana katta ko'cha! Bo'lmasa, hozir militsiya chaqiraman! — keksa kampir shunday dedi-yu, eshikni qarsillatib yopdi.
Akrom turgan joyida taxtadek qotdi. Ichkaridan kampirning oyoq tovushi eshitildi. Shu payt Akrom yana eshik qo'ng'irog'ini bosdi. Ichkaridan esa «Ketasanmi yoki militsiyaga telefon qilaymi?» degan xitob keldi.
Akrom uchun bu birinchi marta emas. O'tgan safar ham xuddi shunday bo'lgandi. Akrom yarim tunda qaerga borishni bilmay, falon so'mga mehmonxonada tunagandi. Ertasi kuni ijarachi kampirga arzi-dod qilganida, «Yarim kechasi kelsang, kiritmayman, deb avvaldan aytganman. Ayb menda emas, o'zing kech kelding», degan javob olgandi. Keyin Akrom kampir nima uchun bunday yo'l tutishini bilishga qiziqdi. Kampirni ancha gapga solib, uy egasining hayotini, fe'l-atvorini o'rganmoqchi bo'ldi. Bundan chiqargan xulosasi shu bo'ldiki, befarzand keksa ayol uzoq yil yolg'iz yashagan. Qon-qarindoshlar ham «Boy-boyga boqar, suv soyga oqar» qabilida ish tutib ketishgan. Shu sabab uyiga ijarachi qo'yib, kun kechira boshlagan. Bir safar ijarachi yigit yarim tunda ichib kelib, shovqin-suron qilgan. O'shandan yurak oldirgan ayol kech kelgan ijarachilarini uyga kiritmaydi.
Hozir uy egasining ichkariga kiritmaganidan Akromning jahli chiqdi-yu, tag'in keksa ayolni ham haq deb o'yladi.
Tashqariga chiqib, katta yo'lga qarab yurdi. «Qaerga boraman? Yana mehmonxonagami? Yo'q, pulim yetmaydi. Demak, biror tanishimning uyiga boraqolaman, lekin yarim kechada kimni bezovta qilaman. Dilbar opanimi? Yo'q, ayol kishi, buning ustiga yolg'iz yashasa…»
Akrom shu kabi xayollar og'ushida ancha-muncha yayov yurdi. Bir mahal soatiga qarasa, tun yarimdan og'ibdi. Akrom shu atrofdagi bekatga borib o'tirdi. Telefonini olib raqam terdi. Chaqiruv ovozi eshitilar-eshitilmas o'chirdi.
Bu vaqtda Dilbar opaning telefonida Akromning raqami chiqib ulgurgandi. Dilbar opa uyqu aralash hamkasb yigitning raqamini ko'rdi-yu, ajablandi. «Adashib raqam tergan bo'lsa kerak. Lekin yarim tunda uxlamay, nega qo'ng'iroq qildiykin? Tinchmikin?» degan o'yda Akromga qaytib qo'ng'iroq qildi. Akrom qo'ng'iroqqa javob berarkan, Dilbar opa uning ko'chada yurganini sezib qoldi.
— Qaerdasiz? Mashinalarning ovozi eshitilyapti, haliyam uyga bormadingizmi?
Akrom ustma-ust berilgan savollardan qochib qutula olmadi. Noiloj bor gapni aytdi. Dilbar opaning uyqusi uchib ketdi.
— Daydib yurmay, tez bizning uyga keling. Yomonlarga duch kelib qolsangiz, nima bo'ladi?
— Yomon odam nima qiladi? Hamma yoq tinch-ku! — dedi Akrom o'zini oqlab.
— Tinch bo'lsa ham bunday yurmang. Tez keling! — dedi Dilbar opa qat'iy.
Akrom noiloj Dilbar opaning uyiga qarab yurdi. Dilbar opa hamkasbini ichkariga boshlarkan, yon tomondagi xonada bemalol dam olishini aytib, yotoqxonasiga kirib ketdi. Akrom shu kecha deyarli uxlay olmadi. O'zini o'g'riday his etib, bu uyga yashirinib kirib olganday bezovta bo'lib chiqdi.
Akrom erta tongdan turib, Dilbar opaning «Choy ichib oling», degan gapiga ham quloq tutmay, ishga jo'nadi.
* * *
Oradan bir hafta o'tib, ishxonada Akrom va Dilbar opa haqida xunuk gap tarqaldi. «Uyiga chaqirib olganmish», «Indamay yurgani bilan makkora ekan», «Bechora bolaning burnidan ip o'tkazib oladi endi!»
Bu kabi kurakda turmaydigan gaplar tezda bolaladi. Akrom bu haqda eshitib, dong qotdi. U Dilbar opaning uyiga borgani, noqulay ahvolda qolgani haqida do'sti Ikromga aytgandi. Lekin gap bu tomonga aylanib ketishini bilmagandi. Akrom ishxonada o'zini qo'yarga joy topolmay qoldi. G'iybatdan sal kechikib xabar topgan Dilbar opa esa yosh to'la ko'zi bilan Akromga tik qaradi-yu, biror so'z aytmay chiqib ketdi. Ertasi kuni Dilbar opa ishga kelmadi. Akrom esa o'zini oqlash uchun Dilbar opaning uyiga bordi. Dilbar opa unda ayb yo'qligiga ishonishini aytib, sovuqqina xayrlashdi. Akromning xo'rligi keldi. Ishxonaga qaytib, Ikromning yoqasidan oldi. Ammo endi kech bo'lgan, g'isht qolibdan ko'chgandi. Ikrom esa uning do'q-po'pisasiga parvo qilmadi. Aksincha, bunda Akromning o'zini aybdor qildi:
— Uyiga borib, yotganingni o'zing aytdingmi? Aytding! Agar niyating toza ekan, nega mening uyimga kelmading?!
Akrom alamdan o'shqirib yubordi:
— O'ldiraman seni! Dilbar opa sen o'ylaganday ayol emas!
— Unda kim? Farishtami? Nega buncha yonini olasan? Senga balo ham urmaydi-ku, erkakka o'xshasang-chi?!
Akrom hamkasbining gapiga ortiq bardosh berolmadi.
— Qanday vijdonsizsan, yaramas! — deya musht tushirdi.
* * *
Akrom ishni ham, shaharni ham tashlab, qishlog'iga ketib borardi.
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™