Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:45
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili(12-qism)

Added:NewsMaker (29.11.2017 / 08:36)
Rating:rating 724 article (0)
Reads:493
Comments:0
Nihoyat yo'lboshlovchi eni ikki metrlar chamasi keladigan qop-qora derazali, ikki tabaqali eshik yonida to'xtadi va menga o'girilib:
— Shu yerga keramez, — dedi iljayib.
Men indamadim. Ko'zoynak eshikni ochmadi. Eshik o'zi ochildi. Bu meni hayratlantirdi.
Ichkari yop-yorug', xona bir necha alohida xonachalarga bo'linib, oqqa bo'yalgan oyna bilan o'ralgan, bu yoqdagilar narigi tomondagilarga ko'rinmaydi, bu yoqdagilar narigi tomonda o'tirganlarga. Birovlar men tushunmaydigan lahjada allanimalarni gapirayapti.
Ko'zoynakli meni kiraverishdagi kursiga o'tqazib qo'yib, o'zi o'sha xonachalardan biriga kirib ketdi. Bir necha soniyadan keyin o'ziga o'xshagan kiyimdagi kishi bilan yetaklashib chiqdi va mening yonimga keldi.
— Ko'ylakni yecheng, — dedi ko'zoynak irjayib.
— Nega? — dedim men hayron bo'lib. — Soppa-sog'man-ku!
— Shune teksheramez.
Men istar-istamay egnimdagilarni birma-bir yechdim. Ko'zoynak sherigi bilan birga bo'ynidagi matohining bir uchini qulog'iga tiqib, ikkinchi tomonidagi temirchasini ko'kragim ustida obdan yurgizdi. Ba'zi-ba'zida ular ko'z urishtirib olar, bir narsalar deb valdirashardi. Ko'krak qafasimning tekshirilmagan joyi qolmagach, ular mamnun jilmayishib, qadlarini rostlashdi.
— Sareq bo'ganmisez? — so'radi o'sha-o'sha muloyimlik bilan ko'zoynak.
— Yo'q.
— Oke! — dedi u bosh barmog'ini yuqoriga qilib va sherigiga qarab yana o'sha yot tilda valdiradi. Sherigi esa eshik tepasidagi soatni ko'rsatib, bir balolar deb javradi.
Ko'zoynak boshini qimirlatib uning gapini tasdiqladi va menga yuzlanib:
— Sez, shu yerga o'tirade, bez tez kelamez, — dedi.
— Mayli, — dedim rozi bo'lib.
Ularning oyoq izlari sovib ulgurmay, kichik oyna bilan o'ralgan xonalardan oldinma-ketin oppoq xalat kiyganlar chiqib kelishdi va menga qayrilib ham qaramay haligilarning ortlaridan ravona bo'lishdi. Men yolg'iz qoldim. Bir muddat joyimda qimirlamay o'tirdim, keyin zerikdimmi, o'rnimdan turib, eshik tomonga o'g'rincha qarab olib, ohista qadam bosib oynali bo'linmalar tomon bordim.
Men ko'rgan manzara dahshat edi. Uni ko'rguncha, ko'zim oqib tushsa mingdan-ming rozi edim. Qo'rqa-pisa xonacha eshigini ochdim-u, qotib qoldim: o'rtadagi uzunasiga ikki, eniga bir metrcha keladigan stol ustida ko'krak qafasi-yu qorni ochib tashlangan, ko'zi olaygan murda yotardi. Oyoq-qo'lim qaltiradi, yuragim tez ura boshladi, etim uvishdi. Baqiray deyman-u, ovozim chiqmaydi. Bir mahal gurs etgancha tizzalab o'tirib qoldim. O'takam yorilayozdi va sakrab o'rnimdan turib, qochmoqchi bo'lib, keyingi xonaning ham eshigini ochib yuboribman. Bunisida ko'rganim undan-da dahshat edi. Odamning kesib olingan qo'l-oyoqlari, boshi osib qo'yilgan, stol ustida ichaklar chuvalashib yotibdi. Men adoyi tamom bo'ldim. Bir yilcha burun oyog'i singan ho'kizchamizni qassobxonaga olib borgandik. O'shanda qassob molni tashqarida so'yib, terisini shilib, go'shtini kushxonaga olib kirib mana shunday chavaqlagandi. Hozir shu ko'z oldimga keldi.
Eshikni qanday yopdim, bilmayman. Asta ortimga tisarila boshladim. Miyam juda tez ishga tushib ketdi. Lahzada anavi ko'zoynak va uning sherigi meni tekshiruvdan o'tkazgani xayolimdan o'tdi…
Qishlog'imizda Abror ismli bir yigit bor. O'zimizning shaharda o'qiydi. Hali yosh bo'lsayam, tepakal. O'sha bir gapni aytib bergan. Eski bir shaharda bitta ko'cha bor ekan. Mabodo yosh bola adashib bu ko'chadan o'tib qolsa, o'sha yerning odamlari uni ushlab olib uylariga olib kirarkanlar-da, yerto'lasiga qamab shirin taomlar bilan boqisharkan. So'ng o'zlarining qanaqangidir marosimida semirgan bolani cho'miltirib, un solingan supra ustiga o'tqazarkan-da, atrofini qo'llarida bigiz ushlab o'rab olisharkan. Ulardan biri:
— Kel, o'zim senga shokolad beraman, — deb bolani yoniga chaqirarkan. Qo'rqqanidan dag'-dag' qaltiragan sho'rlik bola sekin o'zini chaqirgan odamga yaqinlasharkan va kutilmaganda etiga sanchilgan bigizdan chinqirib, qochmoqchi bo'larkan-u, boshqa bittasining yoniga borib qolarkan. Bu safargi bigiz naq uning suyagigacha yetib borarkan. Xonani esa bola bechoraning nolasi bilan birga, qonxo'rlarning hayqirig'i egallarkan…
Abror qolganini ham aytgan edi. Lekin men uni birovga gapirib berish u yoqda tursin, hatto o'ylashga ham qo'rqaman…
Oradan ma'lum muddat o'tib, ularni militsionerlar navbatdagi marosimlarini nishonlayotganlarida qo'lga olishibdi. Biroq hammasini emas. Ba'zilari chet elga qochib ketibdi. Abrorning so'zlariga qaraganda, ular boshqa davlatda hozir ham shu ish bilan shug'ullanisharkan. Chunki qon ichmasa, odamning qoniga qorilgan non yemasa, xuddi nashavandlarday jinni bo'lib qolisharkan.
Orqaga tisarilayotganimda, ana shu voqea xayolimga keldi-yu, odamxo'rlarga yem bo'lish navbati menga kelganini sezib, tirik murdaga aylandim.
Ko'z oldimni tuman qoplagandek, hech narsa ko'rinmay qoldi. Xayolimda odamxo'rlar qo'lida qo'yday so'yilayotganga o'xshardim. Bu aytishga oson, lekin o'sha paytda jonim bo'g'zimga kelib talvasaga tushgan, qassobning qo'lida pichoqni ko'rgan jonivorday tipirchilar edim.
Abrorning hikoyasini eslaganim va bir necha soniya avval ko'rganlarim meni shu ko'yga solgan edi. Ana shunday vaziyatda tuyqusdan miyamga: “Qochish kerak”, degan o'y keldi va men orqa-oldimga qaramay o'zimni eshikka urdim.
“Qo'rqqanga qo'sha ko'rinar”, deb bejiz aytishmagan ekan. Yo'lakda yugurib ketayapman-u, xuddi birov orqamdan quvayotganday jonim boricha chopishga urinaman.
Tepaga chiqiladigan zinaga yetib kelib, uchta zinani bir qadamlab sakragancha yuqorilay boshladim. Tepaga chiqishim bilan ro'paramdan Valeriy ikkimizga eshikni ochgan tasqaraga duch keldim. Ana shu payt shiftda qizil chiroqlar yonib, “vay-vay”lagan sirena chalindi. Qo'rquvdan oyoqlarim qaltiray boshladi. Birinchi bor ko'rganimdayoq tovonimgacha muzlab ketgan tasqaraga gavdam bilan chunonam urildimki, u orqasiga otilib ketdi. Meni ushlab qolmoqchi bo'lganlarga chap berib qochdim.
Bir mahal eshikka qarsillab urilib, chalqancha quladim. Ammo shu ondayoq sakrab oyoqqa turdim. Chunki har daqiqada hayot-mamotim hal bo'lishi tayin edi. Hayajondan hovliqayotgan esam-da, eshik zulfinini tortib ochishni epladim.
Axlatga ko'milib ko'chada yugurib ketayapman, odamlarning baqir-chaqiri qulog'imga chalinadi. Biroq to'xtadim va ovoz kelgan tomonga qaradim ham, jonim boricha yugurib ketaverdim. Baxtim bor ekan, yo'limni birov to'sib chiqmadi. Ortimdan quvlab kelayotganlardan ancha uzoqlab ketdim va odam gavjum, mashinalar tirband yo'lga yetdim. Ammo yugurishdan to'xtaganim yo'q, yo'l-yo'lakay: “Ey Xudo, o'zing kuch-quvvat ber”, deyman ichimda.
Bilmadim, qaerlarga kelib qoldim, bir mahal sillam qurib to'xtashga majbur bo'ldim. Oyoqlarim tarashaday qotgan, o'pkam shishib ketgan, entikib zo'rg'a nafas olayapman. Anavi tasqara bilan eshikka urilganim esimga tushdi — yelkalarim zirqirab og'riydi. To'xtab tizzalarimga qo'limni tirab hansirab nafas olarkanman, ortimga alanglab qarab qo'ydim. Ortimdan quvayotgan odam ham ko'rinmagach, xotirjam tortdim.
Qattiq charchaganda odamning tanasi sovimasin ekan,
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™