Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:36
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

AROSAT… (Ettinchi qism)

Added:NewsMaker (27.11.2017 / 07:32)
Rating:rating 712 article (0)
Reads:296
Comments:0
Ollohim, tashakkur borliging uchun,
Boshimga tizginsiz dardlar tashlading.
Behad xursand bo'ldim sitamlaringga,
Bandalar ichidan meni tanlading…
Tashakkur, tishimni tishimga qo'ydim,
Ruhimda tovushsiz nurli kulasan.
Dardlar yuboribsan… G'amlar yuboribsan…
Demak, borligimni o'zing bilasan… (qo'shiqdan)
* * *
Farishtam olib chiqqan piyoladagi gulob sal tahirroq ekan. Ichganimdan so'ng oradan bir necha daqiqa vaqt o'tib hayajonlanish, qo'rquv va xavotir menga begona bo'ldi. Ayniqsa, farishtamga bo'lgan mehrim, muhabbatim ortishi yoqimli edi. Uni tinimsiz erkalar, shirin so'zlar aytib charchamasdim.
Shu ko'yi biz kunni kech qildik. Vaqt xuftonga yaqinlab, uzoq-yaqinda itlar hura boshlagach, farishtam egnimga qalin chopon kiydirdi. Bu ishiga hayron bo'lmadim. Tashqaridagi qattol sovuq ruh va farishtalar uchun ham yoqimsiz kechishi mumkinligi xayolimdan o'tdi-yu, ortiqcha savollar berishdan o'zimni tiydim.
— Biz mening bir umrlik makonimga ravona bo'lamiz, — dedi farishtam kulimsirab. — Vaqtimizni o'sha yerda chog' qila boshlaymiz. O'zim sizga mazali taomlar pishirib beraman! Umuman, afsuslanmaysiz.
— Siz yonimda bo'lasiz-u, afsuslanarmidim, — pichirladim quvonib. — Sizni zo'rg'a topdim, jannatim! Siz bilan o'tgan har daqiqam mazmunli va totli kechyapti.
— Endi abadul abad shunday bo'ladi, — dedi ishonch bilan farishtam. — Siz faqat o'zimning yonimda bo'lasiz…
Biz bir-birimizni suyib-erkalagancha tashqariga yo'l oldik.
* * *
Tun yarmidan og'di. Biz totli jannat taomlari-yu, mevalaridan tanovul qildik. Vaqtimizni ko'ngildagidek xushladik.
Ha, farishtam haq edi. Men uylanib ham bunchalar orom olmaganman. Haqiqiy ayol boshqacha bo'larkan. U vujudingni kuydirgudek tamshanib erkalanadi, quloqlaring ostida boqiy dunyoning eng yoqimli so'zlarini shivirlaydi, qalbingni qitiqlaydi…
Yo'q, bunaqasi faqat mening boqiy dunyomda sodir bo'lishi muqarrar. Shu yerdagina olamni taniy boshladim. Borliqning qadriga yeta boshladim…
O'tira-o'tira farishtam tomon nigoh tashladim. Suyukligim mast uyquda edi. Uzun kipriklari uyquda ham pirpirab qo'yar, har nafas olganda olmadek siynalari sezilar-sezilmas ko'tarilib tushardi.
Uni picha havas aralash tomosha qildim-u, asta tashqariga chiqdim.
Qiziq, boqiy dunyoning osmoni ham mitti yulduzlarga to'la. Hatto tashqarida qor uchqunlayapti…
«Esim qursin,— ko'nglimdan o'tkazdim men kulimsirab. —Hali yettinchi osmonga jo'nab ketmadik-ku! Farishtam aldamayotgan bo'lsa, qiladigan ba'zi ishlarimiz bor. Shularni bitirgandan keyin uchib ketamiz…»
Shu payt vujudim junbushga kelib ko'cha tomon yurdim. Hayron edim. Qaerga otlandim o'zi? Nimaga ko'chaga qarab yura boshladim?
— Sen Sharifangning xolidan xabar olib kelmaysanmi? — hayqirdi qalbim. — Yo uning qay ahvoldaligi endi qiziqtirmaydimi?
— To'g'ri aytasan, — deya oldinga bosdim. — Uning ne gunohi bor?!. Balki ruhim tashrif buyurganini sezsa ko'ngli biroz tinchlanar? Ertangi ma'rakamni kutib ich-etini yemas…
Taxminan o'n-o'n besh daqiqa yo'l bosgach, ariq yoqasida cho'nqayib o'tirgan qora itga ko'zim tushdi.
Ha, u o'sha it. Berishga ovqatim yo'qligini payqagach, ters o'girilib ketib qolgandi.
It sharpamni payqadi deguncha dast o'rnidan turdi-da, nari keta boshladi.
— Ha, yaramas, — deya keng dalani boshimga ko'tarib qichqirdim. — Qayoqqa jo'nading? Arvohdan qo'rqishing rost ekan-da-a?.. To'xta!
It hayqirig'imni eshitib, jonholatda dala o'rtasiga qarab chopdi.
— O'l-a, — qattiqroq baqirdim. — Shunaqa bo'ladi! Arvohni ko'rsang, oyog'ingni qo'lga olib chopasanlar! Lekin ruhlar ziyon yetkazmasligini bilmaysanlar!..
Yo'l-yo'lakay it voqeasi kulgimni qistatib, nihoyat manzilga yetdim.
Hov katta anhor ko'prigidan o'tsam, Sharifalarning tomorqasiga chiqaman.
Tor so'qmoq bo'ylab to'g'ri hovliga kiraman-u, seki-in mo'ralayman…
Umuman, shartta bostirib kirib borsam nima qilardi? Baribir meni ko'rishmaydi, eshitishmaydi. O'g'riga o'xshab poylab o'tirishimdan nima naf?..
* * *
Ajab!.. Shu mahalda Sharifalarning chirog'i o'chmabdi. Kimdir qorong'ilikda piq-piq yig'lamoqda.
Bu… Sharifaning o'zi-ku!.. Nahotki, mijja qoqmay mening ko'yimda kuyib yonayotgan bo'lsa?.. Nega?.. Axir, aza biz ruhlarni bezovta qilishini, chirqillatishini bilardi-ku! Nima sababdan marhum erining tinchini buzishga qaror qildiykin? Buning o'rniga hov anavi o'tinxonaga bittagina sham yoqib qo'ymaydimi? Men o'sha sham tepasiga borib aylanmaymanmi!?.
«Ha-a, — o'yladim yuragim siqilib. — Shuning uchun qalbim bezovta bo'lgan, meni shu yoqqa yetaklagan ekan-da!.. Gap buyoqda ekan. Bezovtalik majbur etibdi meni…»
— Sharifa! — ovoz berdim ohista.
Xotinim beixtiyor yig'lashdan to'xtadi-da, o'rnidan turib atrofga alangladi.
— Kim u?.. Kim deyapman?..
— Eshitdimi ovozimni? — so'radim o'zimdan o'zim. — Yo yaqin insonlar ruhlarni ham eshitishlari mumkinmi?
— Men Qodirman! — dedim balandroq tovushda. — Eshityapsanmi meni?..
Sharifa ovoz kelgan tarafga chopdi…
Indamay turaverdim.
Bilardim, baribir u meni ko'rmaydi. Mayli, tovushimni payqagandir, ammo qiyofamni hech qachon ko'ra olmaydi. Chunki jasadim begona uyda yotibdi…
— Siz?.. Qodir aka, o'zingizmi?..
Afsuski, xotinim meni ko'ra oldi. Ha, u xo'rsina-xo'rsina kelib bo'ynimga osildi.
— Axir… Men o'lganman-ku! — deya oldim arang. — Eshityapsanmi, sen quchib turgan ruhim xolos.
— Nimalar deyapsiz?.. Siz o'lgan emassiz! Xayolingiz joyidami?.. Menga qarang, tuzalib qoldingizmi? Hech qaeringiz og'rimayaptimi?.. Nega jimsiz? Gapirsangiz-chi, Qodir aka!..
— Qo'yvor meni! — Sharifaning qo'llarini bo'ynimdan olib tashladim-da, ortga tislandim. — Sen xato qilyapsan! Men o'lganman, eshityapsanmi, o'lganman! Axir, o'z qo'llaringminan yuvgichnikiga olib bording-ku!.. Men… Orqaga qaytishim kerak… Farishtam kutyapti meni!.. Agar yonida yo'qligimni bilsa, ranjiydi. Endi sen… Sabrli bo'l! Hadeb kuyaverma! Hali o'zingga mos yigitni topasan.
— Yo'-o'q!.. — baqirdi Sharifa qaytadan meni quchib.
Uning hayqirig'ini eshitib qaynonam oyoq yalang chopib chiqdi.
— Qodirjon!.. Voy Xudoyimga shukr-ey!.. Iloyim Farzinisa omon bo'lsin!.. Oposh bo'ldingizmi, bolam?..
— Ena, kuyovingiz aqldan ozib qopti! — battarroq qichqirdi Sharifa. — Nuqul o'lganman, arvohman deb meni qo'rqityapti!
— Qo'ying, bolam, unday qilmang! Yuring, issiq xonaga kiramiz!.. Qaynoq choy damlab beraman! Yura qoling!..
Shu tobda xayollarim chalkashib ketgandi…
Bo'g'zimga nimadir tiqilgan kabi engashib oldim.
O'qchiy boshladim.
Ko'z o'ngimni qorong'ilik bosib, boshim gir-gir aylanayotganini his etdim.
Sharifa orqamdan kelib boshimni mahkam bosib turar va yig'i aralash shivirlardi:
— Qusing, Qodir aka, qusavering!.. Qo'rqmang!..
Nimadir boshimga qattiq urilgandek bo'ldi. Miyam g'uvillab, qandaydir beo'xshov tovushlar quloqlarim ostida shang'illadi va hushimdan ketdim.
* * *
Ko'zimni ochganimda tepamda Sharifa mung'aygancha o'tirardi. Bir-ikki chuqur-chuqur nafas olishga urindim. Ko'ksimda og'ir tosh turgan kabi buning uddasidan chiqa olmadim.
Sal o'tmay qornimda qattiq og'riq turib ihlay boshladim.
— Sizga nima bo'ldi?
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™