Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:50
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar
1 2 Keyingi »

Baxtning olis manzili (8-qism)

Added:NewsMaker (26.11.2017 / 18:25)
Rating:rating 710 article (0)
Reads:465
Comments:0
“G'iyq” etib eshik ochilib qolsa deng! Nigora chaqqon qo'lini tortib oldi. Men dik etib o'rnimdan turdim. Bo'sag'ada Indira opa turardi. Uning qoshlari chimirilib, qovoqlari uyilgandi. Yuragim “shig'” etdi: “O'ldim, endi bu xotin meni sharmanda qilib haydaydi”, degan o'ydan tizzam qaltirab ketdi.
— Ha-a, yigit! — dedi opa kinoya bilan. — Bu yerda siz nima qilib o'tiribsiz?
— Oyi, men o'zim chaqirgandim, — yonimni oldi Nigora. — Karavotim ostiga sotkam tushib ketuvdi. Qo'lim yetmadi. Karavotni surishga chaqiruvdim.
Nigoraning ovozi qaltirab ketdi. Bildimki, u ham onasidan boshqalar kabi o'lgudek qo'rqar ekan.
— Har nima bo'lgandayam, yigit kishi qiz bolaning xonasiga kirishi mumkin emas. Ana, karavotni surish kerak bo'lsa, Sorani chaqir, bundan keyin xonangda Nodirni ko'rmayin, — dedi Indira opa qiziga qarab, so'ng menga yuzlandi-da, — siz ham uqqandirsiz, yaxshi yigit? — dedi ko'zlari bilan teshib yuborgudek bo'lib.
— Xo'p, xo'p, — dedim men chaynalib.
— Qani, bu yerdan marsh!
O'mon izza bo'ldim. Hovliga chiqib u yoqqa-bu yoqqa borib kelaman. Hech o'zimni bosolmayman. Indira opa ko'zimga juda xunuk ko'rinib ketdi, ilon undan behroq edi. Bundan ko'ra, “Ippodrom”da mashinalarning orqasidan yugurib yurganim yaxshiydi. Chunki birov: “Nega yugurayapsan? Orqangga qayt, senga pishirib qo'yibdimi?” — demaydi, degan taqdirdayam, to'pig'imgacha kelmaydi. U yerda Nigora yo'q, hamma bir-biriga qo'pol gapiradi. Shunga o'rganishgan. Shusiz birovga gap uqtirib bo'lmaydiyam.
“O'zi meni nega olib qoldi? Men yalinib-yolvormagandim-ku. Agar Nigorani ko'rmaganimda, boshimdan tilla sochganidayam rozi bo'lmasdim bu yalmog'izning xizmatini qilishga. Buning ustiga, qizining xonasiga men o'zim kirganim yo'q-ku… Itni haydaganday haydaydi”. Xayolimdan shu fikrlar o'tayotgan lahzalarda men o'zimni juda osmon tutayotganimni bilmasdim. Holbuki, nima bo'lgan taqdirda ham, aybdorligimni his qilmasdim. Agar Nigora bilan yana ozgina o'tirganimda nima bo'lardi? Hamma narsa kunday oydinlashgandi-ku!
— Nodirbek, — chaqirib qoldi Indira opa ichkaridan.
Men ovoz kelgan tomonga o'qrayib qaradim, keyin oyog'imni zo'rg'a sudrab uning yoniga bordim.
— Bugun uyga mehmon aytib qo'yganman, Sora opang bilan birga bozorga chiqib kelasanlar. Tez kiyimlaringni almashtir.
Indira opa go'yo hech narsa bo'lmaganday buyruq berardi. Hatto yuzida quvonch alomatiyam borday. Bu meni ajablantirdi. Yoshlikdan bir odatim bor: birov bilan gapim sal kelishmay qolsa, qaytib yuziga qaragim kelmaydi. Opaning o'zini tutishidan jahlim qo'zidi. “Boplab urishdimmi, endi tezda buyrug'imni bajar”, deyayotganday. Ammo hech narsa deyolmadim, boshimni qimirlatib, ma'qulladim, xolos.
Indira opa bilan supermarketda savdo qilganimda, uning qo'li ochiqligiga tushunmagandim. Sora opa ham undan qolishmas ekan. Bozordagi sarxil mevalarning narxini surishtirmay: “Ikki kilo, uch kilo torting”, deb aytaverarkan. “Menga nima, — o'yladim oxiri, — pulim ketmayotgan bo'lsa, bilganini qilmaydimi?”
Bozorlab kelishimizga uzog'i bilan ikki soatcha vaqt ketdi. Narsalarni olib ketayotib, oshxonada Nigoraga duch kelib qoldim. Uning yuzida ham xafalik alomati ko'rinmadi. Jilmayib, ko'zini qisib qo'ydi. Shu bilan ko'nglimdagi g'ubor tumanday tarqab, kayfiyatim ko'tarildi. Avjim kelib, suluvga bir nima demoqchi edim, anavi anakondadan qo'rqdim va xayolimga: “Nahotki shu ilondan ham farishta tug'ilsa?!” — degan o'y keldi.
Nigora oshxonadan tez yurib chiqib ketdi. Ko'nglim xuftonga aylandi-yu, lekin u to'g'ri qildi. Hozir Indira opa (qizini ko'rganimda uni ilonga o'xshatgim kelmasdi) kirib qolsa, yana bir nimalar deb ikkalamizniyam chaqadi.
Tayyorgarlik zo'r bo'ldi, mehmonxonadagi stol ustiga yozilgan dasturxonning kaftday joyi ochiq qolmadi hisob: qazi-qarta deysizmi, “koka-kola”dan tortib, turli xil spirtli ichimliklar deysizmi, sho'r danag-u bodom deysizmi — hammasi taxt. Bularni ko'rib: “Mehmon kattaroq idorada ishlasa kerak”, deb o'yladim. O'yim noto'g'ri chiqdi. Quyosh botib, atrofga qorong'ilik etagini yozgan mahali, bir-biridan yupun, kalta, ochiq-sochiq kiyingan semiz-oriq, uzun-past olti nafar ayol kirib keldi. Indira opa ularni o'zgacha tavoze bilan kutib oldi. Faqat Mahkam aka xonasidan chiqmadi. Hech kim uni bezovtayam qilmadi.
Mehmonlar bilan birga Indira opaning yonidan Nigora ham joy oldi. Uyam garchi o'zining uyida esa-da, yasan-tusan qilib olibdi. Yana deng, kalta yubka bilan qizil futbolka kiyib olgan, kindigi ko'rinib turibdi. G'ashim keldi. Biroq na iloj? Biron nima deyishga ruxsat yo'q.
Ochig'i, bu ayollarning erkaklardan farqi yo'q ekan: qadahlarini to'ldirib aroq ichishadi, og'izlarini to'ldirib ovqat chaynashadi. Xoxolab kulishadi. Gaplarini-ku, aytishga tilim bormaydi. Dastlab eshitganimda qizarib-bo'zarib ketdim. Keyin… keyin davradagi kayfiyat ta'sir qildimi, ko'nikib qoldim. Shu bois, hech uyalmasdan Sora opa suzib bergan taomlarni ularning yoniga tashiyverdim.
— Voy-vo'y! — dedi oppoq yelkasidan kiyimni ko'tarib turish uchun g'altak ipiday keladigan ip o'tkazib olgan, ko'kragining yarmi ochiq, qop-qora sochlari yelkasiga tushib turgan, o'ttizlar atrofidagi juvon menga qarab. — Bunday ketvorgan yigitni qaerdan topa qoldingiz, Indira opa?
— Topamiz-da! — iljayib javob qildi Indira opa.
— Mengayam shunaqasidan bitta topib bering. Buning bo'y-bastini!
Ayollarning nigohi menga qadaldi. Yuzim lovullab yonib ketdi, uyalganimdan tez chiqib ketmoqchi edim, biroq:
— Yaxshi yigit, to'xtang! — dedi haligi juvon. — Siz bilan yaxshilab tanishib olaylik.
Davrada kulgi ko'tarildi. Men esa tamom bo'ldim. Najot istab avval Indira opaga, keyin Nigoraga qaradim. Ammo ular jilmayishib, mehmonning gapini quvvatlaganday turishardi.
— Yigitchani qo'rqitib yubording, Gul! — dedi davradagilardan biri. — Qara, bechora sholg'omday qizarib ketdi.
— O'zimning jonim! — dedi o'sha Gul deganlari. — Qizarganida yanayam chiroyli bo'lib ketarkan.
Mening yaqin bormasligimga ko'zi yetdi, chog'i, o'rnidan turib yonimga keldi va bilagimdan siqib ushlab, Indira opaga yuzlanib:
— Ismlari nima bu shahzodaning? — dedi.
— O'zidan so'rang, Gulyaxon, — javob qildi Indira opa.
— Unda o'zimiz tanishib olamiz, qani, bu yoqqa yuring, — deb u o'zi o'tirgan stolga yetakladi. Oyog'imga tegirmon toshi bog'lab qo'yilganday edi, hech qadam bosolmayman Go'yo tush ko'rayotgandayman.
Gulyaxonning yonida o'tirgan ayol dik etib o'rnidan turib, to'rdan joy oldi va menga stulini bo'shatdi.
O'tirishim bilan Gulyaxon katta piyolani to'ldirib aroq quydi-da, qo'limga tutqazdi:
— Qani, ismingizni aytib, mana shu piyolani bitta oq qilib bering, — dedi.
— Men, — deya dovdiradim, — haligi, oshxonada tarelkalar boridi…
— E-y, turadi tarelkalar, hozir keragi yo'q. Qani, oling!
Ammo men icholmadim, qo'limdagi piyolaga termilgancha o'tiraverdim.
— Indira opa, — dedi shunda Gulyaxon, — biron nima deng. Bo'lmasa, shunday shakar yigitni poterya-yu, po-j-a-l-s-ta, xotyabi raz. Dlya menya.
— Gul. U menga judayam kerak. Mы s nim skora poletim. Tak chto, yego ne zastavlay.
Indira opaning
Download txt | fb2
1 2 Keyingi »
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™