LOGOTIPE
Xayirli tun, Mehmon!
Soat: 03:53
Kirish A'zo bo'lish
REKLAMA
« Xabarlarga qaytish
Murabbiy imzosi
Osiyo chempionlar ligasining birinchi davra bahslari o'z yakuniga etdi. 1-davra yakunlari haqidaHozircha vakillarimizdan "Lokomotiv"da 3 ochko mavjud bo'lsa, "Nasaf" o'z hisobiga 6 ochko yozib qo'yishga ulgurdi. Birinchi davraning so'nggi turida jamoalarimiz ancha jiddiy raqiblarga qarshi bahs olib borishdi. "Nasaf" guruh peshqadami "Al Sadd"ni haqli tarzda taslim etdi. "Lokomotiv" esa o'z "kvarteti"da xo'jayinchilik qilayotgan "Al Duxail" maydonida mag'lub bo'ldi.Hozircha jamoalarimiz ("Loko" 2, "Nasaf" 1) 3ta o'yinni safarda va 3ta bahsni ("Loko" 1, "Nasaf" 2) o'z maydonlarida o'tkazishdi. Qiziq tomoni, hozircha ishlangan 9 ochkoni ("Loko"-3, "Nasaf"-6) barchasini uy o'yinlarida qo'lga kiritdik. Yo'qotilgan jami 9 ochko esa safarda boy berildi. Mehmondagi bellashuvlarda ("Loko" 2 o'yin, "Nasaf" 2 uchrashuv) jamoalarimiz nafaqat g'alaba, balki durang ham qayd eta olishmadi.Etakchilarga qarshi o'yin haqidaMurabbiy imzosi"Nasaf"ning "Al Sadd" ustidan qozongan g'alabasi to'liqligicha Ro'ziqul Berdiev boshchiligidagi murabbiylar shtabining mehnati samarasi. Ayni paytdagi jamoaning holati, tarkibdagi tanlov tanqisligi va etakchining jarohat sabab kutilmaganda safdan chiqishi ham g'alabaga to'sqinlik qila olmadi. Ro'ziqul Berdiev o'yindan oldin ta'kidlagandek, murabbiy jamoani uchrashuvga avvalo ruhiy taraflama tayyorlashga katta e'tibor qaratdi va futbolchilarning shu kungi ishtiyoqi "Al Sadd"da to'plangan mahoratni engib o'tdi. Berdiev esa o'yindan so'ng kamtarlik qilib, barcha olqishlarni futbolchilar manziliga yubordi. Aslida esa ushbu muvaffaqiyat murabbiy imzosi ostida qo'lga kiritildi. "Nasaf" "Al Sadd"ni nafaqat yutdi, balki butun uchrashuv davomida o'yin tomonlama ham mag'lub etishni uddaladi. Cheranning yo'qligiga qaramasdan bahsga tayyorlangan reja va strategiya o'zgarishsiz qoldi. Bu esa yakunda to'g'ri qaror bo'lib chiqdi. Berdiev aynan shu qarori bilan murabbiy sifatida yanada o'sganini, yangi pog'onaga chiqayotganini amalda isbotladi.Murabbiy yon daftarchasida har doim kamida 2-3 xil taktik reja bo'lishi lozim. Jamoa esa o'z uslubida o'ynagan holda kerakli paytda zaxiradagi ikkinchi yoki uchinchi rejaga o'yin davomida o'tishi uning darajasidan darak beradi. Aynan shu kamchiliklar ustida ishlangani va bu o'z samarasini berayotgani quvonarli holat. "Nasaf"da ayni paytda pichoqqa ilinadigan va o'yini yana tobora shakllanayotgan bitta yaxshi tarkib bor. Murabbiy esa o'sha tarkib potentsialidan maksimum foydalanishga harakat qilmoqda. Ammo ichki zaxira yuqori darajaga hali to'liq tayyor emasligi chempionat yoki liga davomida pand berishi aniq."Nasaf"ning hozirgi yaxshi darajadagi futboli va nisbatan ancha yaxshi natijalari Berdievni salohiyatining yangi qirralari ochilayotganidan darak bermoqda. Bu so'zsiz murabbiy mehnati samarasi, berayotgan mevasi. O'z vaqtida Berdievda taktik ayyorlik, ikkinchi reja yo'qligi yoki jamoaning ruhiy taraflama tayyorgarligi me'yorida bo'lmasligini aytib, murabbiyga tanqid toshlarini otganman. Lekin hozir vaziyat o'zgardi. Ro'ziqul Berdiev murabbiy sifatida o'z imzosini yaratmoqda. Nihoyat jamoa kuchli raqiblarga qarshi qo'rqmay maydonga tushmoqda. "Nasaf" OChLdagi katta o'yinlarda ruhan tetik o'ynamoqda. Dovdirash yo'qoldi. Murabbiy aytganidek, xatolar ustida ishlangani ko'zga ko'rinmoqda. Asosiysi, natijalar buni isbotlamoqda. Har holda "Nasaf" o'z uyidagi bahslarda kuchli raqiblardan qo'rqmay qo'ydi. Aksincha, qo'rqitmoqda. Aynan shular birlashib jamoada g'oliblik ruhi paydo bo'lmoqda.Bu eyforiya yoki ikkita yutuqdan havolanib ketish emas. Aslo! Aksincha, o'zim birgina g'alabalardan eyforiyaga berilmaslikni ta'kidlashni xush ko'raman. Shunchaki "Nasaf"ning hozirgi sharoitidan kelib chiqsak, jamoa qayd etayotgan natijalar alohida e'tirofga loyiq. "Nasaf"ning o'yini olqishlarga munosib. Ayniqsa Berdiev murabbiy sifatida shakllanmoqda. Qachonki murabbiy shakllansa, o'z imzosini yarata olsa, shundagina jamoaning natijalari ham yaxshilanib boraveradi. To'g'ri, "Nasaf" guruhdan hali chiqqani yo'q. "Kvartet"dagi vaziyat ancha mushkul. Qatarda o'tadigan javob bellashuvi ko'p narsaga oydinlik kiritib qo'yishi mumkin. "Nasaf"ni guruh bosqichidan chiqarib qo'yishga erta. Lekin mavsum oldidan ko'pchilik ushbu guruhdagi eng autsayder jamoa qaysi, degan savolga "Nasaf"ni javob sifatida ko'rsatishga ulgurishgandi. Yangitdan qurilayotgan jamoa uchun OChL guruh bosqichini katta maktabga qiyoslagan Berdiev ayyorlik bilan raqiblarni ketma-ket dog'da qoldirmoqda. Bu bilan murabbiy jamoa oldidagi bosimni yo'qotishni, ularni xotirjam futbol ko'rsatishlarini istadi.Agarda hozirgi "Nasaf" guruhda qolib ketsa ham bu fojia bo'lmaydi. Chunki tarkib jihatdan "ajdarlar" guruhdagi hech qaysi raqibga raqobat tug'dira olishmaydi. Ammo kuchli ishtiyoq evaziga OChLda tajriba to'playotgan "Nasaf" tobora jiddiy qiyofaga kirib bormoqda. Bu esa kishini quvontiradi.Muhimi, jamoa ikkinchi davrada ham kamida ushbu tempni saqlab qolishi lozim. Arablarni maydonda qay tariqa izdan chiqarish mumkinligiga Qarshidagi o'tgan ikki o'yin yaqqol misol bo'la oladi. Shunchaki endi jamoa safarda ham muxlislari ko'magisiz ushbu ishni amalga oshira olishi mumkinligini isbotlashi shart.Ikki xil taym yoxud ikki xil jamoaDohadagi birinchi taymda "Lokomotiv"ni umuman tanib bo'lmadi. Guyo jamoa oyoqlariga bolta bog'lab tushgandek sekin harakatlandi. Yoki raqibning qo'rqinchli hujum chizig'i ularni dovdiratib qo'ydi. Ha, rostan ham "Al Duxail" kuchli jamoa. Guruhdagi eng kuchli raqib deb bemalol aytish mumkin. Ammo O'zbekiston chempioni nomi ostida maydonga chiqayotgan jamoa, tarkib jihatdan boshqa klublarimizdan kuchli ijrochilarga ega, zaxirasi uzun "Loko"ga bahona qilish yarashmaydi. Har holda "Lokomotiv"da ayni paytda eng tajribali futbolchilar to'p tepishmoqda. "Temiryo'lchilar" ishtiyoq evazigagina natijadan umid qilib o'tiradigan jamoa emas. Guruhdagi holat ham bu jamoa Qatar safaridan ochko bilan qaytishini taqozo qilardi. Lekin birinchi taymdagi "Loko"ni ko'rib, birinchi navbatda hayolga kelgan fikr: "Tablodagi hisob uyatli bo'lib ketmasin-da!".Shukrki, "Al Duxail" uchinchi goldan keyin biroz tindi. Keyin jamoa shunchaki bemalol futbol o'ynashga urindi. Ortiqcha gol urish ishtiyoqi qolmagani "Lokomotiv" foydasiga ishladi. Tanaffusdan keyin esa "Loko" nisbatan faollashdi. Chunki "Al Duxail" hisobdan kelib chiqib o'ynashni boshladi. Futbol esa 90 daqiqa o'ynaladi. Birinchi bo'limdan keyin yutdik, degan hayolga borgan "Duxail" sal qolsa buning uchun jazolanardi. "Loko" ikkinchi taymda Nivaldoni maydonga tushirish orqali o'yinda burilish yasashga erishdi.Nivaldo tushishi bilan qulay vaziyatga chiqdi va bundan ustamonlik bilan foydalandi. Keyingi hujumdayoq Aliboevning navbatdagi to'p uzatishi golga aylandi. Bu safar birinchi bo'limda uyquda yotgan Bikmaev uyg'ondi. Nivaldoning maydonga tushishi butun jamoani uyg'otdi. Lekin ikkinchi goldan keyin "Al Duxail" xushyorlikni oshirishga majbur bo'ldi. Ammo shunga qaramay "Loko"da hisobni tenglashtiruvchi golni urish uchun vaziyatlar bo'ldi. Ammo imkoniyatdan foydalanish boshqa nasib etmadi. Birinchi taymdagi "Loko" bilan tanaffusdan keyingi jamoa tubdan farq qildi. Yoki aksincha, birinchi taymdagi raqib bilan ikkinchi bo'limdagi "Al Duxail" umuman boshqa-boshqa jamoaga aylandi.Shu kuni "Lokomotiv" futbolchilari jismonan juda nunoq harakat qilishdi. Mavsum esa endi boshlandi. Kamiga jamoani 9 mart kuni Superligada "Metallurg" bilan o'yin, 12 martda esa "Al Duxail"ga qarshi Toshkentdagi bahs kutmoqda. Bu kabi zich taqvimda kechagi jismonan charchab qolgandek tasavvur uyg'otgan "Loko"ni bo'lajak uchrashuvlarda taniy olamizmi? Yaxshiyamki jamoaning zaxirasi uzun va tarkib bo'yicha murabbiylarda tanlov mavjud. Shu boisdan ham bu kabi zich taqvim hech qanday bahona bo'la olmaydi."Lokomotiv"ning yutug'i - jamoa Qatar safariga charter-reysda uchib bordi. "Nasaf" esa endi Turkiya orqali Qatar parvoz qiladi. Bu esa shundoq ham zaxirasi tor bo'lgan jamoaga ortiqcha muammolarni taqdim etadi.Ammo guruhdagi vaziyat va o'yin bobida "Nasaf" "Loko"dan ko'ra ustun ko'rinmoqda. Natijalar ham shunday xulosaga kelishga majbur qiladi. Kamiga "Nasaf"ning guruhi "Lokomotiv"nikiga nisbatan kuchli. Buyog'iga nafaqat tarkibdagi tanlov yoki tajribali futbolchilarning mahorati, balki murabbiy imzosiga ham ko'p narsa bog'liq. "Loko" murabbiylar shtabi qo'l ostidagi yuqori salohiyatga ega ijrochilardan maksimal foydalana olmayotgan bir paytda, Berdiev "Nasaf"da kim tushirishni bilmay natija ko'rsatmoqda. Yana qanday futbol orqali?"Nasaf"da ko'rinayotgan ushbu imzo "Loko"da ko'rinmayotgani kishini tashvishlantiradi...
« Xabarlarga qaytish