Kirish A'zo bo'lish
REKLAMA
« Xabarlarga qaytish
Qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan "Bunyodkor" haqida
O'z paytida O'zbekistonning eng kuchli klubi bo'lgan “Bunyodkor” hozir qiyin ahvolga tushib qolgani haqida oxirgi paytlarda tez-tez eshityapmiz. Kim o'ylabdi deysiz vaqtida Rivaldo, Denilson, Vilyanueva kabi futbolchilarni o'ynatgan, Ziko va Skolari kabi jahonga mashhur murabbiylarning Toshkentga kelib ishlashiga sababchi bo'lgan klubning oradan ko'p o'tmay mushkul vaziyatga tushib qolishini. Hozirgi “Bunyodkor”ni birinchi navbatda moliyaviy holat qiynamoqda. Bizga ma'lum bo'lishicha, klubning hamon futbolchilardan o'tgan yil bo'yicha qarzi bor. Ba'zi mukofot pullari haliyam berilmagan.Bu ham kamlik qilganidek, futbolchilar boshqa klub topishlari hamonoq ketish taraddudiga tushib qolgan. O'tgan yil dastlab shov-shuvli tarzda Eldor Shomurodov jamoani tark etib, Rossiyaning “Rostov” klubi bilan shartnoma tuzdi. Mavsum tugaganidan keyin Otabek Shukurov BAAning “Sharja” klubiga o'tib ketdi. Ma'lumki, Otabek jamoaning asosiy figuralaridan  biri edi. Yangi mavsum boshlanishiga bir necha kun qolganida Doston Hamdamov ham jamoadan ketib qoldi. Uni Rossiyaning boshqa bir klubi “Anji” bilan shartnoma tuzganini eshitdik. Biroq “Anji” yangi futbolchilarni tanishtirayotganida Dostonga ko'zimiz tushmadi. Hamdamov hozir qaerda, nimalar qilib yuribdi, bundan xabarimiz yo'q.O'tgan hafta Shohruh Gadoevning ham klubdan ketgani oydinlashdi. “Bunyodkor”ning AGMKga qarshi bahsida Gadoev o'yin qaydnomasiga kiritilmadi, bahs yakuniga etgach bosh murabbiy Mirjalol Qosimov bu futbolchining ham jamoani tark etganini ma'lum qildi. Faqat hozircha qaysi davlatga ketgani oydin emas. Mayli, futbolchilar chetga ketyapti, klub shu orqali transfer siyosatini yurityapti ham deylik, ammo muammo shu bilan bartaraf bo'lgani yo'q. Himoyachi Dilshod Ahmadalievning futboldan butunlay chetlatilgani “Bunyodkor”ga qattiq zarba bo'ldi. “Bunyodkor” futboldan chetlatilgan o'yinchini Dubayga olib ketgani uchun klubga 500 million so'm jarima solindi. Xullas, “Bunyodkor” atrofida yuzaga kelayotgan gap-so'zlar hech tinmayapti.Aynan moliyaviy muammolar tufayli “Bunyodkor” selektsiya jarayonini ko'ngildagidek olib bora olmadi. Jamoa o'z safiga atigi uch nafar futbolchini qo'shib oldi, vaholanki boshqa klublar o'nlab yangi o'yinchilarni taklif etdi. Mirg'iyos Sulaymonov bilan Murodjon Toshmatov “Metallurg”dan kelib qo'shilgan bo'lsa, o'tgan mavsumni “Qo'qon-1912”da o'tkazgan Filipp Rayevats ham “Bunyodkor” bilan shartnoma imzoladi.Biz klubdagi vaziyat bilan yaqindan tanishish maqsadida “Bunyodkor” PFK bosh direktori Murod Aliev hamda jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovni suhbatga tortdik.Murod Aliev: “Dilshod Ahmadaliev afv etilishidan umidvormiz”- Murod Boqievich, “Bunyodkor” futbol klubidagi qiyinchilik hamon davom etyaptimi?- Moliyaviy muammolar nisbatan yopildi desa bo'ladi. Lekin qaysidir tarafdan hali kamchiliklar bor. Yaxshi bilasiz, Neftegaz kompaniyasi nafaqat bizni, balki boshqa klublarni ham, masalan “Nasaf”ni moliyalashtiradi. Shu bois yangi mavsum uchun byudjet ajratilayotganida ular barchaga pulni bir xil taqsimlashni xohlaydi.Lekin boshqa tomondan PFL klublar oldiga yillik smeta 25 milliard so'mdan kam bo'lmasligi haqida talab qo'ygan. O'ylaymanki, bular hammasi echsa bo'ladigan masalalar. Klubimiz prezidenti pul albatta bo'lishini, faqat futbolchilar yaxshi o'ynab bersa bo'ldi degan gapni aytdilar. Shunday ekan,  hammasi yaxshi bo'lishidan umid qilib turibmiz. Biz ishlashda davom etyapmiz. Mablag' ko'p bo'ladimi yo kammi futbolchilarning to'xtab qolmasdan o'z ustilarida ishlashini xohlaymiz. Jamoa oldiga yuqori maqsad qo'yilgan va shu maqsad yo'lida og'ishmay harakat qilishimiz lozim.- O'tgan yilgi mukofot pullaridan haliyam qarzdorlik bor deb eshitdik.- To'g'ri, o'tgan yilgi ba'zi o'yinlardan qarz qolgan. Tez kunlarda bu muammo ham ijobiy hal etilishidan umidvormiz.- Qarz borligi futbolchilarni xavotirga solmaydimi?- Yo'q. Biz barcha o'yinchilarga vaziyatni tushuntirganmiz. Jamoadagi hamma hozirgi holatdan xabardor.- Ma'lumki, siz O'FA Ijroiya qo'mitasi a'zosi hisoblanasiz. Biror qaror chiqarishdan oldin Ijroqo'm yig'iladimi?- Savolingizni tushundim. Siz Dilshod Ahmadaliev bo'yicha chiqarilgan qarorni nazarda tutayotgan bo'lsangiz kerak. Yaxshi bilasiz, Ahmadaliev yoshini kichraytirgani uchun futboldan chetlatildi. Shunga qaramay, biz o'yinini yo'qotib qo'ymasin deya uni ham Dubaydagi o'quv-mashg'ulot yig'iniga olib ketdik. Keyin vaziyatdan xabar topgan O'FA futbolchini o'rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushirganimiz uchun klubga 500 million so'm miqdorida jarima soldi. Jarima solinganida men Dubayda edim va Ijroqo'mning ushbu yig'ilishida qatnasha olmadim.- Klubga 500 million so'm jarima solinishi ko'p emasmi?- Albatta, ko'p. Lekin bu Ijroqo'm qarori va uni hurmat qilishimiz kerak. O'ylaymanki, O'FA bu masalani boshqatdan ko'rib chiqadi.- PFL tomonidan klublarning yillik byudjeti 25 milliard so'mdan kam bo'lishi kerak emas degan fikrga qanday qaraysiz?- Ajoyib fikr. Agar bu pullar to'g'ri maqsad yo'lida sarflansa hamma klublar kuchayib boradi, bu esa o'z-o'zidan futbolimiz rivojiga xizmat qiladi.- Chempionat va Kubokda ishtirok etish uchun to'lanadigan 500 million so'm badal puliga qanday munosabat bildirasiz?- Albatta, bu ham ko'pdek ko'rinishi mumkin. Lekin bir narsani unutmaylik, bu yildan hakamlarga to'lanadigan pul miqdori oshirildi. Qolaversa, ikkita davrali o'yinlardan so'ng yuqori oltilikka kirgan jamoalarga mavsum oxirida egallagan o'rnidan kelib chiqib mukofot puli beriladigan bo'ldi. Masalaning mana shu tomonlarini ham e'tiborga olsak, 500 million so'm o'zidan o'zi xayolga kelgan raqam emas. Menimcha, bularning hammasi o'ylab qilingan hisob-kitob natijasi.- O'tgan yil bir yil ichida “Bunyodkor”ning uch nafar futbolchisi xorijga ketdi. Odamlarda savol tug'ilyapti: nahotki klub o'yinchilar transferidan pul ishlamagan bo'lsa?- Yo'q, unday emas. Ma'lum miqdordagi summa Eldor Shomurodovning transferidan klub hisob-raqamiga tushdi. Lekin Doston Hamdamov masalasi biroz mujmalroq bo'lib turibdi. Og'zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi deganlaridek biz yosh o'yinchilar bilan yanada uzoqroq muddatga shartnoma tuzishni mo'ljallab turibmiz.- “Bunyodkor” katta strukturaga ega klub hisoblanadi. Klub tizimida asosiy va o'rinbosarlardan tashqari ayollar, futzal jamoalari, shuningdek ko'p o'rinli futbol akademiyasi faoliyat yuritmoqda. Mana shunday og'ir sharoitda klubni bir tekis ushlab turish qiyin emasmi?- Qiyinchilik bor va buni bekitish kerak emas. Ishchilarimizga to'lanadigan maosh bo'yicha katta qarzdorlik yo'q. Imkon qadar oyliklarni vaqtida berib borishga harakat qilyapmiz. Faqat aytib o'tganimdek, o'yinchilarga mukofot puli bo'yicha qarzimiz qolgan.- Futboldan chetlatilgan Dilshod Ahmadaliev masalasi yaqin kunlarda ijobiy hal etilishi mumkinmi?- Biz ham shundan umidvormiz. Ahmadaliev - yaxshi futbolchi, keyinchalik u milliy terma jamoada ham o'ynab ketishi mumkin. Biz O'FAga uning masalasi bo'yicha xat bilan chiqqanmiz. Balki Superliganing ikkinchi-uchinchi turlarida Dilshod yana maydonga tushib qolar.Mirjalol Qosimov: "Hozirgi yoshlar maslahat so'ramaydigan bo'lib ketgan"- Mirjalol Qo'shoqovich, siz ham faoliyatingizning bir qismini BAA, Rossiya klublarida o'tkazgansiz. Shundan kelib chiqib futbolchilar chetga ketayotganda sizdan maslahat so'rashadimi?- Men futbolchilarga doim bir gapni aytib kelaman: ketishdan oldin nimadir yutish kerak. Chunki “Bunyodkor” oddiy jamoa emas. Oldin klubda o'ynab, biror sovrin yutib, muxlislar mehrini qozonib ana undan keyin ketsa yarashadi. Bundan tashqari, futbolchi ketayotganida uning oldida faqat bitta variant bo'lishi kerak emas. Yaxshi futbolchida har doim uch-to'rtta variant turadi. Qolaversa, jamoani tark etgan futbolchi ortidan klub ham obro' topishini xohlaymiz.- Nahotki ketganlarning hech biri bir og'iz maslahat so'ramagan bo'lsa?- Otbaek Shukurov so'ragandi. Oldimda ikkita variant bor, Qatarga boraymi yo BAA klubigami deb so'ragandi. Keyin esa “Sharja”ni tanladi. Boshqa hech kim kelib maslahat olgani yo'q. O'zi hozirgi yoshlar maslahat so'ramaydigan bo'lib ketgan.- Nima deb o'ylaysiz, siz o'ynagan davr bilan taqqoslaganda hozirgi paytda futbolchilarni chalg'itish osonmi?- Chalg'itishmas-u, lekin hozir agentlar futbolning bir qismi bo'lib qoldi. Avvallari futbolchini klub chaqirardi, keyin ketardik. Endi esa o'rtada agentlar katta rol o'ynayapti. Qolaversa agentlik firmalari ham ko'payib ketdi. Futbol tobora rivojlanib bormoqda. Hozir Rossiyada ham o'ynash oson emas. O'z o'yinchilaridan tashqari ularning klublarida ko'plab legionerlar bor va raqobatni engib o'tish oson bo'lmaydi.- Doston Hamdamovning o'rnini kim bilan to'ldirmoqchisiz?- Albatta, Doston jamoamiz uchun katta yo'qotish va uning o'rnini birdaniga to'ldirish qiyin bo'ladi. Shu bois ham biz Murod Toshmatovni taklif qildik. Sanjar Qodirqulov ham yaxshi o'ynab ketishi mumkin.- “Bunyodkor” oldida yana bir muammo turibdi: bu - Dilshod Ahmadaliev masalasi...- Dilshod hali yosh va uni sindirib qo'yishimiz kerak emas. Umuman olganda, men Dilshodni kelajagi porloq himoyachilardan biri deb bilaman. U vaqti kelsa milliy terma jamoada ham o'ynab keta oladi. Akmal Shorahmedov 33ga kirib qoldi, endi bo'lsa yoshlarni tarbiyalash kerak. O'ylaymanki, Ahmadaliev kelajakda aynan Akmalning o'rnini egallaydigan futbolchilardan biri. Dilshod maydonda juda katta hajmdagi ishni bajara oladi. U kutilmaganda hujumga qo'shiladi va to'p uzatish bo'yicha ham to'g'ri qaror chiqaradi. U hujumga o'tganda xuddi hujumchiga o'xshab o'ynaydi. Lekin hozircha bu futbolchini ro'yxatdan o'tkaza olmaymiz, balki keyinchalik vaziyat o'nglanib ketsa kerak.- Sizningcha, O'FA bu masalani yana ko'rib chiqadimi?- To'g'ri, u yoshini kichraytirgan bo'lishi mumkin, lekin unda 12 yosh bo'lgan va nima qilayotganini tushunib etmagan. Bundan esa eng ko'p futbolchining o'zi jabr chekib qolmoqda. Hozir Ahmadaliev judayam siqilib yuribdi, lekin biz unga yordam berishimiz kerak. Negaki u katta futbolga o'tdi va buyog'iga o'ynashi kerak deb hisoblayman. Albatta, biz ham O'FA bu ishni boshqatdan ko'rib chiqishiga umidvormiz. Ahmadaliev yana maydonga qaytsa hammamiz uchun yaxshi bo'lardi.Xulosa o'rnidaXulosa shuki, “Bunyodkor” moliyaviy tomondan qiyin ahvolga tushib qolgan. Qolaversa, klub futboldan butunlay chetlatilgan Dilshod Ahmadalievni qaytarish bo'yicha turli chora-tadbirlarni ko'rmoqda. Mirjalol Qosimov aytib o'tganidek, Dilshod chindan ham yaxshi futbolchi va tinmay mehnat qiladi. O'yini ham chakki emas. Albatta, shunday futbolchining millionlar o'yinidan chetda qolgani avvalo o'ziga og'ir botyapti. Axir u ayni o'ynaydigan yoshda bo'lsa.To'g'ri, O'FA yoshini kichraytirgan futbolchilarga qarshi kurashib to'g'ri qilyapti, bunga aslo qarshiligimiz yo'q. Lekin unutmaylikki, Dilshod ataylab o'z yoshini o'zi kichraytirmagan. Demak, buning orqasida kimlardir turgan. Federatsiya jazolashni ma'qul ko'rdimi, marhamat unda hammani birma-bir tekshirib chiqsin. Shunda kim aslida necha yosh ekani oydinlashadi. Lekin hozirgi vaziyatdan kelib chiqib O'FA Dilshod Ahmadaliev masalasini yana bir bor ko'rib chiqsa adolatli bo'lardi. Zero, biz maqtalayotgan Superligada iqtidorli futbolchilar o'ynashini xohlaymiz.
« Xabarlarga qaytish