Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 05:56
Kirish | A'zo bo'lish
Tavsiya qilamiz:
« Xabarlarga qaytish
Fozil Musaev: «Keyrush kelsa, eng yaxshi tanlov bo'lardi»
Yaponiya chempionatida to'p tepayotgan Fozil Musaevning «Jubilo Ivata» klubi mavsumni omadsiz boshladi. «Nasaf»ning sobiq yarim himoyachisi o'tgan mavsum J-ligada o'zidan iliq taassurot qoldirdi. Fozil tayanch yarim himoyasida Yaponiya chempionatidagi benazir futbolchilardan biriga aylandi.Buni «kunchiqaryurt» matbuoti ham alohida e'tirof etdi. Musaev «Jubilo Ivata» bilan 2 yillik shartnoma imzolagandi. Hozir kelishuvning yana bir yili bor va bizdagi ma'lumotlarga ko'ra, klub rahbariyati legionerimizga kelishuvni uzaytirish bo'yicha taklif bilan chiqqan.Chunki «Jubilo Ivata» oldiga joriy mavsumda yuqori vazifalar qo'yilyapti. Biz Fozil Musaev bilan bog'lanib, undan shu va boshqa mavzular yuzasidan intervyu oldik.- Fozil, klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va jamoa tarkibida o'zgarishlar ro'y berdimi?- Hozircha yo'q. Hamma o'z o'rnida ishlayapti. Tarkibda ikkita aytishga arzigulik o'zgarish kuzatildi. Safimizga braziliyalik ikki futbolchi kelib qo'shildi.- «Jubilo Ivata» rahbariyati yangi mavsum oldidan jamoa bilan uchrashib, yangi maqsad va vazifalarni e'lon qildimi?- Kuchli beshlikka kirishga harakat qilamiz. Bu minimum vazifa. Har qanday holatda ham kamida OChL yo'llanmasi uchun kurash olib boramiz. O'tgan yili biroz omad etishmagandi.Ayniqsa, chempionatning so'nggi o'yinlarida muhim ochkolarni boy bergandik.- Yaponiya klublaridagi futbolchilarning qanday shug'ullanishi ko'pchilikni qiziqtiradi. Bizning jamoalar o'tkazadigan mashg'ulot bilan ularniki keskin farq qiladimi?- Albatta, farqi bor. Bu holat yaqqol ko'zga tashlanadi.- Ko'proq nimaga e'tibor qaratiladi?- Jismoniy tayyorgarlik bilan bir qatorda taktika va kombinatsion to'p uzatishlarga ahamiyat beriladi. Klublarda mahalliy murabbiylardan tashqari xorijlik mutaxassislar ham ko'pchilikni tashkil etadi. Tabiiyki, mashg'ulotlarda ularning «imzosi» ko'zga tashlanib turadi.- Yaponiya chempionatida to'p surgan birinchi va hozircha yagona o'zbek futbolchisi bo'lib turibsiz. Bu sizga qo'shimcha mas'uliyat yuklaydimi? Mahalliy jurnalistlar ham sizdan shu haqda so'rashsa kerak?- Albatta, busiz bo'lmaydi. Zimmamdagi mas'uliyat juda yuqori. Shunga yarasha mashg'ulotlarda ishlayapman.- Yapon tili borasida qiyinchilik yo'qmi? Har holda, o'ziga xos ieroglif yozuvlar...- Hali to'liq o'zlashtirib olganim yo'q. Lekin shu kunlarda to'laqonli tarzda o'rganishni boshlamoqchiman. Bilmadim, bu menda qanchalik o'xshaydi, lekin urinib ko'raman.- Muloqot jarayonida qiyinchilikka duch kelmayapsizmi? Qaysi tilda gaplashyapsiz?- Hammasi joyida. Murabbiy va futbolchilar bilan ingliz tilida suhbatlashamiz.- Aslida transferingiz qay tariqa amalga oshgandi?- Buning tarixi uzun. Shunchaki, qisqacha to'xtalaman. O'z vaqtida «Bun-yodkor»da o'ynab ketgan yaponiyalik futbolchi Minori Satoning agentlari hamda San'at Sharipov birgalikda bu transferning amalga oshishini ta'minlashgan. Albatta, Yaponiya klubi ham birdaniga kelishuvga rozi bo'lmagan. «Nasaf» tarkibidagi o'yinlarimni obdon ko'rib, tahlil qilgandan keyin o'zaro bitim tuzganmiz.- Bir yil davomida Yaponiya chempionatida o'ynadingiz. Umumiy taassurot va xulosalaringiz qanday bo'ldi?- Taassurotlar juda yaxshi. Bu erda futbolga bo'lgan e'tibor, munosabat umuman boshqacha. Ochig'i, havas ko'zi bilan qarayman. Sharoitlar ham ko'ngildagidek. Yaponiya J-ligasi Osiyodagi eng kuchli chempionatlardan biri.- Matbuotning e'tiborichi? O'yinlarga jurnalistlar ko'p keladimi?- Uchrashuvlarni qo'ya turing, hatto har kungi mashg'ulotlarimizga ham kamida 4-5 nafar OAV xodimlari tashrif buyurishadi. Intervyu  oladigan televidenie vakillari ham bisyor.- «Jubilo Ivata» bosh murabbiyi Xiroshi Nanami o'z vaqtida terma jamoa tarkibida yorqin o'yin namoyish etgan. Xo'sh, murabbiylikda ham o'zini ko'rsata olyaptimi? Unga qanday ta'rif berasiz? Qattiqqo'lmi?- Ha, juda ajoyib murabbiy. Mashg'ulotni o'zgacha tarzda o'tkazadi. Insoniy jihatlari esa alohida mavzu. Lekin zarur paytda qattiqqo'l ham bo'ladi. Kezi kelganda, hazil-muto-yibani joyiga qo'yadi.- Jamoadoshlaringiz orasidan ko'proq kim bilan hamsuhbat bo'lasiz?- Barcha futbolchilar bilan yaxshi munosabatdaman. Alohida bir futbolchini ajratib ko'rsata olmayman. Jamoamiz juda ahil.- Sharoitlar qoniqtiryaptimi?- Ha, uy, mashina berilgan. Nafaqat men, balki barcha futbolchilar uchun juda qulay sharoitlar yaratilgan. Bizdan faqat mazmunli o'yin namoyish etish talab etiladi, xolos.- Yaponiya taomlari achchiqroq, deyishadi. Shu to'g'rimi? Umuman, ushbu masalada qiynalmayapsizmi? Klubda sizga alohida ovqat tayyorlanadimi?- Menimcha, achchiq emas. Yaponiyada taom masalasida qiynalmaysiz. Menga hammasi yoqadi. Klubda men uchun alohida taom tayyorlanmaydi. Lekin dunyoda o'zimizning palovga etadigani yo'q.- Yaponiyaga «zilzilalar yurti», deb ham ta'rif berishadi. Haqiqatan ham er silkinishlari tez-tez kuzatiladimi?- Bilmadimu, lekin men hali bunday holatga duch kelmadim. Umid qilamanki, keyinchalik ham shunday bo'lib qoladi. Balki zizila kuzatilgandir, ammo men sezmaganman.- O'tgan yili «Kashima Antlers» jamoasini chempionlikdan mahrum qildinglar. Bu Yaponiyadagi faoliyatingiz mobaynida eng esda qolarli o'yin bo'ldimi?- Shunday desa ham bo'ladi. Qolaversa, Yaponiya chempionatida urgan ilk golimni ham ko'p eslayman. «Kashima»ni chempionlikdan mahrum qilishga kelsak, biz o'sha niyatdan ko'ra, o'z muxlislarimizni xushnud etishga ko'proq e'tibor qaratgandik.- Yaponiya klubida o'z pozitsiyangizda to'p suryapsizmi yoki murabbiylar sizga hujum chizig'iga yaqinroq o'ynashni tavsiya qilishyaptimi?- Yo'q, o'zimning joyimda o'ynayapman. Lekin vaziyatga qarab, murabbiylar hujumga qo'shilishimni ham talab qilishadi. Buni o'zim ham yaxshi ko'raman.- Yaponiyada yoqimsiz, noma'qul holatlar ham uchradimi?- Ochig'i, bunday narsaga duch kelmadim.- Sizning stabil, ya'ni bir maromdagi o'yiningiz sabab yapon klublari o'zbekistonlik futbolchilarga qiziqish bildirishmayaptimi? Bu masalada sizga murojaatlar bo'lmadimi?- Xursand qiladigan jihati ham shuki, o'zbekistonlik futbolchilarga Yaponiya klublari qiziqish bildira boshladi. Ayniqsa, yaqinda 23 yoshgacha futbolchilar o'rtasida o'tkazilgan Osiyo chempionatidan keyin bu qiziqish yanada kuchaydi.Terma jamoamizning yaponlar ustidan 4:0 hisobida g'alaba qozonishi «kunchiqar yurt» vakillariga og'ir botdi.- Yangi mavsumda hamyurtlarimizdan birini Yaponiya J-ligasida ko'rib qolishimiz mumkinmi?- Hozir mazkur savolga aniq javob berolmayman. Bu menga emas, balki agentlar va klub o'rtasida o'tkaziladigan muzokaralar qanday kechishi va yakun topishiga bog'liq.- Milliy jamoamizga Temur Kapadze vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandi...- Ha, matbuotdan xabar topdim.- Bu siz uchun kutilmagan yangilikmi?- Shunday desa ham bo'ladi.- Termamiz alamli tarzda mundialdan qolib ketdi. Barcha muxlislar sizning maydonga tushishingizni kutishdi, talab ham qilishdi. Lekin bosh murabbiy buni istamadi. Muhim o'yinlarni zaxira o'rindig'idan kuzatish og'ir botdimi?- Har bir futbolchida milliy jamoa yig'ini va uchrashuviga kelayotganda boshlang'ich tarkibda, hech bo'lmasa, zaxiradan maydonga tushaman, degan orzu va niyat bo'ladi.Afsuski, menga ishonch bildirilmadi va bu holat juda og'ir botdi. Lekin ko'proq alam qilgani, maydonga tushmaganim emas, aksincha, termamizning mundialdan quruq qolgani bo'ldi. Axir bunga juda yaqin kelgandik.- O'zbekiston futbol assotsiatsiyasidagi o'zgarishlarni kuzatib boryapsiz. Bu boradagi shaxsiy fikringiz qanday?- Bu yil 12ta jamoa ishtirokidagi Superliga bahslari bo'ladi. Ishonchim komilki, chempionatimiz saviyasi ancha oshadi. Ayniqsa, ikkinchi bosqichda kuchli oltilikdan joy olgan jamoalar o'rtasidagi shiddatli o'yinlar chempionatimizni bezab beradi.Buning natijasida stadionga muxlislar qaytadi. Shuning barobarida quyi liga ham kuchayadi. E'tibor bering, u erda «Mash'al», «Dinamo», «Andijon» kabi elitada o'z o'rniga ega bo'lgan klublar ishtirok etishadi. Superligaga beriladigan yo'llanmalar uchun shiddatli kurash kechishini hozirdan taxmin qilish qiyin emas.- Yaqinda milliy jamoamizga Karlush Keyrushning bosh murabbiy sifatida kelishi haqida gap-so'zlar tarqaldi...- Ushbu kelishuv amalga oshadimi, yo'qmi, bilmayman. Lekin mazkur masala yuzasidan shunchaki o'z fikrimni bildiradigan bo'lsam, bu ayni paytdagi eng yaxshi tanlovga aylanishi, shubhasiz. Chunki Eron termasini qatorasiga ikki marta jahon chempionatiga olib chiqdi. Qolaversa, aynan Keyrush bugungi kunda Eronni Osiyoning eng kuchli jamoasiga aylantirdi. Lekin hamma narsa faqat murabbiyga bog'liq emas. Biz futbolchilar ham o'z ustimizda ko'proq ishlab, o'zimizga bo'lgan talabni oshirishimiz kerak.- Muborak futboliga befarq emassiz. Professional futboldagi faoliyatingiz aynan «Mash'al»da boshlangan. O'tgan yili 7-o'rinni egallagan bu klubning Superligadan chetlatilishi g'alati qaror emasmi?- Ochig'i, bu borada bir narsa deyishga ham qiynalaman. Futbolchi sifatida assotsiatsiya qarorini muhokama qilolmayman. Faqat «Mash'al»­ga omad tilab, shu yilning o'zidayoq elitaga qaytishini istayman.Manba. "Interfutbol" gazetasi
« Xabarlarga qaytish