Kirish A'zo bo'lish
REKLAMA
« Xabarlarga qaytish
Ro'ziqul Berdiev: "Xavi kelmagani uchun ham Cheranni bugun qo'ymadik"
OChL 3-tur doirasidagi "Nasaf" - "Al Sadd" (1:0) uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev qatnashdi. Matbuot anjumanida Ro'ziqul Berdievga "Nasaf" - "Al Sadd" uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan darvozabon Sanjar Quvvatov hamroxlik qildi.Ro'ziqul Berdiev: - Barchani g'alaba bilan tabriklayman. Bugungi bahsda futbolchilarimiz bor kuchlarini sarflashdi va buning uchun munosib taqdirlanishdi. Bugungi olqishlar menga emas, futbolchilarga tegishli.  Ishqibozlarga esa alohida tashakkur bildiraman. Muxlislar stadionda ajoyib muhitni yaratishdi. Biz esa ularga yanada xushkayfiyat ulashdik. Jamoa bugungi bellashuvga ruhan yaxshi tayyorlangani chiroyli o'yinimizga sabab bo'ldi. Mahoratga qarshi kuchli ishtiyoq va yaxshi tayyorgarlik bilan kurashish mumkinligini isbotladik.Cherandek etakchi futbolimizning safdan chiqishi albatta bizni tashvishga solgandi. Ammo Dragan Cheranning yo'qligiga qaramasdan odatiy taktik sxemamiz o'zgarmadi. Ya'ni "Al Sadd"ga qarshi tayyorlab qo'ygan rejamiz yoki strategiyamizni o'zgartirmadik. Uning o'rniga bugun Islom Rashidxonov harakat qildi. Futbolchilarimizdan ko'proq raqibni to'psiz qoldirishni talab qilgandik. Chunki "Al Sadd" aynan to'p bilan o'ynashni xush ko'radigan jamoa hisoblanadi. O'yinga bo'lgan asosiy e'tiborimiz raqibni ko'proq to'psiz qoldirish edi. Bu vazifani esa jamoa yaxshi uddaladi. Futbolchilar bugun maydonda jamoa sardori Dragan Cheranning yo'qligini bildirishmadi. Xavi? Xavi kelmagani uchun ham Cheranni bugun qo'ymadik (kuladi).OChL guruh bosqichidan oldin bizga guruh autsayder sifatida qaraganlar ham bo'ldi. Xattoki ular "Nasaf"ni 1 ochko ham ishlay olmaydi, degan taxminlarni qilishgandi. Hozir esa hisobimizda 6 ochko mavjud. Bu o'yinlar orqali tarkibdagi yoshlarimiz ko'proq tajriba to'plashsa, bu ularga kelajakda as qotadi. Aynan shunday yuqori darajadagi uchrashuvlar orqali yanada o'sishga erishishadi. Avval ta'kidlaganimdek, OChL guruh bosqichida qatnashishimizning o'zi bizga katta maktab bo'ladi. Hozirgi holatdan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, "Persepolis", "Al Sadd" va bizda keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat bor. Guruhdagi qolgan raqiblarga nisbatan "Al Sadd" ozroq kuchliroq bo'lishi mumkin. Chunki tarkibida malakali va yuqori saviyadagi futbolchilar ko'p. "Al Sadd"ni mahorat bobida biroz ustunroq qo'yish mumkin. Lekin shunisi aniqki, yoshlarimiz bilan ham barcha jamoalarga qarshi munosib o'ynasa bo'ladi. Oxirgi ikkita uchrashuv buni yaqqol misoli bo'la oladi.Cheranni davolanishi uchun uyiga jo'natdik. Draganning aytishicha, o'z yurtidagi malakali shifokor yordamida jarohatini tezda tuzatish mumkin. Reja bo'yicha, Qatardagi javob uchrashuviga qadar Cheran safga qaytadi.Jahongir Aliev? Ushbu futbolchi yaqinda jamoamiz kelib qo'shildi. Yangi kelgan futbolchilar tezda asosiy tarkib futbolchisi bo'lib ketishi uchun ma'lum vaqt talab etiladi. Qolaversa futbolchi yig'in davomida jarohat olib safdan chiqqandi. O'ylashimcha, unga biroz vaqt kerak.To'g'ri, ko'plab vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Ko'ryapsizlar, futbolda birgina gol bilan ham 3 ochkoni qo'lga kiritish mumkin. Hujum chizig'imizda ko'proq yosh futbolchilar o'ynashmoqda. Ularga bu kabi yuqori saviyadagi o'yinlarda tajriba etishmayapti. Bobir Abdixoliqovni olaylik, garchi unda OChLda o'ynash tajribasi bo'lsada, hali unga biroz sovuqqonlik etishmayapti. Vaziyatlarga chiqib bormoqda, yaratmoqda, ammo yakuniy nuqtani qo'yishda unga sovuqqonlik etishmayotgani pand bermoqda. Aytib o'tganimdek, bu turnir ko'plab yoshlarimiz uchun katta maktab bo'ladi.Biz mashhur murabbiy kabi futbolchilarga Gladiator kabi filmlar qo'yib bermaymiz. Lekin biz ham futbolchilarni maydondagi "jang"ga tayyorlaymiz. Futbolni faqat to'p bilan muomulada bo'lib o'ynashning iloji yo'q. Ko'proq kurashlarga asoslangan to'qnashuvlarda ham yutib chiqishga to'g'ri keladi. Agarda futbolchilarni bu jihatga e'tibor bermasdan tayyorlasangiz, unda jamoada xarakter paydo bo'lmaydi. G'oliblik ruhi ham aynan shunday kurashlarda chiniqqan futbolchilarda paydo bo'ladi.Kecha aytib o'tganimdek, futbolchilarni ko'proq ruhiy taraflama katta o'yinlarga tayyorlashimiz lozim. Ftubolchilarni o'z kuchiga bo'lgan ishonchini ko'tarishimiz lozim. Biz jismonan yoki texnik tarafdan arab futbolchilaridan kuchsiz emasmiz. Shoshilmasdan, xotirjam futbol o'ynashni o'rgatishimiz kerak. Biz bugungi o'yin oldidan aynan shu narsalarga ko'proq e'tibor berdik. Lekin filmlar ko'rsatmadik (kuladi). Biz butun O'zbekiston uchun, yurtimizdagi futbol ihlosmandlarini kayfiyatini ko'tarish, ularga bayram taqdim etish uchun o'ynadik.Bugungi o'yinga jamoamiz yaxshiroq o'ynaganiga asosiy sabab - yuqori ishtiyoq. O'yinga bo'lgan "nastroy" yuqori bo'ldi. Lekin tan olish kerak, har doim ham barcha o'yinlarga bu kabi ishtiyoq bilan chiqish muammo. Qaysidir paytga kelib jamoaning ruhiy taraflama yoki jismoniy tayyorgarligi pasayishi mumkin. Buni hech kim inkor etolmaydi. Jamoani bir maromda ushlab turish, o'yin darajasini ma'lum me'yorda saqlab turish uchun esa zaxira uzun va kuchli bo'lmog'i kerak. Aniq bilaman qaerdadir bizda ham pasayish bo'ladi. Buning uchun hech kim javob berolmaydi. Chunki tarkibda zaxiradan tushib o'yinni kuchaytiradigan futbolchilar sanoqli. Kamiga ba'zi jarohatlar paydo bo'lmoqda. Bu ham jamoaga muammo tug'diradi. Bizning asosiy vazifamiz - o'yin barqarorligi, balansni bir maromda ushlab turish kerak.Sanjar Quvvatov: - O'yin juda qiyin bo'ldi. Bugun biz 12-futbolchi bilan o'ynadik. Shu boisdan ham bizga osonroq bo'ldi. Eng katta rahmatni muxlislar tomon yo'llaymiz. Hayajon? Raqibdan cho'chish? Yo'q, yo'q. To'g'risini aytaman, maydonda tushgandan keyin muxlislarni ko'rib yoqimli hayajon bo'ldi. Menga bundan oldin ham Xavini kelayotganidan qo'rqmaysizmi, degan savol bilan murojaat qilishgandi. Qanday qo'rquv? Qanday hayajon? Bunday futbol yulduziga qarshi o'ynash baxtku. Futbolni mazza qilib o'ynash kerak. Har kimga ham bu kabi raqiblarga qarshi o'ynash nasib etmasligi mumkin. Men bugun maydonda faqatgina bizlarni futbolchilarni ko'rdim. Chunki darvozam oldida aytarli vaziyat yaratishmadi. Oxirgi daqiqada esa bizni omadimiz kelganini ham ta'kidlash lozim. Nega Javohir Ilyosovni jamoaga taklif etishda ko'maklashmadim? "Nasaf"da shundog'am kuchli darvozabonlar ko'pku. Umid Ergashev va Mashhurbekning jiddiy raqobati ham menga etarli. Nima qilaman uchinchi raqobatchini taklif etib? (kuladi)
« Xabarlarga qaytish